O‘zbekistonlik fermerlar qanchalik erkin? Inson huquqlari tashkilotining hisoboti nimalar deydi?

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar xalqaro miqyosda, ayniqsa majburiy mehnatga barham berish borasida yuqori baholanadi.
Surat tagso‘zi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar xalqaro miqyosda, ayniqsa majburiy mehnatga barham berish borasida yuqori baholanadi.
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar xalqaro miqyosda, ayniqsa majburiy mehnatga barham berish borasida yuqori baholanadi. Biroq, tizimning ichki qatlamlaridagi muammolar va fermerlarning huquqiy holati hamon jiddiy xavotirlarga sabab bo‘layotgani aytiladi.

Human Rights Watch (HRW) tashkilotining 2026-yil fevral oyida e’lon qilgan "Fermerlarda erkinlik yo‘q: O‘zbekistonda paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarning ekspluatatsiya qilinishi" nomli hisobotida mamlakatda fermerlar ayrim chalkashliklarga duch kelayotgani ta’kidlangan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston hukumati paxta terimidagi majburiy mehnatni tugatgan bo‘lsa-da, bu "erkinlik" yerning haqiqiy ijrachilari bo‘lgan fermerlargacha yetib bormagan; aksincha, ular davlat va xususiy klasterlar o‘rtasidagi qat’iy buyruqbozlik tizimining qurboniga aylangani da’vo qilinadi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Hukumat aralashuvi dehqonlarning paxta va g‘alla sotishdan oladigan daromadini cheklamoqdami?

Ayni hisobot uchun intervyu bergan dehqonlar "O‘zbek forumi" va "Human Rights Watch" tashkilotlariga hukumat ularning yerlarida paxta va g‘alla yetishtirishni keng ko‘lamda nazorat qilishi sababli, o‘z mahsulotlarini sotish shartlari bo‘yicha muzokara olib borish imkoniyatiga ega emasliklarini bildirishgan.

"Dehqon klaster bilan kelishib, shartnoma tuzishi kerak. Bizni bunga mahalliy hokimiyat majburlaydi. Dehqon hech qanday shart qo‘ya olmaydi, o‘z talablarini ayta olmaydi... Go‘yo biz mahsulotimizni klasterga yolvorib sotayotgandekmiz. Agar [klaster] xohlasa pul beradi, xohlamasa yo‘q", - degan Oltinko‘llik dehqon.

Inson huquqlari tashkilotiga murojaatchilar, shuningdek, ilgari fermerlar va klasterlar o‘rtasida shartnomalarni imzolashda dehqonlarga paxta yoki g‘alla narxi ko‘rsatilmagan bo‘sh shartnomalar taqdim etilib kelingani haqida gapirgan. Ular bu holat uzoq vaqt davom etgani va keng tarqalgan muammo bo‘lganidan yozg‘irgan.

So‘nggi ikki yil ichida esa O‘zbekiston hukumati ushbu muammoni hal qilish choralarini ko‘rgani ham tashkilot hisobotida alohida urg‘ulanadi.

2024-yildan boshlab, ilgari qo‘lda tuzilgan kelgusi rejalar bo‘yicha shartnomalar paxta va g‘allaning sotish narxini ko‘rsatishni talab qiluvchi onlayn tizimga o‘tkazildi. Human Rights Watch'ga ko‘ra, bu amaliyot muammoni samarali hal qilgan. Endilikda dehqonlar elektron tizimga o‘z login va parollari bilan kirishlari hamda istalgan vaqtda shartnoma nusxasini yuklab olishlari mumkin.

Biroq, dehqonlar nafaqat shartnomalarda belgilanganidan pastroq narxni qabul qilishga majburlanganidan, balki o‘z xohishlariga qarshi ma’lum bir klaster bilan shartnoma tuzishga ham undalganidan shikoyat qilgan. Namangan viloyatining Pop tumanidagi dehqonlardan biri "O‘zbek forumi" va "Human Rights Watch"ga 2025-yil boshida mahalliy hokimiyat organlari uni va boshqa dehqonlarni, klaster hali ham 2024-yilgi hosil uchun g‘alla va paxtadan qarzdor bo‘lishiga qaramay, ayni qarzdor klaster bilan kelajak shartnomalarini tuzishga majburlaganini ma’lum qilgan.

