Eron cho‘kmoqda: Suv ichsinmi yo yodgorliklarni asrasin?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Armen Nersessian
- Role, BBC World Service
- O'qilish vaqti: 6 daq
Qadimiy Fors imperiyasining tantanavor poytaxti bo‘lgan Persepolisdagi ayvonning o‘ymakor tosh zinalari va ustunlari 2500 yil davomida saqlangan, ammo hozir bu Butunjahon merosi ob’ekti sanalmish obida atrofidagi yer cho‘kmoqda.
Ayvon mustahkam tosh ustiga qurilgan. Uning qismlari siljishi mumkin, biroq faqat bir necha millimetrga. Ammo bu qadimiy mo‘rt tosh inshootlar atrofidagi qiya tekisliklar oqar suvlar yotqizgan cho‘kindilardan hosil bo‘lgan va hozir har yili bir necha yuz millimetrga cho‘kmoqda.
Marvdasht tekisligi zamini ayvondan yarim kilometrdan yaqinroq masofada joylashgan yana bir tarixiy maskan – Naqshi Rustamdan atigi 10 metr narida parchalana boshladi va bu yoriqlar kengayib bormoqda.
"Persepolis va Naqshi Rustamning yonginasida yer yoriqlari mavjud bo‘lib, biz ularni yerning cho‘kish gradientlari [er turli tezlikda cho‘kayotgani] bilan bog‘lashimiz mumkin," deydi Germaniyaning Leybnits universiteti huzuridagi Fotogrammetriya va geoaxborot instituti doktori Mahmud Hag‘shenas Xagigi.
"Ommaviy axborot vositalarida Persepolis haqida, yoriqlar va boshqa shikastlanish belgilari to‘g‘risidagi xabarlarni ko‘rdim. Ammo har tomonlama o‘rganmasdan turib, biz ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri cho‘kish gradientlariga bog‘lay olmaymiz. Ayvon tog‘ etagidagi nisbatan barqaror geologik formatsiyada joylashgan."

Surat manbasi, Getty Images
Hashamatli xarobalar
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti 1979 yilda Persepolisni Jahon merosi ro‘yxatiga kiritgan.
Uning "hashamatli xarobalari" "dunyoning eng buyuk arxeologik yodgorliklar qatoriga kiradi," deydi UNESCO.
"Ahmoniylar (fors) ansambllarining durdonasi sifatida mashhur bo‘lgan shohlar shahri Persepolis arxitektura, shaharsozlik, qurilish texnologiyasi va san’atda tengi yo‘q va eng qadimgi sivilizatsiyaning noyob guvohi bo‘lgan arxeologik yodgorliklar qatorida turadi."
Keyinchalik bu sivilizatsiya Fors imperiyasiga aylandi. U ko‘pincha dunyoning birinchi qudratli davlati sifatida ta’riflanadi va eng rivojlangan davrda g‘arbda Liviyadan sharqda Hindistongacha bo‘lgan keng hududda hukmronlik qilgan.

Surat manbasi, Ullstein Bild via Getty Images
Eronning boshqa 28 ta Jahon merosi ob’ektlari ham cho‘kayotgan hududlarga yaqin joylashgan, jumladan, Fors imperiyasining dastlabki poytaxti Pasargad va Yazd tarixiy shahri.
Rasmiylar, shuningdek, Butunjahon merosi ob’ektlari bo‘lmish ko‘priklar va masjidlar joylashgan Isfahonda ham cho‘kish xavfi borligini ta’kidlashdi.
2021 yilda Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan 1394 kilometrlik Trans-Eron temir yo‘li ham bir nechta cho‘kish havzalarini kesib o‘tadi, bu esa unga zarar yetishi ehtimolini orttiradi.

