O‘zbekiston: Yangi Iphone uchun necha kun ishlash kerak, biznes ombudsmani nima deydi, daraxt ekishni ham prezident nazorat qilishi kerakmi?

Surat manbasi, Reuters
Apple 2025 yilning 9 sentyabrь kuni o‘zining an’anaviy "Awe Dropping" tadbirida yangi avlod smartfonlari — iPhone 17, iPhone 17 Pro, iPhone 17 Pro Max va iPhone Air modellarini rasman taqdim etdi. Yangi qurilmalar 12 sentyabrdan buyurtmaga chiqarildi va 19 sentyabrdan boshlab dunyo bo‘ylab sotuvga chiqdi.
O‘zbekistonda ham bu smartfonlarga qiziqish yuqori. Toshkentdagi "Malika" bozorida yangi modellar allaqachon sotuvga chiqarilgan bo‘lib, ularning narxi ancha yuqori ekani ma’lum qilinmoqda.
Bankir Telegram kanali ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda "Malika" bozoridagi narxlar quyidagicha:
iPhone 17 Air — 1 520 dollar
iPhone 17 Pro — 1 650 dollar
iPhone 17 Pro Max — 2 100 dollar
O‘zbekistonda o‘rtacha rasmiy ish haqi 6 million so‘m atrofida. Dollar kursi esa taxminan 12 200 so‘m deb olinsa, o‘rtacha fuqaro uchun bu smartfonlarni xarid qilish qancha mehnat talab qilishini hisoblab chiqish mumkin.
iPhone 17 Air uchun — 93 kun
iPhone 17 Pro uchun — 101 kun
iPhone 17 Pro Max uchun — 128 kun ishlash kerak bo‘ladi.
Bu raqamlar kasbga qarab ham farq qiladi. Masalan, o‘rtacha o‘qituvchiga iPhone 17 Pro Max olishi uchun taxminan 185 kun kerak bo‘lsa, bankirlar uchun bu muddat 47 kungacha qisqaradi.
2024 yildagi holat bilan solishtirilganda, ayrim modellar uchun ishlash kunlari kamaygan. Masalan, o‘tgan yili iPhone 16 Pro Max uchun o‘rtacha fuqaro 154 kun ishlashi kerak edi. Bu yildagi qisqarish asosan dollar kursining pasayishi bilan bog‘liq. Shunga qaramay, narxlar o‘tgan yilgi modellarga nisbatan ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.
Bankir kanalida ta’kidlanishicha, bojsiz tovar olib kirish limiti kamaytirilganidan so‘ng, "qora bozor"da iPhone narxlari keskin oshib ketgan. Bu esa rasmiy va norasmiy savdo nuqtalardagi narxlarga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Rishtonda fermer bosimga uchragani aytilmoqda: Biznes-ombudsman holatga nima deydi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Kun.uz xabar berishicha, Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi "Buloqboshi gulshani" fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayratjon Xayrullaev uyida ichki ishlar xodimlari bilan tortishuv yuz berdi. Fermerning so‘zlariga ko‘ra, 3 nafar xodim g‘alla rejasiga oid bahona bilan uning uyiga kirib kelib, to‘pponcha o‘qtab tahdid qilgan. Holatga aralashgan 70 yoshdan oshgan onasi esa itarilib, yerga yiqilgan va hushidan ketgan.
"Birjaga 17 tonna don topshirganman, uyimda bir kilolab ham don yo‘q. Onam bir hafta shifoxonada yotib zo‘rg‘a o‘ziga keldi", — deydi fermer.
Shuningdek, yana bir fermer paxtaga o‘g‘it uskunasi hokimiyatga topshirilmagani uchun 5 sutkaga qamalgani aytilmoqda.
Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqov esa xodimlar fermerga to‘pponcha o‘qtmaganini, ular faqat tushuntirish uchun borganini bildirgan.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Biznes-ombudsman devoni esa ushbu xabarlarga munosabat bildirib, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.
"Mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarining erkin faoliyat olib borishi qonun hujjatlari bilan kafolatlangan. Ularga nisbatan asossiz tazyiq yoki zo‘ravonlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi", — deyiladi Biznes-ombudsman bayonotida.
