Putin nega Hindistonga bordi?

Prezident Putin va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 2024 yil 8 iyulida Moskva yaqinidagi Rossiya prezidentining Novo Ogaryovo qarorgohida so‘l siqishayapti

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Putin bilan Modi munosabatlari iliq
    • Author, Stiv Rozenberg
    • Role, Bi-bi-si Rossiya muharriri, Dehli
    • Author, Vikas Pandey
    • Role, Bi-bi-si Hindiston muharriri
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Hindistonga ikki kunlik safarini boshladi.

Prezident Putinning Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvi mo‘ljallangan, shuningdek, ikki mamlakat yillik sammitida ishtirok etishi xabar qilingan.

Tashrif mobaynida Dehli bilan Moskvaning qator bitimlarni imzolashlari kutilmoqda, ushbu tashrif AQShning Hindistonga Rossiya neftini sotib olmasligi uchun bosimni kuchaytirib kelayotgan oylar ortidan yuz bermoqda.

Aloqador mavzular

Shuningdek, ushbu uchrashuv AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya va Ukraina bilan urushni to‘xtatish maqsadida ketma-ket muzokaralar tashkillashtirayotgan vaqtga to‘g‘ri kelayotir.

Rossiya bilan Hindiston o‘nlab yillar mobaynida ittifoqchi bo‘lib kelishgan, Putin bilan Modi o‘rtasidagi munosabatlar ham iliq.

Maxsus do‘stlik, savdo bitimlari va geosiyosat

Stiv Rozenberg

Kreml uchun Hindiston bilan munosabatlar nega muhim?

Savolga javobni raqamlarga boqish bilan boshlaylik:

  • aholisi qariyb bir yarim milliard.
  • iqtisodiy o‘sish 8% ham ortib borayapti. Hindiston dunyodagi eng tez o‘sayotgan iqtisodiyot.

Mana shu narsalar Hindistonni Rossiya tovarlari va resurslari, ayniqsa, nefti uchun jozibador bozorga aylantiradi.

Hindiston jahondagi xom neftning eng yirik uchinchi xaridori va Rossiyadan neftni yirik miqdorda xarid qilib keladi.

Lekin Hindiston doim ham Rossiyadan ko‘p neft olmagan.

Kremlning Ukrainaga to‘laqonli bosqini oldidan Hindiston neft importining atigi 2,5 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etilgani va Yevropa bozorlariga Rossiya kirishi cheklanishi ortidan Rossiya boshqalarga neftini arzonlashtirilgan narxda taklif eta boshladi, buning natijasida Hindiston importi 35 foizga sakrab ketdi.

Hindiston biram xursand bo‘ldiki. Ammo bu narsa Vashingtonni shod qilgani yo‘q.

Yil boshida Tramp ma’muriyati Hindiston tovarlariga qo‘shimcha 25 foizlik boj kiritdi, Rossiya neftini xarid qilish bilan Hindiston Rossiyaning urushini moliyalashga yordam berayapti, dedi.

Moskva uchun Hindistonga qurol-yarog‘ savdosi yana bir ustuvor yo‘nalish hisoblanadi, chunki Dehli harbiy texnikani Rossiyadan hali Sovet zamonidan sotib olib keladi.

Putin tashrifidan oldin Hindiston mukammal Rossiya qiruvchi uchoqlari va havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotib olishni rejalayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Bugunga kelib Rossiya ishchi kuchi taqchilligiga ham duch kelgan va Hindiston malakali ishchilarning qimmatli manbasi sifatida ham ko‘riladi.

Ammo bu yerda geosiyosatning ham muhim o‘rni bor.

Kreml Ukraina urushi tufayli G‘arbning Rossiyani ixotalab qo‘yish harakatlari barbod bo‘lganini namoyish etishdan huzurlanadi.

Bunday namoyishning yana bir yo‘li Hindistonga parvoz qilish va Bosh vazir Modi bilan uchrashishdir.

Xuddi uch oy ilgari Xitoyga safar qilib Putin Si Szinpin bilan uchrashgani singari.

O‘shanda Prezident Putin Bosh vazir Modi bilan ham ko‘rishgan edi.

O‘zaro kulib suhbatlashayotgan uch rahbar foto surati shunday mujda berdi: Ukraina urushiga qaramasdan, Moskvaning qudratli ittifoqchilari bor, bu ittifoqchilar "bir necha qutbli dunyo" g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydilar.

Rossiya Xitoy bilan "chegarasiz sherikligi"ni maqtaydi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Shuningdek, Hindiston bilan "maxsus va imtiyozli strategik sherikligi"ni ham.

Bu Moskvaning Yevropa Ittifoqi bilan taranglashgan munosabatlarining butkul aksidir.

