Tramp dunyo tartibotini ag‘darib, Yevropani sarosimaga solib qo‘ydi — tahlil

Bu Ikkinchi jahon urushidan beri G‘arb xavfsizligi uchun eng jiddiy va uzoq muddatli inqirozdir. Bir mutaxassis aytganidek, "Trampizm Trampning o‘z prezidentligidan ham uzoqroq yashaydi". Ammo AQSh ortga chekinayotgan bir pallada, qaysi davlatlar yetakchilikni zimmasiga olishga tayyor?
1947 yil fevralining bir kunida ertalab soat 9:00 da Buyuk Britaniyaning Vashingtondagi elchisi Lord Inverchapel AQSh Davlat kotibi Jorj Marshallga ko‘k qog‘ozga bosilgan ikkita diplomatik xabarni topshirdi: biri Gretsiya, ikkinchisi Turkiya haqida edi.
Holdan toygan, xonavayron bo‘lgan va Qo‘shma Shtatlardan katta qarzdorga aylangan Britaniya qurolli kommunistik isyonga qarshi kurashayotgan Gretsiya hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettira olmasligini ma’lum qildi. Britaniya allaqachon Falastin va Hindistondan chiqib ketish, Misrdagi o‘z hozirligini kamaytirish rejalarini e’lon qilgan edi.
Qo‘shma Shtatlar Gretsiyaning kommunistlar qo‘liga o‘tishi va natijada SSSR nazoratiga tushishi xavfini darhol angladi. Qo‘shma Shtatlar agar Gretsiya yo‘qotilsa, navbatdagisi Turkiya bo‘lishi va bu Moskvaga Sharqiy O‘rta yer dengizini, jumladan, muhim global savdo yo‘li bo‘lgan Suvaysh kanalini nazorat qilish imkoniyatini berishi mumkinligidan xavotirda edi.
Qo‘shma Shtatlar bir kechadayoq britaniyaliklar qoldirgan bo‘shliqni to‘ldirdi.

Surat manbasi, Getty Images
"Qo‘shma Shtatlar siyosati, – deb e’lon qildi prezident Harri Trumen, – qurolli ozchiliklar yoki tashqi kuchlar bosimiga qarshilik ko‘rsatayotgan erkin xalqlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lishi kerak."
Bu keyinchalik Trumen doktrinasi deb nom olgan siyosatning boshlanishi edi. Uning negizida chet elda demokratiyani himoya qilish Qo‘shma Shtatlarning milliy manfaatlari uchun hayotiy muhim degan g‘oya yotardi.
Shundan so‘ng AQShning ikkita yirik tashabbusi amalga oshirildi: Yevropaning vayron bo‘lgan iqtisodiyotini tiklash uchun ulkan yordam paketi – "Marshall rejasi" va 1949 yilda tashkil etilgan NATO. NATO Yevropaning sharqiy qismini nazoratga olgan Sovet Ittifoqidan demokratik davlatlarni himoya qilish uchun mo‘ljallangan edi.
Buni g‘arb dunyosi yetakchiligi Britaniyadan AQShga o‘tgan lahza deb ko‘rish oson. Ammo aniqrog‘i, bu o‘tish allaqachon sodir bo‘lganini ham ko‘rsatgan lahza edi.
An’anaviy izolyatsionist va ikkita ulkan okean bilan himoyalangan Qo‘shma Shtatlar Ikkinchi jahon urushidan ozod dunyoning yetakchisi sifatida chiqdi. Amerika butun dunyo bo‘ylab o‘z qudratini namoyish etar ekan, urushdan keyingi o‘n yilliklar davomida dunyoning ko‘p qismini o‘ziga o‘xshatib qayta shakllantirdi.
"Beybi-bumerlar" avlodi Amerika Qo‘shma Shtatlariga har qachongidan ko‘ra ko‘proq o‘xshaydigan, ovozi va xatti-harakatlari o‘xshash dunyoda ulg‘aydi. AQSh G‘arb dunyosining madaniy, iqtisodiy va harbiy gegemoniga aylandi.