Hozirda mazkur holat Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganilmoqda. Davlat organlari tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qonunga zid xatti-harakatlardan tiyilishi lozimligi yana bir bor eslatildi.
Prezident yig‘ilishida "Yashil makon"da qurib ketgan 27,5 million ko‘chat masalasiga alohida e’tibor qaratildi

Surat manbasi, Getty Images
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda paxta terimi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, investitsiya va eksport rejalari, shuningdek, "Yashil makon" dasturining ijrosi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda eng tashvishli masalalardan biri sifatida "Yashil makon" dasturi doirasida bahorda ekilgan 137 million ko‘chatdan 27,5 millioni qurib ketgani qayd etildi. Bu holatga issiqning erta boshlanishi va sug‘orish tizimlarining yetarli emasligi sabab bo‘lgan. Yosh daraxtlar ildiz otishga ulgurmagan va sug‘orish uchun odatdagidan ikki-uch barobar ko‘proq suv talab qilingan.
Prezident bu holatni jiddiy tanqid qilib, kelgusi ekishlarda sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarda ko‘chat ekishga yo‘l qo‘ymaslikni buyurdi. Shuningdek, 125 million daraxt va butalarni kuzda, yana 75 millionni kelasi bahorda ekish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda paxta terimidagi kechikishlar, ayrim viloyatlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikdagi kamchiliklar, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlaridagi hududlararo farqlar ham muhokama qilindi. Prezident barcha yo‘nalishlarda topshiriqlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarishni talab qildi.
30 Sentabr 2025. O‘zbekiston: Korruptsiyaga qarshi kurash, raqobatdan ogohlantirish, Koreyaga yo‘l

Surat manbasi, DXX
Jakarta shahrida o‘tayotgan Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun Aksilkorrupsiya tashabbusining (ACI) 12-mintaqaviy konferentsiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi mazkur tuzilma a’zoligiga qabul qilindi. Bu haqda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘zining rasmiy Telegram kanalida xabar beradi.
ACI Boshqaruv guruhi qarori bilan O‘zbekiston 35-a’zo davlat qatoriga qo‘shildi. Tashabbus 1999 yilda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasini samarali amalga oshirish orqali halollik, shaffoflik va hisobdorlikni mustahkamlashdir.
Konferentsiyada so‘zga chiqqan agentlik direktorining o‘rinbosari Umida Tuxtasheva O‘zbekistonning ACIga qo‘shilishi xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish va hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziya Korruptsiyani bartaraf etish komissiyasi bilan uchrashuv o‘tkazib, yoshlarni halollik ruhida tarbiyalash va idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma hujjat ishlab chiqishga kelishib oldi.
Raqobat qo‘mitasi ogohlantiradi
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalarda qonuniylikka rioya qilishga chaqirdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvarь–avgust oylarida ko‘p qavatli uylar qurilishi va ularni xarid qilish bo‘yicha 1000 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Murojaatlarda quruvchilarning shartnoma shartlarini bajarmasligi, uylarni o‘z vaqtida topshirmasligi, reklama va e’lonlardagi va’dalarga amal qilmasligi kabi holatlar ko‘rsatilgan.
Qo‘mita ayrim qurilish korxonalarining shartnomalarga "agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, to‘langan mablag‘ning 10 foizi miqdorida jarima undiriladi" degan bandni kiritayotganini aniqladi. Mutasaddilar bu kabi talablar O‘zbekiston qonunchiligiga zid ekanini ta’kidlamoqda.
Fuqarolik kodeksining 385-moddasiga ko‘ra, shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga aniq zarar yetkazilgan taqdirda uni qoplash mumkin. Qurilish tashkilotlari esa ko‘p hollarda zarar ko‘rmaydi, chunki ko‘p qavatli uylar tipik loyiha asosida quriladi va ularni boshqa xaridorga osongina sotish mumkin.
Qo‘mita shuningdek, "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunning 21-moddasiga tayanib, iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlar haqiqiy emas deb hisoblanishini eslatdi.
