Bir kishi omon qolgan "Drimlayner" halokatiga nima sabab bo‘lgan?

Surat manbasi, Reuters
Hindistonning Ahmadobodidan Londonga qarab uchgan Boingning "Drimlayner" samolyoti halokatida 242 kishidan faqat bir inson omon qoldi. Ko‘tarilishidan 30 soniya o‘tib qulagan uchoq halokatiga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin?
241 kishining halokatiga sabab bo‘lgan Air India uchog‘i qulashidan faqat bir britaniyalik erkak omon qolib, chiqib ketdi. Uning tirik qolishi favqulodda voqea sifatida qayd etildi.
Hindistonning g‘arbidagi Ahmadobod shahridan uchganidan ko‘p o‘tmay qulagan samolyotda Vishvashkumar Ramesh Boeing 787 uchog‘ining 11A o‘rindig‘ida o‘tirib Londonga yo‘l olgandi.
Uning akasi Nayan Kumar Ramesh BBC News'ga Vishvashkumar "qanday omon qolganini o‘zi ham bilmasligini" aytdi va samolyotdan yurib chiqqan yagona tirik qolgan inson bo‘lganini tasdiqladi.
Air India aviakompaniyasi ma’lum qilishicha, boshqa barcha yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan.
"Uni [Vishvashkumarni] yaxshi holda ko‘rayotganim juda taskin beradi, lekin men hali ham reysda bo‘lgan ikkinchi ukam Ajay borasida juda xavotirdaman", dedi Nayan BBC ga.
"Bu fojea haqida eshitganimizda hammamiz shokka tushdik. Hech qanday so‘z topolmadik. Uning o‘zi ham qanday tirik qolganini, samolyotdan qanday chiqib ketganini bilmaydi Bizga qo‘ng‘iroq qilganda ham, u asosan ukam Ajay haqida xavotirda edi: 'Ajayni toping, Ajayni toping', deb takrorlardi. O‘sha vaqti faqat shuni o‘yladi", deydi u.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Vishvashkumar Ramesh orqasida ko‘rinib turgan qalin qora tutun manzarasida tez tibbiy yordam mashinasi tomon yurayotgani ko‘rinadi.
Hindiston OAVlari xabar berishicha, u o‘zining chiptasini namoyish qilgan, unda ismi va o‘rni — 11A ko‘rsatilgan.
Vishvashkumar Ramesh Hindistonda tug‘ilgan, lekin 2003 yildan beri Britaniyada yashaydi. Uning rafiqasi va to‘rt yoshli o‘g‘li bor.
Fojeaga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin?

Surat manbasi, Reuters
Ahmadoboddan Londondagi "Gatvik" aeroportiga yo‘l olgan Air India aviakompaniyasiga qarashli samolyot bilan aniq nima ro‘y bergani faqat chuqur surishtiruvdan keyin ma’lum bo‘ladi. Biroq aviatsiyada uchishdan keyingi ilk daqiqalar eng murakkab bosqich hisoblanadi.
Yaqin kunlarda hodisani o‘rganayotgan hindistonlik tergovchilarga AQSh va Britaniya mutaxassislari qo‘shiladi. Ular Boeing 787-8 Dreamliner uchog‘i "Sardor Vallabhay Patel" nomidagi xalqaro aeroportdan ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, 1,5 km masofada qulashiga olib kelgan sabablarni aniqlashga harakat qilishadi.
Bu "Drimlayner" samolyotining 2011 yilda tijorat parvozlari uchun foydalanishga kiritilganidan beri odamlar halokatiga sabab bo‘lgan birinchi halokatidir. Hodisa natijasida bortdagi 241 kishi, shuningdek, yerdagi odamlar halok bo‘lgan.
BBC bu turdagi samolyotlarda muntazam parvoz qiluvchi, Hindistonda faoliyat yuritayotgan ayrim (ba’zilari anonimlik shartida) uchuvchilar va aviatsiya ekspertlari bilan suhbatlashdi. Ular uchoq Ahmadoboddagi turar joy binolari ustiga parvozdan so‘ng nega qulagan bo‘lishi mumkinligi haqida mulohaza yuritdi.
