Suriya: Arosatdagi IShID a’zolari o‘z yo‘lidan qaytganmi? - video

Surat manbasi, Goktay Koraltan/BBC
- Author, Orla Guerin
- O'qilish vaqti: 7 daq
Hududi parokanda yangi Suriyaning kurdlar nazorati ostidagi shimoli-sharqida o‘zini Islom davlati (IShID) deb ataydigan guruhga qarshi eski jang hamon davom etmoqda. Bu mojaro boshqa joylardagi yirikroq urushlar soyasida e’tibordan chetda qolgan edi.
Biroq, kurdlarning terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha rasmiylari Bi-bi-siga Suriyadagi IShID yacheykalari qayta to‘planib, hujumlarini kuchaytirayotganini ma’lum qildi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Valid Abdulbosit Shayx Muso mototsikllarga juda qiziqar edi va nihoyat yanvar oyida ulardan birini sotib oldi.
21 yoshli yigitning bundan oladigan zavqi atigi bir necha haftaga yetdi, xolos. U fevral oyida Suriya shimoli-sharqida IShIDga qarshi janglarda halok bo‘ldi.
Valid ekstremistlarga qarshi kurashga shunchalik ishtiyoqmand ediki, 15 yoshida kurdlar boshchiligidagi Suriya demokratik kuchlariga (SDK) qo‘shilish uchun uydan qochib ketgandi. Uni voyaga yetmagani uchun qaytarib olib kelishdi, ammo uch yildan so‘ng qabul qilishdi.
Validning katta oilasi a’zolari Qamishli shahridagi uylarida uning qisqa hayoti haqida bizga so‘zlab berishdi.
"Men uni hamma joyda ko‘raman, – dedi onasi Rojin Muhammad. – U menga bir dunyo xotira qoldirdi. U juda g‘amxo‘r va mehribon edi."
Valid sakkiz farzandning biri bo‘lib, o‘g‘illarning eng kenjasi edi. U biror narsa istasa, onasini doim ko‘ndira olardi.
"U biror narsa xohlasa, kelib meni o‘pardi, – deb eslaydi onasi. – Keyin «sigaret sotib olishga pul bera olasizmi?» deb so‘rardi."
Yosh jangchi strategik ahamiyatli to‘g‘on yaqinidagi jangda halok bo‘ldi – uning jasadini front chizig‘ini qidirgan amakivachchasi topdi. Onasi ko‘z yoshlarini artib, IShIDdan qasos olishga chaqiradi.

Surat manbasi, Goktay Koraltan/BBC
"Ular yuragimizni vayron qilishdi, – deydi u. – Qanchadan-qancha yoshlarimizni ko‘mdik. Daish (IShID) butunlay yo‘q qilinsin. Umid qilamanki, ulardan birortasi qolmaydi."
Aksincha, "Islom davlati" guruhi o‘tgan yil dekabrida Suriyaning uzoq yillik diktatori Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin yuzaga kelgan xavfsizlik bo‘shlig‘idan foydalanib, odam yollash va qayta tashkillanish bilan shug‘ullanmoqda.
"Ularning hujumlari 10 baravar ko‘paydi," deydi Xalq mudofaasi bo‘linmalari (YPG) matbuot kotibi Siyamend Ali. YPG o‘n yildan ortiq vaqtdan beri IShIDga qarshi kurashayotgan kurd xalq armiyasi va SDKning asosiy kuchi hisoblanadi.

Surat manbasi, Goktay Koraltan/BBC
"Ular tartibsizlikdan foydalanib, (eski tuzum) omborlaridan ko‘p qurol-yarog‘ qo‘lga kiritishdi."
Uning ta’kidlashicha, jangarilar o‘z faoliyat doiralari va hujum usullarini kengaytirgan. Ular hozir zarba berib qochib qolish operatsiyalaridan nazorat-o‘tkazish punktlariga hujum qilish va minalar qo‘yish darajasiga ko‘tarilgan.
Uning idorasi devorlarini IShID tomonidan o‘ldirilgan YPG a’zolari suratlari qoplagan edi.
AQSh uchun YPG xalq armiyasi ekstremistlarga qarshi kurashda muhim ittifoqchi hisoblanadi. Turkiya esa uni terrorchi guruh deb biladi.
O‘tgan yil davomida IShIDga qarshi operatsiyalarda 30 nafar YPG jangchisi halok bo‘lgan, 95 nafar IShID jangarisi esa asirga olingan.
Kurd hokimiyati qamoqxonalari IShIDga aloqadorlikda gumon qilinayotganlar bilan to‘la. Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya va Avstraliya doxil 48 mamlakatdan kelgan 8000 ga yaqin odam yillar davomida shimoli-sharqdagi qamoqxonalar tarmog‘ida saqlanmoqda.
Ularning aybdor yoki aybsizligidan qat’i nazar, ularning ishi sudda ko‘rilmagan va hukm chiqarilmagan.
IShID gumonlanuvchilari uchun eng katta qamoqxona Al-Xasaka shahridagi as-Sina bo‘lib, u baland devorlar va kuzatuv minoralari bilan o‘ralgan.
Kamera eshigidagi kichik tuynukdan bir vaqtlar Suriya va Iroqning uchdan bir qismini dahshatga solgan odamlarni ko‘rishimiz mumkin.
Jigarrang formali, sochi qirilgan mahbuslar kameraning qarama-qarshi tomonlarida, yupqa to‘shaklarda qimir etmay jim o‘tiribdi. Ular o‘zlari 2014 yilda e’lon qilgan "xalifalik" singari ozg‘in, zaif va mag‘lub ko‘rinadi. Qamoqxona ma’muriyati aytishicha, bu odamlar IShIDning Suriyadagi Bog‘uz shahridagi so‘nggi qarshiligiga qadar, ya’ni 2019 yil martigacha guruh tarkibida jang qilgan.