Biroq, Qo‘shma Shtatlar o‘zining geostrategik maqsadlariga asos qilib olgan asosiy g‘oyalar o‘zgarishga yuz tutmoqda.
Donald Tramp Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘z mamlakati o‘nlab yillar oldin belgilagan rolga qarshi chiqqan birinchi AQSh prezidentidir. U buni shunday qilmoqdaki, ko‘pchilikka eski dunyo tartiboti tugagan, ammo yangi dunyo tartiboti esa hali shakllanmagandek tuyulmoqda.
Savol tug‘iladi: qaysi davlatlar oldinga chiqadi? Yevropa xavfsizligi deyarli tarixdagi eng tarang holatga kelgan bir paytda, hozirda sarosimaga tushgan Yevropa rahbarlari munosib javob topa oladimi?
Trumen merosiga qarshi
Prezident Trampning 1945 yildan keyingi xalqaro tartibni tanqid qilishi o‘nlab yillarga borib taqaladi. Qariyb 40 yil oldin u AQShning uchta gazetasida Qo‘shma Shtatlarning dunyo demokratiyasini himoya qilishga sodiqligini tanqid qilgan.
"O‘nlab yillar davomida Yaponiya va boshqa davlatlar Qo‘shma Shtatlardan foydalanib kelmoqda," – deb yozgan edi u 1987 yilda. – Nega bu davlatlar Qo‘shma Shtatlarga ularning manfaatlarini himoya qilish uchun yo‘qotayotgan insonlar hayoti va milliardlab dollarlar evaziga haq to‘lamayapti?
Butun dunyo Amerika ustidan kulmoqda — bizga tegishli boʻlmagan, bizga kerak boʻlmagan neftni tashiydigan, bizga yordam bermaydigan ittifoqchilarimiz kemalarini himoya qilmoqdamiz.
"Butun dunyo Amerika siyosatchilari ustidan kulmoqda, chunki biz o‘zimizga tegishli bo‘lmagan, bizga kerak bo‘lmagan neftь tashiydigan va bizga yordam bermaydigan ittifoqchilarimizning kemalarini himoya qilmoqdamiz."
Bu fikrni u ikkinchi marta qasamyod qilganidan beri takrorlab kelmoqda.
Uning ma’muriyatidagi ba’zilarning Yevropaning Qo‘shma Shtatlarga "suyanishidan" g‘azablanishi, aftidan, shu hafta Yamandagi husiylarga qarshi havo hujumlari haqida tarqalgan xabarlarda ham o‘z aksini topdi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Xabarlarda vitse-prezident Jey Di Vens nomi bilan yozishgan shaxs Yevropa davlatlari bu havo hujumlaridan foyda ko‘rishi mumkinligini yozgan. Unda shunday deyilgan: "Men Yevropani yana qutqarishni juda yomon ko‘raman."
Mudofaa vaziri Pit Xegset nomi bilan yozgan yana bir shaxs uch daqiqadan so‘ng javob berdi: "VP: Men sizning Yevropaliklar tekin foydalanishini yomon ko‘rishingizga to‘liq qo‘shilaman. Bu AYaNChLI."

Surat manbasi, Reuters
Trampning o‘z pozitsiyasi AQShning saxiyligidan foydalanayotganlarni tanqid qilishdan ham o‘tib ketganga o‘xshaydi. Ikkinchi prezidentligi boshida u Rossiyaga Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligini va u Rossiyaga boy bergan hududlarni qaytarib olishga umid qilmasligi kerakligini aytdi.
Ko‘pchilik buni muzokaralar hali boshlanmay turib qo‘ldagi ikki muhim qartani berib qo‘yish deb hisobladi. U Rossiyadan buning evaziga hech narsa so‘ramagan ham ko‘rinadi.
Boshqa tomondan, Trampning ayrim tarafdorlari Putinda o‘zlari qadrlaydigan ko‘plab konservativ qadriyatlarni mujassam etgan kuchli yetakchini ko‘rishadi.