Mutasaddilar fuqarolarga uy-joy xarid qilishdan oldin shartnoma shartlarini to‘liq o‘rganishni, zarur bo‘lsa, malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanishni tavsiya etmoqda.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan ishlar natijasida 8 nafar iste’molchining shartnomasi bekor qilinib, ularga 1,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilgan.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv imzolandi
O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Janubiy Koreyaning Geongsangnam-do viloyati o‘rtasida mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi, deb xabar berdi xususiy Podrobno.uz nashri 29-sentabr kuni.
"[O‘zbekiston] Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va Koreyaning Geongsangnam-do viloyati E-7 vizasi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu O‘zbekistonning yuqori malakali mutaxassislariga Janubiy Koreyaning asosiy sanoat tarmoqlarida rasmiy ishlash imkonini beradi," — deyiladi xabarda.
Xodimlarni tanlashda til bilimiga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlangan.
"Ushbu kelishuv yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Biz o‘zbekistonlik yoshlarning tayyorgarlik darajasini yuqori baholaymiz va ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz," — dedi viloyat gubernatori Pak Van-su.
Podrobno.uz’ga ko‘ra, tomonlar E-8 vizasi masalasini ham muhokama qilgan. Bu viza o‘zbekistonliklarga Janubiy Koreyada vaqtincha, ya’ni mavsumiy tarzda qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida ishlash imkonini beradi.
Nashr tushuntirishicha, E-7 vizasi malakali xorijiy mutaxassislarga beriladi, E-8 esa mavsumiy ishlar uchun mo‘ljallangan vaqtinchalik ruxsatnomadir.
26 sentyabr 2025. O‘zbekiston: Ukraina bilan iliq munosabatlar, AES da yangi hamkor, migrantlarga ish imkoniyatlari

Surat manbasi, Бахтиёр Саидов телеграм канали
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va uning ukrainalik hamkori Andriy Sibiga BMT Bosh Assambleyasi doirasida Nyu-Yorkda uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish masalasini muhokama qildilar. Bu haqda 26-sentabr kuni Podrobno.uz xabar berdi.
Uchrashuv BMT Bosh Assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tgan bo‘lib, ikki tomon savdo, investitsiyalar, ta’lim, madaniyat va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashgan.
Podrobno.uz ning yozishicha, Saidov o‘zining Telegram kanalida shunday degan: "Uchrashuvimiz O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi muloqotni chuqurlashtirish, sheriklikni mustahkamlash va xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiluvchi yangi imkoniyatlarni izlash borasidagi o‘zaro intilishni yana bir bor tasdiqladi."
O‘z navbatida, Sibiga tomonlar "siyosiy muloqotni tiklash va ikki tomonlama hamda ko‘p qirrali hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishganini" ta’kidladi.
"Ukraina O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish va Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlashga intiladi," — dedi u.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham BMT dagi o‘z nutqida Ukraina atrofidagi vaziyat butun dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotganini ta’kidlab, bu muammoni diplomatik yo‘l bilan hal etishga qaratilgan yuqori darajadagi muzokalalarning boshlanishini olqishlagan edi.
O‘zbekiston va AQSh atom energetikasi sohasida hamkorlik qiladi
O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari atom energetikasi sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda 25-sentabr kuni xususiy yangiliklar sayti Nova24 xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, ikki davlat mutaxassislari va sanoat vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida anglashuv memorandumi imzolangan. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmatiga tayanib, memorandum Brent Kristensen — AQSh Davlat departamentining qurol nazorati va xalqaro xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari hamda Muzaffarbek Madraximov — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari tomonidan imzolangan.
Nova24 ning yozishicha, memorandum ikki davlat olimlari va atom sohasidagi mutaxassislar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Hujjat atom energetikasi bo‘yicha bilim, texnologiya va standartlar almashuvini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, kelajakda ilmiy-tadqiqot muassasalari va atom reaktor infratuzilmasi bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish imkonini ham yaratadi.
Xabarda aytilishicha, memorandum doirasida AQSh O‘zbekistonning atom sanoatini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda. Bu tashabbus AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Amerika atom sanoatini global bozorda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, memorandumda O‘zbekistonda atom halokatlari yuz bergan taqdirda kompensatsiya olish imkonini beruvchi qonun loyihasi ham nazarda tutilgan. Ushbu qonun deputatlar tomonidan qabul qilingan bo‘lib, hozirda Senat tasdig‘ini kutmoqda.
