Tolibon qo‘lida tug‘ilgan sevgi – musulmon yigit, yahudiy qiz

Surat manbasi, Sammi Cannold
2021 yil avgust oyida Kobul Tolibon qo‘liga o‘tdi. Mamlakatdan qochish ilinjida aeroportda har tomon yugurayotgan afg‘onlarning tartibsiz manzarasi tasvirlari dunyoga tarqaldi.
AQSh poytaxti Vashingtonda sobiq harbiy shifokor Safi Rauf Afg‘onistonda qolgan do‘stlari va hamkasblariga yordam berish uchun harakatlarini boshladi.
Birinchi qo‘ng‘iroq 17 kundan keyin keldi. Uning tirikligini bilishning o‘zi men uchun hamma narsa edi. Uning ovozini eshitish ajoyib, ammo sodir bo‘layotgan voqealar oqibatlari...
U o‘sha damda, odamlar hayotini qutqarar ekan, sevib qolishini, musulmon erkak sifatida e’tiqodiy farqqa qaramay, yahudiy ayolga ko‘ngil qo‘yishini xayoliga ham keltirmagandi.
"Avvaliga ikkilanibroq bir kishiga yordam bera boshladim, – deb eslaydi u. – Urinishlarim ish berdi. Keyin boshqasiga, undan keyin yana biriga yordam berdim. To‘satdan bu katta operatsiyaga aylandi, Afg‘onistonda yuzlab odamlar, Vashingtonda esa o‘nlab kishilar unda ishtirok etayotgan edi".

Surat manbasi, Sammi Cannold
Qochqinlar jamlog‘ida tug‘ilgan, o‘smirlik chog‘ida AQShga ko‘chib kelgan Safi qutqaruv ishlari markazida edi.
Ana shu qizg‘in pallada u do‘stining oilasini Kobuldan olib chiqishga jon-jahdi bilan urinayotgan nyu-yorklik teatr rejissyori Semmi Kennold bilan uchrashdi.

Surat manbasi, Sammi Cannold
"Mening u yerda tanishlarim yo‘q edi, – deydi Semmi. – Keyin Safining guruhi haqida TVda maxsus ko‘rsatuv ko‘rdim. So‘ng unga yordam so‘rab xat yozdim. U menga yaxshisi Vashingtonga borib, uning jamoasiga ko‘ngilli bo‘lib qo‘shilishni maslahat berdi".
Shunday qilib, u chamadonini hozirladi, Vashingtonga boradigan poezdga o‘tirdi va erkak harbiy faxriylarga to‘la operatsiya markaziga keldi. "Men teatr doiralarida yashayman, – deb kuladi u. – Bu men uchun yovvoyi madaniy shok bo‘ldi".
Semmi Afg‘oniston haqida hech narsa bilmasdi, lekin unda tez orada asqatib qolgan ko‘nikmalar bor edi.
"Men elektron jadvallar va kommunikatsiyalarga o‘rgangan edim. Shunday qilib, aloqa bo‘yicha mas’ulga aylandim. Kim o‘ylabdi deysiz".

Surat manbasi, Safi Rauf
To‘s-to‘polon ichidagi uchqunlar
Favqulodda holat va operatsiya markazidagi tartibsizlikka qaramay, boshqa bir narsa ham yuz berayotgan edi.
"Simpatiya bormidi? Menimcha, ha," deb tan oladi Semmi. U Safining yoshini Google'da qidirib, uning "etarlicha yosh ekanligini" tekshirdi.
"Men Safining ismi va yoshini qidirdim, o‘sha paytda u juda zo‘riqqan, hozirgidan ancha katta ko‘rinardi", deb qo‘shimcha qiladi u.
Ularning birinchi birgalikdagi uzoq sayri ertalabki soat 3 da, evakuatsiya qilinganlar Tolibon nazorat punktlaridan o‘tayotgan vaqtda bo‘ldi. Ular Vashingtondagi yodgorliklarni aylanib, Linkoln haykali oldiga yetib borishdi.

