“Ishni oxirigacha yetkazgan bo‘lardim” – Ramzan Qodirov Allamjonovga nisbatan suiqasdga aloqasiga oid xabarlar haqida

Surat manbasi, Telegram/rkadyrov_95
Ramzan Qodirov sobiq amaldor Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdda “chechen izi” mavjudligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgani haqida yozgan.
Checheniston rahbari 10 noyabrь kuni o‘zining Telegramʼdagi kanalida qoldirgan postida “g‘arbparast va ayrim muxolif kayfiyatdagi nashrlar” o‘zbekistonlik sobiq amaldorga nisbatan uyushtirilgan suiqasd izlarini hatto “uning o‘ziga olib borib tirkagan”ini ta’kidlagan.
Qodirov bu postida Komil Allamjonov nomini bevosita tilga olmagan.
“Ikki hafta avval O‘zbekistonda ichida mamlakat prezidenti administratsiyasi sobiq amaldori bo‘lgan avtomobil o‘qqa tutildi. Hech kim ziyon ko‘rmadi. Gumonlanuvchilardan biri allaqachon qo‘lga olingan, tergov barcha ishtirokchilar va suiqasd motivlarini aniqlashi kerak. Ammo [tergov-surishtiruv] natijalarini kutmasdan, mamlakatdagi g‘arbparast va ayrim muxolif kayfiyatdagi nashrlar “chechen izi” haqidagi versiyani o‘rtaga chiqarishdi, keyin esa bu izni mening o‘zimga tirkashdi”, yozgan rossiyalik siyosatchi.
...agar men rostdan nimadir rejalashtirganimda, ishni yuz foizlik natija bilan oxirigacha yetkazgan boʻlar edim.
Postida Qodirov aynan qaysi nashrlarda bu mazmundagi xabarlar tarqalayotganini tilga olmagan.
“Men bu provokatsiyaga javob bermoqchi emasman… Faqat bir narsani qo‘shaman – agar men rostdan nimanidir rejalashtirganimda, ishni yuz foizlik natija bilan oxiriga qadar yetkazgan bo‘lar edim”, ta’kidlagan u.
Posti oxirida Checheniston rahbari o‘zi tilga olgan bunday xabarlarni “qandaydir uchinchi shaxslar”ning siyosiy o‘yinidagi vosita, deya atagan.
Qodirov, shuningdek, bu ma’lumotlarni tarqatayotganlarni aniqlash ishlari olib borilayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
“Aminmanki, g‘arbcha yolg‘onlar uslubidagi boshqa maqolalar hali yana chiqadi. Nima bo‘lmasin, men va O‘zbekistondagi aziz birodarlarim birgalikda, albatta, bu provokatsiya ortida kim turganini aniqlaymiz. Ish ketmoqda”, yozgan Qodirov.
Qibraydagi suiqasd

Surat manbasi, Telegram/allamjonov_ki
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 26 oktyabrь kuni Qibray tumanida Range Rover rusumli avtomobilga noma’lum shaxslar bir necha bor o‘q uzgani haqida xabar bergan.
Keyinroq O‘zbekistondagi ayrim nashrlar huquq-tartibot organlaridagi o‘z manbalariga tayanib, mashina ichida Prezident administratsiyasining Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonov bo‘lgani haqida yozgan.
Oktyabrь oxiriga qadar Bosh prokuratura rasman “Qibraydagi qotillikka suiqasd” deya atalgan holatga doir jinoyat ishi bo‘yicha jami to‘rt gumonlanuvchi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
Rasmiy xabarlarda Allamjonovning ismi tilga olinmaydi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar O‘zbekistonda qudratli ta’sirga ega siyosatchilardan biri o‘laroq ko‘rilgan ushbu shaxs joniga qasd qilishga urinish motivlari borasida shu vaqtga qadar hech qanday dastlabki taxminni ilgari surmagan.
27 oktyabrь kuni Bosh prokuratura mamlakatdagi media vakillariga murojaat qilib, yolg‘on xabar tarqatganlik uchun javobgarlikka tortilish mumkinligini eslatgan hamda xabar tarqatishda faqatgina rasmiy ma’lumotlarga tayanishni so‘ragan.
Shundan beri o‘zbek mahalliy matbuotida mustaqil O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan mazkur holatga oid xabarlar deyarli ko‘zga tashlanmagan.
Allamjonov kim o‘zi?

Surat manbasi, Telegram/allamjonov_ki
Komil Allamjonov O‘zbekistondagi eng taniqli siyosatchilardan va o‘tgan yaqin yillardan beri o‘zbek mediasidagi eng katta ta’sirga ega shaxs o‘laroq ko‘riladi.
Xususiy biznes bilan shug‘ullangan Allamjonov Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng prezident matbuot kotibi, AOKA direktori kabi bir qator rasmiy lavozimlarda ishlagan.
U 2019 yildan beri O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoevaning yaqin ittifoqchisi bo‘lib kelgan.
Mirziyoeva 2023 yil avgustida rasman prezident yordamchisi lavozimiga tayinlanib, mamlakatdagi ikkinchi siyosiy shaxsga aylanganda ham bu ittifoq davom etgan.
Shu yil sentyabri oxirida – hujumga uchrashidan bir oycha avval – Allamjonov “boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan” Prezident administratsiyasidan ketgan. Uning yangi ish joyi haligacha jamoatchilikka oshkor etilmagan.
O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilida lavozimini egallab turgan yoki lavozimidan chetlatilgan siyosatchiga suiqasd hodisasi kuzatilmagan.
Saylov arafasidagi xabar hukumatdagilarni “shokka solgani”ni aytadilar o‘z ismi-sharifi ochiqlanishini istamaydigan rasmiylar.
Ayrimlar buni spektakl degan taxminlarni ham ilgari surishgan.
O‘zbekistonni biladigan ham xorijdagi chet ellik yoki o‘zbekistonlik, ham mamlakat ichkarisidagi ko‘plab tahlilchilarning fikri esa shunday: sobiq rasmiyga hujum Prezident Mirziyoev oilasi ichida borayotgan hokimiyat uchun ichki kurashdir.
Komil Allamjonov Bi-bi-siga o‘zining siyosiy maqsadi yo‘qligini aytgandi.