Surat manbasi, Goktay Koraltan/BBC
Bu yerda televizor yoki radio, internet yoki telefon yo‘q, Asadni sobiq islomiy jangari Ahmad ash-Sharaa ag‘dargani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Har holda qamoqxona ma’muriyati shunday bo‘lishiga umid qiladi.
Biroq, xavfsizlik nuqtai nazaridan nomi oshkor etilmaydigan qamoqxona qo‘mondoni aytishicha, IShID panjaralar ortida o‘zini tiklamoqda. Uning ta’kidlashicha, qamoqxonaning har bir bo‘limida amirlari bor, ular fatvolar chiqaradi.
"Amirlar hali ham ta’sir kuchiga ega, – deydi u. Ular buyruqlar beradi va shariat darslari o‘tkazadi."
Mahbuslardan biri, londonlik Hamza Parvez qamoqxona qo‘riqchilari nazorati ostida biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘ldi.
Sobiq buxgalter amaliyotchi 2014 yil boshida, 21 yoshida IShID jangchisiga aylanganini tan oladi. Oqibatda u fuqarolikdan mahrum etilgan. IShIDning vahshiyliklari, jumladan, bosh kesishlar haqida so‘ralganda, u ko‘plab "baxtsiz" hodisalar sodir bo‘lganini aytadi.
"Men rozi bo‘lmagan ko‘p narsalar sodir bo‘ldi, – dedi u. Men ma’qullagan ba’zi narsalar ham bor edi. Men amir emasdim. Oddiy askar edim."
Uning aytishicha, hozir hayoti xavf ostida. "Men o‘lim to‘shagidaman... sil kasaliga chalinganlar bilan to‘la xonada, – deydi u. Har on o‘lishim mumkin."
Ko‘p yillik qamoqdan so‘ng Parvez Buyuk Britaniyaga qaytarilishni so‘ramoqda.
"Men va bu yerdagi boshqa britaniyalik fuqarolar hech kimga zarar yetkazishni istamaymiz, – deydi u. Biz qilgan ishimizni qildik, ha. Biz keldik. Biz «Islomiy davlat»ga qo‘shildik. Bu yashirib bo‘ladigan narsa emas."
"Mening so‘zimga ishonishlari kerak," deydi u kulib.
"Men odamlarni ishontira olmaydigan narsa bu. Bizni qaytarib olib kelish uchun juda katta tavakkal qilishlariga to‘g‘ri keladi. Bu haqiqat."
Britaniya, ko‘plab boshqa davlatlar singari, bunga shoshmayapti.
Shunday qilib, kurdlar jangchilarni va ularning 34 mingga yaqin oila a’zolarini ushlab turibdi.
Ayollar va bolalar keng, kimsasiz chodirli lagerlarda sudsiz ushlab turilmoqda, bu esa ochiq osmon ostidagi qamoqxonaga o‘xshaydi. Inson huquqlari tashkilotlari buning jamoaviy jazo – harbiy jinoyat ekanligini ta’kidlashmoqda.
Roj lageri Suriya cho‘li chekkasida joylashgan – shamol savalab, quyosh kuydirib yotgan joy.
Londonlik Mehak Aslam bu yerdan qochishni istaydi. U biz bilan uchrashish uchun boshqaruvchi idorasiga keldi – nozik, niqobda, yuz niqobini taqib, oqsoqlanib yurgan ayol. U bir necha yil oldin kurd kuchlari tomonidan kaltaklangani va o‘q parchasi bilan jarohatlangani haqida gapirdi.
Suhbatga rozilik bergach, u uzoq gapirdi.

