O‘zbekiston: Prezident farmoni – kim ketdiyu kim qoldi? Tashqi qarz qancha bo‘ldi? Migrantlarda nima gap?

Surat manbasi, president.uz
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev keng ko‘lamli kadrlar almashishiga doir farmonni imzolagan. Farmonga binoan, shu paytga qadar prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimida bo‘lgan Abdulaziz Komilov endilikda tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchilik lavozimiga tayinlangan.
Abdulaziz Komilov mustaqil O‘zbekiston tarixida eng taniqli diplomatlardan biridir.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Komilov O‘zbekiston tashqi siyosatida G‘arb bilan aloqalarni mustahkamlashga intilgan oz sonli siyosatchilardan biri sanaladi.
Yaqinda taniqli diplomat Moskva tanqidlariga qaramasdan, Markaziy Osiyoning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini himoya qilib chiqqandi.
"Tarixda birinchi marta hamma Markaziy Osiyo davlatlari bir bo‘lib, yagona sub’ekt bo‘lib, o‘zlarining yangi mavqeini namoyish qilyapti. Bu mavqeni xalqaro hamjamiyat tan olyapti", degan edi janob Komilov.
Abdulaziz Komilovning ushbu izohlari Yevropa yetakchilari bilan o‘tkazilgan qator yuqori darajadagi mintaqaviy sammitlar ortidan yangragan edi.
Taniqli diplomatning YeI bilan hamkorlikni himoya qilishi Rossiya tomonidan Markaziy Osiyoning G‘arbga qarab yuzlanishiga bildirilgan tanqidlarga javob sifatida ko‘rilmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov YeI sammitidan ikki hafta o‘tib, 24 aprel kuni Samarqandga tashrif buyurib, Yevropaning mintaqadagi siyosatini keskin tanqid qildi.
"Bryusseldagi Yevropa Komissiyasi rahbariyati ayniqsa ajralib turadi. Ular mintaqada ochiqdan-ochiq aksilrossiya kayfiyatidagi o‘z dasturlarini ilgari surishmoqda", — degan edi Lavrov o‘sha matbuot anjumanida.
Rossiya vaziri Moskva Markaziy Osiyoga nisbatan "YeI va AQSh tomonidan ideologik yoki siyosiy bosim" o‘tkazilishiga mutlaqo qarshi ekanini ta’kidlagandi.
Yana kimlar qayerga joylashdi?
Muqaddam O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining rahbari lavozimida bir muddat ishlagan, keyinroq vazifasidan ozod etilib, prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan Sardor Umurzoqov endilikda Shavkat Mirziyoyevning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan.
Ruslanbek Kuroltaevich Davletov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etilgan.
Tashqi qarz qancha bo‘ldi?

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
2025 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 68,4 milliard dollarga yetdi. Bu miqdorning 35,8 milliard dollari davlat qarziga, 32,6 milliard dollari esa korporativ qarzlarga to‘g‘ri keladi. Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yilga nisbatan tashqi qarz qoldig‘i 14,9 milliard dollarga oshgan. Shu chorakning o‘zida qarz 4,3 milliard dollarga ko‘paygan bo‘lib, bu o‘sish sur’ati 2024 yil oxiriga nisbatan tezlashganini ko‘rsatadi.
Muhim ijobiy o‘zgarish – joriy operatsiyalar hisobi manfiy saldosining sezilarli darajada qisqarishidir. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davrida 2,1 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilning birinchi choragida 160,7 million dollargacha tushgan. Ushbu yaxshilanish asosan eksport hajmining 22 foizga oshishi (qariyb 8 milliard dollarga yetishi) va importning deyarli o‘zgarishsiz qolishi natijasidir. Savdo balansi defitsiti ham 34 foizga qisqarib, 2,6 milliard dollarni tashkil etdi.
Mamlakatga kirib kelgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi birinchi va ikkilamchi daromadlar balansining ijobiy bo‘lishiga xizmat qildi (mos ravishda 148,9 million va 2,2 milliard dollar). Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfel investitsiyalar hisobiga qoplangan. Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi 2024 yilga nisbatan deyarli ikki barobar oshib, 752,3 million dollarni tashkil qildi. Portfel investitsiyalari esa, asosan xalqaro obligatsiyalar operatsiyalari hisobiga, 1,5 milliard dollarni tashkil etdi. Ushbu omillar natijasida moliyaviy hisobning manfiy saldosi 791,1 million dollarni tashkil etdi.
Migrantlarda nima gap?

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi kuchaygani sababli, mahalliy hokimiyat organlari chet ellik ishchilarni yollash bo‘yicha qo‘yilgan taqiqlarni bekor qilmoqda. Asia-Plyus xabariga ko‘ra, umumiy ovqatlanish, qishloq xo‘jaligi, logistika va uy-joy kommunal xizmatlari kabi sohalarda mehnat migrantlarining o‘rnini bosish qiyin bo‘lmoqda, chunki rossiyaliklar og‘ir va kam maoshli ishlarga intilmayapti.
Ba’zi joylarda avvalgi cheklovlar bekor qilinib, migrantlarning yana ishlashiga ruxsat berilmoqda. Qishloq xo‘jaligida, xususan, Markaziy Rossiyada ishchilar yetishmasligi sababli tonnalab hosil dalalarda qolib ketmoqda. Soha ichida bo‘lganlar bu inqirozni 2024 yildan kuchga kirgan yangi immigratsiya qonunlari bilan bog‘lashmoqda. Ushbu qonunlarga ko‘ra, migrantlar ishga ruxsat olish uchun rus tili va tarixi imtihonlaridan o‘tishlari shart, bu esa qisqa muddatga keladigan mavsumiy ishchilar uchun jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.
Krasnodar o‘lkasida migrantlarni yollashning taqiqlanishi fermer xo‘jaliklarining vayron bo‘lishiga olib kelgan. Qiyin ishlarni mahalliy aholi bajarishni istamayapti, talabalarni jalb qilish urinishlari ham samara bermagan. Rossiyaning ayrim hududlarida esa, migrantlarni qaytarish uchun turli rag‘batlantiruvchi choralar, jumladan, transport va hatto hosilning bir qismini berish taklif qilinmoqda.












