O‘zbekiston, Mubashshir Ahmad ishi: qonun, so‘z erkinligi va "qonunni oyoqosti qilish"

Surat manbasi, Facebook/Mubashishir Ahmad
Ayrim huquqshunoslarga ko‘ra, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunovga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilayotgan organ xodimlarining O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunchilik talablarini buzayotganlari aniqlandi.
Huquqshunoslar bunday keskin bayonot bilan chiqishga O‘zbekiston Jinoyat-Protsessual kodeksining 48-bandining o‘zi yetarli deydilar.
Gap qandaydir jinoyat sodir etishda gumon qilinib o‘z ixtiyoriga zid ravishda tutqunlikda ushlab turilgan shaxsning mamlakat bosh qonuni va boshqa qonunchilikda aniq-tiniq belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklari haqida bo‘lib, fuqaro Alisher Tursunovning Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayhontohur tuman sudining qamoqqa olish haqidagi qaroridan keyinoq tergov organi uning qarindoshlarini qaerda saqlab turilganligidan ogoh etishi shart edi.
Ammo Mubashshir Ahmad Turkiyadagi uyidan olib ketilganidan keyingi 11 kun davomida na Turkiyadagi advokati, na O‘zbekistondagi qarindoshlari va "Gulyamov, Sadikov and Partners" advokatlik firmasining advokatlari "Mubashshir Ahmad qaerda?" degan savolga javob berisha olyapti.
Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasidagilar Mubashshir Ahmadning qaysi tergov hibsxonasida vaqtincha saqlanayotganidan bexabarliklarini, ehtimol Davlat Xavfsizlik xizmatining markaziy tergov hibsxonasi (Gvardeyskiy)da saqlanayotgan bo‘lishi mumkinligini aytishdi.
Advokatlar 14 may kuni O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik xizmati markaziy tergov hibsxonasiga borishganda dastlab Mubashshir Ahmadning shu yerda saqlanayotganligini ma’lum qilishgan.
Biroq oradan biroz vaqt o‘tib, advokatlarga qo‘ng‘iroq bo‘lib, Mubashshir Ahmadning DXX tergov hibsxonasida yo‘qligi, boshqa shaxs bilan adashtirib yuborishganligi aytildi.
Mubashshir Ahmad bo‘yicha so‘ralayotgan savollar:
Mubashshir Ahmadni 1)jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda, 2)diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatishda ayblab, uni bugun so‘roq qilayotgan tashkilot qaysi tashkilot?
Nega Mubashshir Ahmad shu kungacha yaqinlari va advokatlariga ko‘rsatilmayapti?
Uning muntazam dori-darmon qabul qilib turishi kerakligi xabar qilingan, hozir salomatligining ahvoli qanday?
Bu savollarga hozirgacha huquq-tartibot organlari javob berashayotgani yo‘q.
Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha hozirga qadar faqat IIV chiqargan rasmiy xabarnoma bor, xolos.
Bugun 19 may kuni Toshkentdagi Muqsit Haq advokatlik byurosining yana bir advokati ko‘ngilli bo‘lib Alisher Tursunov huquqlarini himoya qilish maqsadida ariza topshirdi, advokat sifatida o‘z talablarini yozma ravishda taqdim etdi.
Mubashshir Ahmad tergovi O‘zbekistondagi advokatlarga nisbatan bosimlar ortayotgani haqida murojaat tarqalgan kunlarga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekistonda taniqli advokat Sergey Mayorov Advokatlar Palatasi rahbariyatiga murojaat qilgan, sudlarda shaxslarni vijdonan himoya qilgan advokatlar o‘zlarining advokatlik litsenziyasidan mahrum etilganini qoralagan.
Matbuot kotiblari va media bilan muloqot
Ayni paytda Demokratiya Indeksida O‘zbekiston sudlari hukumatni noqonuniy qarorlar qabul qilishdan to‘xtatishga qodir emasligi aytiladi, bu mamlakatning xalqaro reytingi uchun salbiy holat deb ko‘riladi.
Ushbu indeksda hamda yaqinda e’lon qilingan so‘z erkinligi reytingida O‘zbekistondagi ahvol yaxshi emas, yomon tomonga ketayapti deb ta’riflanadi.
Bi-bi-si bu va boshqa masalalarda ham huquq-tartibot organlariga bot-bot murojaat qilib kelmoqda, ammo so‘nggi oylar rasmiylardan munosabat olish qiyinlashib qolgan.
Muqaddam jurnalistlar bilan nisbatan ochiq va tez-tez muloqotda bo‘lgan O‘zbekiston Bosh Prokuratasining o‘sha yillardagi matbuot kotibasi Svetlana Ortiqova, Milliy Xavfsizlik xizmati matbuot kotiblari marhuma Natalya Kochubey, Olimjon To‘raqulov, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Sud matbuot kotiblariga telefon orqali qo‘ng‘iroqlar qilib, savollarga javob olinardi.
Ammo bugunga kelib Oliy Sud matbuot kotibi na qo‘ng‘irog‘ingizga javob beradi, na elektron maktubga, na mobil telefonidagi Telegram so‘rovga, Bosh Prokuratura va Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatlarining Telegramdagi raqamlari esa aftidan ba’zi jurnalistlar uchun "yopib" qo‘yilgan.
Davlat Xavfsizlik xizmatining matbuot vakillari bilan muloqoti deyarli imkonsiz.
Bi-bi-si barcha tomonlarning fikr va mulohazalari uchun ochiq ekanini yana bir bor eslatib o‘tadi.












