O‘zbekiston dayjest: Tashqi qarz qancha bo‘ldi? Oilalar qanchalik baxtli, Istanbuldan munosabat

Non sotuvchi ayol telefonda nimadir eshitayapti

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 3 daq

2025 yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 milliard dollarni tashkil etdi. Buni Markaziy bank o‘zining mamlakat to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga haqidagi tahlilida ko‘rsatib bergan. Tahlilda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra bu qarz ikki asosiy qismga bo‘linadi:

Davlat tashqi qarzi - 36,8 milliard dollar

Korporativ (xususiy sektor) tashqi qarzi - 35,4 milliard dollar

Korporativ qarz tarkibida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan mablag‘lar ham mavjud. Xalqaro tashkilotlar, jumladan Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va reyting agentliklari O‘zbekistonning tashqi qarz yukini o‘rtacha darajada deb baholamoqda. Bu shuni anglatadiki, mamlakatning qarzlari asosan imtiyozli shartlarda olingan va hozircha xavfli darajada emas.

Tahlilda aytilishicha, investitsiyalar oqimi kuchaygan.

2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijdan kelayotgan investitsiyalar sezilarli darajada oshdgan:

To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar: 1,6 milliard dollar (2024 yilga nisbatan 42% o‘sish).

Portfel investitsiyalar (asosan xalqaro obligatsiyalar): 3,1 milliard dollar.

Bu investitsiyalar mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha mablag‘ kirishini ta’minlab, joriy operatsiyalar hisobi taqchilligini qoplashga yordam bergan deyilmoqda.

O‘zbekistonning savdo balansi (eksport va import o‘rtasidagi farq) 2025 yilning birinchi yarmida ijobiy tomonga o‘zgargan . Eksport 29% ga oshib, 16,6 milliard dollarga yetgan , import esa 10% ga ko‘payib, 23 milliard dollarni tashkil etgan . Natijada savdo balansi kamomadi 20% ga qisqarib, 6,4 milliard dollarga tushgan .

Shuningdek, xorijdan yuborilgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi oshgan . Bu esa O‘zbekiston fuqarolari tomonidan chet elda ishlayotganlar soni va ularning daromadlarining ko‘payganini ko‘rsatadi. Birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi ijobiy bo‘lib, mos ravishda 850 million va 5,4 milliard dollarni tashkil etgani aytilmoqda.

O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari (valyuta va oltin) 7,4 milliard dollarga ko‘payib, 48,5 milliard dollarga yetdi. Bu mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi deyilmoqda .

Shuningdek, O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei 23% ga yaxshilanib, 16,9 milliard dollarni tashkil etishi aytilmoqda. Bu esa, mamlakatning xorijdagi aktivlari majburiyatlaridan ko‘proq bo‘ldi degani deb yozishmoqda.

Oila baxtlilik indeksi: 2025 yil natijalari e’lon qilindi

Nikoh uzugi taqilmoqda

Surat manbasi, Getty

"Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2025 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha oilalarning baxtlilik indeksi +0,611 ballni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan +0,051 ballga oshgan. Bu haqida "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti o‘z Telegram kanalida bildiradi.

Bu Indeks minus 1 dan plyus 1 gacha bo‘lgan oraliqda o‘lchanadi va turli indikatorlar asosida shakllantiriladi. 2025 yilgi natijalarda quyidagi yo‘nalishlar eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘ldi:

Demografik barqarorlik: +0,833 ball

Oilaviy qadriyatlar: +0,791 ball

Oilaviy hayotdan qoniqish: +0,734 ball

Shuningdek, ta’lim olish imkoniyatlari (+0,31 ball), ish bilan ta’minlanish (+0,22 ball) va davlat organlari faoliyatidan qoniqish (+0,13 ball) bo‘yicha ham o‘sish qayd etilgan.

Tahlillar oilaviy baxtlilik darajasi turli ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda. Indeksni shakllantirishda rasmiy statistika va hududiy so‘rov natijalari asos qilib olingan.

Aloqador mavzular:

Istanbulda O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga olindi: Bosh konsulxona rasmiy munosabat bildirdi

Jasminning rasmi

Surat manbasi, jasminna989

2025 yil 29 sentyabr kuni Istanbul shahrida 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi mahalliy politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Ushbu shaxslar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etishda gumon qilinmoqda.

Ular orasida bloger sifatida tanilgan "Jasmin" ham mavjud bo‘lib, 30 sentyabr kuni Maltepe yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan. Tintuv tadbirlari davomida olingan ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan. Hozirda tergov jarayoni davom etmoqda.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi o‘zining Telegram sahifasida rasmiy munosabat bildirdi. Konsulxona xabarnomasida voqea tafsilotlari tasdiqlanib, tergov jarayoni mahalliy qonunchilik doirasida olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Bloger "Jasmin" ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzularda chiqishlari bilan tanilgan bo‘lib, uning kontenti ko‘plab kuzatuvchilarga ega edi. Hozircha uning mazkur jinoyat ishi bo‘yicha roli tergov doirasida aniqlashtirilmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: