Rossiya qurollari namoyishi Toshkentda

Ukraina harbiysi qo‘lidagi Kalashnikov avtomati

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ukraina harbiysi qo‘lidagi Kalashnikov avtomati
O'qilish vaqti: 2 daq

G‘arb matbuoti e’tiborini Ukrainadagi urushda o‘zini namoyish etgani aytilayotgan Rossiyada ishlab chiqariladigan qurollarning Toshkentdagi ko‘rgazmada namoyishga qo‘yilgani tortdi.

Toshkentdagi "O‘zekspomarkaz"da 5 noyabr kuni "Jamoaviy xavfsizlik - Securex Uzbekistan 2024" deb nomlangan xalqaro ko‘rgazma ochildi, u 7 noyabrgacha davom etadi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, xavfsizlik, yong‘indan himoya masalalariga bag‘ishlangan yirik xalqaro ko‘rgazma 15-marta tashkil etilayapti va bu yil ilk bor Toshkent ko‘rgazmasiga Rossiyaning "Rosoboroneksport" shirkati ham qatnashayapti.

Rossiya shirkati ko‘rgazmada bir necha Kalashnikov avtomati, to‘pponcha va snayperlik miltig‘i, Rossiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy dronlarni namoyish etayotgani haqida xabar tarqatdi.

Rossiya 2022 yil fevralida qo‘shnisi Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshladi.

Ayrimlar buni SSSR parchalanganidan afsuslangan Vladimir Putinning Rossiya hukmronligini qayta tiklash maqsadidagi imperiyachilik urinishlarining dastlabki qadami deb baholadi.

G‘arb Rossiyaga qarshi qator sanktsiyalar joriy etdi, qurol-yarog‘ savdosini taqiqladi.

Rossiya qurol va texnikasining sifati atrofida ham savollar paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston va boshqa sobiq Sovet respublikalari Kremlning tajovuzini ochiqdan-ochiq qoralamadilar, MDH, Shanxay Hamkorlik tashkiloti va yaqindagi BRICS sammiti doirasida Rossiya rahbariyati bilan uchrashib turibdilar.

Markaziy Osiyo rahbarlarining Moskva Qizil Maydonidagi G‘alaba paradidagi ishtiroki tanqidlarga ham sabab bo‘layapti.

O‘zbekiston va mintaqa siyosatchilarining yondashuvi pragmatik deb baholanmoqda, G‘arb qurol-yarog‘ bilan yoki kiritilgan sanktsiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam berayotgan mamlakatlarni jazolashi haqida ogohlantirgan.

Telegram kanalimiz