Yahudiy kelgindilar hujumlari Isroilning o‘zini ham endi ichidan bo‘lmoqdami?

Surat manbasi, ZAIN JAAFAR/AFP via Getty Images
- Author, Lyusi Uillyamson
- Role, VVSning Yaqin Sharq muxbiri
- Reporting from, Iordan daryosining G‘arbiy Sohili
- O'qilish vaqti: 7 daq
Bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Dayr Istiya yaqinidagi Hamida masjidiga qilingan hujum izlari hali ham tashqarida sochilib yotibdi.
Darvoza atrofiga kuygan mebellar, minbarlar, tutun bosgan gilamlar uyib tashlangan – masjid ichi bo‘shatilgan va axlatdan tozalangan, juma namoziga tayyorlab qo‘yilgan.
Qarshilik izhori sifatida o‘nlab erkaklar namozga kelishdi – ular kuygan va qoraygan devorga orqa o‘girib turishar edi.
Masjid imomi Ahmad Salmon Bi-bi-si bilan suhbatda payshanba kungi hujum G‘arbiy Sohil bo‘ylab kelgindilar zo‘ravonligi oshgan pallada ro‘y berganini aytdi.
"Ular istalgan joyga – shaharlarga, qishloqlarga yetib borishlari, tinch aholini o‘ldirishlari, uylar va masjidlarni yoqishlari mumkinligini bildirib qo‘yishmoqchi."
"Men buni qalbimda his qilyapman, – deydi u. – Ibodatgohlarga, ular qaerda bo‘lishidan qat’i nazar, tegish to‘g‘ri emas."
Ammo bu hujum Isroilning mintaqaviy harbiy boshlig‘i uchun ham mujda edi – masjidning tashqi devoriga ibroniy tilida shunday yozib ketilgan: "Biz sendan qo‘rqmaymiz, Avi Blut."

So‘nggi haftalar ichida bu yerdagi yahudiy kelgindilar hujumlari ortidan armiya rahbarlari ularni qattiq ogohlantirdi, bir nechta hibsga olish va tergovlar bo‘ldi.
Ammo ishg‘olchi kelgindilarni Isroil hukumati qo‘llab-quvvatlayapti, bu esa ba’zilar fikricha, G‘arbiy Sohilni xavfli qarama-qarshilikka yaqinlashtirayapti.
Har yilgi zaytun yig‘imi vaqtida falastinliklar o‘z zaytunzorlariga kirishga urinadilar, zo‘ravonliklar ham shu vaqtda kuchayadi, ammo bu yilgi hujumlar BMT rekordlarini yangiladi.
BMTning Insonparvarlik masalalari bo‘yicha boshqarmasi oktyabr oyida falastinliklar jabrlangan yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan 260 dan ortiq kelgindilar hujumlarini qayd etdi – bu ular 2006 yilda kuzatuvni boshlaganidan beri ro‘yxatga olingan eng yuqori oylik zo‘ravonlik ko‘rsatkichidir.
Inson huquqlari tashkilotlari ta’kidlashicha, Hamasning 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumlaridan so‘ng G‘azo urushi boshlanganidan beri falastinliklarga nisbatan yahudiy kelgindilarining tajovuzlari kuchaygan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shandan beri 3200 dan ortiq falastinlik yahudiy kelgindilar zo‘ravonligi va cheklovlari tufayli ko‘chishga majbur bo‘lgan.

So‘nggi kunlarda G‘arbiy Sohil bo‘ylab bir nechta hujumlar sodir bo‘ldi, jumladan, Bayt Lid yaqinidagi sanoat hududi va badaviy binolariga niqobdagi ko‘p sonli odamlar hujum qildi.
Xavfsizlik kameralari ularning tepalik yonbag‘ridan va zavod darvozalaridan oshib o‘tib, bir nechta yuk mashinasini yoqib yuborganini tasvirga olgan. Armiyaning aytishicha, ular keyinchalik yaqin atrofdagi Isroil askarlariga ham hujum qilganlar.
Isroil politsiyasi vakilining aytishicha, to‘rt nafar gumonlanuvchi hibsga olingan. Ulardan uchtasi qo‘yib yuborilgani aytilmoqda.
Bir oycha oldin Bayta atrofidagi zaytun bog‘larida zaytun yig‘imlarini yoritayotgan Reuters jurnalisti Ranin Savafta kaltaklangandi – uning dubulg‘asidagi chuqur iz zarba qanchalik kuchli bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib turardi.

Surat manbasi, .
Baytadagi Qizil Yarim Oy tashkiloti ko‘ngillisi Hamad al-Jagub abu Rabia ham jurnalistga yordam berishga harakat qilganida jarohat olgan – boshiga tosh bilan urilgan va keyinchalik kasalxonaga olib ketilgan.
"Alloh yaratgan bir inson bunday qiladi, deb hech o‘ylamagandim, – deydi u. – Agar ularda ozgina insoniylik bo‘lganida, ular hech qachon ayol kishiga bunday qilmagan bo‘lardi. Agar dubulg‘asi bo‘lmaganda u o‘lib qolishi mumkin edi."

