G‘arb Falastin davlatini tan olishi falastinliklarni Isroil ishg‘olidan qutqaradimi?

Ayman endi o‘z uyining derazasidan yangi chegarani ko‘ra oladi.
Surat tagso‘zi, Ayman endi o‘z uyining derazasidan yangi chegarani ko‘ra oladi.
O'qilish vaqti: 6 daq

Davlatlar himoya qiladi, otalar ham.

Bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Jenin qochqinlar lageriga kiraverishda 13 yoshli Islom shu oy Isroil kuchlari tomonidan otib o‘ldirildi. O‘sha lahzada otasi Abdul Aziz Majarma uning yonida turgandi.

"O‘g‘lim yerga yiqildi, so‘ng o‘q ovozini eshitdim, – deydi ota. – Harbiy mashina keldi va besh-olti askar menga qurollarini o‘qtalib, ketishimni buyurdi. O‘g‘limning shahid bo‘lganini ham bilmagan edim. Men uni sudrab olib ketishga tutindim."

Lagerni Isroil armiyasi yanvar oyida bosib olgan edi. Abdul Aziz u yerdagi uyidan oilaviy hujjatlarni olish uchun borganini aytadi.

"Shikoyat qiladigan hech kim yo‘q, – deydi u menga. – Ular hamma narsani nazorat qilishadi. Falastin ma’muriyati hatto o‘zini himoya qila olmaydi – u faqat yahudiylarning qarorlarini bajaradi, xolos."

Abdul Aziz falastinlik sifatida o‘z ojizligini tan oladi, ota sifatida esa azob chekmoqda.

"Xayolimda o‘sha askardan «nega 13 yoshli bolani tanlaysan? Men uning yonida turibman-ku. Meni ot. Nega bolani otyapsan? Men shu yerdaman, meni otib tashla» deb so‘rayman."

Isroil armiyasi yopiq harbiy hududda ularga yaqinlashgan shubhali shaxslar xavfini bartaraf etish uchun o‘q uzganini va hodisani o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Abdul Aziz Majarma 13 yoshli o‘g‘liga motam tutmoqda.
Surat tagso‘zi, Abdul Aziz Majarma 13 yoshli o‘g‘liga motam tutmoqda.

Ular o‘smir qanday xavf tug‘dirganini tushuntirishdan bosh tortdi.

Jenin kabi shaharlar o‘ttiz yil oldin Isroil-Falastin Oslo tinchlik bitimlari doirasida Falastin ma’muriyatining to‘liq nazorati ostiga olingan edi.

Ular davlatchilik o‘sib chiqadigan urug‘lar bo‘lishi kerak edi.

Ammo Isroil u yerda terrorizm gullab-yashnaganini ta’kidlaydi. Yanvar oyida u qurollangan Falastin guruhlarini yo‘q qilish uchun Jenin va qo‘shni Tulkarem shahriga tanklar yubordi.

O‘shandan beri Isroil qo‘shinlari ikkala shahardagi lagerlarning katta hududlarini vayron qildi, boshqa hududlardagi binolarni buzmoqda.

Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya Falastin davlatini tan oldi, boshqa davlatlar ham ularga ergashishi kutilmoqda. Bularning bari G‘arbiy Sohil bo‘ylab Isroil nazorati kengayib borayotgan va G‘azo urushi davom etayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Jenin meri Muhammad Jarror meni Islom otilgan joy yaqinidagi lagerga olib bordi. Avval kelganimda bu yerda turgan harbiy mashinalar hozir ko‘rinmaydi, biroq katta tuproq uyumi yo‘lni to‘sib qo‘ygan va mahalliy aholi aytishicha, isroillik snayperlar hamon tepadagi binolardan hududni kuzatib turibdi.

Janob Jarrorning aytishicha, Jeninning taxminan 40 foizi Isroil qo‘shinlari uchun harbiy hududga aylangan, aholining chorak qismi – butun lager bilan birga – o‘z uylaridan ko‘chirilgan.

Abdul Aziz o‘g‘li Islomni 9 sentyabrda dafn qildi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Abdul Aziz o‘g‘li Islomni 9 sentyabrda dafn qildi.

"Boshidanoq bu xavfsizlik operatsiyasi emas, katta siyosiy reja ekanligi aniq edi, – deydi u menga. – Bu Isroil hukumati G‘arbiy Sohilni o‘ziga qo‘shib olmoqchi va bunga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘z rejasiga [qurolli] qarshilik oldini olmoqchi."

Isroil, shuningdek, Falastin ma’muriyatini uzoq muddatli iqtisodiy qamalga olib, o‘qituvchilar va politsiyaga to‘lashi kerak bo‘lgan soliq tushumlarini ushlab qoldi.

Isroil uni halok bo‘lgan falastinlik jangarilar oilalariga tovon to‘lash orqali terrorizmni moliyalashtirishda ayblamoqda. FM hozirda bu to‘lov tizimidan voz kechganini aytmoqda.

Janob Jarrorning ta’kidlashicha, hozir mahalliy aholiga oddiy xizmatlar ko‘rsatish va yoshlarni ketib qolishdan to‘xtatish juda qiyin bo‘lib qolgan.

Shu sharoitda, garchi 140 dan ortiq boshqa davlat allaqachon shunday qilgan bo‘lsa-da, Falastin davlati Britaniya, Frantsiya va boshqalar tomonidan tan olinishi muhim ahamiyatga ega, deydi u.

"Bu Falastin xalqi, hatto u bosib olingan bo‘lsa ham, davlatga egaligini tasdiqlaydi, – deydi u menga. – Bilaman, bu tan olish G‘arbiy Sohilning [ko‘proq] bosib olinishiga olib keladi. Lekin shunday bo‘lsa-da, tan olinish muhimroq deb hisoblayman, chunki u Falastin xalqining kelajagini belgilaydi va xalqaro hamjamiyat ularning huquqlarini himoya qilishga chaqiriladi."

Aloqador mavzular:

Falastin davlatining Buyuk Britaniya va Frantsiya tomonidan tan olinishi Isroil va uning Yevropadagi ittifoqchilari o‘rtasidagi ushbu masala bo‘yicha siyosiy jarlik mavjudligi tan olinishi hamdir.

"Falastin davlati bo‘lmaydi," dedi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘tgan hafta G‘arbiy Sohildagi ko‘chmanchilarga. "Bu yer bizniki. Bizning merosimiz, yerimiz va xavfsizligimizni ta’minlaymiz."

Netanyahu o‘z karьerasini Falastin davlati paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka bag‘ishladi va uning hukumati G‘arbiy Sohildagi aholi punktlarini kengaytirishga qattiq harakat qildi.

Nablusdagi yangi chegara nuqtasi bir necha oy oldin paydo bo‘ldi.
Surat tagso‘zi, Nablusdagi yangi chegara nuqtasi bir necha oy oldin paydo bo‘ldi.

Uning o‘ta o‘ng qanotdagi ittifoqchilari rasmiy qo‘shib olishni talab qilmoqda, moliya vaziri Bezalel Smotrich yaqinda G‘arbiy Sohilning 82 foizini qo‘shib olish, qolgan Falastin anklavlarini esa bir-biridan ajratib qo‘yish rejasini e’lon qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Falastin davlati tan olinishiga qarshi chiqdi, biroq Isroilning qo‘shib olish yo‘lidagi harakatlarini ommaviy tanqid qilmadi.

Isroil 1967 yilgi arab-isroil urushida G‘arbiy Sohilni Iordaniyadan tortib olgan va u yerdan chiqib ketmagan.

Bosib olingan hududlarda aholi manzilgohlarini barpo etish Jeneva konventsiyalariga ko‘ra noqonuniy hisoblanadi, biroq Isroil G‘arbiy Sohilga tarixiy yahudiy huquqi borligini ta’kidlaydi.

Hozirda u yerda yarim millionga yaqin yangi ko‘chib kelganlar yashaydi va aholi manzilgohlarining kengayishini kuzatib boruvchi Isroil tashkiloti "Peace Now" so‘nggi ikki yil ichida G‘arbiy Sohilda 100 dan ortiq yangi qo‘nalg‘alar paydo bo‘lganini ma’lum qilmoqda.

Qo‘nalg‘alar xalqaro va Isroil qonunchiligiga ko‘ra noqonuniy hisoblanadi, ammo ular Netanyahu hukumatining yashirin roziligini, shuningdek, yo‘llar, xavfsizlik va kommunal xizmatlar ko‘rinishida davlat yordamini olmoqda.

Yoz boshida Ayman Sufan Nablus janubidagi tepaliklarda joylashgan uyi yonidagi tepalikka yangi qo‘shnilar kelganini ko‘rdi.

Uning derazasidan Isroil ko‘chmanchilari qurgan oddiy yog‘och boshpana va to‘lqinsimon tunukadan yasalgan shiypon aniq ko‘rinadi. Aymanning aytishicha, ular yaqin atrofdagi Yitzhar aholi manzilgohidan kelgan.

