Isroil Eronni nima qilmoqchi? (Video)

Eron ko‘chalari.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Eron AQShning har qanday hujumiga javobi "darhol va misli ko‘rilmagan" bo‘lishi bilan ogohlantirgan.
    • Author, Lyusi Uilyamson
    • Role, Yaqin Sharq bo‘yicha muxbir
    • Reporting from, Tel-Aviv
  • O'qilish vaqti: 6 daq

AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy hozirligi kuchayayotgani haqidagi taxminlar shovqini ko‘tarilar ekan, Isroil rahbarlari noodatiy tarzda sukut saqlamoqda.

Erondagi hukumatga qarshi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ayrim bayonotlarni hisobga olmaganda, Isroil Bosh vaziri o‘zining eng katta dushmani bilan to‘qnashayotgan AQSh haqida negadir ommaga lom-mim demayapti. Uning hukumati ham xuddi shunday sukutda.

"Bu Netanyahuning ushbu lahzaga qanchalik ahamiyat berayotganini ko‘rsatadi", dedi Isroil Mudofaa razvedkasida 25 yil xizmat qilgan va hozirda Isroil Milliy xavfsizlik tadqiqotlari institutida Eron bo‘yicha katta tadqiqotchi Denni Sitrinovich.

"AQSh Fors ko‘rfazida shunchalik kuch to‘plagan, Tramp Eronga hujum qilishga shu qadar yaqin kelgan vaziyat – bu Netanyahu uchun qo‘ldan boy berib bo‘lmas oltin imkoniyatdir."

Исроил Бош вазири
gettyimages
Binyamin Netanyahu uzoq vaqtdan beri Eronni Isroil uchun asosiy tahdid va Yaqin Sharqdagi beqarorlikning bosh manbai sifatida ko‘rib kelgan.
Lyusi Uilyamson
Yaqin Sharq bo‘yicha muxbir, BBC. Suratda Isroil Bosh vaziri aks etgan. (Batafsil: bbc.com/uzbek da).

Isroilning signallar bo‘yicha razvedka bo‘linmasi rahbari sobiq o‘rinbosari Asaf Koenning aytishicha, Isroilning sukutida ham strategiya bor.

"[Isroil] rahbariyati bu safar amerikaliklarga yetakchilikni topshirishimiz kerak, deb hisoblaydi, chunki ular kuchliroq, ko‘proq imkoniyatga, ko‘proq legitimlikka ega."

Binyamin Netanyahu uzoq vaqtdan beri Eronni Isroil uchun asosiy tahdid va Yaqin Sharqdagi beqarorlikning bosh manbai sifatida ko‘rib kelgan.

Uning bunday sukuti asosiy ittifoqchisi bilan muloqot yo‘qligini anglatmaydi.

O‘tgan oy Isroil harbiy razvedkasi rahbari Shlomi Binder Vashingtonda AQSh razvedka idoralari bilan uchrashdi.

Isroil OAV ma’lumotlariga ko‘ra, suhbat Erondagi ehtimoliy nishonlar haqida bo‘lgan.

Isroil Bosh vaziri va AQSh prezidenti

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Shu oy boshida Netanyahu Trampdan Eronga javob berishga shoshmaslikni so‘ragan.

Sitrinovichning fikricha, Netanyahu AQShni Erondagi tuzumni o‘zgartirish uchun maksimal zarba berishga undamoqda va Netanyahu shu oy boshida Trampni o‘zini tiyishga chaqirganida, u AQShning rejalangan hujumini "juda kichik" deb hisoblagani uchun shunday qilgandi.

Netanyahu o‘tgan yili Fox News telekanaliga bergan intervyusida eronliklarni tuzumga "qarshi turishga" chaqirgan edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp hozirda Eronga qarshi bir qator choralarni ko‘rib chiqmoqda – ular cheklangan ramziy zarbalardan tortib, tuzumni to‘la o‘zgartirishgacha bo‘lishi aytilmoqda. Ommaviy chiqishlarida u goh harbiy tahdidlar haqida, goh yangi muzokaralar haqida gapiradi.

AQShning ko‘plab ittifoqchilari Eron rahbariyatini ag‘darishga urinish mintaqa uchun katta xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirayotgan bo‘lsa-da, Isroilda ko‘pchilik bunda o‘z xavfsizligi uchun potentsial foydani ko‘rmoqda.

Tehrondagi tuzumni o‘zgartirish orqali Isroil ballistik raketalar tahdidini va kelajakda Eronning yadro quroliga ega bo‘lish ehtimolini yo‘qotishga umid qilmoqda.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Shuningdek, bu o‘zgarish Eronning mintaqadagi proksi kuchlarini, jumladan, Isroilning Alma tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Livandagi hali ham 25 000 gacha raketa va snaryadlarga ega "Hizbulloh"ni zaiflashtiradi.