Surat manbasi, Getty Images
"Bu xuddi kinoga o‘xshardi, – deydi Semmi. – Shu yigitga turmushga chiqamanmi?" deb o‘yladim.
Ularning ilk bo‘salari keyinroq, operatsiya markazi balkonida bo‘ldi. Hayajonlangan Safi bexosdan mashinalar haqida gapira ketdi. Ular madaniy to‘siqlarni yengib o‘tishlariga to‘g‘ri keldi, ammo aloqalari tez rivojlandi.

Surat manbasi, Sammi Cannold
Safi shunday deydi: "Semmi mendan oilam bilan tanishtirishimni so‘rardi, men bunday qilolmasligimni aytardim."
Safining dindor musulmon oilasi uni kelishuv asosida afg‘on qiziga uylanishini kutayotgandi. Semmi esa yahudiy edi.
Shunday bo‘lsa-da, ularning munosabatlari davom etdi. Semmi Safini o‘z dunyosiga: musiqiy teatr sahnasiga olib kirganida, sinov payti keldi. Ular "Xo‘rlanganlar" musiqiy spektaklini ko‘rgani borishdi.

Surat manbasi, Andy Henderson
"Xullas, Safi hayratga tushdi, – deydi Semmi. – U musiqiy spektakllarga va aynan "Xo‘rlanganlar"ga shunchalik maftun bo‘ldiki, bu men uchun orzu qilingan javob edi".
Safi mahliyo bo‘lib qoldi. "Men omon qolish uchun kurashib o‘sganman, men isyonkor, shu bilan birga, oshiq bo‘lgan bosh qahramon Marius bilan o‘zimni aynan taqqosladim".

Surat manbasi, Sammi Cannold
Tutqunlik
2021 yil dekabrь oyida Safi akasi bilan birga gumanitar ishlar yuzasidan Kobulga qaytdi. Safiga sayohat qilmaslik tavsiya etilganiga qaramay, u Tolibon tomonidan amnistiya va himoyaga kafolat berilganini aytadi.
Biroq, safarning so‘nggi kuni Safi, uning akasi va yana besh nafar chet el fuqarosini Tolibon razvedkasi qo‘lga oldi.
Dastlabki bir necha kun davomida u yerto‘ladagi sovuq kamerada yolg‘iz saqlandi. "Xonaning o‘lchami ikki metrga ikki metr edi. Deraza yo‘q, karavot yo‘q", deb eslaydi u.

Surat manbasi, Sammi Cannold
Nyu-Yorkda Semmi vahimaga tushdi. U Safi qamalgan joyni Google xaritasida tekshirdi. U Tolibon razvedkasi shtabini ko‘rsatardi.
"Men Kobuldagi joylar haqida ko‘p narsa bilmasdim, lekin bu juda yomon joy ekanligini tushunardim," deb eslaydi u.
Safi qovog‘i soliq qo‘riqchi bilan do‘stlashguncha haftalab jimjitlik hukm surdi. Qo‘riqchining to‘y uchun pulga muhtojligidan foydalanib, Safi amakivachchasidan naqd pul va mobil telefon olib kelishni iltimos qildi.

Surat manbasi, Safi Rauf
Yerto‘ladagi kamerada akasining yelkasiga chiqib, amallab mobil signalga ulangach, Semmiga yozdi: "Salom, yaxshimisan? Men seni sevaman."
"Birinchi qo‘ng‘iroq 17 kundan keyin keldi, – deydi Semmi. – Uning tirikligini bilishning o‘zi men uchun hamma narsa edi. Uning ovozini eshitish ajoyib, ammo sodir bo‘layotgan voqealar oqibatlari haqida o‘ylash qo‘rqinchli edi".
Asirlikda Safining miyasida "Xo‘rlanganlar" haqidagi xotiralar aylanardi.
"Dastlabki 70 kun davomida quyoshni ko‘rmadim. Butun vaqtni yerto‘lada o‘tkazdik, – deydi u. – Yana yetti nafar chet ellik garovga olingan edi, ulardan biri qattiq kasal bo‘lib qoldi, boshqasi juda umidsizlandi".
O‘shanda u sekin qo‘shiq xirgoyi qilardi: Odamlar kuylayotganini eshityapsanmi? "Bu mening qarshilik qo‘shig‘imga aylandi," deydi u.