"Kremlning G‘arb, jumladan, Yevropaning butkul muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga ishonchi komil", deb yozdi "Novaya Gazeta" tahlilchisi Andrey Koleksnikov.

"Biz ixotalanib qolmadik, chunki bizning Osiyo va Global Janub bilan aloqalarimiz bor. Iqtisodiy jihatdan, bu kelajak. Shundan kelib chiqib Rossiya dunyoning ushbu qismiga xuddi Sovet Ittifoqidek muhim o‘yinchi bilan qaytdi. Ammo hatto Sovet Ittifoqida ham AQSh, G‘arbiy Germaniya va Frantsiya bilan maxsus kanallari bor edi, siyosati bir necha vektorlii siyosat edi".

"Bugunga kelib esa biz Yevropadan butkul uzildik. Bunaqasi bo‘lmagan. Bizning faylasuflarimiz Rossiya doim Yevropaning bir qismi bo‘lgan deyishadi. Hozir unday emasmiz. Bu katta muvaffaqiyatsizlik va katta yo‘qotish. Mening ishonchim komil, Rossiyaning siyosiy va biznes sinfidagi ayrimlar Yevropaga qaytishni, faqat Xitoy va Hindiston oldi-berdisi bilan chegaralanmaslikni orzu qiladi", deb yozdi "Novaya Gazeta".

Shunday bo‘lsa-da, biz bu hafta Rossiya-Hindiston do‘stligi haqida, savdo bitimlari, Moskva bilan Dehli o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ortib borayotgani haqida eshitsak kerak.

2025 yil 7 mayida Moskva Qizil maydonidan o‘tayotgan Rossiyaning S400 havo hujumidan mudofaa tizimlari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Hindistonga qurol sotish Rossiya uchun yana bir ustuvor yo‘nalish

Modi strategik muctaqilligi uchun sinov

Vikas Pandey

Putinning Dehliga tashrifi Modi va Hindistonning global ambitsiyalari uchun hal qiluvchi paytda yuz berayapti.

Hindiston-Rossiya munosabatlari hali Sovet zamonidan boshlangan va geosiyosiy vaziyatlar o‘zgarishlariga qaramasdan hamon saqlanib qolgan.

Bu munosabatlarga Putin oldingi Rossiya rahbarlariga qaraganda ko‘proq vaqt va kuch sarflagan bo‘lsa ajab emas.

Modiga kelsak, G‘arb hukumatlari tomonidan Ukrainadagi urush uchun Rossiyani tanqid qilsin degan qattiq bosimlariga qaramasdan, u nizoni hal qilishning yagona yo‘li muloqot deb turib keladi.

Bu Hindistonning "strategik avtonomiyasi"ning namoyishi edi – Modi geosiyosiy tizimda shunday yo‘l tutdiki, Moskva bilan yaqin aloqalarni saqlagan holda G‘arb bilan ham munosabatlarini rivojlantirdi.

Bunday yondashuv ish berdi – to Tramp Oq Uyga qaytgunicha. Hindiston-AQSh munosabatlari so‘nggi oylarda tarixdagi eng quyi darajaga tushdi, chunki ikki davlat o‘rtadagi boj tariflari bo‘yicha kelishmovchilikni hal qila olmadi.

Shunday bir sharoitda Putinning tashrifi Modi uchun har qachongidan ham ahamiyatli, chunki bu Hindistonning geosiyosiy mustaqilligini sinovdan o‘tkazadi. U bu yerda diplomatik dor yo‘lidan o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

Modi o‘z vatandoshlariga va butun dunyoga Putinni hali ham o‘z ittifoqchisi sifatida ko‘rayotganini va Tramp bosimiga bo‘yin egmaganini ko‘rsatishni istaydi, Trampni avval u "haqiqiy do‘st" deb atagan edi.

Biroq Modi Yevropadagi ittifoqchilari bosimiga ham duch kelmoqda – shu haftada Germaniya, Frantsiya va Britaniyaning Hindistondagi elchilari Hindistondagi yirik gazetalardan birida kam uchraydigan maqola e’lon qildilar, bu maqolada Ukraina urushi borasida Rossiyaning pozitsiyasi tanqid qilindi.

Shuning uchun Modi Hindiston-Rossiya munosabatlarini mustahkamlash AQSh bilan davom etayotgan savdo muzokaralari va Yevropadagi sherikligiga soya solmasligini ta’minlashi kerak bo‘ladi.

"Hindiston uchun muammo strategik muvozanat – Vashington bosimi va Moskvaga bog‘liqlikni hisobga olgan holda avtonomiyani himoya qilish", dedi Dehlidagi Global Trade Research Initiative (GTRI) tahliliy markazi.