Ko‘tarilishdagi muammolar
Samolyotni kapitan Sumit Sabxarval va ikkinchi uchuvchi Klayv Kundar boshqargan. Ikkalasi ham tajribali bo‘lib, umumiy parvoz tajribasi 9 ming soatdan oshadi. Sabxarval fuqarolik aviatsiyasida 22 yildan ortiq faoliyat yuritgan.
Air India'ning ma’lum qilishicha, bortida 242 kishi bo‘lgan samolyot Ahmadobod aeroportidan mahalliy vaqt bilan 13:39 da parvoz qilgan. Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shohning so‘zlariga ko‘ra, uchishdan oldin samolyot to‘liq yonilg‘i bilan to‘ldirilgan — baklarda 100 tonna yonilg‘i bo‘lgan.
Hindiston rasmiylariga ko‘ra, samolyot ko‘tarilganidan so‘ng darhol yordam signali uzatgan. Bu signaldan keyin bort bilan aloqa uzilgan. Signalga nima sabab bo‘lgani noma’lum, ammo faqatgina tirik qolgan yo‘lovchi hind OAVlariga aytganiga ko‘ra, samolyot balandlikni olmoqchi bo‘lganida katta shovqin eshitgan.
BBCda mavjud tasqirlar haqiqiy ekanligi tasdiqlangan — unda samolyot turar joy hududi ustida past balandlikda parvoz qilayotgani ko‘rinadi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, uchoq 625 fut (109 metr) balandlikka chiqqan, keyin tusha boshlab, daraxt va binolar ortida yo‘qolgan, so‘ng portlash ro‘y bergan.
Videokuzatuv kameralariga ko‘ra, samolyot havoda 30 soniya bo‘lgan.
Dvigatellarning "juda kam uchraydigan" ikki karra ishdan chiqishi haqida taxminlar
Faqat videoyozuvlarga qarab halokat sababini aniqlash mumkin emas.
Yaqin kunlarda keng ko‘lamli surishtiruv boshlanadi — unda samolyotning "qora qutisini" (bort yozuvchilari) va parchalarini o‘rganish rejalashtirilgan. Mavjud videolarga qaraganda, samolyot yerdan qiyinchilik bilan ko‘tarilgan.
Ayrim mutaxassislarning aytishicha, halokat sababi sifatida dvigatellarning bir vaqtning o‘zida ishdan chiqishi — juda kam uchraydigan holat — ehtimolini nazardan qochirilmasligi kerak.
Shuningdek, RAT (Ram Air Turbine) — ya’ni avariyaviy havo turbinasi ishga tushirilganmi-yo‘qmi, degan savollar ham tug‘ilmoqda. U asosiy tizimlar ishlamasa, energiya ta’minlash uchun ishlatiladi.
Dvigatellar ishdan chiqqan eng mashhur holat — 2009 yilda **Airbus A320** samolyoti Nyu-Yorkdagi "La-Guvardiya" aeroportidan parvoz qilganidan keyin qushlar to‘dasi bilan to‘qnashib, ikkala dvigatel ishdan chiqqani va samolyot Gudzon daryosining ustiga muvaffaqiyatli qo‘ndirilgan voqea (havo fojeasidan omon qolish — "Gudzondagi mo‘’jiza").
Bir tajribali uchuvchining BBCga aytishicha, ikki dvigatelning ishdan chiqishi yonilg‘i ifloslanishi yoki tiqilishi natijasida ham sodir bo‘lishi mumkin. Samolyot dvigatellari aniq miqdordagi yonilg‘ini yetkazib berishga bog‘liq — agar tizim tiqilsa, dvigatel to‘xtab qolishi mumkin.
Sobiq uchuvchi Marko Channing ta’kidlashicha, mavjud videolarda ikki dvigatel ishdan chiqqanini tasdiqlovchi dalillar yo‘q.
Aviatsiya bo‘yicha mutaxassis Mohan Ranganatan esa shunday deydi: "Ikki dvigatel ishdan chiqishi — juda-juda kam uchraydigan holat".
GE Aerospace dvigatel ishlab chiqaruvchisi hodisani tergov qilishda yordam berish uchun Hindistonga mutaxassislar jo‘natmoqda. Boeing korporatsiyasi esa Air India'ga to‘liq yordam ko‘rsatayotganini ma’lum qildi.














