Putin va Netanyahuni tenglashtirib bo‘lmaydimi? Ukraina va Falastinga ikki xil standart

Surat manbasi, Alexey Druzhinin/TASS
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Xalqaro Jinoyat Sudi yurisdiktsiyasini tan oladigan 125 mamlakatdan birortasiga qadam qo‘yadigan bo‘lsalar, ularni hibs etishga XJS order bergan.
Biroq Putinga arest orderi chiqarilganini olqishlagan qator Yevropa mamlakatlari siyosatchilari Netanyahuni qo‘lga olmasliklari haqida bayonot berdilar.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuni hibsga olishga Xalqaro Jinoyat Sudi order bergani haqidagi yangilik butun dunyoda qarama-qarshi munosabatlarni keltirib chiqardi.
Ayrim siyosatchilar Xalqaro Jinoyat sudini antisemitizmda, terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda, demokratik davlatni terrorchi guruh bilan "tajovuzkor davlat Rossiya" bilan tenglashtirishda aybladilar.
Boshqalar esa jinoyatni kim sodir etganidan qat’i nazar tergov qilinishi kerak deya "jasur qaror"ni olqishladilar.
Benyamin Netanyahu hali davlat rahbarligi lavozimini egallab turgan vaqtida Xalqaro Jinoyat sudi tomonidan hibsga olish orderi chiqarilgan to‘rtinchi davlat rahbari bo‘ldi.
2022 yili Xalqaro Jinoyat sudi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga arest orderi chiqardi.
2011 yili Liviya rahbari Muammar Qazzofiyni qo‘lga olish qarori chiqarilgan, biroq uch oydan keyin u o‘ldirilgan edi.
Shundan so‘ng ish yopilgan.
2009 yili XJS Sudan prezidenti Umar al-Bashirni hibsga olish bo‘yicha qaror qabul qilgan, biroq shundan keyin u hokimiyatni yo‘qotgan edi.
Hibs orderi va qanday ayblovlar asosida qo‘lga olishga qaror qilingani tafsiloti maxfiy saqlanishi ham mumkin, keng jamoatchilikka oshkor etilishi ham mumkin, buni XJSning o‘zi hal qiladi.
Shu yil noyabrida XJS Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuni, sobiq Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant va Isroil 1 avgustdagi G‘azoga avia zarba oqibatida o‘ldirilganini xabar qilgan, biro o‘limi boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmagan Hamas qo‘mondoni Muhammad Deyfni hibs qilish bo‘yicha order e’lon qildi.
O‘zini hibsga olish haqidagi prokuror so‘rovini "demokratiyaning o‘zini o‘zi mudfoaa qilish huquqi"ning buzilishi deb atagan Netanyahu XJS orderini "antisemit qaror" dedi.
Isroil Xalqaro Jinoyat sudining a’zosi emas va XJSga Netanyahu va Gallantni hibsga olish orderiga nisbatan norozilik nomasini yo‘llagan.
Hozircha Isroilning bu murojaati ko‘rib chiqilgani yo‘q.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda XJS o‘zining Netanyahuni qo‘lga olish qarori bilan "Isroilni arest qilishga" order berdi degan fikrlar bildirilmoqda.
AQSh XJSning a’zosi emas va Xalqaro Jinoyat sudiga qarshi sanksiya kiritish masalasini ko‘rib chiqayapti.
Ammo eng qizig‘i Frantsiya, Italiya va XJS joylashgan Niderlaniya rasmiylarining hibs etilishidan qo‘rqmasdan Netanyahu mamlakatlariga bemalol kelishi mumkin degan bayonotlari bo‘ldi.
Isroil XJS yurisdiktsiyasini tan olmaydi. Bu huquq sudda qanday paydo bo‘ldi?
Falastin Rim Statusi, ya’ni Xalqaro Jinoyat sudini tashkil etish haqidagi shartnomani imzolagan davlat.
Ammo Falastin davlatining o‘zini BMTga a’zo 193 mamlakatdan 147 tasi tan olgan, qolganlari tan olmagan.
Falastin XJS a’zosi bo‘lgani uchun sud Falastin hududida sodir etilgan jinoyat yoki falastinlik dunyoning xohlagan burchagi, shu jumladan, Isroilda ham sodir etgan jinoyatni tergov qilishga haqli hisoblanadi.
Bu narsani 2021 yili prokurorlar so‘roviga javoban XJS sudyalari tasdiqlagan edilar.
Ana shundan keyin o‘sha vaqtda XJS prokurori lavozimini egallab turgan gambiyalik yurist Fatu Bensuda "Falastindagi vaziyat"ni tergov qilishga kirishgan edi.
