Ilm-fan: O‘t-o‘lan ham qichqiradi, buni jonivorlar eshitadi va tushunadi
- Author, Pallab Gosh
- Role, Bi-bi-sining ilm-fan muxbiri
- O'qilish vaqti: 3 daq
O‘simliklar chiqaradigan tovushlarga hayvonlar reaktsiya qilishi mumkin, deydi olimlar. Bu esa ular o‘rtasida ko‘zga ko‘rinmas ekotizim mavjudligini anglatishi mumkin.
Tel-Aviv universiteti tadqiqotchilari birinchi marta shunday xulosaga kelishdi: pomidor o‘simligi xavotirga tushganda chiqaradigan tovush eshitilsa, urg‘ochi kapalak unga tuxum qo‘yishdan tiyiladi. Bu esa o‘simlik sog‘lom emas, degan signal sifatida xizmat qilgan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar ikki yil avval o‘simliklar stress holatida tovush chiqarishini ilk bor tasdiqlagan edi.
Ushbu tovushlar inson eshitish qobiliyatidan tashqarida bo‘ladi, ammo ko‘plab hasharotlar, ko‘rshapalaklar va ayrim sutemizuvchilar ularni his etishi mumkin.
"Bu – tarixda ilk bor hayvon o‘simlik chiqargan tovushga javob qaytarganini tasdiqlovchi holat," deydi professor Yossi Yovel.
"Hozircha bu faraz darajasida, ammo ehtimol, turli hayvonlar o‘simliklar chiqaradigan tovushlarga qarab qaror qabul qilishi mumkin – masalan, changlantirish, berkinish yoki o‘simlikni iste’mol qilish kabi."
Olimlar kapalaklar aynan tovush ta’sirida shunday yo‘l tutganini aniqlash uchun sinchiklab nazorat qilingan tajribalar o‘tkazishdi.
Ular kapalakning harakatlari o‘simlik ko‘rinishiga emas, balki chiqarayotgan tovushga bog‘liq ekanini tasdiqlashdi.
Tadqiqotchilar endi turli o‘simliklar qanday tovush chiqaradi va boshqa jonzotlar ham bu signallarga javob beradimi, degan savolga javob topishni rejalashtirmoqda.

Surat manbasi, .
"Bu o‘zaro ta’sirlar juda murakkab bo‘lishi mumkin. Biz hozirgina birinchi qadamni qo‘ydik," deydi professor Yovel.
Professor Lilax Hadaniga ko‘ra, yana bir qiziq sohalardan biri – o‘simliklarning tovush orqali bir-biriga ma’lumot uzatishi va, masalan, qurg‘oqchilik sharoitida suvni tejash kabi choralar ko‘rishi mumkinligini o‘rganishdir.
"Bu juda qiziq savol, – deydi u Bi-bi-siga. – Agar bir o‘simlik stressda bo‘lsa, eng ko‘p e’tibor berishi mumkin bo‘lgan jonzotlar – boshqa o‘simliklar. Ular javob qaytarishi ehtimoldan xoli emas."

Surat manbasi, TAU
Olimlar ta’kidlashicha, o‘simliklar ongli emas.
Chiqadigan tovushlar ularga ta’sir qiluvchi mahalliy sharoit o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan jismoniy ta’sirlar oqibatidir.
Ammo bu tovushlar ayrim hayvonlar va, ehtimol, boshqa o‘simliklar uchun foydali ma’lumot manbai bo‘lishi mumkinligi aniqlandi.
Agar shunday bo‘lsa, o‘simliklar va hayvonlar evolyutsiya davomida bir-biri bilan muvofiqlashgan holda tovush chiqarish va eshitish qobiliyatini rivojlantirgan bo‘lishi mumkin, deydi professor Hadani.
"O‘simliklar, agar bu ular uchun foydali bo‘lsa, keyinchalik ko‘proq yoki balandroq tovush chiqaradigan darajada evolyutsiyalashishi mumkin.
Hayvonlarning eshitish qobiliyati ham shunga mos ravishda rivojlanishi mumkin.
Bu hali deyarli o‘rganilmagan ulkan soha. Bu – kashf etilishi kerak bo‘lgan butun boshli yangi dunyo."
Tajribada olimlar ayniqsa urg‘ochi kapalaklarga e’tibor qaratdilar. Ular odatda tuxumlarini pomidor barglariga qo‘yadi, qurtlari u bilan oziqlanib o‘sadi.
Tadqiqotchilar shunday farazga kelishdi: kapalak tuxum qo‘yish uchun eng sog‘lom va qurtlar rivojlanishiga munosib o‘simlikni tanlashga harakat qiladi.
Agar o‘simlik stressda ekanini tovush orqali bildirsa, kapalak bundan xabardor bo‘lib, undan uzoqlashishi mumkin.
Bunda kapalaklar tuxum qo‘ymaydi, chunki o‘simlik chiqarayotgan tovush ularni xavotirga soladi.
Tadqiqot eLife jurnalida chop etildi.













