Toqaev ko‘mirdan foydalanishni kengaytirishga chaqirdi. Markaziy Osiyoning ko‘mirdan voz kechishi qiyinmi? Video

Surat manbasi, EPA
Dunyoning taraqqiy etgan davlatlari ko‘mirdan voz kechayotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo mamlakatlari mushkul tanlov qarshisida qolayaptilar.
Mintaqaning asosiy energetika quvvati manbasi hisoblangan suv yil sayin kamayib borayapti, 2025-2026 yilgi qish mavsumini deyarli hamma mamlakatlar energetika taqchilligi sharoitida qarshi olayapti.
Ayni paytda nafaqat poytaxt Toshkent, O‘zbekistonning aksar aholi yashash maskanlari toza havo muammosiga duch keldilar, kunlar sovishi bilan uylarni isitish nafaqat iqtisodiy, ekologik, balki siyosiy masalaga ham aylandi.
Shunday bir paytda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jo‘mart Toqaev ko‘mirdan foydalanishni kengaytirishga chaqiriq bilan chiqdi.
Prezident Toqaev bu gapni 17 dekabr kuni Qozog‘iston energetiklari kasb bayrami bilan tashkil qilingan marosimda aytdi.
"Bizning mamlakatimiz eksport salohiyati katta energetik davlatga aylanmog‘i lozim", deya Prezident Toqaevdan iqtibos keltirdi "Kazinform" axborot agentligi.
"Pirovardida bu milliy xavfsizlik masalasidir. Mamlakatning energetik imkoniyatlaridan samarali foydalanmoq zarur. Qozog‘iston ko‘mirning salmoqli zaxiralariga ega, uning yillik qazib olish hajmi 110 million tonnadan oshadi. Ushbu strategik ustunlikdan o‘ta samarali foydalanishimiz lozim. Biz ko‘mir elektr stantsiyalarining samaradorligini oshiradigan "toza ko‘mir" zamonaviy texnologiyalariga o‘tishni tezlashtirishimiz kerak", dedi Qozog‘iston prezidenti.

Surat manbasi, .
Shu bilan birga Prezident Toqaev Qozog‘iston qayta tikilanadigan energiyani ko‘paytirish bo‘yicha yutuqlarni qo‘lga kiritganini aytdi.
"Oxirgi besh yilda sohaga 2,5 milliard dollar sarmoya kiritildi, buning natijasida mamlakatning yalpi energetika muvozanatida qayta tiklanadigan energetika ulushi 7 foizdan oshdi. Biz toza energiya ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqdamiz", dedi Prezident Toqaev.
Qozog‘iston prezidenti yadroviy energiyaga o‘tish mamlakat energetikasi kelajagi uchun o‘ta muhimligini urg‘uladi.
Hozirgi paytda Qozog‘iston Balxash ko‘li sohilida AES barpo etishga kirishgan.
Prezident Toqaev so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi yadroviy inshoot Qozog‘istonning energetika salohiyatini salmoqli darajada oshiradi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Toqaev iqlim bo‘yicha Tramp fikriga qo‘shiladi

Surat manbasi, Getty Images
Kuzatuvchilar shu munosabat bilan Qozog‘iston Prezidenti Toqaevning AQSh Prezidenti Donald Trampning "iqlim sammitlari - qalloblik" degan fikriga qo‘shilganini yodga oldilar.
Shu yil sentyabrida orda.kz veb-sayti Toqaev Dubay va Bokudagi iqlim sammitlarini firibgarlik deb atagani haqida yozgan edi.
"Yuz berayotgan voqealarning hammasi ulkan miqyosli firibgarlikni eslatadi. Mening so‘zlarimni Bosh vazir O‘ljas Bektenov tasdiqlashi mumkin. Shu kunlarda BMT minbaridan AQSh Preziidenti shunga o‘xshash bayonot berdi: "Iqlim o‘zgarishi - dunyoda sodir etilgan eng buyuk qalloblik".
Bir favqulodda choradan ikkinchisiga?

