Tramp Putindan sulh bo‘yicha muzokaralar tufayli 'juda g‘azabda' ekanini aytdi

Surat manbasi, Reuters
Donald Tramp Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun bir necha hafta harakat qilganidan so‘ng, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan "juda g‘azabda" va undan "xafa" ekani haqida gapirdi
NBC News telekanaliga bergan intervyusida, Amerika prezidenti Putinni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga bo‘lgan ishonchga putur yetkazishda ayblab, agar o‘zi Rossiya prezidentini o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndira olmasa, rus neftini sotib olayotgan davlatlarga 50 foizli boj solish bilan tahdid qilgan.
O‘tgan hafta Putin BMT boshchiligida Ukrainada vaqtinchalik hukumat tuzish, yangi saylovlar o‘tkazish va shundan keyin tinchlik bo‘yicha muzokaralarni boshlash taklifini ilgari surgan edi.
Trampning bu so‘zlari uning Putinga nisbatan munosabatidagi ohangning o‘zgarganini ko‘rsatadi.
O‘tgan olti hafta davomida Tramp omma oldida Zelenskiyni tanqid qilib, undan ko‘plab yon berishlar talab qilgan edi.
Yakshanba kuni u Zelenskiyni kamyob foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvdan chiqishga urinayotganlikda ayblab, agar Ukraina prezidenti shu ishga qo‘l ursa, "katta, katta muammolar" kelib chiqishidan ogohlantirgan.
Bir vaqtning o‘zida, Tramp Putinni ko‘p maqtadi va asosan Rossiya prezidentining talablariga quloq soldi.

Surat manbasi, Reuters
Yevropalik yetakchilar esa Trampning Putinga yaqinlashib ketayotganidan xavotirda edilar.
Ammo yakshanba kungi Trampning Rossiya prezidenti haqida aytgan gaplari shu holatdan chekinishdek tuyildi.
Bu Amerika sulh muzokaralarini cho‘zishga harakat qilayotgani uchun Rossiyaga jiddiy oqibatlar bilan birinchi marta qattiq tahdid qilishi.
NBC News'ning xabar berishicha, telefon orqali kechgan 10 daqiqalik intervyusida Tramp Putin Zelenskiyning rahbar sifatidagi obro‘siga putur yetkazganidan "juda g‘azabda" va bundan "xafa" bo‘lganini aytgan. Garchi Trampning o‘zi ham avval Zelenskiyni "diktator" deb atab, undan saylov o‘tkazishni talab qilgan edi.
Putin Zelenskiyning obroʻsiga til tekkizishni boshlaganida, men juda gʻazabda edim, xafa boʻldim… chunki bu toʻgʻri yoʻnalish emas.
"… Putin Zelenskiyning obro‘siga til tekkizishni boshlaganida, men juda g‘azabda edim, xafa bo‘ldim… chunki bu to‘g‘ri yo‘nalish emas," degan Tramp.
"Yangi rahbariyat siz uzoq vaqt bitim tuzolmay qolishingizni anglatadi," deya qo‘shimcha qilgan AQSh rahbari.
Putin haqida gapirar ekan, Tramp Kreml uning g‘azabda ekanidan xabardorligini, shunga qaramay, Rossiya yetakchisi bilan "juda yaxshi munosabat"da ekani va "agarda u to‘g‘ri ish qilsa, tezda g‘azabdan tushishi"ni tilga olgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga rioya qilmasa va agar AQSh prezidenti bunga Putin sababchi bo‘ldi, deb hisoblasa, u holda, Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan yanada kuchliroq chora ko‘rilishi mumkin.
"Agar men va Rossiya Ukrainada qon to‘kishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olmasak va bunga Rossiya aybdor deb hisoblasam – ehtimol, aybdor bo‘lmasligi ham mumkin… men Rossiyadan chiqayotgan barcha neftь va boshqa tovarlarga nisbatan 25 foizlik ikkilamchi boj joriy qilaman," degan Tramp.
Uning ta’kidlashicha, bunday holat agar bir oy ichida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv amalga oshmasa, yuz beradi.
"Rossiyadan keladigan neftь va boshqa mahsulotlarga, Amerika bozorida 25 foiz boj — ikkilamchi bojlar joriy qilinadi," — deya qo‘shimcha qildi Tramp, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv bo‘lmasa, bir oy ichida Rossiyaga qarshi boj choralari kiritilishini eslatib.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Ikkilamchi bojlar, deganda biror davlatning boshqa davlat bilan olib borilayotgan savdosiga nisbatan jazolovchi xarakterdagi sanksiyalar tushuniladi.
Bunday bojlar Rossiyadan neftь sotib olayotgan davlatlarning AQShga eksport qilinayotgan tovarlariga nisbatan 50 foizga qadar miqdorda qo‘llanilishi mumkin. Aynan Xitoy va Hindiston rus neftini eng katta hajmda sotib olayotgan mamlakatlar hisoblanadi.

