O‘zbekiston Prezidenti Jizzaxda atom elektrostantsiyasini qurish loyihasi bilan tanishdi, Buxoro bugunda havosi eng iflos shahar - dayjest

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Surat manbasi, Kun.uz

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston Prezidenti Jizzaxga safari mobaynida AES qurilishi loyihasi bilan tanishdi.
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston Prezidenti Jizzaxda atom elektrostantsiyasini qurish loyihasi bilan tanishdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2 dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi mobaynida viloyatda integratsiyalashgan Atom elektrostantsiyasini qurish loyihasi tafsilotlari taqdim etildi.

Kun.uz veb-sahifasining xabar berishicha, «2 ta kam quvvatli va 2 ta katta reaktordan iborat AES uchun kotlovan qazish, qurilish-montaj bazasini yaratish, qurilish materiallarini mahalliylashtirish shuningdek, soha uchun kadrlar tayyorlash rejalari haqida axborot berilgan»

Rossiya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda atom elektrostantsiyasini qurish rejalari haqida ilk bor 2018 yili prezident Vladimir Putinning O‘zbekistonga safari mobaynida e’lon qilingandi.

Ammo atom elektrostantsiyasining qurilishi atrofida ko‘plab xavotirlar yuzaga chiqqani manzarasida loyihada bir necha yil ilgari siljish kuzatilmadi.

Ammo 2025 yili prezident Putinning O‘zbekistonga yana bir safaridan so‘ng AES qurish masalasi yana kun tartibiga qaytdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Rossiyaning «Rosatom» shirkati bilan imzolangan kelishuvga ko‘ra, Jizzaxning Forish tumanidagi Tuzkon ko‘li yaqinida qurilishi rejalashtirilgan O‘zbekistonning birinchi atom elektr stantsiyasi jami 330 mvt quvvatga ega olti reaktordan iborat bo‘lishi aytildi.

2025 yil oktyabr oyiga kelib «Rosatom» AES qurilishining dastlabki bosqichi boshlanganligini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda AES qurilishi tarafdorlari ham, loyihaga ochiq qarshi chiqayotganlar ham ko‘p.

Ba’zilar aholisi soni shiddat bilan oshib borayotgan, sanoati katta sur’atda o‘sayotgan O‘zbekiston uchun AES qurilishi energiya ta’minotidagi muammolarni yechishda muhim ekanligini ta’kidlashsa, boshqalar yuqori seysmik zonada joylashgan va suv taqchilligi keskin bo‘lgan O‘zbekiston uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini aytishadi.

Shuningdek, Rossiya hamkorligida bu kabi yirik loyihaning amalga oshirilishi Kreml qo‘lidagi qurolga aylanib qolishidan ham xavotirlar bor.

Aloqador mavzular:

2 dekabrda havo ifloslanishi darajasi: eng yomon - Buxoro, eng toza – G‘azalkent

IQAir xaritasi

Surat manbasi, IQAir

Surat tagso‘zi, IQAir ning 2 dekabr kuni O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab havo ifloslanishini ko‘rsatuvchi xaritasi.

O‘zbekistonda poytaxt Toshkentdan tashqari viloyatlarda ham havo ifloslanishi keskinlashmoqda.

Yirik shaharlarida havo ifloslanishi muammosi oxirgi oylarda o‘ta dolzarb.

Oxirgi kunlarda poytaxt Toshkentdan tashqari Samarqand, Buxoro va yana qator shaharlarida havo sifati inson uchun xavfli darajaga chiqqani haqida IQAir kabi kuzatuv tashkilotlari ko‘rsatgichlari dalolat bermoqda.

IQAir ning 2 dekabr kuni jadvalida Buxoro havo eng ko‘p ifloslangan shahar sifatida ro‘yxatning birinchi o‘rniga chiqqan.

Buxordan so‘ng Toshkent va Samarqanddagi havo ifloslanishi darajasi kuchli ekani qayd qilingan.

IQAir
2- dekabrda havo ifloslanishi darajasi: eng yomon - Buxoro, eng toza – G‘azalkent
IQAir
(Batafsil: bbc.com/uzbek)

Ayni vaqtda havosi nisbatan toza yer sifatida 2- dekabr kuni Toshkent yaqinidagi G‘azalkent shaharchasi qayd etilgan.

Gazeta.uz ning xabar berishicha, 1 dekabr kuni prezident Mirziyoyev Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus Komissiya hisobotini ko‘rib chiqqan va havo ifloslanishiga qarshi nafaqat Toshkent balki viloyatlarda ham choralar ko‘rilishiga ko‘rsatmalar bergan.

Bu maxsus komissiya noyabr oyi oxirida tashkil qilingandi.

Komissiya rahbari Aziz Abduhakimov ekologik vaziyatni yaxshilash yo‘lida havoni ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash, issiqxonalar va qurilish maydonlari faoliyatini tekshirish choralari ko‘rilayotganligini ma’lum qilgan.

Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya noyabr oyi oxirida Toshkent va atrofidagi 67 issiqxona faoliyati to‘xtatilgani haqida o‘z Telegram kanalida e’lon qilgan.