Surat manbasi, Shahrixon tumani hokimligi matbuot xizmati
O‘zgarayotgan vaziyat favqulodda choralar ko‘rishni talab qilayapti.
O‘zbekistonliklar siyosatchilarning "anomal" so‘zini ko‘p qo‘llashni boshlagan kunlarni yaxshi eslaydilar.
Uch yil oldin anomal sovuq gazni tejashni talab qilgan, o‘shanda issiqxonalarni ko‘mirga o‘tkazish qaror qilindi.
Toshkent shahri atrofida mingdan ortiq issiqxona ko‘mirga o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Issiqxona egalari tabiiy gazdan voz kechib, ko‘mirga moslashish uchun qozonxonalarini o‘zgartirdilar.
Qozonxonalarga ketadigan harajatlarning bir qismini davlat qoplab berishi xabar qilindi.
Ammo qisqa muddatning ichida ko‘mir o‘z so‘zini aytdi. Toshkent va viloyatlardagi havo ifloslanishi qish arafasida misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi va ushbu holat har yili takrorlanadigan bo‘ldi.
Hukumat issiqxonalarni ko‘mir bilan isitish qaroridan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Ekologiya vazirligi muqobil energiyaga o‘tish va filtrlar o‘rnatish taklifi bilan chiqdi.
Prezident Mirziyoyev Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxonalarni uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlashga topshiriq berdi.
Endi ko‘mirga moslashgan issiqxona egalari muqobil yo‘l topishga yoki filtr o‘rnatish kabi yana qo‘shimcha harajatlar qarshisida qoldilar.
Ekologiya vazirligi bu borada grantlar ajratilishini aytdi.
Ayni paytda O‘zbekiston hukumati ko‘mir qazib ishlab chiqarishni 10 million tonnaga yetkazish niyatida ekanini xabar qilgan.
Ko‘mirdan yaqin orada voz kechib bo‘lmaydimi?

Surat manbasi, Ўзбекистон Бош Прокуратураси матбуот хизмати
17 dekabr kuni Xalqaro Atom agentligi jahonda ko‘mirdan foydalanishga bag‘ishlangan yangi hisobot e’lon qildi.
Coal 2025 deb nomlangan hisobotga ko‘ra, bugunga kelib dunyoda ko‘mirdan foydalanish ancha pasaydi.
Jahonda ko‘mirga yillik talab 8 millard 805 million tonnaga yetgan, bu rekord darajadagi ko‘rsatkich.
Eng ko‘p ko‘mirdan foydalanayotgan mamlakatlar Hindiston, Xitoy va Indoneziya bo‘lib qolayapti.
Xitoy dunyoning eng ko‘p ko‘mir iste’molchisi, ishlab chiqaruvchisi, importchisi bo‘lishi bilan bir vaqtda boshqa muqobil energiya manbalarini ishlab chiqarishni ham ko‘paytirib kelayapti.
Iqlim o‘zgarishiga ishonmaydigan Prezident Tramp ma’muriyati yana ko‘mir yoqishni ko‘paytirgan, o‘tgan yilga solishtirganda 37 million tonna ko‘p ko‘mir yoqqan.
Xalqaro Atom agentligi 2030 yilga borib dunyoda ko‘mir iste’moli o‘zining quyi darajasiga chiqadi deb bashorat qilmoqda.
Ko‘mirdan hamon ko‘p mamlakatlarda elektr, po‘lat, qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun foydalanilayapti.
Yevropa mamlakatlari ko‘mirdan foydalanishni taqiqlayotganlari, Yaponiya va Janubiy Koreya po‘lat korxonalari uchun Rossiya ko‘miridan voz kechgani oqibatida Rossiya ko‘miri narxi tushib ketgan, ammo Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qimmat, sifatli ko‘mir bo‘lib qolayapti.
Kunlar sovib, Tojikistonda elektr uzatish soatlari cheklangani, Tojikiston qo‘shnilardan elektr sotib olishni boshlagani manzarasida bozorlardaa ko‘mir narxi o‘tgan yilga solishtirganda 40 foiz qimmatlagani xabar qilindi.
Tojikistonning o‘zi ham bu yil bir million tonna qazib olgan, Qirg‘iziston ko‘miri endi to‘g‘ri Qirg‘izistonning o‘zidan emas, o‘zbekistonlik tadbirkorlardan sotib olinayotgani uchun qimmatlashganini aytishadi tojikistonliklar.
Hozircha dunyodagi ko‘plab odamlar va mamlakatlar uchun iqlim muammosiga qaraganda qorin to‘yg‘izish yoki qishdan omon chiqish dolzarbroq bo‘lib turipti.












