Benzin taqchilligi inqirozi kuchayarkan, Rossiya yoqilg‘i importiga tayyorlanayapti

Surat manbasi, Reuters
Putin Rossiya benzin inqirozini yashirolmayapti, deb yozmoqda muhojirotdagi The Moscow Times veb-nashri.
Rossiyaning G‘arbdagi Kaliningrad viloyatidan tortib Uzoq Sharqdagi Vladivostokigacha yoqilg‘i quyish shaxobchalarida bir haydovchiga ruxsat beriladigan yoqilg‘ini cheklash amaliyoti boshlandi.
Bu cheklov kishi boshiga 10 yoki 20 litr qilib belgilandi.
Yevroosiyo Iqtisodiy komissiyasi kengashi oktyabr oyidan Rossiyaga olib kiriladigan benzin, reaktiv dvigatellar, dizel, kema yoqilg‘ilari va boshqa yoqilg‘ilar uchun bojxona to‘lovini bekor etish qarorini qabul qildi.
Buning sababi mavsumiy ehtiyoj ortishi munosabati bilan deb tushuntirilayapti, muddati 2026 yil 30 iyunigacha qilib belgilangani xabar qilindi.
Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari mamlakatda benzin inqirozini kuchaytirayapti.
Eng so‘nggi hodisalardan biri - Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi hisoblanadigan Yaroslavldagi korxonada 1 oktyabr tongida chiqqan yong‘in bo‘ldi.
Yaroslavl viloyati rasmiylari yong‘in dron hujumi oqibati emas, deb xabar tarqatdilar, ammo mahalliy aholi qora tutun juda yirik, baland bo‘lganini aytayaptilar.
Shu yil avgust oyidan boshlab Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga dron hujumlarini kuchaytirdi.
Oqibatda bunday zavodlardan kamida beshtasi yoqilg‘i ishlab chiqarishni yoki qisman yoki to‘liq to‘xtatishga majbur bo‘lgani xabar qilinayapti.
Rossiyada 38 ta neftni qayta ishlash zavodi bor.
Shundan 16 tasi Ukraina dron hujumlariga duch keldi.
Ayrimlari qayta-qayta.

Surat manbasi, .
Oqibatda Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvati ayrim kunlari beshdan bir qismigacha pasayib ketgan.
Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida esa avtomobil benziniga navbatlar hosil bo‘ldi.
Rossiya anneksiya qilgan Qrim yarim orolida yoqilg‘i quyish shoxobchalarining yarmi faoliyatini to‘xtatgan.
Lukoyl shirkati Moskva shahridagi zapravkalarida kanistrlarga benzin quyishni taqiqladi.
Sentyabr oyi o‘rtasida Rossiyaning 21 mintaqasida yoqilg‘i taqchilligi kuzatildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyaning neftni yoqilg‘iga aylantirish quvvati 17 foiz yoki kuniga 1,1 barrelga tushib ketgan.
Benzin narxlari 2025 yil boshiga solishtirganda 40-50 % qimmatladi.
Bir oyning ichida dizel yoqilg‘isining narxi 10 foiz oshdi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, butun dunyoga neft va gaz sotadigan Rossiya rahbariyati uchun o‘z mamlakatida yoqilg‘i inqirozi yuzaga kelgani yoqimli narsa emas.
Hukumat muammoni "neft mahsulotlarining kichik taqchilligi" deb ta’rifladi.
Qator cheklovlar, shu jumladan, yil oxirigicha Rossiyadan benzin eksportini taqiqlash choralariga qo‘l urildi.
Tahlilchilarga ko‘ra, benzin inqirozi oktyabr oyi oxirigacha davom etishi mumkin.
Ungacha Belarusdan benzin olib turilgani yordam berayapti.
Rossiyaning kunlik benzin ehtiyoji 2 million tonna deb ko‘riladi.
Kunlik ehtiyojning 20% yoki 400 ming tonnalik taqchillik yuzaga kelgan.
Iyul oyida Rossiya Belarusdan benzin sotib olishni 36 foiz ko‘paytirgan.
Endi ko‘proq benzin ishlab chiqarib berishi uchun Rossiya Belarusga ko‘proq neft yetkazish haqida o‘ylayapti.
Ammo Belarusdan ko‘p benzin olib bo‘lmaydi: bu kuniga 100 ming tonna atrofida.
Oxirgi yillarda Rossiyadan benzin importini oshirgan O‘zbekiston 2025 yili Rossiya benziniga qaramligini kamaytirish choralariga kirishgan.
Yaqinda O‘zbekiston Qozog‘iston va Turkmanistondan benzin sotib olishni ko‘paytirgani xabar qilindi.