Oktyabr oyida 55 yoshli Afaf Abu Aliya Abu Falah qishlog‘i yaqinida ijaraga olgan ekin maydonida zaytun terayotganida kelgindilar hujumiga uchrab qattiq kaltaklangan edi. Uning zo‘ravonlikka uchragani tasvirlangan videosi keng tarqaldi va xalqaro miqyosda qoralandi.
"Kelgindilardan biri menga hujum qilib, kaltaklay boshladi – boshimga, qo‘llarim va oyoqlarimga urdi, oyoqlarimni etigi bilan tepdi, – deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda. – Yiqilib tushdim. Nima bo‘layotganini anglamasdim, miyam bo‘m-bo‘sh edi – faqat og‘riqni his qilardim. Ruhim tanamni tark etayotgandek tuyuldi. Faqat bolalarim haqida o‘ylardim."
Hozir uyda davolanayotgan Afafning aytishicha, u hali ham og‘riqdan azob chekadi, boshida 20 ta chok bor, qo‘llari va oyoqlaridagi ko‘karishlar tufayli uxlay olmayapti.
Uning aytishicha, oila o‘z ekin maydoniga kelgindilar sababli bora olmayapti, ular bu yil zaytun yetishtirish uchun boshqa joydan yer ijaraga olishga majbur bo‘ldilar.
"Iloji bo‘lsa, hoziroq qaytardim, ulardan qo‘rqmayman," deydi Afaf. Ammo u vaziyat xavfli tus olayotganini ham tan oldi.
"Urush boshida ular bunday emas edidar, – dedi u. – Shu bir yil ichida ular ko‘proq tajovuzkor bo‘lib qolishdi."
Unga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha bir erkak hibsga olindi. Bunday qamoqqa olishlar kam uchraydi, sudlanganlar esa undan ham kamroq.
Isroilning "Yesh Din" inson huquqlari tashkiloti so‘nggi yigirma yilda G‘arbiy Sohildagi isroilliklarning falastinliklarga qarshi jinoyatlari bo‘yicha politsiya tergovlarining 93 foizdan ortig‘i ayblov qo‘yilmasdan yopilganini aniqladi.

Inson huquqlari guruhlari uzoq vaqtdan beri Isroil kuchlarini kelgindilarning hujumlariga chora ko‘rmagani yoki hatto o‘sha hujumlarda ishtirok etgani uchun tanqid qilib keladilar.
Yaqinda Isroil shtabi boshlig‘i isroillik kelgindilarning so‘nggi zo‘ravonligini keskin qoralashini aytib, buni "qizil chiziq" deb atadi va "qat’iy choralar ko‘rishga" va’da berdi.
Armiya markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i general-mayor Avi Blut – Hamida masjidida nomi devorga yozib ketilgan shaxs – o‘z ta’biricha "anarxist yoshlar"ning zo‘ravonlik harakatlari "mutlaqo nomaqbul va jiddiy" ekanligini va ularga qarshi qat’iy choralar ko‘rish kerakligini aytdi.
Ba’zi murosasiz kelgindilar bu bayonotlarni xoinlik deb hisoblaydilar.
Ma’ale Levonada uzoq vaqtdan beri yashayotgan va yaqin atrofdagi Shilo qishlog‘idagi sharob zavodi boshqaruvchisi Amichay Luriya menga hozirgi paytda kelgindilar zo‘ravonligiga e’tibor haddan tashqari kuchaydi, deb aytdi.
"Odamlarning bu kabi juda oz uchraydigan holatlar haqida gapirayotganidan hayratdaman, – deydi u. – E, birov zaytun terib yurgan ekan, yahudiylar kelib, xalaqit beribdi. Qo‘ying endi. London markaziy ko‘chasida bu yerdagidan ko‘ra ko‘proq bosqinchilik bo‘ladi."
Men undan ayollarning qattiq kaltaklangani va atrofdagi hududlarda deyarli har kuni sodir bo‘layotgan voqealar haqida so‘radim. U bularni "yahudiylarni yomon ko‘rsatishga urinish", deb rad etdi.
"Arablarning ko‘pchiligi, imkon bo‘lsa, Hamas yoki "Hizbulloh"ga ergashardi. Juda kam odam birga yashashni yoki tinch-totuv hayot kechirishni istaydi, birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq bizni yo‘q qilishadi," deydi u.
"Kelajak juda oddiy. Umid qilamanki, armiya uyg‘onadi, odamlar tayyorgarlik ko‘rishimiz kerakligini, ular bizga qarshi kelayotganini tushunishadi."
BMTning Insonparvarlik masalalari bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo urushi boshlanganidan buyon G‘arbiy Sohilda halok bo‘lgan 1000 nafar falastinlikdan 20 dan 32 nafarigachasi isroillik kelgindilar tomonidan o‘ldirilgan. Xuddi shu davrda falastinliklar 19 nafar isroillik tinch aholini o‘ldirgan.

