Yo qamoq, yo qashshoqlik – Tolibonning qaysi shartini tanlash mumkin?

rasmda ko‘knori guli old planda, orqada afg‘on fermeri va Tolibon a’zosi tasvirlangan.

Surat manbasi, BBC/Getty Images

O'qilish vaqti: 4 daq

Afg‘onistonning Hilmand viloyatidagi olis qishloqlardan birida, devorlar bilan o‘ralgan kichik ko‘knor ekinzorida Muhammad mehnat qilmoqda. Uning shaxsini xavfsizligi uchun oshkor etmayapmiz.

Aloqador mavzular:

Muhammad geroin ishlab chiqarishdagi asosiy modda – opiy olinadigan ko‘knorni ekib, parvarishlamoqda. Buni u AQSh va ittifoqchi qo‘shinlar mamlakatni tark etganidan so‘ng, 2022 yil aprelida Tolibon tomonidan joriy etilgan qat’iy taqiqqa qaramasdan qilmoqda.

O‘sha paytda Tolibon rahbari Haybatulloh Ohunzoda ko‘knor yetishtirishni man etgan, bu qoidaga amal qilmaganlar ekinlaridan mahrum qilinishi va Shariat qonunlari asosida jazolanishi haqida buyruq chiqargan edi.

Tolibon bu taqiqni opiyning inson salomatligiga zararli ta’siri va uning diniy ko‘rsatmalarga zidligi bilan izohlagan.

Dehqon qurigan dalasida o'tiradi
Surat tagso‘zi, Ayrim fermerlar Tolibon tomonidan hibsga olinmaslik uchun qiyinchiliklarga chidashga tayyor

«Majburman, boshqa ilojim yo‘q. Oilamni boqishim kerak», deydi u.

Qurg‘oqchilik sababli Muhammad kabi ko‘plab dehqonlar ko‘knordan boshqa ekin turlariga o‘tishga qiynalmoqda. Chunki ko‘knor suvsiz sharoitda ham o‘saveradi.

Muhammadning aytishicha, ish o‘rni yo‘q va ko‘knordan keladigan daromadsiz u farzandlarini boqolmaydi.

«Maktabni ancha oldin tugatganman, lekin hech kim ish bermadi. Hozir ham ish yo‘q. Yagona yo‘l shu», deydi u.

Uning hisob-kitobiga ko‘ra, agar u hosilni to‘la yig‘ib olsa, butun oilasining bir yillik xarajatlarini qoplashga yetadi.

Ko'knor dalasi
EPA
Qurg‘oqchilik sababli Muhammad kabi ko‘plab dehqonlar ko‘knordan boshqa ekin turlariga o‘tishga qiynalmoqda. Chunki ko‘knor suvsiz sharoitda ham o‘saveradi.
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

Jahon ta’minot zanjiridagi uzilishlar

Biroq ko‘plab dehqonlar Tolibon taqiqiga amal qilgan, oqibatda dunyoda opiy ta’minoti jiddiy qisqargan.

BMTning G‘iyohvand moddalar va jinoyatlar bo‘yicha boshqarmasi (UNDC) ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda dunyoda yetishtirilgan opiy miqdori 2022 yilga nisbatan 72% ga kamaygan. 2019–2022 yillarda opiy savdosidan tushgan taxminiy yillik daromad 15,5 milliard dollarni tashkil etgan.

Taqiqdan avval Afg‘oniston dunyodagi opiyning 80% dan ortig‘ini ta’minlagan. Ammo UNDCning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, hozir bu ko‘rsatkich 95% ga qisqargan.

Shu bilan birga, 2023–2024 yillarda mamlakatda noqonuniy ko‘knor yetishtirishda bir oz o‘sish kuzatilgan.

2023 yilgi hosil mavsumi boshlanishidan avval Afg‘onistonda to‘plangan opiy zaxiralari 2026 yil oxirigacha talabni qoplashga yetarli ekani qayd etilgan.

Hozirda quritilgan opiy narxi mamlakat ichida taqiqdan avvalgi davrga nisbatan o‘n barobargacha qimmatlagan.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston va uning qo‘shnilarida geroin narxi uch barobargacha oshgan. Bu esa ayrim dehqonlarni yana ko‘knor yetishtirishga qiziqtirishi mumkin.

Qolaversa, UNDC jahon bozorida geroin tanqisligi ortidan yangi, kuchli va o‘ta xavfli sintetik narkotiklar – jumladan nitazen va fentanil singari moddalar tarqalishi borasida jiddiy xavotir bildirgan.

Tolibon taqiqidan oldin NATO va AQSh kuchlari Afg‘onistonda bo‘lgan paytda ko‘knor yetishtirishga qarshi kurash uchun millionlab dollar sarflangan.

