Tolibon Afg‘onistoni: "Men ishga kelmasam, onalarni tug‘diradigan odam yo‘q"

ayollar
    • Author, Turpekay G‘aranay
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 4 daq

"Bir necha kun oldin klinikaga tug‘ruq uchun 5 nafar ayol keldi. Beshovlariga birin-ketin yordam berdim. Biri karavotdan tushar, ikkinchisi o‘rniga yotardi. Tezda qo‘llarimni yuvib, keyingisiga o‘tardim.

O‘sha kuni: "Qaniydi yordamchi boshqa doya bo‘lsa," deb o‘yladim.

Afg‘onistonning janubi-g‘arbiy qismidagi Nimro‘z viloyatining Chag‘ansur tumanida Arzo 16 000 aholiga xizmat ko‘rsatadigan yagona doya bo‘lib, barcha homilador ayollar va chaqaloqlar uchun mas’uldir.

Tumanda faqat mana shu bitta kichik klinika bor, odamlar ko‘pincha ko‘rinish uchun uzun navbatda turishadi.

Arzoning aytishicha, bemorlar soni "haddan tashqari ko‘p" va xodimlar odamlarga kerakli darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsata olmaydi.

Tug‘ruq bo‘limida faqat bitta karavot bor, shuning uchun agar bir vaqtning o‘zida ikkita ayol tug‘adigan bo‘lsa, biri karavot va doya bo‘shaguncha yo‘lakda kutishi kerak.

Aloqador mavzular:

Navbatda turganlar karavotga yetib boradi yoki yo‘lakdayoq tug‘ishi mumkin.

Olti yildan buyon tumanning yagona doyasi bo‘lib ishlayotgan 32 yoshli Arzo klinikadan besh daqiqalik masofada yashaydi.

Ilgari u ishga yolg‘iz o‘zi piyoda borardi. Biroq, Tolibon hukumati ayollarning jamoat joylarida erkak hamrohsiz yurishini taqiqlagan, shuning uchun eri uni klinikaga kuzatib qo‘yadi va olib ketadi.

Uning ish vaqti 08:30 dan 15:30 gacha, lekin u doimiy navbatchilikda qoladi.

"Ish hajmi juda katta. Kecha-kunduz ishlayman. Agar ayol kechqurun to‘lg‘oq tutsa, qaerda bo‘lishimdan qat’i nazar – dafn marosimidami yoki to‘ydami – klinikaga shoshilishim kerak," deydi Arzo.

Ammo u juda uzoqda bo‘lsa yoki klinikaga bora olmasa nima bo‘ladi?

"Agar men bo‘lmasam, yo yordamchi doya yordam beradi, yo tug‘ruqqa yordam beradigan hech kim bo‘lmaydi. Tug‘ayotgan ayollar yopiq klinika eshigidan qaytariladi," deydi u.

Getty Images
Agar men bo‘lmasam, yo yordamchi doya yordam beradi, yo tug‘ruqqa yordam beradigan hech kim bo‘lmaydi. Tug‘ayotgan ayollar yopiq klinika eshigidan qaytariladi.
Arzo, Chag‘ansur tumanidagi yagona doya
Batafsil: bbc.com/uzbek

Yordamchi doya boshqa tumandagi klinikada ham ishlaydi va ko‘pincha bo‘sh bo‘lmaydi.

AQShning oxirgi yordam qisqartirishidan so‘ng sog‘liqni saqlash eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri bo‘ldi. BMTning yordam bo‘yicha rahbari Tom Fletcherning aytishicha, Afg‘onistonning janubiy viloyatlarida bir necha oy ichida 400 ga yaqin tibbiyot markazlari yopilgan.

Biroq, Tolibon hozircha yopilgan sog‘liqni saqlash muassasalari va klinikalarning umumiy soni haqida aniq ma’lumotlarni e’lon qilmagan.

Afg‘onistonning 421 tumanidan faqat to‘rtdan birida kasalxona bor.

Kasalxonaga mototsiklda

Afg‘onistonda onalar o‘limi dunyodagi eng ko‘plaridan biri

Surat manbasi, Getty Images

Fotima (uning ismi o‘zgartirildi) sakkiz oylik homilador bo‘lganida, qon bosimi to‘satdan ko‘tarilib, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘ldi.

Ammo Afg‘onistonning markaziy qismidagi G‘o‘r viloyatining tog‘li Allo Yar tumanida yashovchi bu ayol tumandagi ikkita kichik sog‘liqni saqlash muassasasidan biriga uzoq yo‘l bosib o‘tishiga to‘g‘ri keldi.

"Tibbiy yordam olish uchun mototsiklda besh-olti soat yo‘l yurishimga to‘g‘ri keldi. Klinikaga yetib borgunimcha chaqalog‘im ichimda o‘lib bo‘lgandi," deydi u.

G‘o‘rda yo‘llar yomon, sharoit og‘ir. Ammo doyalar va sog‘liqni saqlash muassasalarining yetishmasligi homiladorlikni yanada xavfli qilib qo‘ydi.

Allo Yarda yashovchi ayolning Bi-bi-si bilan suhbatida aytishicha, tumandagi ayollarning 90 foizi uyda tug‘adi.

Arzoning aytishicha, bu uning tumanida ham tez-tez uchraydi.

"Homilador ayol shifoxonaga yetib borishi uchun ko‘pincha mashinada ikki-uch soat yo‘l yurishiga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilikning bunga qurbi yetmaydi, shuning uchun uyda tug‘adi."

Doyalar yetishmovchiligi

Tolibon hokimiyatga kelgach ayollar ta’lim olishi to‘xtatildi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tolibon hokimiyatga kelgach ayollar ta’lim olishi to‘xtatildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti har 10 000 kishiga 10 nafar doyani tavsiya qiladi, shuning uchun taxminan 40 million aholiga ega Afg‘onistonga 40 000 doya kerak.

Yaqinda Afg‘onistonni tark etgan sobiq sog‘liqni saqlash xodimining aytishicha, mamlakatda atigi 5 ming doya bor – bu tavsiya etilgan raqamdan ancha kam. Ammo Tolibonning Jamoat salomatligi vazirligidagi hozirgi amaldor Bi-bi-si bilan suhbatda Afg‘oniston bo‘ylab 10 mingga yaqin doya ishlayotganini aytdi.

Bi-bi-si Tolibondan rasmiy statistikani olishga harakat qildi, ammo ular bu haqda aniq ma’lumot berishmadi.

Sobiq hukumatdagi amaldorlar sog‘liqni saqlash tizimida gender nomutanosibligi borligini tan olishardi. Sog‘liqni saqlash vazirining sobiq o‘rinbosari doktor Bashir Normalning aytishicha, Tolibon hokimiyatga kelishidan oldin tibbiyot xodimlarining atigi 32 foizi ayollar bo‘lgan.

Tolibonning Sog‘liqni saqlash vazirligi sobiq amaldorining Bi-bi-siga aytishicha, 20 ta chekka tumanda ayol tibbiyot xodimlari umuman yo‘q.

Ba’zi aholi vakillari Bi-bi-siga aytishicha, hech qanday tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan mahalliy ayollar mutaxassislar yo‘qligi sababli "doya" deb atalmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Onalar o‘limi statistikasi, kutilganidek, dahshatli.

2020 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Afg‘onistonda har kuni 24 nafar ayol tug‘ruq asoratlaridan vafot etishini taxmin qilgan bo‘lsa, BMT 2024 yilda har 100 000 tug‘ilishga 620 ona o‘limi to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi – bu dunyodagi eng yuqori onalar o‘limi ko‘rsatkichlaridan biri.

Ammo bu ko‘rsatkichlar yaxshilanishini tasavvur qilish qiyin.

2021 yilda hokimiyatni qo‘lga olgandan so‘ng, Tolibon ayollarning tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga kirishini taqiqladi, natijada doyalar uchun o‘quv markazlari yopildi.

Arzoning o‘zini Afg‘onistonda hozir faoliyat yuritmayotgan xorijiy nohukumat tashkiloti o‘qitgan.

Agar vaziyat o‘zgarmasa, yillar o‘tgan sayin doyalar soni tobora kamayib boradi, bu esa Arzo uchun tashvishli.

"Nafaqaga chiqqanimda nima bo‘lishidan xavotirdaman. Chaqaloqlarni dunyoga keltirishda kim yordam beradi?

Bu haqiqiy fojia bo‘ladi."