Venesuela: AQSh istasa boshqa davlat rahbarining nima yeb-ichganiyu qaerda yotgani va hatto it, mushugigacha kuzata oladimi?
- Author, Garet Evans
- Reporting from, Vashington
- O'qilish vaqti: 6 daq
AQSh josuslari oylar davomida Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning har bir qadam bosishini kuzatib kelgan.
Kichik guruh, shu jumladan, Venesuela hukumatidagi bir shaxs 63 yoshli rahbarning qaerda uxlashi, nima yeyishi, nima kiyishi, yuqori harbiy amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, hatto "mushuk va itigacha" kuzatgan.
So‘ng dekabrь oyi boshida "Mutlaq qat’iyat operatsiyasi" missiyasi yakunlandi. Bu bir necha oylik puxta rejalash va mashqlar natijasi bo‘ldi. Hatto AQShning sara qo‘shinlari Maduroning Karakasdagi xavfsiz uyining to‘liq o‘lchamli nusxasini yasab, mashg‘ulot o‘tkazgan.
AQShning bu favqulodda harbiy rejasi qattiq sir saqlandi. Kongress oldindan xabardor qilinmagan yoki maslahatlashilmagan. Aniq tafsilotlar belgilangach, yuqori martabali harbiy amaldorlar shunchaki operatsiyani boshlash uchun eng qulay sharoitlarni kutishi kerak edi.
Shanba kuni rasmiylar bildirishicha, ular operatsiyaning kutilmaganlik darajasini maksimal oshirishni xohlashgan. To‘rt kun oldin Prezident Tramp rozilik berganida, sharoit qulay bo‘lmagandi, shu bois ular ob-havo yaxshilanib, bulutlar tarqashini kutishni ma’qul ko‘rishgan.
"Iso Mavludi va Yangi yilgacha bo‘lgan kunlar davomida Qo‘shma Shtatlar qurolli kuchlari a’zolari ma’qul fursat yetilishini va prezident buyrug‘ini sabr bilan kutdi," dedi mamlakatning eng yuqori martabali harbiy ofitseri general Den Keyn shanba kuni tongda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
U eshikkacha yetib bordi, ammo uni yopa olmadi. Uning ketidan shunaqangi tez bostirib bordikki, [xonaga] kira olmadi.
"Omad va Xudo yor bo‘lsin"
Prezidentning missiyani boshlash to‘g‘risidagi buyrug‘i nihoyat juma kuni soat 22:46 da (Sharqiy vaqt bo‘yicha) keldi. "Biz buni to‘rt kun oldin, uch kun oldin, ikki kun oldin qilmoqchi edik, keyin to‘satdan imkoniyat paydo bo‘ldi", dedi Trampning o‘zi shanba kuni, tungi reyddan keyingi soatlarda Fox & Friends telekanaliga.
"U bizga shunday dedi, omad va Xudo yor bo‘lsin, biz buni qadrlaymiz", dedi general Keyn. Trampning buyrug‘i Karakasga yarim tunga yaqin keldi, bu esa qorong‘ida harakatlanish uchun harbiylarga yetarlicha vaqt berardi.
Shundan so‘ng havo, quruqlik va dengiz orqali amalga oshirilgan ikki soat-u yigirma daqiqalik missiya Vashington va butun dunyo bo‘ylab ko‘pchilikni lol qoldirdi. Miqyosi va aniqligi jihatidan u deyarli misli ko‘rilmagan edi. Bu amaliyotni bir qator mintaqaviy kuchlar darhol qoraladi, Braziliya prezidenti Lula da Silva Venesuela rahbarining zo‘ravonlik bilan qo‘lga olinishi "butun xalqaro hamjamiyat uchun yana bir o‘ta xavfli pretsedent" bo‘lganini ta’kidladi.
Tramp missiyani Oq uyning favqulodda vaziyat xonasidan turib kuzatmadi. U Floridada, Palm-Bichdagi Mar-a-Lago klubida maslahatchilari davrasida o‘tirgandi, u yerda Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff va Davlat kotibi Marko Rubio bilan birga operatsiyaning jonli efirini tomosha qildi.
"Bu ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan narsa edi, – dedi Tramp shanba kuni. – Nima bo‘lganini ko‘rganingizda edi, men buni xuddi teleshou ko‘rayotgandek tomosha qildim. Tezlikni, shiddatni ko‘rganingizda edi... bu odamlar bajargan ish shunchaki ajoyib, g‘aroyib edi."
So‘nggi oylarda mintaqaga minglab AQSh askarlari joylashtirildi. Ular aviatashuvchi va o‘nlab harbiy kemalar bilan birgalikda o‘nlab yillar ichidagi eng yirik harbiy jamlanishni tashkil etdi. Bu prezident Tramp Maduroni giyohvand moddalar savdosi va narkoterrorizmda ayblagan va mintaqa orqali giyohvand moddalar tashishda gumonlangan o‘nlab kichik qayiqlarni yo‘q qilgan paytga to‘g‘ri keldi.
Biroq "Mutlaq qat’iyat operatsiyasi"ning dastlabki belgilari osmonda ko‘rindi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, 150 dan ortiq samolyot, jumladan, bombardimonchi, qiruvchi va razvedka samolyotlari tun davomida ishga solindi.