Biroq dehqonlar aytishicha, ularga va’da qilingan yordam – boshqa ekin turlariga o‘tish yoki muqobil tirikchilik manbai shaklidagi qo‘llab-quvvatlov amalda ularga yetib bormagan. Endi esa ular jazo va qashshoqlik o‘rtasida tanlovga majbur: taqiqni buzsa qamaladi, amal qilsa – ocharchilik.

Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish taqiqlanganidan keyin o‘z dalasini muqobil ekin uchun tayyorlayotgan fermerning yaqindan surati
Surat tagso‘zi, Ko‘plab fermerlar og‘ir sharoit va ko‘knori nisbatan qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lishiga qaramay, ko‘knori yetishtirishga qo‘yilgan taqiqqa bo‘ysunishdi.

«Qamashadi»

Taqiqdan avval Hilmand viloyati Afg‘onistondagi eng yirik opiy ishlab chiqaruvchi hudud edi.

Rasmiylar aytishicha, bugungi kunda viloyatda rasman ko‘knor yetishtirish deyarli to‘xtagan. Ammo o‘tgan yili taxminan 1400 gektar maydonda yashirincha ko‘knor ekilgan.

Navzod tumanidagi fermer Aminulloh esa xavfdan qo‘rqib, ko‘knor o‘rniga jo‘xori, bug‘doy va paxta ekishga o‘tgan.

"Qamashadi, olti oyga, – deydi u gilam yoyilgan xonada bolalari bilan o‘tirib. – Agar qamalsam, bolalarimga hech kim qaramaydi. Shuning uchun tinchgina ularning yonida bo‘lay dedim".

Aminulloh yerining bor-yo‘g‘i 15% qismidagina ekin ekibdi, qolgan yer qurg‘oqchilikdan hosilga yaroqsiz.

«Bu hosil hatto xarajatlarimni ham qoplamaydi», deydi u.

Shunday og‘ir sharoitda ham Aminulloh bolalari bilan bo‘lish uchun och qolishga ham tayyor.

Afg‘onistonning Hilmand viloyatidagi dalada orqasini kameraga qo‘ygan fermer sayr qilmoqda
Surat tagso‘zi, Bir paytlar Hilmand Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish markazi bo‘lgan, ammo hozir deyarli yetishtirilmaydi

Taqiqlangan moddaga oid qonunni Mahammad kabi buzganlar turli jazolarga duch kelmoqda.

Bir jerib yer 0,2 gektarga teng.

"Agar dehqon yarim jeribdan kam maydonga ko‘knor eksa, uni olti oylik qamoq kutadi", deydi Bi-bi-siga Hilmand politsiyasi matbuot kotibi kapitan Izzatullo Haqqoniy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yarimdan bir jeribgacha bo‘lgan ekish uchun to‘qqiz oylik qamoq, bir jeribdan ortiq maydon uchun esa bir yillik qamoq jazosi belgilangan.

"Hammasini yo‘q qil!"

Ahmad ko‘knor taqiqini joriy etish uchun Tolibon qanday choralar ko‘rayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

Qorong‘i xonada ehtiyotkorlik bilan so‘z boshlar ekan, u Tolibon eshigini taqillatgan kunni eslaydi.

"Men ularga: 'Ko‘knor uchun kelgan bo‘lsangiz, hammasini yo‘q qilaman', dedim", deya xotirlaydi u.

Ahmadga ertasi kuni soat 9:00 gacha ko‘knorni to‘liq yo‘q qilish uchun muhlat berilgan.

Biroq Tolibon ertaroq qayta kelgan.

"Garchi bir qismini yo‘q qilgan bo‘lsam-da, qolgan joylari bor edi. Shunda ular meni hibsga olib, qamoqqa tashlashdi", deydi u.

Ahmad hozir yerini boshqa ekinlar uchun tayyorlamoqda, ammo aytishicha, unga yordam kerak. Aks holda, yana ko‘knor ekishga majbur bo‘lishi mumkin.

"Agar pul bo‘lmasa, menda boshqa iloj yo‘q. Yana ekaman. Pul yo‘q", deydi u.

Ko‘pchilik uchun yuqori daromad keltiradigan ekindan voz kechish oson emas.

Hokimiyatdagilar ham kelajakda og‘ir tanlov qarshisida qolishi mumkin.

Agar dehqonlar uchun ko‘knor o‘rniga munosib va daromadli muqobil chora topilmasa, oilasini boqa olmasa, bunday taqiq oxir-oqibat Tolibon hukumatini bor qo‘llab-quvvatlovdan ham mahrum etishi mumkin.