Hamas G‘azo boshqaruvidan voz kechadimi?

- Author, Pol Adams
- Role, Bi-bi-si diplomatik muxbiri
- Reporting from, Jerusalem
- Author, Rushdi Abualuf
- Role, G‘azo muxbiri
- O'qilish vaqti: 12 daq
G‘azo bo‘lgasini, ikki million falastinlikni qariyb 20 yildan beri qattiqqo‘llik bilan boshqarayotgan, Isroil bilan qayta-qayta urushayotgan guruh qanday qilib qurolini birdan tashlab, nazoratni topshiradi?
10 oktyabrda otashkesim kuchga kirganidan beri G‘azoda paydo bo‘layotgan dahshatli tasvirlarning uzluksiz oqimiga qaraganda, Hamas o‘z hokimiyatini topshirmoqchi emas.
Uning niqobdagi jangchilari ko‘chalarda raqiblarini kaltaklab, qatl etayotganini ko‘rish mumkin.
To‘satdan paydo bo‘lgan otuvchi otryadlar raqib guruhlar, jumladan, G‘azoning ba’zi qudratli urug‘larining erkak a’zolarini tiz cho‘ktirib o‘ldirayapti.
Vahimaga tushgan boshqa qurbonlarning oyoqlariga o‘q uzilmoqda yoki og‘ir to‘qmoqlar bilan kaltaklanmoqda.
Men suhbatlashgan yordam xodimlaridan biri aytishicha, hozir Hamas hujumiga uchraganlarning ayrimlari gumanitar inqirozni kuchaytirgan talon-toroj va yordamni boshqa maqsadlarga yo‘naltirish bilan shug‘ullangan guruhlarga aloqador bo‘lgan.
BMT jinoiy to‘dalarni yordamni o‘g‘irlashda ham ayblagan edi.
G‘azodagi holat, Donald Trampning 20 banddan iborat G‘azo tinchlik rejasida ko‘zda tutilganidek, Hamas qurollarini topshiradigan, amnistiyaga bo‘ysunadigan, G‘azoni tark etib, hududni xalqaro kuchlarga topshiradiganga o‘xshamayapti.
Prezident Tramp dastlab shafqatsizlikka nisbatan ikkilanganday ko‘rindi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
13 oktyabr kuni Isroilga yo‘l olayotib, u AQSh Hamasga – AQSh, Buyuk Britaniya, Isroil va boshqalar tomonidan terrorchilik guruhi deb e’tirof etilgan tashkilotga – tartib o‘rnatishi uchun yashil chiroq yoqqanini ma’lum qildi.
"Biz ularga ma’lum muddatga ruxsat berdik," dedi u Air Force One uchog‘ida jurnalistlarga.
Oradan uch kun o‘tgach, ohangi qat’iylashdi.
"Agar Hamas G‘azoda odamlarni o‘ldirishda davom etsa, bunga kelishmaganmiz, – deb yozdi u Truth Social'da, – biz hududga kirib, ularni yo‘q qilishdan boshqa choramiz qolmaydi."
Xo‘sh, bugungi G‘azodagi bu vaziyat Hamasni qay ahvolga soldi?
Oxir-oqibat, o‘z xalqi uchun mislsiz azob-uqubatlarga olib kelgan ikki yillik urushdan va asosiy yetakchilarining ko‘pchiligi o‘ldirilganidan so‘ng, Hamasning kelajagi qanday bo‘lishi mumkin?

Surat manbasi, .
"Qonun va tartib yo‘qolishi"
Ikki yillik uzluksiz azob-uqubatlar va, Hamas boshqaradigan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda 68 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan urushdan majruh va holdan toygan ko‘plab g‘azoliklar uchun bu xunuk yakun kutilmagan hodisa emas.
Men suhbatlashgan g‘azoliklarning har biri – ular orasida yordam xodimlari, advokatlar, shuningdek, Hamas yetakchisining sobiq maslahatchisi ham bor – Hamasning qurol tashlab, nazoratni topshirishi ehtimoli haqida turlicha fikrda.
Joylardagi vaziyatni hisobga olsak, hozir buning vaqtimi?