Surat manbasi, Donald Trump / TruthSocial

Surat manbasi, Donald Trump / TruthSocial

Surat manbasi, Donald Trump / TruthSocial
"Bu juda murakkab, nihoyatda murakkab, butun parvozlar, qo‘nishlar, uchoqlar soni, – dedi Tramp Fox News telekanaliga. – Bizda har qanday vaziyat uchun qiruvchi uchoq bor edi."
Mahalliy vaqt bilan soat 02:00 atrofida Karakasda kuchli portlashlar eshitildi, shahar uzra tutun ko‘tarildi. "Men baland tovushni, qattiq gumburlashni eshitdim, – dedi BBC muxbiri Ana Vanessa Xerrero. – Derazalar silkindi. Shu zahotiyoq butun manzarani deyarli to‘sib qo‘ygan ulkan tutun bulutini ko‘rdim."
"Shahar ustida uchoqlar va vertolyotlar parvoz etardi," deb qo‘shimcha qildi u.
Tez orada ijtimoiy tarmoqlarda osmondagi ko‘plab havo kemalarini va portlashlar oqibatlarini ko‘rsatuvchi videolar keng tarqala boshladi. Ulardan birida Karakas ustidan pastlab uchib o‘tayotgan vertolyotlar karvoni ko‘rsatilgan edi.
"Biz taxminan soat 01:55 da Karakas ustidan uchib o‘tayotgan uchoqlarning gumburlashi va portlashlar shovqinidan uyg‘ondik, – dedi guvohlardan biri Daniela Bi-bi-siga. – Hammayoq zimiston, faqat yaqindagi portlashlarning shu’lasi yoritib turardi."
"Qo‘shnilar uy-joy majmuasining guruh chatida xabar yozishdi, ularning barchasi nima bo‘layotganini tushunmay, portlashlardan vahimaga tushib qolishgandi," deb qo‘shimcha qildi u.
BBC Verify bo‘limi Karakas atrofidagi joylarda sodir bo‘lgan portlashlar, yong‘in va tutun aks etgan bir qator videolarni o‘rganib chiqib, aynan qaysi ob’ektlar nishonga olinganini aniqladi.
Hozirgacha beshta joy tasdiqlandi, jumladan, Generallisimus Frantsisko de Miranda havo bazasi, La Karlota nomi bilan tanilgan aerodrom va Karakasning Karib dengiziga asosiy kanali bo‘lgan Port La Guayra.

