Tanamizda yashirin bir xazina topildi, u biz uchun qanchalik muhim?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Jeyms Gallaher
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 3 daq
Olimlar immunitetning yangi qismi kashf etilganini va u kelajak antibiotiklari uchun «oltin koni» ekanligini aytmoqda.
Ular tananing oqsillarni qayta ishlovchi qismi bakteriyalarni o‘ldiradigan kimyoviy modda ham chiqarishini aniqladilar.
Isroillik tadqiqotchilar aytishicha, bu bizning immunitetimiz haqidagi tushunchamizni tubdan o‘zgartiradi.
Shuningdek, bu hozirgi dorilarga chidamli bo‘lgan superbakteriyalar muammosini hal qilish uchun yangi antibiotiklarni topishga ham yordam beradi.
Kashfiyotning muhim qismi tananing har bir hujayrasida bo‘lgan kichik tuzilma – proteasomadir.
Proteosomaning asosiy vazifasi eski oqsillarni parchalash. Shunda ulardan yangi oqsillar hosil qilinadi.
Ammo "Nature" jurnalida batafsil yoritilgan bir qator tajribalar ko‘rsatishicha, hujayra bakteriya bilan zararlanganda proteasoma boshqacha ishlay boshlaydi.
U o‘z vazifasini o‘zgartiradi – eski oqsillarni bakteriyalarning qobig‘ini yorib tashlaydigan qurolga aylantira boshlaydi.

Surat manbasi, Weizmann Institute of Science
Vayzmann ilmiy-tadqiqot instituti professori Yifat Merbl shunday deydi: "Ilgari bunday hodisadan bexabar edik.
Biz bakterial infektsiyadan himoya qiladigan immunitetning yangi mexanizmini kashf etdik.
Bu tanamizdagi barcha hujayralarda sodir bo‘ladi va potentsial tabiiy antibiotiklarning butunlay yangi sinfini hosil qiladi."
Biz bakterial infeksiyadan himoya qiladigan immunitetning yangi mexanizmini kashf etdik. Bu tanamizdagi barcha hujayralarda sodir bo‘ladi.
Tadqiqotchilar ushbu tabiiy antibiotiklarni topish uchun "axlat qutiga sho‘ng‘ish" deb nomlangan jarayonni amalga oshirdi.
Ular laboratoriyada o‘stirilgan bakteriyalarda hamda pnevmoniya va sepsis bilan kasallangan sichqonlarda sinovdan o‘tkazildi. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, ba’zi mavjud antibiotiklar bilan taqqoslasa bo‘ladigan natijalar olingan.
Tadqiqotchilar laboratoriyada hujayra proteasomasini ishdan chiqarganlarida, ularga Salmonella kabi bakteriyalarni yuqtirish ancha osonlashgan.

Surat manbasi, Weizmann Institute of Science
Imperial kollejning biologik fanlar bo‘limi boshlig‘i va immunolog, professor Daniel Devisning aytishicha, bu topilmalar "juda muhim va qiziqarli", chunki ular tanamizning infektsiyaga qarshiligi haqidagi tushunchamizni o‘zgartiradi.
"Buning qiziq tomoni shuki, bu hujayralarimiz ichida mikroblarga qarshi molekulalar hosil bo‘lishining bizga ilgari ma’lum bo‘lmagan jarayoni."
Uning fikricha, buni antibiotiklarning yangi manbasiga aylantirish "hali ko‘p sinovdan o‘tkazilishi kerak".
Taxminlarga ko‘ra, har yili bir milliondan ortiq odam antibiotiklarga chidamli bo‘lgan infektsiyalardan vafot etadi.
Ammo ehtiyoj katta bo‘lishiga qaramay, talabga javob beradigan yangi antibiotiklarni ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar yetarli emas.
Bunday vaziyatda yangi imkoniyatning paydo bo‘lishi ba’zi olimlar uchun umid manbaiga aylanmoqda.
London Qirollik kollejining mikrobiologiya bo‘yicha katta o‘qituvchisi doktor Lindsi Edvards Bi-bi-si bilan suhbatda shunday dedi: "Bu yangi antibiotiklar uchun potentsial oltin koni, bu juda hayajonli.
Avvalgi yillarda yangi antibiotiklarni topish uchun tuproqni kavlash kerak edi. Hozir esa ularni o‘z tanamizdan topishimiz kutilmagan bo‘ldi."
Ularni dori vositalariga aylantirish bilan bog‘liq muammolar kamroq bo‘lishi mumkinligini aytadi olim, chunki ular allaqachon inson tanasi mahsuloti, shuning uchun "xavfsizlik masalasi ancha osonroq hal etilishi mumkin."