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
"Qonun va tartib butunlay yo‘qolganiga ikki yil bo‘ldi, – deydi yordamchi Hanya Aljamol G‘azo sektori markazidagi Dayr al-Balodagi uyidan. – Bizga kimdir rahbarlik qilishi kerak.
"Hamas hududni boshqarishda qanchalik layoqatsiz bo‘lmasin, ular to‘dalardan ko‘ra yaxshiroq."
Hamasning siyosiy yetakchisi bo‘lgan Ismoil Haniyaning sobiq maslahatchisi doktor Ahmad Yusufning fikricha, hozirda qattiq qo‘l kerak.
"Hali ham qonunni qo‘lga olishga urinayotgan odamlar bor ekan, ularni qo‘rqitib, burchakka siqib qo‘yadigan kimsa kerak," deydi hozirda G‘azo tahlil markazini boshqarayotgan va Hamas rahbariyatiga yaqin bo‘lgan doktor Yusuf.

"Bu vaqt talab qiladi. Ko‘p vaqt emas. Bir oyda biz Turkiya va Misrdan keladigan o‘sha politsiya kuchlari va askarlarni qabul qilamiz," deya davom etadi u tinchlik rejasida ko‘rsatilgan G‘azo uchun xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini nazarda tutib, ular Misr va Turkiya qo‘shinlari hamda boshqalardan iborat bo‘lishi mumkin.
"Shunda ular qurollarini chetga qo‘yadigan payt keladi."
Boshqa g‘azoliklar qo‘rquvda.
Ba’zilar Hamas o‘z hokimiyatini yoki qurollarini topshirishiga ishonmaydi.
Hamas bir necha bor qamoqqa olgan g‘azolik advokat Moumen an-Natur ulardan biri.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
O‘zining aytishicha, u iyul oyidan beri yashirinib yuribdi, o‘shanda uning G‘azo shahridagi uyiga niqobli Hamas a’zolari kelib, so‘roq qilish uchun ash-Shifo kasalxonasiga borishni buyurgan.
"Hamas butun dunyoga va Prezident Donald Trampga... ular hokimiyatni ham, qurollarini ham topshirmasliklarini bildirmoqda.
Agar hozir Hamas qo‘liga tushsam, ular videoga olib, ko‘chada otib o‘ldirishardi," deydi u G‘azo sektoridagi noma’lum joydan bizga yuborilgan bir qator videolardan birida.
Uning orqasidagi devorni o‘q teshib yuborgan.

"Bu hukumat emas, banditlar," deydi u Hamas haqida.
"Men ularning G‘azoda qolishini istamayman... Men ularni hokimiyatda ham, xavfsizlikda ham ko‘rishni istamayman. Ularning g‘oyalari masjidlarda, ko‘chalarda, maktablarda tarqalishini istamayman."
"Hamon G‘azoda hukmron o‘yinchi"
An-Naturning G‘azo kelajagi haqida o‘z fikri bor.
Uningcha, hozir Hamas hujumiga uchragan turli harbiy guruhlarni yangi xavfsizlik tizimiga birlashtirish mumkin. Biroq, ularning bir-biriga zid manfaatlari, ba’zan shubhali o‘tmishi va ayrim hollarda Isroil armiyasi bilan bahsli aloqalari tufayli bu muammoli.
"Hamas hali ham mavjud va G‘azoda hukmron kuch hisoblanadi, ba’zida isroilliklar buni tan olishi juda qiyin," deydi Isroil harbiy razvedkasining Falastin ishlari bo‘yicha bo‘limi sobiq boshlig‘i doktor Maykl Milshteyn.
"Shubhali kuchlarga – klanlarga, ko‘pchiligi IShID bilan bog‘liq, ko‘plari Isroilga qarshi terror hujumlarida ishtirok etgan harbiy guruhlarga, jinoyatchi to‘dalarga suyanish va ularni Hamasga muqobil deb hisoblash xomxayol."