Harbiy rahbarlarning kelgindilar zo‘ravonligiga qarshi chora ko‘rish to‘g‘risidagi qarori askarlar orasida kelgindilar ulushi tobora ortib borayotgan bir sharoitda armiyadagi intizomni sinovdan o‘tkazadi.
Shuningdek, bu qaror Isroilning harbiy va siyosiy rahbarlari o‘rtasidagi xavfli bo‘linishlarni ochib qo‘yishi mumkin.
Ekstremist kelgindilar o‘zlarining yerga bo‘lgan da’volari Tavrotdan kelib chiqqanini aytishadi. Ammo ularning bu qadar o‘ziga ishona boshlagani hukumat qo‘llovidan kelib chiqayapti.
2023 yil 7 oktyabrdagi Hamas hujumlari va undan keyingi G‘azo urushidan beri Isroilning o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir fuqaro xavfsizlik guruhlariga, jumladan, G‘arbiy Sohildagi aholi manzillarida, 100 mingdan ortiq qurol tarqatdi va Isroilni G‘arbiy Sohilni rasman o‘ziga qo‘shib olishga chaqirdi.
Hukumat aholi manzillarini keskin kengaytirishga ruxsat berdi va ba’zi ruxsatsiz qurilgan aholi punktlarini qonuniylashtirdi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, Isroilning G‘arbiy Sohildagi aholi manzillari noqonuniy hisoblanadi, ammo Isroil bunga e’tiroz bildiradi.
Mudofaa vaziri Isroil Katts o‘tgan yili G‘arbiy Sohildagi yahudiy kelgindilarni ma’muriy qamoqqa olishni taqiqlagan. Xabarlarga ko‘ra, bu Isroil milliy xavfsizlik agentligining maslahatiga zid.
Isroil armiyasi endi Kattsdan kelgindilar zo‘ravonligini to‘xtatishga yordam berish uchun bu vakolatni tiklashni so‘ramoqda. Ma’muriy qamoq usuli falastinliklar uchun hali ham keng qo‘llanadi, bu esa gumonlanuvchilarni olti oylik muddatga hech qanday ayblovsiz ushlab turish imkonini beradi.
"Men armiyaga avvalgidek ishonmayman, – dedi menga Amichay Luriya. – Armiyadagi ko‘plab odamlar yuqoridan pastgacha Isroilga qarshi. Menga ishonavering, armiyada birlik yo‘q."
Isroil armiyasi hozir falastinlik mahbuslarga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan videotasvirlar sizib chiqishi bilan bog‘liq huquqiy va siyosiy mojaroga aralashib qolgan – bu holat o‘ta millatchi siyosatchilarni mamlakat xavfsizlik kuchlariga qarshi qilib qo‘ygan.

Juma namozidan keyin namozxonlar Hamida masjidini tark etar ekanlar, isroillik faollar birdamlik ko‘rsatish uchun kelishdi. Asli londonlik Martin Goldberg ulardan biri edi.
Men undan kelgindilar hujumlari bo‘rttirilmoqdami, deb so‘radim.
"Agar hujum o‘zingizga qarshi bo‘lmasa, bu juda arzimas hujum, – dedi u. – Bu hujumlar arzimas emas, ular juda jiddiy. Hamma buni kamaytirib ko‘rsatishga urinishmoqda, go‘yo bu shunchaki "daladagi begona o‘tlar", lekin unday emas. Ularni hukumat qo‘llab-quvvatlayapti. Mahalliy kengashlar ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlayapti, moliyalashtiryapti."

Ko‘plab mahalliy kengashlar noqonuniy aholi punktlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo u yerdagi ba’zi kelgindilarning zo‘ravonligini ochiq qoralaydilar.
G‘arbiy Sohildagi kelgindilar kengashi raisi yaqinda harbiylar va tinch aholiga zarar yetkazgan "anarxistlar"ni hibsga olgan Isroil armiyasini qo‘llab-quvvatlab, bayonot berdi.
"Yevropa, Qo‘shma Shtatlar, butun dunyodagi hamma G‘arbiy Sohilga e’tibor qaratmoqda," dedi bir necha bor hujumlarga uchragan yaqin atrofdagi Turmus Aya qishlog‘ida yashovchi qurilish muhandisi Vadi abu Avad.
"Biz isroilliklar bilan jang qilmayapmiz. Biz isroillik askarlarni o‘ldirmaymiz, bizda garovga olinganlar yo‘q. Ular [kelgindilar] bizni burchakka tiqayaptilar. Mushukni burchakka tiqib qo‘ysangiz, u yo‘lbarsga aylanishi mumkin."