Ba’zilar uchun Putin "vuok [woke]ka qarshi urush"dagi ittifoqchi.

Surat manbasi, Reuters
AQShning tashqi siyosati hozirda, hech bo‘lmaganda qisman, mamlakatdagi madaniy urushlar ta’sirida shakllanmoqda. Yevropa xavfsizligi AQSh nima va kim uchun kurashishi kerakligi borasidagi ikki qutbli va o‘zaro zid qarashlarga o‘ralashib qoldi.
Ba’zilar bu qutblashuv Trampning o‘zi bilan cheklanmasligini va Yevropa uning vakolat muddati tugashini kutib o‘tira olmasligini ta’kidlamoqda.
"AQSh Yevropa qadriyatlaridan uzoqlashmoqda," deydi Londondagi Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti (RUSI) katta ilmiy xodimi Ed Arnold. "Buni [evropaliklar] qabul qilishi qiyin, chunki bu tuzilmaviy, madaniy va ehtimol uzoq muddatli jarayon ekanligini anglatadi."
"Menimcha, AQShning hozirgi yo‘nalishi Trampdan keyin ham yashaydi. Trampizm uning prezidentlik davridan ham uzoqroq davom etadi deb o‘ylayman."
NATOning 5-moddasi "sun’iy nafas oldirilmoqda"
Tramp ma’muriyati endi Yevropa xavfsizligining asosiy kafolatchisi bo‘lmasligini va Yevropa davlatlari o‘z mudofaasi uchun mas’ul bo‘lishi hamda buning uchun to‘lov qilishi kerakligini aytdi.
"Agar [NATO davlatlari] to‘lamasalar, men ularni himoya qilmayman. Yo‘q, men ularni himoya qilmoqchi emasman," dedi prezident shu oy boshida.
Deyarli 80 yil davomida Yevropa xavfsizligi asosi Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasiga asoslangan bo‘lib, unda alyansga a’zo davlatlardan biriga hujum qilish barchasiga hujum deb belgilangan.
O‘tgan oyda Oq uyga tashrifi arafasida Dauning-stritda menga bergan intervyusida Bosh vazir ser Kir Starmer AQSh NATOning yetakchi a’zosi bo‘lib qolayotgani va shaxsan Tramp 5-moddaga sodiqligini aytdi.
Boshqalar esa bunga unchalik ishonishmaydi.

Surat manbasi, Shutterstock
Oxirgi konservativ hukumatda mudofaa vaziri bo‘lgan Ben Uolles shu oy boshida menga shunday dedi: "Menimcha, 5-modda sun’iy nafas oldirilmoqda.
Agar Yevropa, jumladan, Birlashgan Qirollik ham, oldinga qadam tashlamasa, mudofaaga ko‘p mablag‘ sarflamasa va bunga jiddiy yondashmasa, bu biz bilgan NATOning va 5-moddaning oxiri bo‘ladi.
Hozir men Rossiya hujum qilsa 5-modda ishga tushadi deb ayta olmayman... Albatta, AQSh yordamga keladi deb kafolat bera olmayman."
Frantsiyaning Institut Elabe kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, hozirda frantsuzlarning deyarli to‘rtdan uch qismi AQShni Frantsiyaning ittifoqchisi emas deb hisoblaydi. Tarixan amerikaparast mamlakatlar hisoblangan Buyuk Britaniya va Daniyadagi ko‘pchilik ham endi AQShga nisbatan salbiy fikrda.
"Trampning NATOga yetkazgan zarari, ehtimol, tuzatib bo‘lmasdir," deydi uzoq vaqtdan beri Trampni tanqid qilib kelayotgan Vashingtondagi Brukings institutining konservativ sharhlovchisi, muallifi va katta ilmiy xodimi Robert Kagan.
"Ittifoq hozir ishonchsiz bo‘lib qolgan Amerika kafolatiga tayanib keldi."
