Avstraliya 16 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqda. Bundan O‘zbekiston o‘rnak olishi mumkinmi?

Divanda yotib qo‘lidagi mobil telefonida ijtimoiy tarmoq sahifasigaa qarayotgan o‘spirin qiz

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bu yoshi 16 dan kichiklarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishining ilk taqiqidir
    • Author, Helen Livingston
    • Role, Sidney
  • O'qilish vaqti: 6 daq

10 dekabrdan boshlab ijtimoiy tarmoq kompaniyalarining Avstraliyadagi 16 yoshga to‘lmaganlar bu kompaniyalarning platformalarida akkaunt ochmasligi va mavjud akkauntlar o‘chirilishi yoki bloklanishi uchun "oqilona choralar" ko‘rishi talab qilinadi.

Avstraliya hukumatiga ko‘ra, ushbu taqiq – ko‘plab ota-onalar qo‘llab-quvvatlayotgan dunyodagi ilk joriy etilayotgan siyosat – bolalarni ijtimoiy tarmoqlarda uchraydigan "bosim va xavf-xatarlar"dan himoya qilishga qaratilgan.

Bu xavflarni ekran oldida ko‘proq vaqt o‘tkazishga undaydigan dizayn elementlari hamda salomatlik va ruhiy holatga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan kontentlar keltirib chiqarayapti, deb ko‘riladi.

Aloqador mavzular

Hukumat buyurtmasi asosida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 10–15 yoshli bolalarning 96% ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadilar va ularning 10 tadan 7 tasi zararli kontent yoki xulq-atvorga duch kelganlar.

Bularga misol sifatida ayollarga nisbatan nafrat uyg‘otuvchi materiallar, mushtlashuv videolari, ozishni targ‘ib qiladigan yoki o‘z joniga qasd qilishni rag‘batlantiradigan kontent keltirilgan.

Shuningdek, har yettinchi bola katta kishilar yoki yoshi katta bolalar tomonidan o‘zini g‘amxo‘r, mehribon ko‘rsatib, suiste’mol qilishga uringanlarini aytgan, yarmidan ko‘prog‘i esa kiber tahqir qurboni bo‘lganini bildirgan.

Taqiq qaysi platformalarga ta’sir qiladi?

Avstraliya hukumati hozircha taqiqqa kiritiladigan o‘nta platformani nomladi: Facebook, Instagram, Snapchat, Threads, TikTok, X, YouTube, Reddit hamda Kick va Twitch striming platformalari.

Shuningdek, hukumatga onlayn o‘yinlarga ham taqiqni kengaytirish bo‘yicha bosim o‘tkazilmoqda. Robloks va Discord kabi o‘yin platformalari o‘zlariga taqiq qo‘yilishi mumkinligidan xavotirlanib, yaqinda o‘zlarining ayrim funktsiyalarida yoshni tekshirish tizimini joriy etdi. Bu ularning taqiqqa uchrash oldini olishga harakatlari deb baholanmoqda.

Hukumat ta’sirga uchraydigan platformalar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqishda davom etishini va uchta asosiy mezonni hisobga olishini aytmoqda.

Bu mezonlar quyidagilardan iborat:

Platformaning yagona yoki "muhim maqsadi" ikki yoki undan ortiq foydalanuvchi o‘rtasida onlayn ijtimoiy muloqotni ta’minlashmi?

Platforma foydalanuvchilarga ayrim yoki barcha boshqa foydalanuvchilar bilan o‘zaro aloqa qilish imkonini beradimi?

Platforma foydalanuvchilarga material joylashtirish imkonini beradimi?

YouTube Kids, Google Classroom va WhatsApp taqiq ro‘yxatiga kiritilmagan. Ammo bolalar hali ham akkaunt talab qilinmaydigan YouTube kabi platformalarda ko‘p videolarni ko‘ra oladilar.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Hukumat taqiqqa rioya etilishiga qanday erishmoqchi?

Bolalar va ota-onalar taqiqni buzgani uchun jazolanmaydilar. Unga rioya etish vazifasi ijtimoiy tarmoq kompaniyalariga yuklanadi va ular jiddiy yoki takroriy qoidabuzarliklar uchun 49,5 million Avstraliya dollarigacha (32 million AQSh dollari) jarimaga tortilishlari mumkin.

Hukumat aytishicha, bu kompaniyalar bolalarni o‘z platformalaridan uzoq tutish uchun "oqilona choralar" ko‘rishi va yoshni aniqlash texnologiyalaridan foydalanishi shart.

Taqiqni joriy etishning bir necha yo‘li muhokama qilindi. Misol uchun hukumat tomonidan berilgan ID hujjatlaridan foydalanish, yuz yoki ovozni tanish texnologiyalarini ishga solish va yoshni taxmin qilish usuli. Oxirgi usulda tug‘ilgan sanaga emas, balki onlayn xulq-atvor yoki o‘zaro aloqalarga asoslanib yoshni aniqlashga harakat qilinadi.