Xalqaro Jinoyat sudi Falastin hududlarida sodir etilgan jinoyatni tergov qilishi uchun Isroilning XJS yurisdiktsiyasi(jinoyatni tergov va sud qilish vakolati)ni tan olishi talab qilinmaydi.
O‘z navbatida Hamas jangarilarining Isroil hududida insonlarni garovga olgani va boshqa jinoyatlari yurisdiktsiyasi ularning falastinliklar tomonidan sodir etilgani deb ko‘rilgani uchun qabul qilinadi.
XJS sudi prokurori tomonidan tuzilgan ekspertlar komissiyasi "Falastin vaziyati" bo‘yicha ham hibs orderi berish mumkin degan xulosa berdilar.
Ushbu ekspertlar komissiyasiga Xolokostni boshidan o‘tkazgan isroillik va amerikalik yurist - Isroil Tashqi ishlar vazirligining sobiq maslahatchisi va Yugosloviya bo‘yicha Xalqaro jinoyat tribunalining raisi Teodor Meron kirgan edi.
"Xalqaro insonparvarlik huquqi bo‘yicha mutaxassis Meron hali 1967 yili Isroil bosh vaziriga yuborgan maxfiy memorandumida bosib olingan Falastin yerlarida Isroil kelgindilar maskanlarini barpo etish qonunga zid ekanligini yozgan edi", dedi Kyoln universitetidan xalqaro huquq eksperti Gleb Bogush Bi-bi-si Rus xizmatiga.
Bundan tashqari bu yerda "Oslo II" kelishuvi deb nomlangan Isroil-Falastin tinchlik kelishuvi bilan bog‘liq masala ham o‘rtaga chiqqan.
Ushbu kelishuvda Falastin hududida sodir etilgan jinoyatlar uchun isroilliklarni Falastin sudi emas, Isroil sudi sudlashi kerak degan band yozilgan.
1948 yili Isroil barpo etilishida katta rol o‘ynagan Buyuk Britaniya "Oslo II" bitimi Netanyahu va Galantni hibsga olishga mone’lik qilish-qilmasligi borasida XJS aniqlik so‘ragan.
Sudga 60 dan ortiq davlat, tashkilot va olimlar xulosa kelib tushgan.
Bu borada fikrlar bo‘lingan.
XJS yurikdiyaga ega degan fikrga kanadalik professor Uilyam Shabs(u ham Xolokost qurbonining avlodi) ham qo‘shildi.
U vaziyatga "kolonial qarash"ga qarshi chiqdi va orderga Isroil rahbarlarini genotsid va aparteidda ayblash taklifini ham qo‘shdi.
Bu borada Britaniya o‘z mavqe’ini bildirmadi, bunga o‘sha vaqtda mamlakatda hukumat almashgani sabab bo‘ldi.
Ayrim mamalakatlar, xususan, Germaniya Isroilning o‘zida amal qiluvchi sud tizimi mavjud, shuning uchun bu masalani Isroilning o‘zi hal qilishini kutish kerak, degan munosabat bildirdi.
Biroq oxir-oqibat XJS o‘zining yurisdiktsiyasini tasdiqladi.
Rim Statusi bo‘yicha agar Falastinda sodir etilgan jinoyatlar ishini mansabdor shaxslar va faktlar bo‘yicha Isroilning o‘zi tergov qilsa, bunga XJS aralashmaydi va ishni yopmog‘i lozim.
Bu komplementar tamoyil deb ko‘riladi.
Biroq Isroilning o‘zida bunday tergov va sud jarayoni haqida hech qanday gap yo‘q.
Netanyahu va Putinda daxlsizlik immuniteti bormi va AQSh, Yevropa mamlakatlari ikki xil standart qo‘llayaptilarmi?

Surat manbasi, Getty Images
Frantsiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot berishicha, XJS Netanyahuni hibs qilish va topshirishni talab qilolmaydi, chunki Isroil XJS a’zosi emas.
XJS a’zosi emasligi Isroil vazirlariga daxlsizlik immunitetini beradi.
Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani aytishicha, "Netanyahuni kamida Isroil bosh vaziri lavozimini egallab turgan vaqtida hibs qilish imkonsiz".
XJS joylashgan Niderlandiya Bosh vaziri Dik Sxof, "xalqaro huquq doirasida ham Netanyahu Niderlandiyaga bemalol tashrif buyurishi mumkin stsenariylar bor", deb aytdi.
Ushbu bayonotlar bu mamlakatlarning Vladimir Putinni hibs qilish orderini qo‘llab-quvvatlaganlarining butkul teskarisi va bunday ikki xil standart XJS obro‘si va xalqaro adolatga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi.
Yakuniy qaror baribir XJS a’zosi bo‘lgan mamlakatlarning o‘zida qoladi.