Hamas rasmiy vakillari guruhning G‘azo ustidan siyosiy nazoratni topshirishga tayyorligini aytgan. Tramp qo‘llab-quvvatlagan o‘t ochishni to‘xtatish rejasi "texnokratik, siyosatdan xoli Falastin qo‘mitasining vaqtinchalik o‘tish boshqaruvini" nazarda tutadi.
Ammo guruh siyosiy roldan voz kechishga tayyor bo‘lsa ham – bunga ko‘plab falastinliklar va isroilliklar hali ham shubha bilan qaraydi – jangda toblangan jangchilarini qurollarini tashlashga ko‘ndirish 2023 yil oktyabrigacha ham hokimiyati qurol kuchiga tayangan tashkilot uchun katta qadamdir.
Hamasning yuksalishi va temir hokimiyati
Hamas kelajagi haqidagi murakkab savolga javob berish uchun u dastlab hokimiyatni qanday mustahkamlaganiga chuqurroq nazar tashlash kerak.
1980-yillarda Misr "Musulmon birodarligi"ning sho‘’ba tashkiloti va dunyoviy Falastin Ozodlik Tashkilotiga (FOT) raqib sifatida paydo bo‘lgan Hamas keyinchalik Isroil fuqarolari o‘limiga javobgar bo‘lgan zo‘ravon jangari guruhga aylandi.
Dastlab Isroil Hamasni o‘sha paytda Yosir Arofat boshchiligidagi FOT va uning yetakchi fraktsiyasi Fatahga qarshi muvozanatlovchi kuch sifatida ko‘rib, yashirincha qo‘llab-quvvatlagan.
"Asosiy dushman Fatah edi," deydi Isroil ichki xavfsizlik xizmati Shin Betning sobiq rahbari Ami Ayalon, "chunki ular Falastin davlatini talab qilayotgan odamlar edi."
Ammo Hamas 1990 va 2000-yillarda isroilliklarga qarshi halokatli xudkushlik hujumlarini uyushtirgach, Isroil bunga bir qator suiqasdlar bilan javob berdi.
Fatah bilan hokimiyat uchun shiddatli kurashda, 2006-yilgi saylovlarda g‘alaba qozongan Hamas G‘azo sektori nazoratini to‘la qo‘lga oldi.

Hamasning o‘n sakkiz yillik boshqaruvi Isroilning harbiy va iqtisodiy qamali bilan hamda 2008-09, 2012, 2014 va 2021 yillardagi qurolli to‘qnashuvlar bilan kechdi.
2023 yil oktyabridan beri Isroilning "Hamas – IShID" degan da’volariga qaramay, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu hukumati ilgari Hamasni strategik tahdid deb hisoblamagan edi.
"Uning siyosati mojaroni boshqarish edi, – deydi janob Ayalon. – U biz buni hal qilmoqchi emasmiz va ikki davlat g‘oyasiga mutlaqo qarshimiz, shuning uchun yagona yo‘l bo‘lib tashlash va boshqarish qabilida edi."
G‘azoda Hamas nazorati va bosib olingan G‘arbiy Sohilning bir qismida prezident Mahmud Abbos boshchiligidagi Falastin ma’muriyati hukmronligi ostida falastinliklar umidsiz, bo‘lingan holda qoldi. Bu esa Isroilga tinchlik muzokaralari olib borish uchun falastinliklarda yagona rahbariyat yo‘qligini bahona qilish imkonini berdi.
"[Netanyahu] G‘azoda Hamasni qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qildi, – deydi janob Ayalon. – U Qatarga ularga 1,5 milliard dollardan ko‘proq yuborishga ruxsat berdi."

Surat manbasi, Getty Images
Qatardan kelgan pullar davlat xizmatchilarining maoshlarini to‘lash va eng kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan edi, ammo xavfsizlik rasmiylari undan boshqa maqsadlarda foydalanilayotganidan xavotirda edi.
"Shin Bet direktori va Mossad rahbari bu pullar harbiy infratuzilmaga sarflanayotganiga aniq ishonardi", deya qo‘shimcha qiladi janob Ayalon.
Netanyahu Qatar orqali Hamasga to‘lovlarga ruxsat berishni himoya qilib, bu tinch aholiga yordam uchun mo‘ljallanganini aytgandi.
Hamas doim urushga tayyorgarlik ko‘rgan
7 oktyabr voqealari ko‘rsatganidek, Hamas doim urushga tayyorgarlik ko‘rgan. Bu holat hech qaerda tunnellarning murakkab tarmog‘idagidek yaqqol ko‘rinmasdi.
Tunnellar 2000 yilda boshlangan ikkinchi Falastin qo‘zg‘oloni yoki "Intifada" paytida Isroil armiyasi pozitsiyalariga hujum uchun ishlatilgan edi.
2006 yilda Hamas jangchilari Kerem Shalom yaqinidagi harbiy postga hujum qilish uchun Isroil bilan chegara ostidagi tunneldan foydalangan va ikki isroillik askarni o‘ldirgan va uchinchisi Gilad Shalitni asirga olgan edi.
U ozod etilgunga qadar besh yil ushlab turildi. 2011 yilda u 1027 nafar falastinlik mahbus, jumladan, 2023 yil oktyabr oyidagi Hamas hujumlarini rejalashtirgan Yahyo Sinvar evaziga ozod qilindi.