Boshqa tomondan, ba’zi Isroil qonun chiqaruvchilari zarbaning cheklangan bo‘lishi yoki hatto Eron bilan yangi kelishuv Isroil uchun kattaroq xavf tug‘dirishi mumkin, deb hisoblamoqda.

"To‘liq yovuzlikka duch kelganingizda, bor kuch bilan harakat qilasiz", dedi Isroil parlamenti Mudofaa qo‘mitasida o‘tirgan "Yesh Atid" muxolifat partiyasi a’zosi Moshe Tur-Paz.

"Isroil va G‘arb dunyosi kuchliroq harakat qilishi kerakligi borasida yakdillik bor. Eron kabi ashaddiy dushmanlarimiz haqida gap ketganda, katta farqlar yo‘q. Tahdidni hammamiz tushunamiz."

Ko‘pchilik ta’kidlashicha, to‘qnashuvdan keyin tuzum omon qolsa, bunday to‘qnashuv Eronning qasos harakatlaridan ko‘rilgan zararga arzimaydi.

O‘tgan yilgi 12 kunlik urushda Isroil va AQSh Eronning yadroviy va ballistik raketa ob’ektlariga hujum qilganida, Eron Isroil shaharlari va aholisiga yuzlab ballistik raketalar bilan javob qaytardi. Ba’zilari Isroilning maqtalgan havo mudofaasidan o‘tib, Tel-Avivdagi ko‘p qavatli uylarga urilib, kamida 28 kishi o‘limiga sabab bo‘ldi.

Isroil politsiyasi vayron bo‘lgan bino yonida.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, So‘nggi 12 kunlik urush paytida Eronning ayrim raketalari Isroil mudofaasini yorib o‘tgan.

Isroil harbiylari yana ko‘proq qurbonlarga tayyor edi, ammo Tehronning hozirgi tang ahvoli javob yanada keskin bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, Eron o‘sha mojaroda saboq olgan va urush davomida o‘z taktikasini o‘zgartirgan. Yarim yil o‘tib, Eron o‘z raketa zaxiralarini qayta to‘ldirmoqda.

Shu hafta Eron oliy rahbarining katta maslahatchisi ijtimoiy tarmoqlarda AQShning har qanday hujumi uchun Tel-Avivga "zudlik bilan va misli ko‘rilmagan" javob qaytarilishi haqida ogohlantirdi.

"Netanyahu Isroil [yana] tuzumni o‘zgartirmasdan hujum azobini boshdan kechirishidan qo‘rqadi, – deydi Sitrinovich. – U raketalar yasalishini to‘xtatish uchun tuzum o‘zgarishi kerak, degan xulosaga kelgan, ammo tuzumni AQSh yordamisiz o‘zgartirib bo‘lmaydi."

Koenning aytishicha, Eron tuzumi hozir zaiflashgan – 12 kunlik urushdan keyin uning harbiy mudofaasi zaiflashgan, mintaqaviy proksi kuchlar kuchsizlangan. Kamiga, mamlakat ichkarisida keng ko‘lamli noroziliklar bo‘lmoqda – bu ham Isroil uchun imkoniyat.

"Eron hozir eng zaif holatda – bu imkoniyat boshqa kelmasligi mumkin, – dedi Koen. – Ko‘pchilik ayni fursati keldi deb hisoblaydi – hozir yoki hech qachon."

O‘tgan yil iyunida Tel-Avivda Eronning raketa hujumlaridan jabr ko‘rgan aholi orasida yana bir to‘qnashuv haqida gap-so‘zlar yuribdi.

"Umid qilamanki, rahbarlarimiz bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaydi", deydi 20 yoshlardagi Neriya ismli yigit.

Tel-Aviv sohili.

Surat manbasi, Dave Bull/BBC

Surat tagso‘zi, So‘rov shuni ko‘rsatdiki, isroilliklar Eronga qarshi harbiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

"Bu hujum orqali bo‘ladimi yoki boshqa yo‘l bilan, bilmayman, lekin vaziyatdan foydalanib, rejimni o‘zgartirishimiz kerak. Bombalar bilan oldin ham kurashganmiz, yoqmaydi odamga, ammo bu kelajakda o‘zimizni xavfsizroq his qilishimizga yordam bersa, bunga sabr qilishimiz kerak".

Yaqin atrofda turgan Shani ismli qiz esa aralash his-tuyg‘ulari haqida gapirdi.

"Bilaman, Eron xalqining ko‘pchiligi AQSh yordam berishini xohlaydi. Umid qilamanki, hamma omon qoladi, – deydi u. – Siyosatchilar xalq haqida o‘ylashlari kerak. Har bir harakatning oqibati bor."