Surat manbasi, Getty Images
Vaqtga qarshi poyga
Yerning cho‘kishi sekin kechadi, devorlar va poydevorlar yorilib ketmaguncha uni payqash qiyin.
Tadqiqotchilar radiolokatordan foydalanib, vaqt o‘tishi bilan tasvirlarni taqqoslaydilar.
"Ushbu texnologiya Yer yuzasidagi bir necha millimetrgacha bo‘lgan juda nozik o‘zgarishlarni o‘lchaydi," deydi Leybnits universiteti qoshidagi Helmholts geologiya markazi professori Mahdi Motag‘.
Uning jamoasi Persepolis va Naqshi Rustam atrofidagi cho‘kishda xavotirli farqlarni kuzatmoqda.
Naqshi Rustamdagi kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ohaktoshga o‘yilgan tasvirlar hozircha barqaror turibdi, ammo yaqin atrofdagi tekislik tez cho‘kmoqda.
"Bu ko‘hna tosh obida va tekislik o‘rtasidagi chegarada katta yoriqlar va yer yoriqlari paydo bo‘lishiga olib keladigan siljish maydonida katta gradientni ko‘ramiz," deydi prof. Motag‘.
"Ba’zi joylarga allaqachon tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazilgan – biz [Naqshi Rustamdagi] Kaba-e Zardo‘sht orqali o‘tib, unga zarar yetkazgan yoriqni ko‘rdik."
Prof. Motag‘ning aytishicha, faqat joylardagi batafsil baholashlar boshqa ob’ektlarga qachon zarar yetishini ko‘rsatishi mumkin, ammo u: "albatta, bir kun yuz beradi", deb qo‘shimcha qiladi u.

Surat manbasi, NurPhoto via Getty Images
Kamayib borayotgan yer osti suvlari
"Eronda yer cho‘kishining asosiy sababi cho‘llanishga olib keladigan yer osti suvlarining ortiqcha qazib olinganidir," deydi prof. Motag‘.
Akvifer deb ataluvchi yer osti qatlamlaridan haddan tashqari ko‘p suv tortib olinganda, tuproq zichlashadi va yer yuzasi ko‘pincha butunlay cho‘kadi. Qurg‘oqchilik va issiq ob-havo vaziyatni yanada battarlashtiradi, chunki yerga kamroq suv qaytadi. Eron esa yer osti suvlarini eng tez yo‘qotayotgan mamlakatlardan biridir.
O‘nlab yillar davomida Eron tabiat berganidan ko‘ra ko‘proq suv iste’mol qildi, avval daryolar va suv omborlarini quritdi, keyin yer osti suv zaxiralaridan foydalandi.
Eronda 1970-yillardan beri yer osti suvlari haddan tashqari ko‘p ishlatilgan. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, zaxiralarning 70% dan ortig‘i tugab bo‘lgan.
"Bir qator nufuzli tadqiqotlar Eronni dunyoda yer osti suvlarini eng ko‘p sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiritadi," deydi Xalqaro yer osti suv resurslarini baholash markazi mutaxassisi Endryu Pirson.
"Eronda suv iste’molining qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Qurg‘oqchilik tufayli suv ko‘p olinmoqda, ana shu kamayishning asosiy sababi."