Surat manbasi, Getty Images
Vaqt o‘tishi bilan Hamasning yer osti yo‘llari tarmog‘i kengayib, ustaxonalar, qurol ishlab chiqarish maydonlari va qo‘mondonlik markazlarini qamrab ola boshladi.
Mintaqaviy o‘zgarishlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. 2012 yilda Liviya diktatori Muammar Qaddofiy qulashi va Misrda "Musulmon birodarlar"ning qisqa muddatli hokimiyatga kelishidan so‘ng, Hamas G‘azoga tobora murakkablashib borayotgan qurol-yarog‘larni, jumladan, snayper miltiqlari, ko‘chma raketa otgichlar va uzoq masofali raketalar ishlab chiqarish uskunalarini yashirin olib kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Hamas Livan va Iroq kabi joylarda yer osti yo‘llari qazish tajribasiga ega texnik mutaxassislar va jangchilardan yordam olgan, deb taxmin qilinadi.
Eron ham asosiy qo‘llovchi bo‘lib, Hamasni Isroil va AQShga qarshi umumiy adovati bo‘lgan Yaqin Sharqdagi jangari guruhlar ittifoqi – "Qarshilik o‘qi"ning tabiiy qismi sifatida ko‘rdi.
2020 yilda AQSh Davlat departamenti hisobotida Eron Falastin jangari guruhlariga, jumladan, Hamasga yiliga taxminan 100 million dollar mablag‘ ajratayotgani aytilgan.

Surat manbasi, Yousef Masoud/SOPA Images/LightRocket via Getty Images
Ba’zi yer osti yo‘llari 70 metr chuqurlikda qazilgan, qurilishi yillarcha davom etgan va har biri o‘nlab million dollarga tushgan. Bular Hamasning yuqori lavozimdagi qo‘mondonlarini himoya qilish va uzoq masofali qurollarni saqlash uchun mo‘ljallangan edi.
Yer osti yo‘llari haqida keng ma’lumotga ega mahalliy mutaxassis Bi-bi-siga butun loyihaning umumiy qiymati taxminan 6 milliard dollarni tashkil etishini aytdi.
Aniq raqamlarni keltirish qiyin, ammo tarqoq tarmoq uzunligi atigi 42 kilometr va eng keng joyida 11 kilometr bo‘lgan quruqlik hududda 400 kilometrgacha cho‘zilgan deb taxmin qilinadi.
Yer osti yo‘llari: sir tutilgan loyiha
Yer osti yo‘llari haqida oshkora muhokama qilgan, ularning joylashuvi yoki narxi haqida gapirgan g‘azoliklar josuslikda ayblanishi, qamoqqa olinishi va undan ham yomonroq oqibatlarga duchor bo‘lishi mumkin edi. Ammo ko‘pchilik nima bo‘layotganini bilardi.
Mahalliy aholi ogohlantiruvchi belgilarni ko‘rardi: qum va tuproq olib tashlanayotgani, kutilmaganda yangi kirish yo‘llari paydo bo‘layotgani va tunda uskunalar olib kelinayotgani.
G‘azoning qamal qilinishiga javob sifatida boshlangan jarayon o‘ttiz yil davomida ko‘p qatlamli yer osti sanoat va harbiy majmuasiga aylandi.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, uning katta qismi G‘azoning fuqarolik infratuzilmasi, jumladan, shifoxonalar, maktablar – Hamas ma’lumotlar markazi joylashgan yer osti yo‘li holatida esa – BMT Yordam va ishlar agentligi (UNRWA) ofisi ostida yashiringan ekan.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
2023 yil 7 oktyabrda Hamas jangarilari Isroilga bostirib kirib, 1200 ga yaqin odamni o‘ldirgan va 251 kishini garovga olganidan so‘ng, bu yer osti yo‘llari ulkan yer osti qamoqxonasiga aylandi. Garovga olinganlarning hammasi ham yer osti yo‘llariga yashirilmagan, lekin ko‘pchiligi, ayniqsa, urush davom etayotgan paytda shunday qilingan.
Olib ketilganlarning eng ko‘zga ko‘ringanlaridan biriga aylangan Eli Sharabi birinchi marta 491 kunlik asirlikning 52-kunidan so‘ng xavfsiz uydan yer osti yo‘liga ko‘chirilgan.
"Oyoq va qo‘llarimizni arqon bilan bog‘lashdi, – dedi u shu oy boshida Bi-bi-si bilan suhbatda. – Og‘riqdan vaqti-vaqti bilan hushimni yo‘qotardim. Bir safar qovurg‘amni sindirishdi."
U ozodlikka chiqqunga qadar, fevral oyida 30 kilogrammdan ortiq ozgan edi.