Memorandum imzolanishi O‘zbekistonda energiyaga bo‘lgan talabni qoplash maqsadida atom elektr stansiyalari qurish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar fonida yuz bermoqda. Mamlakat allaqachon Rossiyaning Rosatom agentligi bilan birgalikda ilk AES qurilishini boshlagan.
2024-yil may oyida O‘zatom Rosatom bilan Jizzax viloyatida 330 MVt quvvatga ega AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Qurilma Rossiya dizayniga asoslangan bo‘lib, jami olti dona RITM-200N reaktorlarini o‘z ichiga oladi — bu reaktorlar avval atom muzqaymoq kemalarida qo‘llanilgan.
2024-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatomning muhandislik bo‘limi Atomstroexport AES qurilishini boshlash bo‘yicha protokol imzolagan. O‘shanda Rosatom stansiya 2029-yildan 2033-yilgacha bosqichma-bosqich ishga tushirilishini bildirgan.
Joriy yilning iyunь oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin loyihani qayta formatlash va ikkita yirik hamda ikkita kichik AES bloklarini qurish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Yevropada ish izlayotganlar uchun yangi imkoniyat paydo bo‘ldi

Surat manbasi, EPA
Migratsiya agentligi Slovakiyaning poytaxti Bratislava shahrida joylashgan Volkswagen avtomobil zavodida ishlash uchun tanlov e’lon qildi. Bu tanlov mashinasozlik sohasida tajribaga ega bo‘lgan, rus tilida muloqot qila oladigan, 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklar uchun mo‘ljallangan.
Nomzodlar ishchi viza ($100) va aviachipta ($300) xarajatlarini qoplaydi. Biroq, Migratsiya agentligi bu xarajatlarning bir qismini qoplab beradi. Tanlovda ishtirok etish uchun har bir nomzod Migratsiya agentligining XORIJDA ISh platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi lozimligi aytilga.
Yevropada barqaror ish, munosib maosh va ijtimoiy kafolatlar izlayotganlar uchun bu taklif katta imkoniyat bo‘lishi mumkin. Batafsil ma’lumot va ro‘yxatdan o‘tish uchun Migratsiya agentligining rasmiy platformasiga murojaat qilishlari bildirilgan.
24 sentyabr 2025. O‘zbekiston va jahon: Drimlaynerlar, BMTdagi chiqish va Rossiyadagi reyd

Surat manbasi, Reuters
Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan turib, dunyoga murojaat qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida nutq so‘zladi. U dunyodagi bugungi murakkab vaziyat, O‘zbekistondagi islohotlar va xalqaro hamjamiyat oldida turgan eng dolzarb muammolar haqida gapirdi.
Prezident dunyoda qarama-qarshiliklar kuchayib, institutlarning roli zaiflashayotganidan tashvish bildirdi. U BMTni asosiy muzokara maydoni sifatida saqlab qolish muhimligini ta’kidlab, Xavfsizlik Kengashini kengaytirishni taklif qildi. Bu, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini himoya qilish uchun kerak deya ta’kidladi.
O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yutug‘ini e’lon qildi: Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik makoniga aylantirish. Uning so‘zlariga ko‘ra, yopiq chegaralar va hal qilinmagan nizolar davri ortda qoldgan. Mintaqada savdo, investitsiya va transport aloqalari bir necha barobar oshgan. Mirziyoyev BMTni mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan rezolyutsiya qabul qilishga chaqirdi.
Global muammolarga yechimlar haqida gapirib, Afg‘onistonga diqqat qaratdi.
Afg‘onistonni yakkalab qo‘ymaslik va bu mamlakatda katta iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. U Afg‘oniston orqali transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida qilgan nutqida Falastin masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. U G‘azo sektoridagi insonparvarlik inqirozi tobora yomonlashib borayotganidan xavotir bildirdi va harbiy harakatlarni to‘xtatishga, siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi. Prezident, shuningdek, BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, "ikki xalq uchun – ikki davlat" tamoyilini amalga oshirishni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Shuningdek, iqlim masalalarida Orol dengizining qurishi masalasiga to‘xtalib, uning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sahro o‘simliklari ekilganini aytdi. O‘zbekistonda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumi o‘tkazilishini e’lon qildi.