Shunga qaramay, Tramp Yevropaga mudofaa xarajatlarini tartibga solishni buyurgan birinchi AQSh prezidenti emas. 2016 yilda Barak Obama NATO ittifoqchilarini o‘z xarajatlarini oshirishga chaqirib, shunday degan edi: "Yevropa o‘z mudofaasi haqida xotirjam bo‘lib qolgan."
"G‘arbning parchalanishi" boshlandimi?
Bularning barchasi Putin uchun ajoyib yangilik. "Yevropa-Atlantika xavfsizlik tizimining barchasi ko‘z o‘ngimizda parchalanmoqda, – dedi u o‘tgan yili. – Yevropa global iqtisodiy rivojlanishda chetga surilib, migratsiya kabi muammolar girdobiga tushib, xalqaro ta’sir va madaniy o‘zligini yo‘qotmoqda."
Mart oyi boshida, Volodimir Zelenskiyning Oq uyda Tramp va Vens bilan muvaffaqiyatsiz uchrashuvidan uch kun o‘tib, Kreml vakili "G‘arb parchalanishi boshlandi" deb e’lon qildi.

Surat manbasi, Reuters
"Rossiyaning Yevropadagi maqsadlariga e’tibor bering, – deydi Chatham House'ning Yevropa dasturi rahbari Armida van Rey. – Uning maqsadlari Yevropani beqarorlashtirish. Bu NATOni zaiflashtirish va amerikaliklarni bu yerdan qo‘shinlarini olib chiqib ketishga majbur qilish.
"Hozirgi vaziyatda ikkisi amalga oshdi, uchinchisi deyarli deyish mumkin. Chunki u Yevropani beqarorlashtirmoqda. U NATOni zaiflashtirmoqda. AQSh hali Yevropadan qo‘shinlarini olib chiqishgacha bormadi, ammo bir necha oydan keyin qanday ahvolda bo‘lishimizni kim bilsin?"
"Biz tarix saboqlarini unutdik"
Yevropa oldida turgan eng katta muammolardan biri o‘zini keragicha qurollantirish masalasidir. Qo‘shma Shtatlar qudratiga 80 yil davomida tayanish ko‘plab Yevropa demokratiyalarini himoyasiz qoldirdi.
Masalan, Britaniya Sovuq urush avjiga chiqqan davrdan beri harbiy xarajatlarni deyarli 70 foizga qisqartirdi. (Sovuq urush tugagach, Yevropa o‘n yillar davomida mudofaa xarajatlarini kamaytirish jarayonini boshladi.)
"Bizda [Sovuq urush davrida] katta byudjet bor edi va tinchlikdan naf ko‘rdik, – deydi Uolles.
Muammo shundaki, biz tinchlikdan olgan nafni korporativ talashga oʻtdik. [Mudofaa] shunchaki pul olish uchun boriladigan boʻlimga aylandi. Biz tarix saboqlarini unutdik.
"Muammo shundaki, biz tinchlikdan olgan nafni korporativ talashga o‘tdik. [Mudofaa] shunchaki pul olish uchun boriladigan bo‘limga aylandi. Biz tarix saboqlarini unutdik."
O‘tgan oyda Bosh vazir parlamentga Britaniya mudofaa xarajatlarini 2027 yilga borib yalpi ichki mahsulotning 2,3 foizidan 2,5 foizigacha oshirishini ma’lum qildi. Lekin bu yetarlimi?
"Faqat bir joyda turishning o‘zi yetarli emas, – deydi Uolles. – Bu bizga kerak bo‘lgan narsalarni o‘zimiz tuzatish, o‘zimizni yanada safarbar qilish va agar amerikaliklar ketib qolsa, bo‘shliqlarni to‘ldirish."
Keyin harbiy xizmatga yollash masalasi ham bor. "G‘arbda harbiy xizmatga yollash keskin tushib ketgan, bu faqat Britaniyaga xos emas," deydi Uolles.
"Hozirda yoshlar armiyaga qo‘shilmayapti. Bu esa muammo."