Oq Uyda AQSh Prezidenti Donald Trampning 2025 yil 21 noyabr kuni Nyu Yorkning yangi saylangan hokimi Zohran Mamdaniy bilan uchrashuvi payti olingan foto surat

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiya neftini sotib olayotganiga jazo sifatida Prezident Tramp Hindistonga qo‘shimcha 25 foizlik boj soldi

Modi uchun yana bir ustuvor vazifa – Hindiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo salohiyatini ochish.

Tahlilchilar ko‘p yillar davomida bu ikki kuchli ittifoqchi o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar kutilgan darajada rivojlanmaganini ta’kidlab keladilar.

Ikki tomonlama savdo hajmi 2025 yil marti oxirida 68,72 milliard dollarga yetdi, 2020 yilda bu raqam 8,1 milliard tashkil etgan. Bu asosan Hindistonning narxi tushirilgan Rossiya neftini katta hajmda sotib olishi hisobiga bo‘ldi. Bu narsa savdo muvozanatini Rossiya tomonga keskin og‘dirdi va Modi bunga tuzatish kiritishni xohlaydi.

Hindiston kompaniyalari Vashington sanksiyalaridan qochish uchun Rossiya neftini kamaytirayotganlari sababli, ikki davlat savdoni oshirish uchun boshqa sohalarni izlaydilar.

Eng oson tanlov – mudofaa. Stokgolm Xalqaro Tinchlik Tadqiqot institutiga ko‘ra, Hindistonning Rossiyadan mudofaa importlari 2020–2024 yillarda 36% ga pasaydi. Bk ko‘rsatkich 2010–2015 yillardagi 72% va 2015–2019 yillardagi 55 foizdan ancha kam.

Bu asosan Hindistonning mudofaa portfelini diversifikatsiyalashi va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga urinishlari sababli sodir bo‘ldi.

Biroq raqamlarga yaqindan nazar tashlasak, boshqa manzara ko‘rinadi. Hindistonning bir qator mudofaa platformalari hali ham Rossiyaga qattiq qaram. Masalan, 29 havo kuchlari eskadrilyalarining ko‘pchiligi Rossiya Su-30 samolyotlaridan foydalanadi.

Joriy yil may oyida Pokiston bilan ro‘y bergan qisqa qurolli nizo Hindiston armiyasida Rossiya platformalari, xususan, S-400 havo mudofaa tizimlarining naqdar muhimligini ko‘rsatdi, shu bilan birga Hindistonning shoshilinch hal etilishi zarur bo‘lgan zaifliklarini ham ochib berdi.

Xabarlarga ko‘ra, Hindiston yangilangan S-500 tizimlari va Su-57 beshinchi avlod qiruvchi uchog‘ini sotib olmoqchi. Pokistonning Xitoyda ishlab chiqarilgan J-35 beshinchi avlod stels samolyotini xarid qilishi Dehlida e’tiborsiz qolmadi va u shunday darajadagi samolyotni tezroq qo‘lga kiritishni xohlaydi.

Biroq Rossiya sanksiyalar va Ukrainadagi urush sababli muhim komponentlar tanqisligiga duch kelayapti. S-400 tizimining ayrim bloklarini yetkazib berish muddati, xabarlarga ko‘ra, 2026 yilgacha kechiktirilgan. Modi Putindan aniq muddatlar bo‘yicha kafolatlar istaydi.

Modi shuningdek, Rossiya iqtisodiyotida Hindiston mahsulotlari uchun imkoniyat ochilishini, katta savdo nomutanosibligini bartaraf etishni xohlaydi.

"Iste’molga yo‘naltirilgan va yuqori ko‘rinishga ega toifalar hali ham marginal: smartfonlar (75,9 mln dollar), krevetkalar (75,7 mln dollar), go‘sht (63 mln dollar) va kiyim-kechak atigi 20,94 mln dollar – bu Hindistonning Rossiya chakana bozori va elektronika zanjirlariga chuqur kirib bormaganini ko‘rsatadi", dedi GTRI.

Modi Hindiston mahsulotlarini Rossiya bozoriga olib chiqishni maqsad qilayapti, ayniqsa urush tugab, Moskva yana global iqtisodiyotga qayta integratsiya qilingach.

U neft va mudofaaga bog‘liqlikni kamaytirishni, Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlaydigan, bir vaqtning o‘zida G‘arb bilan munosabatlarni chuqurlashtirishga yo‘l ochadigan kelishuvga erishishni xohlaydi.

"Putinning tashrifi Sovuq Urush diplomatiyasiga qaytish emas. Bu xavf, ta’minot zanjirlari va iqtisodiy himoya haqidagi muzokara. Kamtar natija neft va mudofaani ta’minlaydi; ulkan natija esa mintaqaviy iqtisodiyotni qayta o‘zgartiradi", deb yozdi GTRI.