"Hokimiyat Pop tumanidagi barcha dehqonlarning 100 foizini 'Chust' klasteri bilan shartnoma imzolashga majbur qilmoqda. [Lekin] ko‘plab dehqonlar buni xohlamaydi", — deya ta’kidlagan u inson huquqlari tashkilotiga bergan intervyusida.

Yerlarning noqonuniy olib qo‘yilishi

O‘zbekistondagi barcha qishloq xo‘jaligi yerlari davlat mulki hisoblanadi. O‘zbekiston Yer kodeksida yer "umummilliy boylik" ekanligi va u "aholi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida davlat tomonidan muhofaza qilinishi" belgilab qo‘yilgan.

Yer kodeksiga ko‘ra, dehqon qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish uchun tuman hokimi bilan 30 yil muddatga (qonunning avvalgi tahririga ko‘ra 49 yil edi) uzoq muddatli ijara shartnomasini tuzishi mumkin.

O‘zbekistonning "Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunida dehqon "qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini qonun hujjatlarida belgilangan normativ hosildorlikdan kam bo‘lmagan darajada ta’minlash majburiyatini oladi" deb ko‘rsatilgan bo‘lib, bu odatda "kvota" deb ataladi va "er ijarasi shartnomasida mustahkamlanadi".

Yer kodeksiga ko‘ra, dehqon qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish uchun tuman hokimi bilan 30 yil muddatga (qonunning avvalgi tahririga ko‘ra 49 yil edi) uzoq muddatli ijara shartnomasini tuzishi mumkin.
Surat tagso‘zi, Yer kodeksiga ko‘ra, dehqon qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish uchun tuman hokimi bilan 30 yil muddatga (qonunning avvalgi tahririga ko‘ra 49 yil edi) uzoq muddatli ijara shartnomasini tuzishi mumkin.

Shunga qaramay, Human Rights Watch'ning yozishicha, hisobot uchun intervyu bergan ayrim dehqonlar mahalliy hokimiyat organlari ularni kvotani bajarmaganliklari uchun jazolash maqsadida ko‘pincha yagona daromad manbai bo‘lgan yerlarini olib qo‘yish bilan muntazam ravishda tahdid qilishlarini tasvirlab bergan.

"Ba’zi dehqonlar, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari ularni yerlarining hammasidan yoki bir qismidan "ixtiyoriy ravishda" voz kechishga majbur qilganliklarini ma’lum qilishdi. Mahalliy hokimiyat organlari dehqonlarning ijara shartnomasi shartlarini buzganligi yoki yerdan maqsadsiz foydalanganligi to‘g‘risida hech qanday dalilsiz ularning yerlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilganlar", - deyiladi ayni o‘rganishda.

Hisobotda keltirilishicha, Ulug‘nor tumanidan bo‘lgan dehqonlardan biri "O‘zbek forumi"ga 2024-yil oxirida hokim "Prezident topshirig‘i bilan" deya uning yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilganini va bu uning kelajagi borasida qo‘rquv va noaniqlik hissini uyg‘otganini aytgan:

"Nima qilishni bilmay qoldim. Tumanimizda yerdan boshqa ish yo‘q. Butun oila yer orqasidan kun ko‘radi. Keyin yerni olib qo‘ymaslikka qaror qilishgandek tuyuldi. Lekin kelasi yili nima bo‘lishidan doimiy qo‘rquvdaman. Yer 49 yilga ijaraga berilgan bo‘lsa-da, ular istalgan vaqtda ijara shartnomasini bekor qilishlari mumkin", - deya xavotir bilgan mahalliy fermer.

Haqoratlar va jismoniy zo‘ravonlik

Shu bilan birga, xalqaro inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistonda davlat mulozimlari va dehqonlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatga ham e’tibor qaratgan va ayno o‘rtadagi muloqotda dehqonlarning haqorat va tajovuzga uchrashini "uzoq tarixga ega" hodisa o‘laroq tasvirlagan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarida bunday hodisalar haqida uchratish mumkin. Biroq amaldorlarning bu kabi xatti-harakatlari yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazilishi doim ham kuzatilmaydi. Inson huquqlari tashkiloti esa mamlakatdagi amaldorlar bunday holatlarda "ko‘pincha jazosiz qoladilar", deya xulosa qilgan.