Surat manbasi, James Gourley / Getty Images
"Shuncha mavhumlikka qaramay, bu xotira shunchaki ovunish uchun yaxshi narsa, to‘g‘rimi?"
Semmi bilan maxfiy qo‘ng‘iroqlar davom etardi.

Surat manbasi, Safi Rauf
"Men qo‘riqchilar eshitmasligi uchun shivirlab, ko‘rpa ostida gaplashardim," deydi u.
"Kamiga, akam ham ikki qadam narida edi. Ba’zida Semmi bilan juda romantik gaplashishga urinish – bunisi oshib ketardi."
Ota-onalar bilan uchrashuv

Surat manbasi, Sammi Cannold
Tolibon bilan muzokaralar cho‘zilib ketdi. Ammo 70-kuni Safini ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Semmining aytishicha, bir gal Tolibon AQSh harakat qilmasa, garovdagilarni qatl etish bilan tahdid qilgan.
"Safining ota-onasi va men Qatarga borishimiz kerak bo‘lib qoldi, u yerda ishni tezlashtirish uchun muzokaralar olib borilayotgan edi."

Surat manbasi, Safi Rauf
Semmi muzokaralar bo‘layotgan Qatarga uchib ketdi va u yerda Safining ota-onasi bilan birinchi marta ko‘rishdi.
"Ular mening borligimni bilishmasdi, – deb tan oladi u. – Kutilmaganda biz ikki hafta davomida bir kvartirada birga yashadik."
U shunday qo‘shib qo‘yadi: "Safining ota-onasi ingliz tilini yaxshi bilmagani uchun, men oilaning vakili bo‘lishim kerak edi."
O‘g‘lining yashirin yahudiy sevgilisi borligini bilish konservativ afg‘on musulmonlari uchun dahshat edi. Ammo, inqiroz uni qabul qilishga majbur qildi. "Men Safining ota-onasidan minnatdorman, – deydi Semmi. – Ularning meni qabul qilishi favqulodda hol bo‘ldi."
105 kundan so‘ng Safi ozod etildi va nihoyat Semmi bilan yana birlashish uchun Afg‘onistonni tark etdi.

Surat manbasi, Sammi Cannold
Birgalikdagi hayot
Juftlik AQShda birga yashay boshladi. Ular tez orada afg‘on, yahudiy va teatr an’analarini omixtalashtirgan holda turmush qurishdi. Mehmonlar afg‘on kiyimida edilar, yahudiy qo‘shiqlari aytildi, Safi hatto do‘stlariga qo‘shilib "Tomdagi skripkachi"dan shisha raqsini ijro etdi.
Semmi Safi tutqunlikda bo‘lgan vaqtda yozgan kundaligidan o‘qidi.

Surat manbasi, Sammi Cannold
32-kundan: "Men buni qaerdadir ayvonda yoningda o‘tirib o‘qiydigan kunni orzu qilaman. Iltimos, iltimos, qayt."
Safi kundalik yozilayotganda uni hech o‘qimagan. "Bu juda og‘riqli edi. Lekin to‘yimizda uni birga ko‘rib chiqdik."
Hatto er-xotinning unashtiruv uzugi ham tarixga ega: Safi unga qamoqxona qulfidagi metall parchasini joylagan. "Bu tajriba hayotimizning poydevorini qo‘ydi," deydi u.

Surat manbasi, Sammi Cannold
Sevgi saboqlari
O‘tmishga nazar tashlar ekan, Semmi boshidan kechirganlari munosabatlarini o‘zgartirganiga ishonadi. "Biz men tanigan juftliklardan kamroq janjallashamiz, – deydi u. – Chunki kimnidir deyarli yo‘qotib qo‘yganingda, mayda-chuydalarning ahamiyati yo‘q".
Safi uchun bu shukronalik edi. "Hozir hayot boshimizga neni solsa ham, hech qachon boshimizdan kechirganimizchalik og‘ir bo‘lmaydi. Birgaligimiz, sinmaganimiz, hamon sevishimiz – mo‘’jiza".

Surat manbasi, Sammi Cannold