Misol uchun 2015 yili Janubiy Afrika respublikasiga Sudanning o‘sha paytdagi prezidenti Umar al-Bashir tashrif buyurdi.
Unga esa olti yildan buyon XJS arest orderi bor edi.
Inson huquqlari himoyachilari XJS orderi asosida Umar al-Bashirni hibsga olishni talab qilib mahalliy sudga murojaat qildilar.
Sud esa uni hibsga olish qarorini chiqardi.
Biroq JAR hukumati Umar al-Bashir qochishiga yo‘l qo‘yib berdilar, tezda harbiy aerodromga olib borib uchirib yubordilar.
2023 yil avgustida BRIKS tashkiloti sammiti JARda bo‘ldi.
Boshida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin JARdagi BRIKS sammitida shaxsan qatnashish niyatida edi, biroq bormaslikka qaror qildi, muzokaralarda onlayn qatnashdi.
Frantsiyada 2023 yildan buyon Suriyaning bugunga kelib sobiq prezidentiga aylangan Bashar al-Asadni qo‘lga olish bo‘yicha sud orderi chiqarilgan.
Ya’ni, Frantsiya sud tizimi Frantsiya amaldagi davlat rahbarini hibsga olishi mumkin deb hisoblaydi.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Putin bilan Netanyahuning hibs orderlarini bir-biriga tenglashtirib bo‘lmaydi.
Birinchidan, Rossiya Ukrainaga hujum qilgan, Isroil esa Hamas hujumi qurboni bo‘ldi.
Ikkinchidan, Isroildan farqli o‘laroq Rossiyada mustaqil sud tizimi yo‘q, bu tizim vaqti kelib o‘zi harbiy jinoyatlarni ko‘rib chiqishi mumkin.
Garchi G‘azodagi tinch fuqarolarning qurbonlari soni Ukrainadagidan ko‘p bo‘lsa ham bu jinoyatlarni na Rossiya, na Isroil tergov qilayotgani yo‘q.
AQSh Rim Statusi a’zosi emas va XJS qarorini bajarmoqchi ham emas.
Lekin AQSh "Isroil qonuniy ish ko‘rayapti", deydi va XJS sudi xodimlariga qarshi sanksiyalar joriy etishi mumkinligini aytayapti.
Bundan oldin AQSh Putinni hibs qilish orderini olqishlagan edi.
AQShning yana saylangan prezidenti Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentligi muddatida XJSning o‘sha vaqtdagi prokurori Fatu Bensudaga qarshi sanksiya qiritgan, bunga Bensuda xonimning AQSh harbiylarining Afg‘onistondagi jinoyatlarini tergov qilgani sabab bo‘lgan edi.
O‘shanda AQSh Isroilning Jo‘lon tog‘ini o‘z hududiga anneksiya qilgani qonuniy deb qabul qilgan edi.
Falastin yerlaridagi vaziyat, davlatlar chindan ham xalqaro huquqni qo‘llab-quvvatlaydilarmi yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rish uchun sinov bo‘ldi.
Bugunga kelib jahon tartibi butunligiga umid qilgan Ukraina rahbarlarida xavotirlanishlariga jiddiy sabab bor.
"Agar Frantsiya "Netanyahuning immuniteti bor" deyayotgan bo‘lsa, uning yonida Parijdagi terrasada sharob simirib o‘tirgan Putinni tasavvur qilish mumkin", dedi Niderlandiyadagi Ochiq universitetdan Sergey Vasilev.
Rim Statusi a’zolari assambleyasi Mo‘g‘uliston ustidan XJSga shikoyat qildilar, bu shikoyatni ko‘rib chiqish boshlandi.
Unda shikoyatchilar Putin Mo‘g‘ulistonga tashrifi payti bu mamlakat uni hibs qilmaganidan yozg‘irdilar.
XJSning suddan oldingi palatasi buni qonun buzilishi deb tan oldi.
Mo‘g‘uliston esa bu borada o‘zining mavqe’i boshqachaligini aytdi.
"Bu xalqaro adliya tizimi "orqasiga pichoq urishdir", deyishadi yuristlar.
"G‘arb borgan sari ko‘p o‘zining obro‘ini to‘kayapti. Rossiyaparast bo‘lmagan global Janub mamlakatlari G‘arb, shartli qilib aytganda, "Har kuni Beslan" sodir bo‘layotgan Falastinga nisbatan o‘zlarini qanday tutayotganlarini kuzatib turib G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash harakatlarini dastaklamayaptilar. Ularga "Putinni hibsga olmagani uchun Mo‘g‘ulistonni qoralang" yoki ularga manfaatli bo‘lmagan Rossiyaga qarshi "sanksiyalarga qo‘shiling" deganlarida bunga kulib javob qaytarishlari mumkin", deydi Gleb Bogush.