Surat manbasi, EPA
Hamas garovga olinganlardan o‘t ochishni to‘xtatish yoki Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarni ozod qilish uchun savdolashish vositasi sifatida foydalandi. Ularning taqdiri bo‘yicha muzokaralar davom etar ekan, Hamas Isroil jamoatchiligini shafqatsiz videolar seriyasi bilan ta’minlab turdi, ko‘pincha garovga olinganlarni o‘ta og‘ir vaziyatlarda ko‘rsatdi.
Oxir-oqibat, doktor Yusufning aytishicha, ichki va tashqi bosim HAMASni bu strategiyadan voz kechishga majbur qildi.
"Qatar, Misr va Turkiya, shuningdek, ko‘chirilganlar lagerlaridagi odamlar Hamas rahbarlariga "etar" degan kuchli signal berdi."

Surat manbasi, Getty Images
Shu bilan birga, Isroil yer osti yo‘llari tarmog‘idan imkon qadar ko‘proq qismini yo‘q qilmoqda, bu jarayonda ko‘pincha tepada joylashgan fuqarolik majmualarini vayron qilmoqda.
Ish esa hali tugallanmagan.
"Mudofaa idorasi nashrlariga ko‘ra, hisob-kitoblar yer osti yo‘llarining 25 foizdan 40 foizigacha qismiga zarar yetkazilganini ko‘rsatadi," deydi isroillik fuqarolik muhandisi va Hayfaning Texnion universitetida yer osti urushi tadqiqotchisi Yehuda Kfir.
"Shubhasiz, [Hamas] infratuzilmani, jumladan, Isroil mudofaa kuchlari zararlagan yer osti yo‘llarini tiklashga intilmoqda."
Parokanda yetakchilar
Tunnellarni tiklash bir masala, tashkilotni qayta tuzish esa boshqa. So‘nggi ikki yildagi voqealardan keyin HAMAS rahbariyati parokanda bo‘lib ketdi.
Isroil G‘azo, Eron, Livan va Qatarda guruhning asosiy siyosiy va harbiy arboblarini yo‘q qilish uchun juda katta kuch sarfladi.
HAMAS o‘zining eng taniqli, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan, o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilish uchun dunyo kezadigan rahbarlaridan tortib, G‘azodagi batalon qo‘mondonlarigacha, deyarli barcha muhim a’zolarini yo‘qotdi.
Isroil 2024 yil iyulda Tehronda HAMASning qudratli yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirdi.
Uch oydan so‘ng, Haniyaning vorisi, qo‘lga tushirish qiyin bo‘lgan Yahyo Sinvar Rafahdagi uy xarobalari ostida halok bo‘ldi.

