Aholisi 38 millionli O‘zbekiston YaIMini $130 milliarddan oshirmoqchi

O‘zbekiston bozorida somsa sotayotgan somsapaz, oldida ko‘chma tandiri
O'qilish vaqti: 3 daq

Prezident Mirziyoyev boshqaruvi ostida O‘zbekiston Yalpi Ichki mahsuloti ikki baravar o‘sdi, bu yil u 130 milliard AQSh dollaridan oshishi kutilayapti.

Mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti haqida gapirgan Prezident Mirziyoyev shunday dedi:

– Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlarimiz qanday ulkan natijalar berayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. O‘tgan sakkiz yilda yalpi ichki mahsulotimiz shiddat bilan o‘sib, 115 milliard dollarga yetdi. Bugun bitta raqamni birinchi marta aytmoqchiman: Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, bu yil iqtisodiyotimiz hajmi 130 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ya’ni, ilgari bunday o‘sish, bunday yuksak e’tirof hech qachon bo‘lmagan.

Aloqador mavzular

Prezident Mirziyoyevga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishga tadbirkorlik keng qo‘llab-quvvatlanayotgani, zamonaviy sanoat majmualari barpo etilayotgani, "yashil" va innovatsion iqtisodiyotga o‘tilib, muqobil energiya manbalari yaratilayotgani, axborot texnologiyalari, turizm va moliyaviy texnologiyalar kabi xizmat ko‘rsatish tarmoqlari rivojlantirilayotgani zamin bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Milliy Statistika qo‘mitasi 28 avgust kuni mamlakat doimiy aholisining soni rasman 38 million kishiga yetganini e’lon qildi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

2025 yil boshida o‘zbekistonliklarning soni 37,5 million edi, qariyb to‘qqiz oy mobaynida aholi soni yarim millionga ko‘paydi.

Jahon Banki va Xalqaro Valyuta jamg‘armasi mamlakat rahbariyatining so‘nggi yillardagi iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidagi islohotlarini yuqori baholab keladi.

Xususan, shu yil 18 iyunda e’lon qilgan o‘zining yangi hisobotida XVJ O‘zbekiston iqtisodiy ko‘rsatkichlari kuchli, o‘sish sur’ati mustahkam, byudjet va joriy operatsiyalar hisobi defitsitlari qisqarib borayapti, xalqaro rezervlarning darajasi yuqori degan xulosaga keldi.

Xalqaro Valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi 2017, 2025 yildagi YaIM o‘sishi haqidagi grafikasi
Surat tagso‘zi, XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Yalpi Ichki mahsuloti 2017 yilgi $49 milliarddan $115 milliardga yetgan

2024 yilda YaIM o‘sishi 6,5 foizni tashkil etgan, 2025 yil boshidan buyon 6,8 % o‘sishda davom etayapti deb ko‘riladi.

Yalpi Ichki mahsulotning aholi jon boshiga to‘g‘ri kelishi o‘tgan yili O‘zbekistonda 3286 AQShni tashkil etgan.

Jon boshiga YaIM - mamlakatning har bir aholisi bir yilda ishlab chiqargan mahsulot deyish mumkin.

2017: ~$1,563

2018: ~$1,872

2019: ~$2,038

2020: ~$2,012

2021: ~$2,308

2022: ~$2,650

2023: ~$2,973

2024: ~$3,286

Bu raqam Qozog‘istonda $12374, Turkmanistonda $7200, Qirg‘izistonda $1625, Tojikistonda $1236, Rossiyada $11043, AQShda $66682 tashkil etgan.

Kartoshka, piyoz, sabzi sotayotgan o‘zbekistonliklar

"Yaxshi bilasiz, oldinlari asosan xomashyo eksport qilar edik. Barcha tarmoqlarni transformatsiya qilganimiz hisobiga, sanoat hajmini 2017 yilgi 29 milliarddan 70 milliard dollarga yetkazdik... Avvallari 500 million dollarga yetmagan turizm eksporti hozir 3 milliard dollarlik marradan oshdi", dedi Prezident Mirziyoyev.

Prezident Mirziyoyevga ko‘ra, o‘tgan sakkiz yilda aholi uchun 500 mingga yaqin kvartirali ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi, bu mustaqillikning dastlabki 25 yiliga nisbatan to‘rt karra ko‘p deganidir.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hukumat 7 milliondan ziyod aholini daromadli qildi.

Ijtimoiy infratuzilmaga oldingi yillarga nisbatan olti karra ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgan, natijada O‘zbekistondagi bog‘cha o‘rinlari soni 720 mingdan 2,5 millionga yetkazilgan. 466 ta yangi maktab qurilib, 1 million o‘quvchi o‘rni yaratilgan.

O‘zbekiston hukumati oxirgi yillarda kambag‘allikni kamaytirishga jiddiy kirishgan, joriy yil boshidan bu maqsadda dasturli ishlashga o‘tilgan.

Ammo hamon maoshlar kam, Jahon Banki yaqinda biznes muhitiga bag‘ishlangan hisobotida O‘zbekiston yuqori daromadli mamlakatga aylanishi uchun kamida 100 yil kerak bo‘ladi degan xulosaga keldi.

O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishga Rossiya-Ukraina urushining salbiy oqibatlari manzarasida erishilayapti.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston uchun iqtisodiyotga davlatning aralashuvini kamaytirish, xususiy sektorni yetakchi kuchga aylantirish muhimligini tavsiya etib keladilar.