Surat manbasi, Reuters
NBC bilan intervyudan so‘ng, Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda "Rossiya bu urushni yanada cho‘zish uchun bahonalar qidirmoqda," deb yozgan.
U "Putin 2014 yildan beri o‘sha eski o‘yinni o‘ynamoqda," deya qayd etgan. O‘shanda Rossiya Qrim yarim orolini bir tomonlama bosib olgan edi.
"Bu hammaga xavfli. Bu borada Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa hamda tinchlikni istaydigan barcha xalqaro hamkorlarimiz munosib javob berishi kerak," deya xulosa qilgan u.
Keyinroq Tramp Zelenskiyning Amerika-Ukraina o‘rtasidagi foydali qazilmalar bo‘yicha bitimni qayta ko‘rib chiqmoqchi ekanligini da’vo qilgan.
"Agar u shunday qilsa, muammolarga uchraydi," ta’kidlagan Tramp Air Force One samolyotida jurnalistlar bilan suhbatda.
Zelenskiy avvalroq ushbu kelishuvni imzolashga tayyor ekanini bildirgan edi.

Surat manbasi, Reuters
Bu kelishuv fevral oyida imzolanilishi kutilgan edi, ammo Oq uyda bo‘lib o‘tgan keskin uchrashuv tufayli bu masala to‘xtab qolgandi.
Yakshanba kuni Tramp Zelenskiy xavfsizlik kafolatlarini kuchaytirish yo‘lida mazkur bitim shartlarini o‘zgartirishni istayotgan bo‘lishi mumkinligini tilga olgan.
"U Ukraina NATO a’zosi bo‘lishini xohlaydi. U hech qachon NATOga qabul qilinmasligi aniq edi. U buni tushunadi," so‘zlagan Tramp jurnalistlar bilan muloqotda.
Reys davomida Trampning Putin haqidagi fikrlari biroz yumshagandek ko‘ringan.
"Menimcha, u so‘zidan qaytmaydi," ishonch bildirgan u Vashingtonga qaytayotgan jurnalistlar qarshisida.
"Men uni anchadan beri bilaman. Biz har doim yaxshi chiqishib kelganmiz."
AQSh prezidenti shu haftaning oxirida Putin bilan yana gaplashishini aytgan.
Moskva esa hozirgi Ukraina hukumatini qonuniy emas deb hisoblashi, prezident Zelenskiy o‘z prezidentlik muddati tugaganidan keyin ham lavozimda qolgani, shu bois u muzokaralarga arzigulik hamkor emasligini da’vo qilib keladi.
Ammo Zelenskiy lavozimda qolganining asosiy sababi Rossiya bosqini ortidan Ukrainada harbiy holat e’lon qilingani tufayli qonuniy jihatdan saylovlar o‘tkazish vaqtincha bekor qilinganiga bog‘liq. Amalda ham urush talato‘plari manzarasida saylov o‘tkazishning imkoni yo‘q.
Bundan tashqari besh milliondan ziyod ukrainalik urushdan chetga qochgan va yana yuz minglab odamlar front chizig‘ida jang qilayotgan bir vaqtda, haqiqiy saylov o‘tkazish deyarli imkonsiz ko‘rinadi.















