O‘zbekiston energiya inqirozidan chiqdimi?

Surat manbasi, Energetika vazirligi
Bu qish O‘zbekistonda gaz ham chiroq ham o‘chmaydi, demoqda rasmiylar. Mirziyoyev vazirga uzluksiz va cheklovlarsiz energiya bilan ta’minlash shartini qo‘ydi.
O‘zbekistonda so‘nggi yilarda har qish kelishi bilan oddiy holga aylangan elektr energiya va gaz inqirozini hukumat bu yil bartaraf etilishiga jiddiy kirishganiga urg‘u bermoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev noyabr oyining o‘rtasida energetika vaziriga aholini uzluksiz va cheklovlarsiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga keskin topshiriq bergani ma’lum bo‘ldi.
Prezident barcha energetika quvvatlarini ishga tushirish vazifasini qo‘ygan.
O‘zbekistonda mas’ullar 2021 yildan beri qishda elektr energiyasida uzilishlar bo‘lmasligini va’da qilib keladi. Biroq har yili kunlar sovushi bilan butun mamlakatda elektr energiyasi cheklash tizimiga o‘tiladi. Hattoki so‘nggi yillarda yozda ham uzilishlar kuzatilishi odatiy holga aylandi.
Rasmiylar energiya bilan ta’minlashdagi asosiy muammo mablag‘ga borib taqalishi va aholiga berilayotgan energiya narxi arzonligini aytib kelayotgandi.
Shu yil bahorda energiya tizimi tarif tizimiga o‘tkazildi va narx oshirildi.
Shundan so‘ng Energetika vazirligi tok bilan uzluksiz ta’minlash uchun 3-4 yil kerak bo‘lishini aytdi.
Shunga qaramasdan Prezident bu yil qishni uzilishlarsiz o‘tkazish talabani qo‘ydi.
Vaziyat qanchalik o‘zgardi?
Yuqori kuchlanishdagi uzatish liniyalari va qo‘shimcha quvvatlar qurilgani, keyin ko‘p xonadonlar quyosh panellari bilan jihozlangani hisobiga bu yil qishda ancha osonroq kechadi.
Odatda kuzning bu mavsumida O‘zbekistonda elektr energiyasida uzilishlar boshlanar va gaz ta’minotidagi yetishmovchiliklar tufayli turnaqator navbatlar yuzaga kelardi.
Tok bu yil ancha yaxshi, demoqda biz bilan gaplashgan odamlar.
Jizzax, Surxondaryo, Toshkent va Qoraqalpog‘iston, vodiyda Bi-bi-si bog‘langan manbalarning aytishicha, hatto yozda ham kuzatilgan uzilishlar bir oydan beri bartaraf bo‘lgan.
“Bu yil noyabr oyida hali qattiq sovuq kelgani yo‘q. Lekin sovuq. Shunga qaramay, gaz, svet masalasida hali svet o‘chgani yo‘q. To‘g‘rirog‘i o‘chganini bilganim yo‘q. Yaxshi, ko‘z tegmasin. Qaysidir joylarda o‘chayotgan bo‘lishi mumkin.Lekin biz yashab turgan joyda svet o‘chganini bilmayman”, deydi Rishtondan bloger Dima Qayum.
Biroq biz bilan gaplashgan o‘zbekistonliklar svet o‘chmayotgani bilan uni to‘lashga hammaning ham qurbi yetmayotganini aytmoqda.
“Sovuq kunlari uyni tok bilan isitaveribmiz, bir pasda qarzga kirib ketdik. O‘sha kunlari kuniga 40-60 ming so‘mlik elektr ishlatibmiz. Keyin bilsak belgilangan limitdan oshib ketgan ekanmiz. Hozir limitdan chiqmaslik uchun faqat zarur hollarda yoqayapmiz, uyni esa pechka qurib, o‘tin bilan isityapmiz. Daladan daraxtlarning ildizini olib kelgandik. Dalada oldingidek o‘tin ham yo‘q”, deydi Bi-bi-si suhbatdoshi.
Uning aytishicha, u yashaydigan joyda ko‘p qavatli uylar ham tabiiy gazdan uzilgan va u yerdagi odamlar uyni isitishda ikki hissa qiynalmoqda.
Surxondaryodan biz bilan gaplashgan jurnalistning aytishicha, kunlar sovib qolgan bo‘lsa-da, bir oydan beri elektr energiyasida uzilish bo‘lmayapti. Hatto yozda ham grafik bo‘yicha cheklab berilayotgandi, deydi u.
