'Tankʼ, 'poezdʼ va 'mahluqʼ – Vatanida rad etilgan Husanovning 'Man Citiʼ tomon yuksalishi

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Aleks Broterton
- Role, BBC Sports
- O'qilish vaqti: 5 daq
(Ushbu original maqola 20 yanvarь kuni BBC Sports'da e’lon etilgan)
Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan va futbolni yoritish o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqqan bir davrda, klubga ommaga deyarli noma’lum o‘yinchining kelishi kam uchraydi. Shu ma’noda, 'Manchester Citiʼ tomonidan o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov bilan shartnoma imzolanishi o‘tmishda qolgan odatlarni eslatadi.
20 yoshli Husanov dushanba kuni Frantsiyaning 'Lansʼ klubidan 33,6 million funt sterling (€40 million)ga transfer qilindi va Premьer Ligada o‘ynaydigan o‘zbekistonlik ilk futbolchiga aylandi.
Markaziy himoyachi sifatida hali ko‘p ishlari oldinda turgan bo‘lsada, bu transfer Abduqodirning hayratlanarli yuksalish yo‘lini o‘zida aks ettiradi.
Yosh himoyachi o‘z vatanida rad etilgandan so‘ng to‘rt yil ichida futbol olamining eng istiqbolli o‘yinchilaridan biriga aylana oldi.
"Hech kim uni bilmas edi"
Husanov o‘z futbol safarini 7 yoshida Toshkentning 'Bunyodkorʼ klubi akademiyasiga qo‘shilganida boshlagan.
U shu zahoti o‘zidan ikki yosh katta bolalar bilan o‘ynashga kirishgan, chunki uning iste’dodi va maydonda harakatlanish qobiliyati shunga yarasha edi.
Ammo 17 yoshida klub uni yetarlicha kuchli emas, deb hisoblab, yosh iste’dodni uchinchi darajali zaxira jamoasiga joylashtirgan.
Shundan so‘ng Husanovning otasi, sobiq O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Hikmat Hoshimov, boshqa imkoniyatlarni izlashga qaror qilgan.
Bu imkoniyat Belarusь poytaxti Minskdagi kichik klub – 'Energetik-BGUʼ ko‘rinishida o‘rtaga chiqqan.
Klub, garchi hali balog‘at yoshiga yetmagan bo‘lsada, Husanovni qo‘shilishga ko‘ndirgan – Belarusьda futbolchilar faqat 18 yoshga to‘lgandan so‘ng professional shartnoma imzolashlari mumkin.
Maydonga tushishga ruxsat bo‘lgach, Husanov darhol o‘zini namoyon etgan. Markaziy himoyachi sifatida o‘ynaganiga qaramay, Husanov 2022 yilda 'Energetik-BGU'ning Belarusь oliy ligasida kutilmagan tarzda ikkinchi o‘ringa chiqib olishiga hissa qo‘shgan.
Husanovning bu yutuqlari o‘z vatanidagi futbol muxlislari tomonidan deyarli payqalmagan esada, uning keyingi olg‘a qadamiga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasidagi faoliyati sabab bo‘ldi.
2023 yilda o‘tkazilgan U-20 Osiyo kubogida terma jamoaga kech chaqirilgan Husanovning jamoasi tarixiy g‘alabaga erishgan edi.
Abduqodirning aynan ushbu turnirdagi o‘yinini 'Lansʼ klubi skauting menejeri Batist Favier kuzatayotgan edi.
O‘sha yil iyul oyida 'Lansʼ Husanovni atigi 84 ming funt sterling (€100 ming) evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi.
"Husanov 'Lans'ga kelganida hech kim uni tanimas edi," deydi Get French Football News bosh muharriri Lyuk Entvistl.
"U mutlaqo noma’lum futbolchi edi. U birinchi mavsumda ko‘p o‘ynamadi, lekin uchlik himoyada imkoniyatga ega bo‘lganidan so‘ng, unda o‘zgacha bir narsa borligini darhol sezish mumkin edi."
Husanov Jonatan Gradit, Kevin Danso va Fakundo Medina kabi o‘rnashib qolgan himoya chizig‘ini buzib, 13 marta Liga 1'da maydonga tushdi – ulardan 11 tasi asosiy tarkibda.
"Agar Husanov biror yuqori ligadan kelganida, uning narxi 100 million yevro bo‘lardi," deydi Danso.
Sobiq 'Lansʼ darvozaboni Bris Samba esa Husanovni shunday ta’riflaydi: "U bizning himoyamiz ierarxiyasini larzaga keltirdi. Uning kelajagi buyuk".
Husanov dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylanishiga bo‘lgan ishonch shu darajada yuqoriki, 'Lansʼ u kiygan va imzo chekkan formani klub kollektsiyasi uchun saqlab qo‘ygan.
Bu amaliyot faqat klubning eng buyuk futbolchilariga nisbatan qo‘llaniladi.