Bu muammo ta’siri tarixiy yodgorliklardan ancha uzoqqa boradi.
Yaqinda o‘tkazilgan milliy tahlil shuni ko‘rsatdiki, Eronning taxminan 56 ming kvadrat kilometr maydoni – mamlakatning 3,5 foizi – sezilarli cho‘kmoqda.
Tehronning ba’zi hududlari so‘nggi o‘n yilliklarda har yili taxminan 25 santimetrga cho‘kkan. Ulkan pista bog‘lari joylashgan Rafsanjonda har yili ortiqcha suv olish tufayli taxminan 300 million kub metr yer osti suvi yo‘qotilmoqda.
Yer cho‘kishi natijasida yo‘llar, kanallar va quvurlar qiyshayib, egilmoqda, bu esa qimmatga tushadigan infratuzilma muammolarini keltirib chiqarmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Bu faqat Eronga xosmi?
Eronning ahvoli juda og‘ir, ammo yagona emas. Mexiko shahri, Indoneziya poytaxti Jakarta va Kaliforniyaning Markaziy vodiysida ham ba’zida yiliga 100 millimetrgacha cho‘kish kuzatilgan.
Eronni ajratib turadigan jihat – bu jarayonning tezligi va ko‘lami, shuningdek, xavf ostida qolgan qadimiy yodgorliklar ko‘pligidir.
"Geologik sharoit tufayli Eronda yer cho‘kishi ko‘pincha yer yoriqlari bilan birga kechadi. Bu yoriqlar kilometrlarga cho‘zilib, bir necha metr chuqurlikka yetishi mumkin, bu esa binolar va infratuzilma uchun jiddiy xavf tug‘diradi," deydi Padova universiteti professori Pietro Teatini.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning boshqa ko‘plab mamlakatlari, xususan, Misr, Saudiya Arabistoni, Isroil va Falastin hududlari ham shunga o‘xshash muammolarga duch kelmoqda – bu mintaqa dunyodagi eng suv tanqis hududlar qatoriga kiradi.
UNESCO Indoneziya va Vetnam kabi mamlakatlarda hukumat vakillari bilan texnik seminarlar va uchrashuvlar o‘tkazdi hamda Filippinda ham shunday tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda, ammo siyosiy vaziyat tufayli Eronda bunday hamkorlik cheklangan.
Suv resurslarini boshqarish
UNESCO vakili BBC News'ga aytishicha, Ispaniya, Meksika, Xitoy va Indoneziya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yer cho‘kkandan so‘ng, bu jarayon qaytarilmas bo‘lib qoladi. Shu bois, Eron kabi qurg‘oqchil hududlarda yer osti suvlarini barqaror boshqarish juda muhim.
Mutaxassislar suv resurslarini kompleks boshqarish zarurligi haqida yakdil fikrda.
Biroq, ular siyosiy va ijtimoiy to‘siqlar haqida ham ogohlantirishmoqda – qishloq xo‘jaligiga qaram hududlarda keskin cheklovlar jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.
"Geologiya ilmini muhandislik amaliyoti va merosni saqlash bilan uyg‘unlashtirish kerak, – deydi professor Motag‘, – ammo bu oson emas va Eron institutlari bilan samarali hamkorlik qilish ayniqsa qiyin bo‘lib qolmoqda."

Surat manbasi, LightRocket via Getty Images
Eron yetti yil davomida suvni qayta ishlatish, tomchilatib sug‘orish va yetkazib berishni takomillashtirish orqali milliy suv iste’molini yiliga 45 milliard kub metrga qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Ammo bu ulkan maqsadlarga erishish xalqaro sanksiyalar, byurokratiya va investitsiyalar yetishmasligi tufayli sekinlashmoqda.
Avgust oyida BBC News Eron tashqi ishlar vazirligi, Londondagi elchixonasi va konsulligidan mamlakatning suv resurslarini boshqarish rejalari haqida izoh so‘ragan edi.
Ammo ular elektron xatlar va elchixonaga qo‘lda yetkazilgan maktubga javob bermadi.
Dunyoning boshqa qismlarida yer cho‘kishini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar Eronga ham suv resurslarini, ham tarixiy merosini qanday saqlashni ko‘rsatishi mumkin.
1980-yillarda Tailand poytaxti Bangkokning ayrim hududlari har yili 120 millimetrga cho‘kkan. Biroq, hukumat suv chiqarish cheklovlari, narxlarni tartibga solish va nazorat tizimini joriy etgach, 2000-yillarga kelib ko‘plab hududlarda yer osti suvlari sathi ko‘tarildi va cho‘kish yiliga 10-20 millimetr yoki undan kamroq darajaga tushdi.
"Bu sehrli tayoqcha emas, lekin bu chora ish berishini ko‘rsatadi," deydi janob Pirson.