Smartfonlariga qarab guruh bo‘lib turgan o‘spirinlar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Avstraliya hukumatining yaqindagi tadqiqotidan ma’lum bo‘lishicha, yoshi 10 va 15 orasida bo‘lgan bolalarning 96% ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadilar, ularning 10 tadan 7 tasi zararli kontent yoki xulq-atvorga duch kelganlar.

Hukumat platformalarni bir necha usullardan foydalanishga undamoqda. Platformalar foydalanuvchilarining o‘z yoshini ko‘rsatgani yoki ota-onasining farzandi uchun kafolat bergani bilan kifoyalanib qolmasliklari kerak, deydi Avstraliya hukumati.

Facebook, Instagram va Threads'ga egalik qiladigan Meta kompaniyasi 4 dekabrdan yoshlar akkauntlarini yopishni boshlashini e’lon qildi. Noto‘g‘ri o‘chirib yuborilganlar o‘z yoshini tasdiqlash uchun hukumat tomonidan berilgan ID yoki video selfi taqdim etishi mumkinligini kompaniya ma’lum qildi.

Snapchat esa foydalanuvchilar yoshini tasdiqlash uchun bank hisob raqamlari yoki fotosuratli IDdan foydalanishi yoki selfi olishlari mumkinligini aytdi. Bu selfi yoshni taxmin qilish uchun ishlatiladi.

Qolgan platformalar hali taqiqqa qanday rioya qilishlari haqida xabar berganlaricha yo‘q.

Bu ish beradimi?

Kompaniyalar qanday usullardan foydalanishlari aniq bo‘lmagani uchun ijtimoiy tarmoq taqiqining samarali bo‘lish-bo‘lmasligini aytish qiyin. Shu bilan birga, yoshni aniqlash texnologiyalari ba’zi foydalanuvchilarni noto‘g‘ri bloklab, ayrim voyaga yetmaganlarni aniqlay olmasliklari mumkinligi borasidagi xavotirlar ham bildirildi.

Hukumatning o‘zi e’lon qilgan hisobotda yuzga qarab baholash texnologiyasi aynan maqsad qilingan demografik guruh uchun eng ishonchsiz deb topilgan.

Shuningdek, qoidani buzganlar uchun mo‘ljallangan jarima haqiqatan ham kattami, degan savol yuzaga chiqqan. Facebook'ning sobiq rahbarlaridan biri Stiven Shiler AAP agentligiga aytganidek: "Meta kompaniyasiga 50 million dollar daromad topish uchun taxminan bir soat 52 daqiqa kifoya".

Tanqidchilar fikricha, taqiq to‘lqonli hayotga tatbiq etilgan taqdirda ham, bolalar uchun onlayn xavfni kamaytirmaydi. Chunki taqiq ro‘yxatiga tanishish saytlari va o‘yin platformalari, shuningdek, so‘nggi paytlarda bolalarni o‘z joniga qasd qilishga undayotgani va yoshlar bilan "hissiy" suhbatlar qilayotgani haqida xabarlar tarqalgan AI chat-botlar ham kiritilmagan.

Boshqalar esa ijtimoiy tarmoq orqali jamoaga suyanib qolgan o‘smirlar yolg‘iz qoladilar, deydilar, taqiqlagandan ko‘ra bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda qanday foydalanishni o‘rgatish samaraliroq bo‘lishini aytishmoqda.

Avstraliya Aloqa vaziri Annika Uells taqiq "mukammal" bo‘lmasligini tan oldi.

"Bu jarayonda biroz tartibsizlik bo‘ladi", dedi u noyabr oyi boshida. "Katta islohotlar har doim shunday bo‘ladi".

Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha xavotir bormi?

Tanqidchilar platformalar foydalanuvchilar yoshini tekshirish uchun talab etiladigan keng miqyosdagi ma’lumotlarni to‘plash va saqlash jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolardan ham xavotir bildirishmoqda.

Dunyoning boshqa mamlakatlarida kuzatilgani singari Avstraliyada ham so‘nggi yillarda qator yirik ma’lumotlar buzilishi holatlari kuzatildi, ularning ayrimlarida shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlandi, sotildi yoki internetda e’lon qilindi.

Biroq hukumat qonun "shaxsiy ma’lumotlar uchun kuchli himoya"ni o‘z ichiga olishini ta’kidlaydi.

Bu himoya qoidalariga ko‘ra, ma’lumotlar faqat yoshni tekshirish uchun ishlatilishi mumkin va tekshirish yakunlangandan keyin yo‘q qilinishi shart. Buzilish holatlari uchun "jiddiy jazolar" belgilangan.

Shuningdek, hukumat platformalar ham yoshni tasdiqlashda davlat hujjatlaridan tashqari boshqa muqobil yo‘llarnii taklif qilmoqlari lozim deydi.

Ijtimoiy tarmoqlar taqiqqa qanday munosabat bildirdilar?