Surat manbasi, Getty Images
Tank, poezd va maxluq
Husanovni Samba "maxluq", 'Lansʼ menejeri Uill Still "tank" deb ta’riflashi va vatanida unga "Poezd" laqabi berilgani sababi bejiz emas.
"U kuchli himoyachi bo‘lib, to‘pni tortib olish qobiliyati, havodagi ustunligi va tajovuzkor uslubi bilan tanilgan," deydi jurnalist va Football Manager'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Tomas Bullok.
"Uning to‘p bilan harakati ishonchli, lekin uning tezligi eng ko‘zga ko‘ringan jihat bo‘lib, u tezkor hujumchilarni quvib yeta oladi va tezda o‘z o‘rniga qaytoladi".
Lyuk Entvistl esa shunday qo‘shimcha qiladi: "U oldinga otilib chiqib, yarim himoyaga bosim o‘tkazishni yaxshi ko‘radi. U raqib bilan yuzma-yuz duellarda kuchli, hech qachon yarim imkoniyat bilan harakat qilmaydi. U nihoyatda atletik o‘yinchi".
O‘zbek tilida Abduqodir "qudratli" degan ma’noni anglatadi. Balki ota-onasi kelajakni oldindan ko‘ra bilgandir yoki shunchaki taqdir, ammo bu ism unga juda mos keladi.
Aytish lozimki, Husanov muhim pallalarda oqsash odatini chiqargan 'Manchester Citiʼ himoyasi uchun tezkor yechim bo‘la olmaydi.
20 yoshli futbolchi o‘zini ortiqcha majburlash orqali muammoga duch kelishi mumkin – 'Lans'da to‘pni oldinga suruvchi asosiy himoyachi bo‘lishi shart emas edi.
"U hali pishmagan, takomilga erishishi lozim," deydi Entvistl.
"U sayqallanmagan olmosga o‘xshaydi, ammo muvaffaqiyat qozonishi uchun tavakkal qilsa arziydi. Chunki Pep Gvardiola qo‘li ostida nozik detallari va taktik tushunchalari yaxshilanishi mumkin. O‘n yildan keyin qirq million yevro xuddi arzimagan summa ko‘rinishi mumkin".
BBC 5 Live Euro Leagues podkastida so‘zlagan frantsuz futboli jurnalisti Julien Lorens Husanov transferi haqida shunday fikr bildiradi: "U juda iste'dodli, lekin 'Citiʼ potentsialni sotib olyapti. U har hafta o‘yinga tayyor emas. 'Citiʼ kelajakning markaziy himoyachisini olganiga umid qilyapti".

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbek futbolining yuksalishi
Husanov Yevropaning yuqori ligalarida ko‘proq o‘zbekistonliklar o‘ynashi uchun yo‘l ochayotganini romantik tarzda aytish mumkin bo‘lsada, bu jarayon sobiq sovet davlatida allaqachondan beri davom etmoqda.
So‘nggi o‘n yillikda mamlakat futbol infratuzilmasiga yaxshiroq maydonlar va jamoalarning yoshlar akademiyalariga ega bo‘lishi talabi doxil sohaga "katta investitsiyalar" kiritildi, deydi o‘zbek futboli eksperti Konor Bauers.
Husanovni tarbiyalagan 'Bunyodkor' klubi Gulnora Karimova – O‘zbekistonning sobiq diktatori Islom Karimovning qizi mablag‘lari hisobidan katta manfaat ko‘rgan edi.
Tashkil etilganidan so‘ng atigi uch yil ichida katta muvaffaqiyatni qo‘lga kiritgan klub mamlakatning eng zo‘r yosh iste’dodlarini o‘ziga jalb qila boshlagan.
"Husanovning paydo bo‘lishi faqat vaqt masalasi edi," deydi Osiyo futboli sharhlovchisi Dez Korkxill.
"U eng yaxshisi, ammo ortidan boshqa iste’dodlar ham keladi".
Husanov, shuningdek, 'SSKA Moskva' safidagi Abbos Fayzullaev, o‘tgan mavsumda 'Brentford'ning yoshlar jamoasida o‘ynagan Muhammadali O‘rinboev va 'Leganesʼ yarim himoyachisi Lazizbek Mirzaev kabi yosh iste’dodlar o‘z jamoalarida ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuning uchun ham O‘zbekiston 2026 yilgi Jahon chempionatining saralash guruhida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi va ilk bor final bosqichida qatnashishga yaqin turibdi.
"Bir necha yil avval har bir o‘zbekistonlik uchun bu faqat orzu edi," deydi SPORTS.uz jurnalisti Suhrob Xolbekov o‘zbekistonlik futbolchining Premьer Ligaga kelishi haqida.
"O‘zbek futboliga kulib qarash odatiy hol edi, endi Husanov bu odatni yo‘q qildi".












