Bryussel tashrifi, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari Markaziy Osiyoni ham chetlamadimi? Yangi qurilishlarga yangi talab

Prezident Mirziyoyev Bryusselda

Surat manbasi, president.uz

    • Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston Prezidenti Bryusselga tashrif buyurib, Yevropa Ittifoqi bilan keng ko‘lamli hamkorlik bitimini imzolaydi.

Tashrif davomida u Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula von der Leen hamda Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining rasmiy sayti kecha xabar berdi.

Tashrifning asosiy maqsadi — shu yilning aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo–YeI sammitida erishilgan kelishuvlarni yanada rivojlantirish.

Kun tartibidagi eng muhim masala — ertaga O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan Hamkorlik va Hamkorlik Bitimini (EPCA) imzolashdir. Ushbu yangi hujjat 1996 yilda imzolangan avvalgi bitim o‘rnini egallaydi. Yangi bitim savdo, bojxona boshqaruvi, intellektual mulk va raqobat kabi sohalardagi hamkorlikni kengaytiradi, shuningdek, xavfsizlik, migratsiya va inson huquqlari kabi zamonaviy muammolarga ham yechim topishga qaratilgan.

Xabarga ko‘ra, muzokaralarda savdo, investitsiyalar, energetika, transport va ilmiy hamkorlik yo‘nalishlaridagi ikki tomonlama loyihalar va dasturlarni ilgari surish masalalari ham muhokama qilinadi.

Prezident Mirziyoyev tashrif doirasida Belgiya rahbariyati, shuningdek, Yevropaning yirik kompaniya va banklarining rahbarlari bilan ham uchrashadi. Uchrashuvlarda texnologik va sanoat sohalaridagi hamkorlikni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilishi aytilmoqda.

Markaziy Osiyo banklariga tranzaksiya taqiqi, Qirg‘izistonning kripto loyihasi nishonga olindi

Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini qabul qildi. Bu paket moliya, energetika va harbiy sanoat sohalarini qamrab olgan yangi iqtisodiy cheklovlarni o‘z ichiga oladi. Muhim jihatlardan biri — Rossiyaning urush harakatlarini moliyalashtirishda yordam berayotgan uchinchi davlat banklari va moliyaviy tashkilotlarini nishonga olishdir.

Yangi sanksiyalar paketi doirasida Markaziy Osiyodagi bir nechta banklarga tranzaksiya taqiqi joriy qilindi. Bu banklar Rossiya bilan moliyaviy aloqalari va to‘lov tizimlari orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etgani uchun jazolandi.

Qozog‘istondagi to‘rt bank va Belarusdagi to‘rt bank Yevropa Ittifoqi tomonidan tranzaksiya taqiqiga uchradi. Ularning Rossiya moliyaviy tizimlari bilan aloqalari hujjatlar bilan tasdiqlangan.

Tojikiston, Qirg‘iziston, BAA va Gonkongdagi jami sakkizta bank va neftь savdogarlari ham sanksiyaga uchradi. Ular YeI sanksiyalarini chetlab o‘tishda faol ishtirok etgani uchun jazolandi.

An’anaviy bank sanksiyalaridan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning kriptovalyutalar orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishiga qarshi choralar ko‘rmoqda.

Rossiya davlat ko‘magida yaratilgan A7A5 nomli stabilkoin Ukraina urushini moliyalashtirishda muhim vosita sifatida aniqlangan. Shu sababli, bu kripto loyihaga ham sanksiyalar joriy qilindi.

Zilzila xavfsizligi kuchaytiriladi

O‘zbekiston Prezidentining 20 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, raqamlashtirish va sun’iy intellekt (SI) texnologiyalaridan keng foydalanish orqali aholini, tarixiy obidalarni va muhim infratuzilmani zilzilada xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Yangi qarorning asosiy yo‘nalishlaridan biri — madaniy meros ob’ektlari va transport yo‘llarining seysmik barqarorligini ta’minlashdir.

Rejaga ko‘ra, aholi xavsizligi ta’minlash uchun 2026 yil 1 martdan boshlab, avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari, shuningdek, tunnellar "TransportSeysmika" platformasi orqali onlayn monitoringga olinadi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab, Samarqanddagi Registon majmuasi hamda Xivadagi Ichan-Qal’a majmuasi kabi yirik tarixiy ob’ektlar bosqichma-bosqich, uzluksiz onlayn seysmik monitoring tizimiga ulanadi. Bu jarayon maxsus "MerosSeysmika" platformasi orqali amalga oshiriladi.

2026 yil 1 martdan boshlab, SI yordamida binolar va inshootlarning zilzilaga chidamliligi texnik jihatdan baholanadi.

Shu yilning 1 dekabrdan boshlab dastlab Toshkentda, yangi qurilish hududlari uchun yerning 10, 20 va 30 metr chuqurlikdagi muhandislik va seysmologik xaritalari talab etiladi.

Zilzila xavfsizligi va barqaror qurilish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda mutaxassislar tayyorlash maqsadida Milliy seysmik xavfsizlik va barqaror qurilish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Bu institut tegishli vazirliklar, Fanlar akademiyasi va Toshkent Arxitektura-qurilish universiteti bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.