Surat manbasi, Getty Images
Ammo Germaniyaning yangi nomzod kantsleri Fridrix Merts Yevropa Qo‘shma Shtatlardan mustaqil bo‘lishi kerakligini aytdi. NATOni "evropalashtirish" uchun esa hozirda faqat Qo‘shma Shtatlarda mavjud bo‘lgan imkoniyatlarni bera oladigan mahalliy Yevropa harbiy-sanoat majmuasini yaratish kerak.
Boshqalar ham Yevropa harbiy jihatdan o‘ziga ko‘proq tayanishi kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo ba’zilar butun Yevropa bunga rozi emasligidan xavotirda.
"Hozirgi vaziyatda, umuman olganda, Sharqiy Yevropaliklar bu haqda eslatmaga muhtoj emas," deydi Yevropa islohotlari markazi direktori o‘rinbosari Ian Bond. "G‘arbga borganing sari, Ispaniya va Italiyaga yetguncha muammo ko‘payib boraveradi."
Janob Arnold bunga qo‘shiladi: "Hozir Yevropada bu aslida bahs mavzusi emas, balki buni qanday qilishimiz va qanchalik tez amalga oshirishimiz haqidagi bahs, lekin buni hoziroq qilishimiz kerak, degan qarash mavjud."
Yangi dunyo tartibotini qurish
Tarixchi Timoti Garton Eshning aytishicha, hozirda faqat Qo‘shma Shtatlar ta’minlay oladigan "juda muhim narsalar"ning qisqa ro‘yxati mavjud.
"Bular strategik qurollar, – deydi u. – Sun’iy yo‘ldoshlar, razvedka, "Patriot" havo mudofaa tizimlari – bular Rossiya ballistik raketalarini urib tushira oladigan yagona vositalardir. Uch-besh yil ichida biz [AQShdan boshqa davlatlar] o‘zimiznikini qurishimiz kerak.
"Bu o‘tish jarayonida, Amerika boshchiligidagi NATOdan [g‘oya shundan iboratki] yevropalashtirilgan NATOga o‘tish, uning kuchlari milliy kuchlar va Yevropa Ittifoqi imkoniyatlari bilan birgalikda, Yevropani himoya qila oladi."
Masala shundaki, bunga qanday erishish mumkin?
Van Rij xonim ta’kidlashicha, Yevropa haqiqatan ham Yevropaga tegishli mudofaa sanoati bazasini qurishi kerak, ammo bu oson emas.
"Eng qiyini buni qanday qilish kerakligi va aslida qilish kerakmi yoki yo‘qligi ustida Yevropadagi tortishuvdir."

Surat manbasi, Getty Images
Yevrokomissiya va ekspertlar bir necha o‘n yillar davomida bu himoya qanday ishlashi mumkinligini aniqlashga harakat qilmoqda. "Bu milliy manfaatlar tufayli juda qiyin bo‘lgan... Demak, bundan keyin ham oson bo‘lmaydi."
Bu orada Tramp suveren davlatlarning Sovuq urushdan keyingi qoidalarga asoslangan xalqaro tartibini o‘zgartirishga tayyor ko‘rinadi.
Tramning Vladimir Putin bilan umumiy jihati shuki, u ham yirik davlatlar xalqaro qonunlar bilan o‘zini cheklamay, Rossiya ham chor, ham sovet imperiyalari vaqtida qilganidek, kichikroq, zaifroq bosib ola oladigan dunyoga intiladi. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyin 40 yil hukm surgan "manfaatlar doirasi" tizimiga qaytishni anglatadi.
Agar NATO davlatiga hujum qilinsa, Donald Tramp nima qilishini aniq bilmaymiz. Ammo gap shundaki, AQSh yordami kafolatlangan deb bo‘lmaydi. Demak, Yevropa munosib javob berishi kerak. Uning vazifasi birdamlikni saqlab qolish, o‘z mudofaasini moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish va har qanday yirik kuchlar "ta’sir doirasi"ga tushib qolishdan saqlanishdir.