"Bu yerga qo‘yilgan qo‘nalg‘a bizni uyimizdan haydab chiqarish uchun tashkil etilgan. Har kuni bir ko‘chib kelgan odam kelib, eshikni mushtlaydi, "ket, ket!" deb baqiradi, – deydi u menga. – Ular axlatlarini ostonamizga tashlashadi. Men hokimiyatga qo‘ng‘iroq qilaman va ular: "Armiya yuboramiz", deyishadi. Lekin armiya hech qachon kelmaydi. Ko‘chib kelganlar – armiya ham, politsiya ham, hamma narsa ham o‘zlari."

G‘arbiy sohilda Isroil armiyasi va mahalliy xalq o‘rtasida to‘qnashuvlar tez-tez yuz beradi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, G‘arbiy sohilda Isroil armiyasi va mahalliy xalq o‘rtasida to‘qnashuvlar tez-tez yuz beradi.

Aymanning oilasi 1967 yilda Isroil G‘arbiy Sohilni bosib olganidan bir necha yil o‘tgach, Burin qishlog‘i yaqinida bu uyni qurgan.

Oslo tinchlik shartnomalariga ko‘ra, Isroilga bunday qishloq hududlari ustidan vaqtinchalik nazorat berilgan, u yerdagi aholi manzilgohlari bo‘yicha muzokaralardan so‘ng ular kelajakdagi Falastin davlatiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi.

Ammo Isroil nazorati saqlanib qoldi, yahudiy aholi manzilgohlari qo‘ziqorindek ko‘paydi. Inson huquqlari tashkilotlari Isroil kuchlari ko‘chmanchilar hujumlarini tobora ko‘proq qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlamoqda.

Ayman otasi 2003 yilda ko‘chib kelganlar uyga o‘t qo‘yganida yurak xurujidan vafot etganini va o‘shandan beri uning uyi yana bir necha bor yondirib yuborilganini aytdi.

"Meni kim himoya qilishi kerak? – so‘raydi Ayman. – Falastin politsiyasimi? Ular shaharlarda ham buning oldini ololmayapti, bu yerga qanday keladi? Bu yerda xavfsizligim meni bosib turgan odamlar qo‘lida."

Uning aytishicha, Falastin davlatining xalqaro miqyosda tan olinishi yaxshi, garchi bu yerda ko‘p narsa o‘zgarmasa ham.

"Bundan ham yomoni keladi, – dedi u. – Meni bu uydan faqat o‘ldirib olib chiqishadi. Men tug‘ilgan, o‘sgan va bolaligim o‘tgan bu uyning har bir burchagida men uchun xotira bor. Uni qanday tashlab ketaman?"

Aynan
Surat tagso‘zi, Aynan

Oslo kelishuvlaridan keyingi o‘n yilliklarda Isroilning munosabati qat’iylashdi, qurollangan Falastin guruhlari kuchaydi va Falastin ma’muriyati nazorati zaiflashdi.

"Falastin hech qachon ularniki bo‘lmagan va hech qachon bo‘lmaydi, – deydi musibatda qolgan Abdel Aziz Majarma. – Ertami-kechmi, bugunmi, ertagami, bir-ikki yildan keyin ular bu mamlakatni tark etadi. Falastin ozod bo‘ladi."

Buyuk Britaniya va Frantsiya ikki alohida davlat – Isroil va Falastin mavjudligi bu yerdagi mojaroning yechimi degan fikrga yopishib oldi, hatto Falastin hududi egallab olinib, Falastin institutlariga putur yetkazilganda ham.

Endi G‘azo urushi va undan keyin G‘azoni kim boshqarishi haqidagi savollar bu siyosiy turg‘unlikni ochiq qarama-qarshilikka aylantirdi, chunki Netanyahuning o‘ta o‘ng qanot ittifoqchilari anneksiya talab qilmoqda.

Ba’zi isroilliklar aytishicha, G‘arbiy Sohil yovvoyi G‘arbga o‘xshaydi: davlatchilik va suverenitet qonunlar va deklaratsiyalar bilan emas, balki joylardagi real vaziyat bilan hal qilinadigan joy.

Isroil uzoq vaqtdan beri o‘zining roziligisiz hech qanday Falastin davlati bo‘lmasligini ta’kidlab kelmoqda.

Buyuk Britaniya, Frantsiya va boshqalar Isroilning yolg‘iz o‘zi davlatchilikni bekor qila olmasligini eslatib qo‘ymoqda.

Bu Isroilning o‘z ittifoqchilari qo‘yayotgan siyosiy fakt hisoblanadi.