AQShning ba’zi zarbalari havo mudofaasi tizimlari va boshqa harbiy nishonlarga qaratilganini rasmiylar ma’lum qildi. Tramp, shuningdek, operatsiya boshlanishidan oldin AQSh Karakasda elektr ta’minotini uzib qo‘yganini ta’kidladi, biroq bu qanday amalga oshirilganini aniqlashtirmadi.
"Tajriba va bilimimiz Karakas chiroqlarini o‘chirishga imkon berdi, – dedi u. – Qorong‘u va dahshatli edi."
"Ular kelishimizni bilishardi"
Karakas atrofida zarbalar yangraganda, AQSh kuchlari shaharga kirib bordi. Ular orasida AQSh armiyasining eng sara maxsus bo‘linmasi hisoblangan Delta guruhi a’zolari ham bor edi, deb xabar berdi Bi-bi-sining AQShdagi hamkori CBS manbalari. Ular og‘ir qurollangan edi, Maduroning xavfsiz uyining temir eshiklarini kesib o‘tish uchun, qo‘llarida hatto gaz payvandlagich ham bor edi.
Maduro joylashgan hududga mahalliy vaqt bilan soat 02:01 da zarbalar boshlanganidan ko‘p o‘tmay harbiylar yetib keldi, deb xabar berdi general Keyn. Tramp xavfsiz uyni Karakas markazidagi mustahkam harbiy "qal’a" deb ta’rifladi. "Ular bizni kutish uchun tayyor holatda edi. Kelishimizdan xabardor edilar," dedi u.
Qo‘shinlar yetib kelganida qarshi o‘t ochishdi, Amerika vertolyotlaridan biriga zarba tegdi, ammo u hali ham ucha olardi. "Qo‘lga olish guruhi Maduroning qarorgohiga tushib, tezlik, aniqlik va intizom bilan harakat qildi", dedi general Keyn.
"Ular aslida kirib bo‘lmaydigan joylarga shunchaki buzib kirishdi, bilasizmi, aynan shu maqsadda o‘rnatilgan po‘lat eshiklarni ham buzib kirishdi," dedi Tramp.
Maduroning rafiqasi Siliya Flores ham qo‘lga olingan ushbu operatsiya boshlanishi bilanoq, Davlat kotibi Rubio qonun chiqaruvchilarni bu haqda xabardor qildi. Bu qaror keyinchalik Kongressdagi ba’zilarning g‘azabini qo‘zg‘adi.
"Aniq qilib aytaman: Nikolas Maduro noqonuniy diktatordir. Ammo Kongress ruxsatisiz va bundan keyingi rejalar bo‘yicha ishonchli reja tuzmay turib harbiy harakatlarni boshlash mas’uliyatsizlikdir", dedi partiyaning Senatdagi yetakchisi, taniqli demokrat Chak Shumer.
Shanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rubio jurnalistlarga, operatsiyadan oldin Kongressni xabardor qilish missiyani xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini aytdi. "Kongressdan ma’lumot sizib chiqishi mumkin, – deya qo‘shimcha qildi Tramp. – Bu yaxshi bo‘lmasdi."

Surat manbasi, Getty Images
AQShning sara qo‘shinlari bostirib kelar ekan, Trampning aytishicha, so‘nggi oylarda kubalik tansoqchilarga ishongan Venesuela prezidenti xavfsiz xonaga qochishga uringan. "U xavfsiz joyga borishga harakat qildi, lekin u yer xavfsiz emas edi, chunki biz eshikni taxminan 47 soniyada portlatib yuborishimiz mumkin edi", dedi u.
"U eshikkacha yetib bordi, ammo uni yopa olmadi, – deb aytdi Tramp. – Uning ketidan shunaqangi tez bostirib bordikki, [xonaga] kira olmadi."
2013 yilda prezidentlik lavozimini egallagan avtoritar yetakchi Maduro agar hibsga olinishiga qarshilik ko‘rsatganida, o‘ldirilishi mumkinmidi, degan savolga Tramp shunday javob berdi: "Mumkin edi." AQSh tomonidan "bir-ikki yigitga zarba tegdi," dedi u, biroq AQSh harbiy xizmatchilari halok bo‘lmadi. Venesuela hukumati esa qurbonlar borligini hali tasdiqlaganicha yo‘q.
Avvalroq AQSh Maduroning hibsga olinishiga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 million dollar mukofot va’da qilgandi. Ammo shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:20 da vertolyotlar Maduro va uning rafiqasi bilan birga Venesuela hududini tark etdi. Ular AQSh Adliya vazirligi nazoratida edi va Nyu-Yorkka olib kelindi, u yerda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi kutilmoqda.
Oradan roppa-rosa bir soat o‘tib, Tramp Maduroning qo‘lga olingani haqidagi xabarni butun dunyoga e’lon qildi. "Maduro va uning xotini tez orada Amerika odil sudining butun qudrati bilan yuzma-yuz bo‘ladi", dedi u.
Maqolani Kristobal Vaskes ham birga yozishgan.














