AQSh hakami Mahmud Xalilni deportatsiya qilishga qaror chiqardi, YeI Isroil bilan savdosini cheklamoqchi, Makron Bridjit ayol ekanini isbotlamoqchi (video)

Mahmud Xalil

Surat manbasi, Reuters

    • Author, Devid Gritten
  • O'qilish vaqti: 9 daq

AQShdagi migratsiya sudyasi Falastin faoli Mahmud Xalilni Jazoir yoki Suriyaga deportatsiya qilish haqida qaror qabul qildi. Bu qaror Xalilning "Grin karta"ga ariza topshirayotganida go‘yoki o‘zi haqidagi ayrim ma’lumotlarni yashirgani haqidagi da’volarga asoslangan.

Luizianadagi sudya Jami Komansga ko‘ra, Mahmud Xalil "immigratsiya jarayonini chetlab o‘tish maqsadida ma’lumotni ataylab noto‘g‘ri taqdim etgan".

Amerika Fuqarolik erkinliklari ittifoqi(American Civil Liberties Union)ga bergan bayonotida Xalil shunday dedi: "Tramp ma’muriyati mening so‘z erkinligimdan foydalanganim uchun jazolashni davom ettirayotgani hayratlanarli emas."

Kelib chiqishi falastinlik Mahmud Xalil AQShda doimiy yashovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va 2024 yildagi Kolumbiya universitetidagi G‘azo urushiga qarshi namoyishlarda yetakchi shaxs sifatida tanilgan.

30 yoshli Mahmud Xalilning advokatlari sudning so‘nggi qaroriga qarshi apellyatsiya berishini ma’lum qildilar. Shuningdek, federal sudning alohida qarorlari hukumatga uni deportatsiya qilish yoki qamoqqa olishni taqiqlashini ta’kidladilar.

2025 yil mart oyida Tramp ma’muriyatining antisemitizmga qarshi kurash bahonasida universitetlarga bosim o‘tkazish siyosati doirasida Mahmud Xalilni AQSh Immigratsiya va Bojxona nazorati (ICE) xodimlari hibsga olgan edilar.

O‘zi Suriyada tug‘ilgan va Jazoir fuqarosi bo‘lgan Mahmud Xalil Luizianadagi migratsiya qamoqxonasida uch oy ushlandi. Keyin federal sudya uni jamoat xavfsizligiga tahdid solmaydi va qochish xavfi yo‘q deb topib, 20 iyun kuni ozod etishga qaror qildi.

Xalil qamoqdaligi payti uning AQSh fuqarosi bo‘lgan rafiqasi farzand ko‘rdi.

Mart oyida AQSh hukumati Mahmud Xalilni migratsiya hujjatlarida o‘zining avvalgi aloqalari haqidagi ma’lumotlarni yashirganlikda aybladi. Bu aloqalar orasida BMTning Falastinliklarga yordam berish agentligi — UNRWAda ishlagani va va Bayrutdagi Britaniya elchixonasidagi "davom etayotgan ish faoliyati" ham bor.

Iqtibos

Surat manbasi, .

So‘nggi qarorga munosabat bildirgan Xalil shunday dedi: "Meni deportatsiya qilishga birinchi urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganida, ular menga qarshi asossiz va kulgili da’volarni to‘qib chiqarishga o‘tdilar. Bu mening Falastinni qo‘llab-quvvatlashim va genotsidga barham berish talabimni jilovlashga urinishdir."

Iyun oyida Xalilning advokatlari 20 million dollarlik da’vo arizasini kiritdilar. Unda noqonuniy ozodlikdan mahrum etganlari, yomon niyat bilan ta’qib etganlari va antisemit deb yomonotliq qilganlari uchun tovon to‘lash talabi ilgari surilgan.

Prezident Tramp bir necha bor Xalil va boshqa Falastin tarafdori bo‘lgan faollarni Hamas qurolli guruhini qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Hamasni AQSh terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. Prezident Tramp bu namoyishchilarni deportatsiya qilish kerakligini aytgan va Xalilning hibsga olinishini "ko‘plab hibslardan birinchisi" deb atagan.

