O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishiga qanday tashqi va ichki ta’sirlar kutilayapti?

O‘zbek Qirg‘iz chegarasidan o‘tib qaytayotganlar
O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh Prezidenti Donald Tramp boshlagan global "savdo urushi" O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi muhokama qilinayotgan bir vaqtda Jahon Banki va Xalqaro Valyuta jamg‘armasi shaffoflik va hisobdorlikka chaqirilgan hisobotlar e’lon qildi.

O‘zining yangi prognozida Jahon Banki Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sekinlashishi mumkinligini e’lon qildi.

Jahon Bankiga ko‘ra, tashqi talablar kamayishi va Rossiyadagi iqtisodiy o‘sish pasayishi joriy va kelgusi yilda yillik YaIMlar ko‘rsatkichi tushishiga olib kelishi mumkin.

Bank 2,5 foizgacha tushish bo‘lishi haqida yozdi.

Aloqador mavzular

Shuning uchun ham Jahon Banki tadbirkorlikni rivojlantirish, texnologiya va innovatsiyalarni o‘zlashtirish bilan o‘sishni rag‘batlantirishga chaqiradi.

"Mamlakatlar ko‘proq innovatsiyaga sarmoya kiritish, yangi shirkatlarni qo‘llab-quvvatlash islohotlarini kengaytirish, moliyaviy bozorni chuqurlashtirish, tadqiqot va taraqqiyotni ko‘paytirishlari barobarida global texnologiyalar, tahlil va kapitallarga integratsiyalash choralarini ko‘rishlari kerak", deyiladi yangi hisobotda.

So‘nggi rivojlanishlar retsessiyaga yetaklashi ham mumkinligi haqidagi xavotirlar bildirilayotgan bir vaqtda ayrim iqtisodiy tahlilchilar O‘zbekistonning global iqtisodiyotga jips integratsiyalashmagani ehtimoliy retsessiya zarbasini yengillatishi mumkin deydilar.

Jahon Banki esa Markaziy Osiyoni dunyoning boshqa burchaklariga solishtirganda tez rivojlanish ko‘rsatkichlari balandroq bo‘ladigan mintaqa deb ko‘rayapti.

YaIM o‘sishi 4,7 foizga tushishi mumkinligi bashorat qilindi.

Salbiy omillar sifatida Qozog‘iston neftiga va eksportga talablar pasayishi tilga olingan.

Jahon Bankiga ko‘ra, 2025 yil fevraliga kelib inflyatsiya 5% ga yetgan, bu 2024 yil o‘rtalaridagi 3.6% dan yuqori. Ushbu inflyatsiyaning oshishi bir necha markaziy banklarni foiz stavkalarini oshirishga yoki yanada yumshatishni kechiktirishga majbur qilgan.

Jahon Banki 2025-26 yillarda Rossiyada iqtisodiy o‘sish 1,3 foizga pasayishi, Turkiyada 3,3 foiz o‘sishini kutmoqda.

Xalqaro Valyuta jamg‘armasining missiyasi yaqinda mamlakatda bo‘lib, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, mamlakat iqtisodiy siyosatini tahlil qilgan.

O‘sha tadqiqotidan kelib chiqib XVJ missiyasi o‘z kuzatuvlari asosida hisobot e’lon qildi, bu hisobotda jamg‘arma O‘zbekistonning 2024 yildagi real Yalpi Ichki mahsuloti o‘sishi 6,5 foizni tashkil etdi, bu yil esa 6% atrofida bo‘ladi deb hisoblaydi.

XVJ O‘zbekistonda inflyatsiya yuqoriligicha qolayapti deydi, ayniqsa, shu yil mart oyidagi inflyatsiya umumiy darajasi 10,3 foizga ko‘tarilganini ta’kidlaydi.

Bunga elektr haqlari va boshqa nazoratda ushlab turilgan baholar oshirilgani va bun narsa boshqa narxlar ko‘tarilishiga bog‘liq bo‘lgani aytiladi.

XVJ O‘zbekistonda ishonchli iqtisodiy o‘sish bo‘ladi deb prognoz qilinayotgani, ammo oxirgi vaqtdagi global moliyaviy sharoit tufayli noaniqlik yuzaga kelganini qayd etadi.

Xalqaro Valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston o‘tish davri iqtisodiy islohotlarini amalga oshirishda ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarni qo‘lga kiritdi deb urg‘ulaydi.