Isroil so‘rovnomalari yahudiy aholining aksariyati Eronga qarshi harbiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini qayta-qayta ko‘rsatmoqda, hatto o‘tgan yilgi 12 kunlik urushdan keyin ham.

Biroq, rejim o‘zgarishi ortidan keladigan xavf saqlanib qolmoqda. Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy atrofidagi harbiy va ruhoniy ittifoq ancha jips, mamlakatdagi muxolifat esa tarqoq, hukumat ag‘darilsa, Eronni kim boshqarishi noaniq.

Xuddi shu hukmron elitaning yoshroq vorisi Isroilga nisbatan moslashuvchanroq bo‘lishi aniq emas, fuqarolar urushi esa nafaqat eronliklar, balki butun mintaqa uchun chuqur beqarorlikka olib kelishi mumkin.

Bir qancha mudofaa sohasi mutaxassislari rejimlarni odatda faqat havo hujumlari bilan ag‘darib bo‘lmasligini ta’kidlaydi.

Bu yil saylovlardan o‘tishi kerak bo‘lgan Isroil Bosh vaziri Hamas hujumlaridan keyin "Janob xavfsizlik" sifatidagi obro‘sini tiklash uchun qattiq harakat qildi. Erondagi tuzumni o‘zgartirish yoki Xomanaiyni yo‘q qilish siyosiy yutuq bo‘lishi mumkin, ammo bu xavf ham tug‘diradi.

"Bu tavakkal, lekin puxta o‘ylangan tavakkal", deydi Sitrinovich.

"Netanyahuning Xomanaiydan keyin nima bo‘lishi bilan ishi yo‘q. U Tramp bilan birgalikda Eron rejimini yo‘q qilganini ko‘rsatmoqchi. Agar amerikaliklar oxirigacha borishini bilsa, u bu xavfni qabul qilishga tayyor. Muammo Trampda."

Eron Oliy ruhoniy rahbari.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Erondagi namoyishlar Oyatulloh Xomanaiy rejimini ag‘dara olmadi.

AQSh ham, Eron ham muzokaralarga tayyorligini bildirgan, ammo Tramp Eronning uranni boyitishni va mintaqadagi proksi kuchlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi va ballistik raketalarni cheklashi sharti bilan muzokaralarga rozi – bularning bari rejim uchun qizil chiziq hisoblanadi.

Isroil rahbariyati kelishuvga qat’iyan qarshi va isroillik tahlilchilar kelishuvga erishish mumkinligi yoki yo‘qligi borasida ikki xil fikrda.

Koenning fikricha, Vashington ham, Tehron ham kelishuvni xohlaydi, biroq tez orada kelishuvga erishilmasa, AQSh zarba beradi.

"Eron Oliy rahbari va Trampda umumiylik bor. Aslida qizil chiziqlar yo‘q. 2013 yilgi muzokaralar paytida biz ularni "pushti chiziqlar" deb atardik, chunki ular o‘zgarib turardi", deydi Koen.

"Biz doim Eronni yovuz deb ataymiz, lekin ular juda oqil, – deydi u. – O‘ylashimcha, ular vaziyatni o‘zgartirish uchun hozirga qadar qilinmagan ishni qilish kerakligini tushunishadi."

"Ha, murosa qilish imkoniyati bor, ular Shimoliy Koreya emas, ammo bu rejimning qizil chiziqlari bor, – deya e’tiroz bildirdi Sitrinovich va boshlangan urushni to‘xtatish qiyin bo‘lishidan ogohlantirdi, "chunki eronliklar buni o‘zlarining omon qolishi uchun urush deb bilishadi."

Trampning muzokaralar uchun o‘z shartlarini yumshatib, Eronning faqat yadro dasturiga e’tibor qaratishi mumkinligiga ishoralar bor. Agar Tehronning muzokaralarni boshlashi uchun talablar yetarlicha pasaytirilsa, mintaqaning ko‘p qismi yengil nafas oladi. Isroilda esa ko‘pchilik yurak yutib turibdi.

Koenning aytishicha, uranni boyitish kabi masalalar bo‘yicha murosaga kelish yo‘llari mavjud bo‘lib, bu Eronga muqarrar taqiqdan qutulish imkonini beradi va amalda har qanday yangi faoliyatni vaqtincha to‘xtatishi mumkin.

"Biz va eronliklar o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, biz tez natijalarni istaymiz, eronliklar esa juda sabrli, – deydi u. – Ular: "Biz bu o‘lkada 2000 yildan beri bormiz, agar yadro quroliga ega bo‘lish uchun yana 30 yil kerak bo‘lsa, muammo emas", deyishadi."