Ammo uning ta’kidlashicha, narxlarning qimmatligi sabab hamma ham uyini istaganicha isita olmayapti.
Yana bir suhbatdoshimizning aytishicha, kuni bo‘yi uyda hech kim bo‘lmaydi. Kechki payt kelib, faqat bir xonanini spiral tok pechka bilan isitishgan. O‘shanda har kuni 40 ming so‘mlik elektr energiyasi ishlatdik, deydi u.
Energetika vaziri yanvardan gazlashtirilmagan hududlarda elektr energiyasiga belgilangan limit oshirilish mumkinligini aytgan.
Vodiydagi Bi-bi-si suhbatdoshining aytishicha, ushbu chorani yanvarni kutmasdan, dekabrdayoq joriy qilinishi kerak. Aks holda kambag‘al qatlam yana-da qiyin ahvolda qoladi.
Qishda ahvol qanday bo‘ladi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Odamlar elektrda o‘tgan yilgidek uzilishlar bo‘lmayotgani aytishmoqda. Xo‘sh, bu barqarorlik qishda ham davom etadimi?
Bi-bi-siga ismini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan energetika sohasidagi mutaxassisning aytishicha, kuzning sovuq kunlarida energiya tizimiga biroz yuklama tushgan.
“Qo‘limda oktyabr oyigacha bo‘lgan iste’mol ko‘rsatgichlari turibdi. Iste’mol stabil ravishda ketmagan. Birdaniga 22 foizga oshgan. Sovuq tushganning hisobiga gaz yetishmasligi, gaz bor joylarda ham gaz bosimi pasayib ketishi natijasida elektr energiyaga kuch berilgan. Buning hisobiga elektr energiyani yetkazib berish biroz qiyinchiliklar, avariyalar bo‘lish boshlandi”, deydi u.
Biroq mutaxassisning ta’kidlashicha, so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar sabab, bu yil uzilishlar oldingidek bo‘lmaydi.
“Ammo yuqori kuchlanishdagi uzatish liniyalari va qo‘shimcha quvvatlar qurilgani, keyin ko‘p xonadonlar quyosh panellari bilan jihozlangani hisobiga bu yil qishda ancha osonroq kechadi. Bu yana sovuqqa ham bog‘liq. Ya’ni sovuq o‘ta kuchayib ketib qolsa, gaz yetkazib berish muammo bo‘lsa, ta’sirini ko‘rsatadi. Sababi odamlar isinishi kerak, ko‘p transport vositalari metan gazda yuradi. Davlat odamlarga yetkazib berolmay yoki transportlarga yetkazolmay ancha qiyinchiliklarga uchrashi mumkin”, deydi mutaxassis.
Gaz uchun navbatlar allaqachon boshlangan. Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida shu kunlarda olinib, tarmoqda tarqalgan tasvirlarda, hukumat gaz yetkazib berish borasida allaqachon qiyin kunlarni boshidan kechirayotganini anglash mumkin.
Garchand hukumat bu yil omborlarda oldingidan ko‘proq gaz jamg‘arganini aytayotgan bo‘lsa-da, respublikaning boshqa joylarida ham metan gaz avtomobillar uchun cheklovlar asosida berilayotgani aytilmoqda.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda qishga tayyorgarlik uchun 14 triliion so‘m yoki 1 milliard dollardan oshiqrok mablag‘ sarflamoqda. Bu pullar yetarlimi?
“Agarda pullar to‘g‘ri ishlatilsa yetarli. Lekin ayrim vaqtda kompleks qilinadigan ishlar uchun bular bo‘lib-bo‘lib ish qilyapti. Masalan, podstantsiya qurilsa, transformatorlari qurilyapti-da, himoyalari yetarli darajada qilinmayapti. Natijada, transformatorlar yonib ketyapti. Yoki quvvat yetishmasligi sabab himoya vositalari olib tashlanyapti. Yo korruptsion yo‘llar bilan tendrga kirganlar, sifatsiz uskuna qo‘yib ketmoqda. Lekin bu yil pul ancha samarali sarflandi. Chunki ko‘p liniyalar qurildi. Qishloq, mahallalarning ichida ham kabellarni almashtirish, transformatorlarni almashtirish ishlari olib borildi”, deydi energetika sohasidagi mutaxassis.