XVJ O‘zbekiston Markaziy Bankini qattiq pul-kredit siyosatini nishon qilingan 5 foizlik darajaga erishilmaguncha davom ettirishga chaqiradi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi banklar insonlarga kredit berishni osonlashtirgani nomaqbul vaziyatni keltirib chiqargani, endi bu ahvolni yaxshilash choralari ko‘rilayotganini aytadi.

XVJga ko‘ra, O‘zbekistonda energiya resurslari va boshqa nazorat qilib turiladigan narxlarning oshishi narxlarni liberallashtirishga yordam berdi, buni davom ettirish va yakunlash kerak, shunda narxlar to‘liq bozor sharoitlarini aks ettiradi.

"Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama darajada erishilgan katta yutuqlar, shuningdek, qo‘shni mamlakatlar va Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi a’zolari kabi boshqa mintaqalar mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirish savdoni liberallashtirish va diversifikatsiya qilishga yordam berdi", deydi XVJ.

"Xususiy va davlat korxonalari uchun teng sharoitlarni ta’minlash uchun davlat korxonalariga qo‘llab-quvvatlash shaffof asosda, ularni qayta tuzish sharti bilan va bunday qo‘llab-quvvatlashni bosqichma-bosqich to‘xtatish bilan taqdim etilishi kerak. Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishni davom ettirish, yirik davlat korxonalarini xususiylashtirishni tezlashtirish va uni ilg‘or xalqaro amaliyotga muvofiq amalga oshirish zarur. Nazorat va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuv choralari o‘rniga samarali tartibga solish va bozor institutlari o‘rnatilishi kerak", deya tavsiya beradi Xalqaro Valyuta jamg‘armasi.

Nega davlat korxonalarini xususiylashtirish borasida savollar paydo bo‘ldi?

Gazchi

Surat manbasi, Getty Images

Shu kunlarda O‘zbekiston hukumati O‘zbekiston hukumati UzAuto Motors va boshqa 29 kompaniyadagi davlat ulushini sotishni e’lon qildi

O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar qilishicha, davlatga tegishli aktsiyalarni sotib bo‘yicha auktsionlar o‘tkaziladi, UzAuto Motors, "O‘zbekneftgaz", "O‘zbekgidroenergo" va boshqa yirik korxonalar aktsiyalar paketidagi davlat ulushlari sotiladi.

Auktsionlar ochiq va shaffof tarzda o‘tkaziladi, barcha manfaatdor investorlar ishtirok etishi mumkin. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu jarayonda xalqaro standartlarga amal qilinishini va investorlar uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilishini ta’kidladi.

Bu qaror O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarning bir qismi bo‘lib, xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan.

Hukumat iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va xususiylashtirish jarayonini davom ettirish niyatida.

XVJ o‘z tavsiyasida davlat banklari privatizatsiyasini tezlashtirish va bank sohasi nazoratini kuchaytirishga ham chaqirgan.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Shuningdek, XVJ O‘zbekiston hukumatining Aloqabank, Asakabank va Uzpromstroybankni ixtisoslashtirilgan soha banklariga aylantirish rejasini hayotga tatbiq etmaslikka chaqirgan, bu moliyaviy risk va byudjet xarajatlari ko‘payishiga olib kelishi ehtimolidan ogohlantirgan.

O‘zbekistonlik taniqli iqtisodiy blogger bakiroo Qashqadaryo viloyatidagi Uzbekistan GTL zavodi ham xususiylashtirilishi haqidagi xabarga shunday munosabat bildirdi:

"Narxi karrasiga shishirilgan, ochilganidan buyon zararda o‘tirgan, va’da qilingan ishlab chiqarish, eksport va soliq tushumlari umuman ta’minlanmagan, bo‘g‘zigacha qarzga botirilgan, texnologik yuragi "lizingga" sotib yuborilgan Uzbekistan GTL zavodi ommaviy savdolarga chiqariladigan korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Zavodning 100% ulushi sotiladi va bir necha yillar avval prognoz qilganimizdek, Rezinotexnika zavodi, Hyatt oteli kabilarning taqdirini takrorlaydi. Faqat juda katta miqyosda. Balki zavod karrasiga qimmat tarzda qurilayotgandek shunday yakun bilan halqani yopish mo‘ljal qilingan bo‘lgandir.

Qizig‘i, O‘zbekneftegazning ehtimoliy moliyaviy natijalari yaxshilanishi avvalgi bir necha hisobotlarda GTL zavod to‘liq quvvatda ishlashiga bog‘langandi. Endi nima bo‘ladi? Yo O‘zbekneftegaz qolgan-qutgani bilan shu paytgacha ulush va aktivlari kimga sovg‘a qilib kelingan bo‘lsa, o‘shanga tortiq etib yuboriladimi?"