2024 yildagi Kolumbiya universiteti namoyishlarida Xalilning ishtiroki uni jamoat e’tiboriga olib chiqdi. U universitet ma’muriyati va namoyishchilar o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi sifatida qatnashdi.

Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi faollar Xalilni Columbia University Apartheid Divest (CUAD) guruhining yetakchisi deb ataganlar. Bu talabalar guruhi universitetdan Isroil bilan moliyaviy aloqalarni uzish va G‘azoda o‘t otishni to‘xtatish talablarini ilgari surgan.

Mahmud Xalil Associated Press agentligiga bu guruhni boshqarmaganini, faqat namoyishchilarning matbuot kotibi va universitet bilan vositachisi sifatida faoliyat yuritganini aytgan.

Yevropa Ittifoqi G‘azo urushi tufayli Isroil bilan savdoni cheklashga chaqirdi

Yevropa Ittifoqi Prezidenti Ursula fon der Lyayen

Surat manbasi, Getty Images

Yevropa Komissiyasi Isroil bilan savdoni cheklash va uning hukumatidagi ekstremist vazirlarga qarshi sanksiyalar joriy etish rejasini e’lon qildi. Agar bu reja qabul qilinsa, G‘azodagi urushga nisbatan YeIning eng qat’iy javobi bo‘ladi.

Komissiya Prezidenti Ursula fon der Lyayen tomonidan o‘tgan haftada e’lon qilingan rejalar YeI–Isroil Assotsiatsiya kelishuvining savdoga oid moddalarini to‘xtatishni o‘z ichiga oladi.

Bu Isroil mahsulotlarini Yevropa bozorlariga imtiyozli kirish huquqidan mahrum qiladi, milliardlab Yevro qiymatdagi eksportga, ayniqsa xurmo va turli sitrus mevalari kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga boj to‘lovlari joriy etiladi.

Biroq qattiq bayonotlarga qaramasdan, bu choralar qabul qilinishi ehtimoli past va Isroil tomonidan "axloqiy va siyosiy jihatdan buzilgan" deb baholandi.

Savdo cheklovlari YeIga a’zo davlatlarning ko‘pchilik ovozini hamda muayyan shaxslarga nisbatan sanksiyalar yakdillikni talab etadi.

Germaniya va Italiya kabi asosiy a’zo davlatlar bu rejaga qarshi bo‘lib turganlari, Irlandiya va Ispaniya kabi mamlakatlarning esa bundan ham qattiqroq choralarni talab qilayotganlari tufayli, uning qabul qilinish ehtimoli past deb ko‘rilmoqda.

YeI tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas Yevropa Kengashidagi murakkablikni tan oldi va jurnalistlarga shunday dedi: "Siyosiy pozitsiyalar hozircha o‘zgarmagan holda qolayotir."

U paket "Hamas terrorchilari", Isroil hukumatidagi nomi e’lon etilmagan "ekstremist vazirlar" va G‘arbiy Sohilda jazosizlikni qo‘llab-quvvatlayotgan "zo‘ravon ko‘chmanchilar va tashkilotlar"ga ham qaratilganini aytdi.

Yevropa Ittifoqi Isroilning birinchi raqamli savdo hamkori hisoblanadi, 2024 yilda 42,6 milliard Yevrolik Isroil tovar savdosining 32 foizi YeIga to‘g‘ri kelgan. Shunga qaramasdan, boj imtiyozlarini bekor qilishning iqtisodiy ta’siri cheklangan bo‘ladi. Savdo komissari Marosh Shefchovich bu ta’sirni yiliga atigi 227 million Yevro deb baholadi.

Darhol kuchga kiradigan yagona chora — Isroil hukumatiga ikki tomonlama moliyaviy yordamni to‘xtatishdir. Ammo bu ham asosan ramziy ahamiyatga ega, chunki 2020–2024 yillar uchun ajratilgan 14 million Yevrodan faqat 9,4 million Yevro sarflangan va bu chora a’zo davlatlar tasdig‘ini talab qilmaydi.

Janubiy Yevropa bo‘yicha Komissar Dubravka Shuitsa antisemitizmga qarshi kurash va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lar ta’sirlanmasligini ta’kidladi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Komissiya takliflarini "axloqiy va siyosiy jihatdan buzilgan" deb tanqid qildi.

U o‘zining X(sobiq Tvitter) ijtimoiy tarmog‘ida sahifasida Isroilga qarshi harakatlar Yevropaning o‘z manfaatlariga zarar yetkazadi deb ogohlantirdi. U Isroilga qarshi har qanday choralarga "o‘xshash javob" berilishini va’da qildi.

Bu choralar YeI a’zolari tomonidan qachon ovozga qo‘yilishi hozircha aniq emas.

Makron AQSh sudiga Bridjit ayol ekanining "ilmiy dalili"ni taqdim etadi dedi advokati

Emmanuel va Bridjit Makron

Surat manbasi, Getty Images

O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron va uning rafiqasi Bridjit Makron AQSh sudiga Bridjit Makron ayol ekanini isbotlash uchun fotosuratlar va ilmiy dalillar taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Frantsiya prezidenti va uning rafiqasi o‘ng qanot amerikalik inflyuenser Kandas Ouensga qarshi tuhmat da’vosi bilan murojaat qilgan. Ouens Bridjit Makron aslida erkak bo‘lib tug‘ilgan deb da’vo qilgan.

Makronlarning advokati Tom Kler BBC'ning Fame Under Fire podkastida shunday dedi: "Bridjit uchun bu da’volar juda og‘riqli bo‘ldi va Frantsiya prezidenti uchun ham bu e’tiborni chalg‘ituvchi omilga aylandi."

U shunday davom etdi: "Men bu uning ish faoliyatiga jiddiy ta’sir qilgan demoqchi emasman. Lekin har qanday inson kabi, oilasiga tahdid bo‘lsa, bu uni charchatadi. Prezident bo‘lishi uni bundan mustasno qilmaydi."

Advokatning aytishicha, sudda "ilmiy asoslangan mutaxassis fikrlari" taqdim etiladi. U bu dalillarning aniq mazmunini hozircha oshkor qilmagan, ammo Makronlar bu da’volar yolg‘on ekanini umumiy va aniq tarzda isbotlashga tayyor ekanini aytishgan.

"Bunday dalillarni taqdim etishga majbur bo‘lish juda og‘riqli," dedi u. "Bu juda ommaviy jarayon bo‘ladi, lekin u tayyor. U haqiqatni tiklash uchun nima kerak bo‘lsa, shunga tayyor."

Sudda Bridjit Makronning homiladorlik paytidagi suratlari va farzand tarbiyasiga oid dalillar ham taqdim etilishi mumkin. Advokat bu suratlar mavjudligini aytdi, sudda taqdim etiladi dedi.

Kandas Ouens, o‘ngchi Daily Wire nashrining sobiq sharhlovchisi, ijtimoiy tarmoqlarda millionlab kuzatuvchilarga ega va Bridjit Makron haqidagi da’volarini bir necha bor takrorlagan.

2024 yil mart oyida u bu da’vo uchun "butun kasbiy obro‘sini xavf ostiga qo‘yishini" aytgan. Bu da’vo ilk bor 2021 yilda frantsuz blogerlari Amandin Rua va Natasha Rey tomonidan YouTube orqali tarqatilgan.

Makronlar 2024 yilda Frantsiyada Rua va Reyga qarshi tuhmat ishini yutib chiqishgan, ammo 2025 yili ushbu sud qarori so‘z erkinligi asosidagi apellyatsiyada bekor qilingan. Ayni hozir Makronlar bu qarorga qarshi shikoyat bilan murojaat qilganlar.

2025 yil iyul oyida Makronlar AQShda Ouensga qarshi da’vo arizasini topshirishdi. Ular Ouens "o‘z da’volarini rad etuvchi ishonchli dalillarni inkor etib, to‘qib chiqarilgan nazariyalar va tuhmatchilarni targ‘ib qilgan" deb ayblashmoqda.

AQShdagi tuhmat ishlarida, ayniqsa ommaviy shaxslarga nisbatan, da’vogar "haqiqiy yovuz niyat"ni isbotlashi kerak — ya’ni da’vogar yolg‘on ma’lumot tarqatganini bilgan yoki haqiqatga befarq bo‘lgan.

2025 yil avgustida Emmanuel Makron Paris Match jurnaliga nega huquqiy chora ko‘rishga qaror qilganini shunday tushuntirdi: "Bu mening sha’nimni himoya qilish haqida! Chunki bu mutlaq bema’nilik. Bu kimsa yolg‘on ma’lumotga ega ekanini yaxshi bilgan va shu orqali zarar yetkazishni maqsad qilgan. Bu mafkura xizmatida qilingan ish va o‘ngchi yetakchilar bilan aloqadorlikka ega."

Ouensning advokatlari da’voni rad etishni so‘rab, ish Delaverda ko‘rilmasligi kerak, demoqdalar.

Ularga ko‘ra, Ouensning bizneslari Delaverda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, u bu shtatda yashamaydi va u yerda shaxsiy aloqalari yo‘q. Shuning uchun u yerda sudga jalb etilishi "katta moliyaviy va amaliy qiyinchilik" keltirib chiqaradi.

BBC Kandas Ouensning huquqiy jamoasiga izoh so‘rab murojaat qildi. Ouens esa avvalroq shunday degan: "Men aytgan gaplarimga ishonaman. Amerikada so‘z erkinligi va tanqid qilish huquqidan ko‘ra amerikalikroq narsa yo‘q."

16 sentyabr. BMT komissiyasi: Isroil G‘azoda genotsid sodir etgan - Video

G‘azolik o‘smir Xolid al-Shinbariyning onasi uning dafn marosimi payti poyafzaalini qo‘lida ushlab turib yig‘lamoqda al-Shifa hospital, Gaza City (28 August 2025)

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, BMT tekshiruv komissiyasiga ko‘ra, G‘azodagi urush payti Isroil falastinliklarga qarshi besh genotsid harakatidan to‘rttasini amalga oshirganiga asosli dalillar bor

BMTning mustaqil tergov komissiyasiga ko‘ra, Isroil G‘azoda falastinliklarga qarshi genotsid sodir etgan.

Yangi hisobotda 2023 yilda Hamas bilan urush boshlanganidan beri xalqaro huquqda belgilangan beshta genotsid harakatidan to‘rttasi amalga oshirilganiga asosli dalillar borligi aytilgan.

Aloqador mavzular

Ular quyidagilar:

  • guruh a’zolarini o‘ldirish;
  • ularga jiddiy jismoniy va ruhiy zarar yetkazish;
  • guruhni yo‘q qilishga olib keluvchi sharoitlarni qasddan yaratish;
  • tug‘ilishning oldini olish.

Hisobotda Isroil rahbarlarining bayonotlari va Isroil qo‘shinlarining faoliyatlari genotsid harakatlariga dalolat sifatida keltirilgan.

Isroil tashqi ishlar vazirligi hisobotni "qalbaki va soxta" deb keskin rad etdi.

Vazirlik vakili komissiyadagi uch mutaxassisni "Hamas guruhining "ilovalari" deb atab, ular "boshqalar tomonidan tarqatilgan Hamas yolg‘onlariga to‘liq tayangan"ini bildirdi.

"Hisobotdagi yolg‘onlarga mutlaq zid holda, aynan Hamas Isroilda genotsid urinishini qilgan — 1200 odamni o‘ldirgan, ayollarni zo‘rlagan, oilalarni tiriklay yoqqan va barcha yahudiylarni o‘ldirish maqsadini oshkora e’lon qilgan", dedi u.

Isroil armiyasi 2023 yil 7 oktyabrda Hamas boshchiligidagi mislsiz hujumda janubiy Isroilda 1200 kishi halok bo‘lib, 251 kishi asir olinganidan keyin G‘azoda harbiy amaliyot boshladi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumoticha, shundan beri Isroil hujumlarida kamida 64 905 kishi halok bo‘lgan.

Aholining ko‘p qismi takroriy ravishda ko‘chirilgan; uy-joylarning 90% dan ortig‘i vayron qilingan; sog‘liqni saqlash, suv va sanitariya tizimlari yiqilgan; BMT qo‘llab-quvvatlagan mutaxassislar G‘azo shahrida ocharchilik hukm surayotganini e’lon qilgan.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

Falastin hududidagi huquqbuzarliklarni o‘rganish uchun 2021 yilda tuzilgan komissiya uch a’zodan iborat bo‘lib, uni Janubiy Afrikadan bo‘lgan sobiq BMT inson huquqlari rahbari Navi Pillay boshqarmoqda.