Surat manbasi, Reuters
Ushbu yetakchi shaxslarni va qurolli qanotining minglab a’zolarini yo‘qotganiga qaramay, guruh radikallashgan yosh jangchilarning yangi avlodini yollab, kichik hujayralarga bo‘linib, partizan uslubida operatsiyalarni davom ettirdi.
Biroq 2025 yil oktyabrdagi Hamas 7 oktyabr hujumlarini uyushtirgan tashkilotning sharpasiga aylangan. Bugungi rahbarlar unchalik taniqli emas va eng muhimi, siyosiy tajribasi oz.
55 yoshli Izziddin al-Haddod hozirda Hamasning qurolli qanoti – "Izzaddin al-Qassam brigadalari"ga rahbarlik qiluvchi besh a’zolik harbiy kengashga boshchilik qilayapti.

Surat manbasi, EPA/ Shutterstock
G‘azodan tashqarida guruh siyosiy rahbariyati qoldiqlari orasida Xolid Mash’al (1997 yilda Iordaniyada Isroilning muvaffaqiyatsiz suiqasd urinishi qurboni bo‘lishiga oz qolgan), Xalil al-Hayya va Muhammad Darvish bor.
Ularning barchasi 9 sentyabr kuni Isroil uchoqlari Qatar poytaxti Dohadagi binoga hujum qilganida, AQShning so‘nggi tinchlik takliflarini muhokama qilish uchun uchrashuvda bir o‘limdan qolgani taxmin qilinmoqda.
HAMAS "urushdan charchagan"
G‘azoda zo‘ravonlik davom etayotganiga qaramay, Hamasning sobiq maslahatchisi Ahmad Yusufning aytishicha, guruh urushdan charchagan.
7 oktyabrni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olmasdan, u urush sababini "dahshatli xato" deb ataydi va "boshqacha yondashuv" kerakligini ta’kidlaydi.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
"Men ularning ko‘pchiligi bilan gaplashyapman va ular G‘azoni boshqarishdan endi manfaatdor emasliklarini aytishmoqda," deydi u.
"Ammo Hamasning 100 mingdan ortiq a’zosi bor va bu odamlar yo‘qolib ketmaydi."
Uning ta’kidlashicha, Hamas kelajakda siyosiy rol o‘ynashda davom etish uchun o‘z qiyofasini o‘zgartirmoqchi. Bu jarayonni u ANC'ning aparteiddan keyingi Janubiy Afrikada partizan urushidan siyosiy boshqaruvga o‘tishiga o‘xshatadi.
"Agar ertaga saylovlar bo‘lsa, – deydi u, – ishonchim komilki, Hamas boshqa nomlar ostida paydo bo‘ladi, bu esa uning tinchroq va siyosiy hayotning bir qismi bo‘lishga tayyorroq ekanligini ko‘rsatadi.
Zo‘ravonlik hech qanday siyosiy partiyaning qismi bo‘lmaydi."
Doktor Milshteyn bunga shubha bildiradi.
"G‘azoda yangi mahalliy boshqaruv bo‘lgan taqdirda ham, albatta, parda ortida Hamas hukmron o‘yinchi bo‘ladi," deydi u.
Qurolsizlanish ehtimoli yanada kamroq: u kelgusi besh yilda G‘azoda yana bir urush bo‘lishini bashorat qiladi.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Ammo Shin Betning sobiq rahbari Ami Ayalon Isroil dushman bilan kurashishning boshqa yo‘lini topishi kerak, deb hisoblaydi.
"Agar mafkurani yengmasak, ular gullab-yashnaydi," deydi u.
"Mafkurani mag‘lub etishning yagona yo‘li Falastin va Isroil xalqiga yangi istiqbolni yaratish va taqdim etish. Ikki davlat istiqboli."
Hozircha bunday bo‘ladigan ko‘rinmayapti, bu esa, ehtimol, doktor Milshteynning bashoratini Ami Ayalonning umumiy kelajak haqidagi tasavvuridan ko‘ra reallikka yaqinroqdek ko‘rsatadi.
Ammo Hamas har qancha zaiflashgan bo‘lmasin, batamom yo‘q qilinmagan. Isroil bu muammo bilan yana ancha vaqt shug‘ullanishiga to‘g‘ri keladi.
Qo‘shimcha axborot: BBC Monitoring
Ilk foto mualliflik huquqi Getty Images ga tegishli