Mirziyoyev raqamli rivojlanishdagi tengsizlikka barham berish uchun sun’iy intellekt sohasida xalqaro hamkorlik mexanizmi yaratishni taklif qildi. "Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati"ni tashkil etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirishni taklif etdi.
Nutq so‘ngida Prezident Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan ochiq muloqotga va hamkorlikka tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Xalqaro uchishlarga 8 milliard sarflanganda, mahalliy uchishlarda nima gap?

Surat manbasi, Silk Avia веб-саҳифасидан олинган кадр
Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSh kompaniyalari o‘rtasida 10 dan ortiq yirik bitim imzolangan. Ulardan eng yirigi "O‘zbekiston Havo yo‘llari" va Boeing Global kompaniyasi bilan tuzilgan 22 ta Boeing 787 Dreamliners samolyotini xarid qilish bo‘yicha shartnoma bo‘ldi. Bu shartnoma O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi tarixidagi eng yirik kelishuv hisoblanadi va 2031 yildan boshlab Yevropa, Osiyo va Amerika yo‘nalishlaridagi parvozlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Bu xaridni AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp ham qutlagan. Tramp ijtimoiy tarmoqda Prezident Mirziyoyevni bu bitim bilan tabriklagan.
Mahalliy parvozlar e’tibordan chetda qolmoqdami?
Mamlakatning xalqaro parvozlarga e’tibor qaratishi kompaniya daromadiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Ammo, mutaxassislar va kuzatuvchilarning fikricha, ichki parvozlarni rivojlantirish ham xuddi shunday muhim. Bugungi kunda Silk Avia kabi mahalliy yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarning bor-yo‘g‘i 3 ta samolyot bilan ishlayotgani va bu sonning ichki talabni qondirish uchun yetarli emasligi kuzatilmoqda.
Xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha yangi avlod samolyotlarini xarid qilish orqali global bozorga chiqish imkoniyati ortsa-da, ichki turizm va fuqarolarning mamlakat bo‘ylab harakatlanishi uchun mahalliy parvozlarni ham modernizatsiya qilish va ko‘paytirish zarurligi aytilmoqda.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Kontsertda migrantlarga reyd

Surat manbasi, Тармоқлардаги видеодан олинган кадр
Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida taniqli o‘zbek qo‘shiqchisi Jaloliddin Ahmadalievning kontserti davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng ko‘lamli reyd o‘tkazildi. Federal xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Rosgvardiya xodimlari ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar aylanmasiga qarshi kurashishga qaratilgani ma’lum qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kontsertga 620 nafar tomoshabin tashrif buyurgan bo‘lib, ulardan 210 nafari xorijiy fuqarolar ekani aniqlangan. Tekshiruvlar davomida taqiqlangan buyumlar yoki moddalar topilmagan. Shu bilan birga, 26 nafar chet el fuqarosi politsiya bo‘limiga olib ketilgan, ulardan sakkiz nafari Rossiya hududida noqonuniy ravishda bo‘lib turgani aniqlangan.
So‘nggi paytlarda Rossiyada mehnat muhojirlariga nisbatan nazorat choralari kuchaytirilmoqda. Bu jarayon Ukrainadagi urush va Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Xoll"da sodir bo‘lgan qurolli hujumlardan so‘ng yanada faollashgan. MDH mamlakatlari fuqarolarini urushga jalb etish harakatlari va reydlar orqali migrantlarga nisbatan bosim kuchaygani kuzatilmoqda.
Bunday reydlar nafaqat ichki siyosat, balki tashqi munosabatlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar shunday holatlar ortidan sovuqlashgani qayd etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston rasmiylari ham Rossiyadagi o‘z fuqarolarining huquqlari buzilayotganidan norozilik bildirib, bu haqda Kremlga rasmiy murojaat yo‘llagan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 3