Ijtimoiy tarmoq kompaniyalari 2024 yil noyabrda taqiq e’lon qilinganida qattiq hayratda qolishdi. Ular buni amalga oshirish qiyin, oson aylanib o‘tiladigan va foydalanuvchilar uchun ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon deb baholashdi. Shuningdek, ular shaxsiy hayot daxlsizligiga ham xatar tug‘ilishi mumkin deydilar.

Kompaniyalar bu chora bolalarni Internetning "qorong‘i burchaklariga" majburlaydi va yoshlarni ijtimoiy aloqalardan mahrum qilishi mumkinligini aytadilar. Snapchat'ning egasi Snap va YouTube o‘zlarini ijtimoiy tarmoq kompaniyalari sifatida hisoblamasligini bildirishdi.

Xabarlarga ko‘ra, YouTube'ning egasi Google platforma taqiq ro‘yxatiga kiritilganiga qarshi huquqiy da’vo qo‘zg‘atish haqida bosh qotirmoqda.

Google BBC'ning izoh berish haqidagi so‘roviga javob bermadi.

The YouTube brand on the side of a building, with a sign in the shape of the YouTube logo jutting out from the same building

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Taqiq ro‘yxatiga kiritilgan YouTube o‘zini ijtimoiy tarmoq kompaniyasi hisoblamasligini aytadi

Meta taqiqni bundan ham oldinroq joriy etishini e’lon qilganiga qaramasdan, kompaniya bu chora o‘smirlarni "o‘zlari foydalanadigan ko‘plab ilovalarda nomutanosib himoya" bilan qoldiradi", deya bayonot berdi.

Oktyabr oyidagi parlament tinglovlarida TikTok va Snap hali ham taqiqqa qarshi ekanlarini aytdilar, ammo unga amal qilishlarini bildirdilar.

Taqiqqa kiritilgan yagona avstraliyalik kompaniya Kick esa "turli choralar"ni joriy etishini va hukumat organlari bilan "konstruktiv" hamkorlikni davom ettirishini ma’lum qildi.

Boshqa mamlakatlarda shunday taqiqlar bormi?

16 yoshga to‘lmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni taqiqlash – dunyoda ilk bor amalga oshirilayotgan chora bo‘lib, boshqa davlatlar bu jarayonni diqqat bilan kuzatmoqdalar. Har xil mamlakatda bolalarning ekran oldidagi vaqtini va ijtimoiy tarmoqda zararli kontentga kirishini cheklash uchun turli usullar qo‘llanilayapti, ammo hech qaerda platformaga to‘liq taqiq qo‘yilmagan.

Buyuk Britaniyada iyulda qabul qilingan yangi xavfsizlik qoidalariga ko‘ra, onlayn kompaniyalar yoshlarni noqonuniy va zararli kontentdan himoya qilish choralarini ko‘rmasalar, katta jarimalarga tortilishlari yoki hatto rahbarlari qamoq jazosiga hukm etilishlari mumkin.

Yevropaning boshqa mamlakatlarida ma’lum yoshdan kichiklar ijtimoiy tarmoqdan faqat ota-onasi roziligi bilan foydalanishi mumkin. Shu yil sentyabr oyida Frantsiyada parlament tekshiruvi 15 yoshdan kichiklar uchun ijtimoiy tarmoqni taqiqlash va 15–18 yoshlilar uchun "ijtimoiy tarmoq komendantlik soati"ni joriy etishni tavsiya qildi.

Daniya 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqni taqiqlash rejasini e’lon qildi, Norvegiya ham shunday taklifni ko‘rib chiqayapti. Ispaniya hukumati esa parlamentga 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqqa kirishni qonuniy vasiylar tasdiqlashi shart bo‘lgan qonun loyihasini taqdim etdi.

Malayziya ham keyingi yildan 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalayotgani haqida ma’lum qildi.

Ayni paytda, AQShning Yuta shtatida 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun ota-ona roziligisiz ijtimoiy tarmoqni taqiqlashga urinish o‘tgan yili federal sudya tomonidan to‘xtatilgan edi.

Bolalar taqiqni chetlab o‘tishga harakat qiladilarmi?

Bi-bi-siga intervyu bergan o‘smirlar taqiq kuchga kirishidan oldin o‘zlarining yoshini soxtalashtirib yangi akkauntlar ochayotganlarini aytdilar. Avstraliya hukumati esa ijtimoiy tarmoq kompaniyalaridan bunday akkauntlarni aniqlab, o‘chirib tashlashni talab qiladi.

Internetda o‘smirlar muqobil ijtimoiy tarmoq ilovalarini tavsiya etayaptilar yoki taqiqni aylanib o‘tishga yordam beradi, deb umid qilayotgan yo‘l-yo‘riqlarni maslahat berishayapti.

Ayrim o‘smirlar, jumladan inflyuenserlar, ota-onalari bilan birgalikda akkaunt yuritishga o‘tdilar. Sharhlovchilar esa VPN xizmatlaridan foydalanish keskin oshishini taxmin qiladilar – VPN inson Internetga qaysi mamlakatdan kirganini yashiradi. Bunday holatlar Britaniyada yoshni nazorat qilish qoidalari joriy etilgandan keyin ko‘paygandi.