Hisobot mualliflariga o‘z tajribasini bo‘lishgan Zarbdorlik dehqon 2024-yil iyul oyida u qatnashishga majbur bo‘lgan yig‘ilishlardan birida tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i unga tarsaki tushirganini aytgan.

"Fermerlarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik odatiy holga aylangan", — deya tushuntirgan dehqon. "Iyul oyi boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda barcha dehqonlar va tuman hokimi ko‘z o‘ngida Zarbdor tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i yuzimga tarsaki tushirdi... Bu menga juda qattiq botdi".

Dehqonning "O‘zbek forumi"ga bildirishicha, u duch kelgan bu zo‘ravonlik huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotdan yordam so‘ragani bilan bog‘liq. "O‘tgan yili inson huquqlari tashkilotiga murojaat qilganim uchun menga yomon munosabatda bo‘lishgan edi. O‘shandan beri men bosim ostidaman", - degan u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

O‘rganish so‘ngida esa hisobot mualliflari "Human Rights Watch" va "O‘zbek Forumi" O‘zbekiston hukumatini fermerlarga nisbatan ayni vaziyatni tuzatishga chaqirgan.
Surat tagso‘zi, O‘rganish so‘ngida esa hisobot mualliflari "Human Rights Watch" va "O‘zbek Forumi" O‘zbekiston hukumatini fermerlarga nisbatan ayni vaziyatni tuzatishga chaqirgan.

Ayni tumandagi yana bir boshqa dehqon esa 2024-yil iyun oyida, tumanidagi barcha dehqonlar ishtirokida g‘alla kvotasini bajarish talab qilingan tungi yig‘ilish paytida tuman hokimi o‘rinbosari unga qilgan munosabatni tajavouz deb atab, holatni shunday tasvirlab bergan:

"Dehqonlar bilan uchrashuvda u menga yarim litrlik to‘la kola idishini otdi, idish shundoq yuragimning yoniga qattiq tegdi... Ancha paytgacha o‘zimni yomon his qildim, qattiq og‘riq bor edi... Menga idishni otganidan keyin, u hatto urishga ham harakat qildi. Ammo sog‘lig‘im yomonlashganini ko‘rib, to‘xtadi. Shunga qaramay, hokim o‘rinbosari: 'Qamanglar buni, prokuror qaerda?' deb baqirdi", - degan mahalliy fermer. U hibsga olinmagan bo‘lsa-da, "O‘zbek forumi"ga ushbu voqeadan keyin qon bosimi ko‘tarilgani sababli bir muddat kasal bo‘lib qolganini bildirgan.

Davlatning majburiyatlari va dehqonlarning huquqlari

O‘rganish so‘ngida esa hisobot mualliflari "Human Rights Watch" va "O‘zbek Forumi" O‘zbekiston hukumatini fermerlarga nisbatan ayni vaziyatni tuzatishga chaqirgan:

"Hukumatlar dehqonlarning inson huquqlarini, jumladan, mehnat huquqlarini hurmat qilish, himoya qilish va ta’minlashga majburdirlar. O‘zbekistondagi dehqonlar paxta va g‘alla yetishtirish jarayonida davlat amaldorlari tomonidan hech qanday zo‘ravonlikka, qo‘rqitishga yoki asossiz hibsga olinishga duch kelmasliklari kerak hamda ular o‘z mehnatlari uchun adolatli va o‘z vaqtida haq olish huquqiga egadirlar. Shuningdek, dehqonlar kooperativlar tuzish va ularga a’zo bo‘lish, shuningdek, Fermerlar kengashiga yoki boshqa davlat tomonidan homiylik qilinadigan uyushmalarga a’zo bo‘lish-bo‘lmaslikni hech qanday ta’qiblardan qo‘rqmasdan, erkin tanlash huquqiga egadirlar", - deyiladi hisobotda.