Surat manbasi, Goktay Koraltan/BBC
Uning aytishicha, u Suriyaga bengallik eri Shahan Chaudxari bilan faqat "yordam berish uchun" kelgan va ular "shirinlik pishirib" kun kechirgan. Hozir eri as-Sina qamoqxonasida, ikkalasi ham fuqarolikdan mahrum qilingan.
To‘rt farzandning onasi IShIDga qo‘shilganini inkor qiladi, lekin bolalarini uning hududiga olib kelganini tan oladi. Katta qizi portlash natijasida halok bo‘lgan.
"Men uni Bag‘uzda yo‘qotdim. Bu reaktiv granatomyot yoki kichik bomba edi. Uning oyog‘i sinib, orqasidan snaryad parchasi tegdi. Qo‘llarimda jon berdi," deydi u past ovozda.
U menga bolalarida, jumladan, sakkiz yoshli kenjasida ham lagerdagi hayot tufayli sog‘liq muammolari paydo bo‘lganini aytdi. Ammo u ularni Buyuk Britaniyaga qaytarish taklifini rad etganini tan oldi. Uning aytishicha, bolalari onasisiz ketishni istamagan.
"Afsuski, bolalarim deyarli butunlay lagerdagina ulg‘aydi, – deydi u. Ular tashqi dunyoni bilishmaydi. Ikki farzandim Suriyada tug‘ilgan, ular hech qachon Britaniyani ko‘rmagan va notanish oilaga borish juda qiyin bo‘lardi. Hech bir ona farzandlaridan ajratilishi kerak emas."
Men unga tinch aholini o‘ldirayotgan, yazidiy ayollarni zo‘rlayotgan va qulga aylantirayotgan, odamlarni binolardan uloqtirayotgan «xalifalik»ka kelishni o‘zingiz tanlamaganmidingiz deb so‘radim.
"Men o‘sha paytda yazidiylar masalasidan bexabar edim, – deydi u, – odamlarni binolardan uloqtirishayotganidan ham. Biz bularning hech biriga guvoh bo‘lmadik. Biz ular juda ekstremist ekanligini bilardik."
U lagerda xavf ostida ekanligini aytdi, chunki uning Britaniyaga qaytmoqchi ekanligi ma’lum.
"Meni allaqachon murtad sifatida nishonga olishgan, bu ham o‘z jamoamda. Maktabda bolalarimga tosh otishgan."
Men undan IShID xalifaligi qaytishini xohlaysizmi, deb so‘radim.
"Ba’zan narsalar noto‘g‘ri talqin qilinadi, – dedi u. Biz ko‘rgan narsalar islomiy nuqtai nazardan to‘g‘ri edi deb o‘ylamayman."
Bir soatlik suhbatdan so‘ng u chodiriga qaytdi, lagerdan qachondir chiqib ketishiga hech qanday ishora yo‘q edi.
Lager boshqaruvchisi Hikmiya Ibrohim Rojda to‘qqizta britaniyalik oila borligini aytadi – ular orasida 12 nafar bola bor. Uning qo‘shimcha qilishicha, lagerdagilarning 75 foizi hali ham IShID mafkurasiga sodiq.
Rojdan ham yomonroq joylar bor.
Al-Holdagi vaziyat ancha keskin – u 6000 ga yaqin chet ellik saqlanayotgan yanada radikallashgan lager.
Bizga lagerning ular turgan qismiga kirish uchun qurollangan qo‘riqchilar berishdi.
Ehtiyotkorlik bilan ichkariga kirganimizda, atrofda taraqlagan ovoz eshitildi. Qo‘riqchilar bu begonalar kelganidan darak berib, hujumga uchrashimiz mumkinligidan ogohlantiruvchi signal dedi.

Surat manbasi, Goktay Koraltan/BBC
Boshdan-oyoq qora kiyingan niqobli ayollar tezda to‘plandi. Ulardan biri mening savollarimga javoban barmog‘i bilan bo‘ynini kesayotgandek ishora qildi.
Bir necha kichik bolalar ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tardi – bu aslida musulmonlar ibodati bilan bog‘liq bo‘lgan, ammo IShID o‘zlashtirgan ishoradir. Tashrifimizni qisqa qildik.
SDK lager tashqarisida va atrofdagi hududlarda patrullik qiladi.
Biz ularga qo‘shilib, cho‘l yo‘llaridan ketdik.
"Hamma joyda yashirin guruhlar bor," dedi komandirlardan biri.
So‘nggi oylarda ular "xalifalik bolalarini ozod qilishga urinib," o‘g‘il bolalarni lagerdan olib chiqishga harakat qilishmoqda, deya qo‘shimcha qildi u. Ko‘pchilik urinishlar oldi olinadi, lekin hammasi emas.
IShIDning shafqatsiz merosini qabul qilgan yangi avlod – sim to‘siqlar ichida ulg‘aymoqda.
"Biz bolalardan xavotirdamiz," deydi Hikmiya Ibrohim Roj lagerida.
"Ularning bu botqoqda o‘sib, bunday mafkurani o‘zlashtirayotganini ko‘rganimizda, ko‘nglimiz og‘riydi".
Ular yoshligidanoq shunday tarbiya olgani sababli, otalaridan ham murosasizroq bo‘lishi mumkin deydi u.
"Ular IShIDning yangi avlodi uchun urug‘ bo‘ladi, avvalgisidan ham kuchliroq."