Komissiyaning so‘nggi hisobotida Isroil hukumat va armiyasi 1948 yilgi Genotsid konventsiyasida belgilangan harakatlardan to‘rttasini G‘azodagi falastinliklarga nisbatan sodir etgani aytilgan:

  • Guruh a’zolarini hujumlar orqali o‘ldirish
  • Jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazish
  • Guruhning hayotiy sharoitlarini yo‘q qilishga qaratilgan siyosat yuritish
  • Tug‘ilishning oldini olish choralari (jumladan 2023 yil dekabrida G‘azodagi eng yirik sun’iy urug‘lantirish markazi vayron qilinib, minglab embrion va namunalar yo‘q qilingani qayd etilgan)
Isroil harbiylari yuz minglab falastinliklarni G‘azo shahrini bosib olish maqsadidagi quruqlik amaliyoti oldidan shahardan chiqib ketishga chaqirdi (14 September 2025)

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil harbiylari yuz minglab falastinliklarni G‘azo shahrini bosib olish maqsadidagi quruqlik amaliyoti oldidan shahardan chiqib ketishga chaqirdi

Komissiya, shuningdek, Isroil Prezidenti Ishoq Gertsog, Bosh vazir Benyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni "genotsidga undagan"likda aybladi.

Hisobotga ko‘ra, Isroil armiyasi falastinliklarni ommaviy ravishda yo‘q qilishga qaratilgan og‘ir qurollardan foydalangan, diniy, madaniy va ta’lim muassasalarini tizimli tarzda yo‘q qilgan hamda G‘azoni qamal qilib, aholini och qoldirgan.

Navi Pillay BBCga bergan intervyusida shunday dedi:

"2023 yil 7 oktyabrdayoq Bosh vazir Netanyahu Hamas joylashgan, yashiringan va faoliyat olib borayotgan barcha manzillarga… 'intiqom' va’dasini berdi. U bu shaharni "yovuz" deya ta’sirlab, uni yer bilan yakson qilamiz, dedi".

"Uning 'yovuz shahar' iborasidan foydalanishi butun G‘azo (G‘azo shahri)ni javobgar va intiqom ob’ekti deb bilganini anglatadi. U falastinliklarga 'hoziroq ketinglar, chunki biz har joyda qattiqqo‘llik bilan harakat qilamiz', deb aytdi", dedi u.

Pillay shuningdek, "bizga barcha harakatlarni yig‘ib, aniq xulosalar chiqarish va ular sodir etilganini tekshirish uchun ikki yil kerak bo‘ldi… Faqat faktlar yo‘nalish berishi mumkin. Va bu harakatlar aynan shu niyat bilan qilingan bo‘lsa, ularni Genotsid konventsiyasi manzarasida ko‘rish mumkin", dedi.

Komissiya Isroil siyosiy va harbiy rahbarlarining harakatlari "Isroil davlatining o‘zini ifodalaydi" va shu sababli davlat "genotsidning oldini olmagani, uni sodir etgani va jazolamagani uchun mas’ul" ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, komissiya barcha boshqa davlatlar Genotsid konventsiyasiga ko‘ra "genotsid jinoyatini oldini olish va jazolash" majburiyatiga ega ekanini, bunga e’tibor qilmasalar, sheriklikda aybdor bo‘lishi mumkinligini uqtirdi.

"Biz halicha ayrim tomonlarni sherik yoki genotsidda mas’ul deb aniq ko‘rsatmadik. Lekin bu komissiyaning davomiy ishlaridan biri. Ular bu bosqichga ham yetib borishadi", dedi Pillay.

Qator xalqaro va isroillik inson huquqlari tashkilotlari, mustaqil BMT ekspertlari va olimlar ham Isroilni G‘azoda falastinliklarga qarshi genotsid sodir etganlikda ayblagan.

Ayni paytda Xalqaro Adolat sudi (ICJ) Janubiy Afrika tomonidan berilgan da’voni ko‘rib chiqmoqda. Unda Isroil armiyasi genotsid sodir etgani aytilgan. Isroil esa bu ishni "asossiz" va "yakqol yolg‘on da’volarga asoslangan" deb rad etadi.