"Qozog‘istonni beqarorlashtirish rejasi" chinmi yo yolg‘on?

Surat manbasi, KHODORKOVSKIY LIVE/YOUTUBE
Shu kunlarda Qozog‘istondagi qator ommaviy axborot vositalari va bloggerlar "Rossiyaning Qozog‘istonni beqarorlashtirish rejasi"ni muhokama qilmoqdalar.
Rossiyaning taniqli ishbilarmoni va muxolif siyosatchisi Mixail Xodorkovskiy tashkil etgan "Dosьe" nohukumat tashabbusi ana shunday reja haqida xabar tarqatdi.
YouTube dagi Xodorkovskiy LIVE kanali xabar qilishicha, "Dosьe" tadqiqot markaziga Rossiya Bosh shtabi Bosh Istihborot boshqarmasi(GRU)ning maxsus hisoboti kelib tushgan.
Bu hisobotda go‘yo GRUning Qozog‘iston ichki ishlariga qanday aralashish maqsadi ochib beriladi.
"Dosьe" ixtiyoriga kelib tushgan va "Azattiq" tahlil qilgan hujjatlar - Rossiya razvedkasining Qozog‘istondagi bir necha agentlari GRU polkovnigiga yuborgan hisobotlardir. Materiallar mazmuniga ko‘ra, agentlar Moskvaning topshirig‘i bilan Qozog‘iston haqida ma’lumot to‘plaganlar. 2022 yil oxiridan 2023 yil boshigacha ular Qozog‘istondagi ichki siyosiy vaziyat va unga ta’sir o‘tkazish rejalariga bag‘ishlangan bir necha hisobot tayyorlaganlar, deb yozdi "Ozodlik" radiosining Qozoq xizmati.
"Materiallarda tadqiqot markazlari niqobida rossiyaparast propagandani ilgari surish va Qozog‘iston elitasini sotib olish strategiyasi tasvirlab beriladi. Agentlar Rossiyaga chegaradosh va asosan etnik ruslardan tarkib topgan shimoliy viloyatlarda beqarorlashtirishni boshlashni taklif qiladilar", deb yozadi "Azattiq" va Rossiyaning GRUsidan bu borada sharh olish urinishlari besamar bo‘lganini xabar qiladi.

Surat manbasi, .
Qozog‘istonlik siyosatshunos Dimash Aljanov aytishicha, u hozircha Rossiya propagandasi Qozoq jamiyatini "qutblashtirib tashlagan"idan tashqari Rossiyaning Qozog‘istonga qarshi qudratli kampaniyasini ko‘rganicha yo‘q.
"Tabiiyki, hozircha Qozog‘istonga nisbatan yoki Qozog‘istonga qarshi kuchli kampaniya ketayapti, deb aytib bo‘lmaydi. Jamiyatimiz ichida Rossiyaning urushdagi roliga o‘z tarafdorlarini jalb qilish maqsadiga qaratilgan propagandaning axborot kampaniyasi mavjudligi bor gap, degan politolog Aljanov.
Qozog‘istonda mashhur Telegram kanallaridan biri - "Pervыy juz" Qozog‘iston "ikkinchi Donbass" bo‘lishi ehtimolini rad etdi:
"2014 yildagi sharqiy Ukrainadan farqli o‘laroq, Qozog‘iston - ancha markazlashgan va siyosiy tarkib topgan mamlakat. Etnik va til omillari boshqacha ishlaydi: aksar rusiyzabon aholi - mustaqillik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydigan etnik qozoqlardir. Oxirgi yillarda Qozoq o‘zligi mustahkamlandi, 2022 yil yanvar hodisalari haqidagi xotiralar esa chetdan aralashuvga jamiyatni yanada ehtiyotkorroq qilib qo‘ydi.
Shung qaramasdan, Rossiyaning uzoq muddatga mo‘ljallangan imkoniyatlarini ham past baholamaslik lozim. G‘arb bor e’tiborini Ukrainaga qaratgan, Xitoy esa jimgina harakat qilishni afzal ko‘radigan sharoitda Qozog‘iston xavfsizlikning "kulrang hududi"da qoladi. Bu esa Kremlga nuqtali operatsiyalar - media ta’siridan tortib elitani bo‘lib tashlashigacha bo‘lgan amallar uchun makon qoldiradi", deb yozdi "Pervыy juz"

Surat manbasi, Reuters
Ammo trend muqarrar, deb yozadi Qozog‘istondagi mashhur Telegram blog.
"So‘nggi yillarning eng asosiy geosiyosiy xulosasi shuki, postsovet makondagi mamlakatlar borgan sari Rossiyani xavfsizlik kafolati deb emas, tahdid manbasi sifatida ko‘rmoqdalar. Janubiy Kavkaz o‘z tanlovini qilib bo‘ldi. Keyingi navbat - Markaziy Osiyoga. Bu narsa esa Moskva uchun "erlarni qaytarib olish" tajovuz siyosatidan ko‘ra qolganini asrab qolish mudofaa strategiyasiga o‘tish lozimligini anglatadi.
Muammo shundaki, ushlab qolish tobora qiyin bo‘lib borayapti. Ukrainadagi urush qancha uzoq davom etgan sayin Kremlda qo‘pol kuch va shantajdan boshqa vositalari kam qolayapti. Ittifoqchilar kafolatni G‘arbdan yoki Xitoydan ko‘proq izlayotgan dunyoda esa bunday usul ish bermaydi", deb yozdi "Pervыy juz".
Rossiya harbiy razvedka boshqarmasi - GRU Sovet zamonida qudratli tuzilma bo‘lgan, SSSR parchalanganidan keyin bo‘shashgan edi.
Vladimir Putin hokimiyatga kelganidan keyin GRUning nomi xalqaro matbuotda "Novichok" zahari, Britaniyada Skripallar oilasi zaharlanishi, Sobiq KGB zobiti Litvinenko o‘ldirilishi hodisalarida tilga olindi.
Rasman Rossiya ushbu maxfiy operatsiyalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan emas.
Rossiya harbiy istihborotida Qozog‘istondagi vaziyatni beqarorlashtirish rejasi bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarga Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi shunday munosabat bildirdi:
"Xorijiy davlatlar tomonidan bizning hududimizda maxfiy amaliyotlar va axborot kampaniyalarini olib borish haqida rasmiy axborot yo‘q. Vazirlik o‘z faoliyatida tashqi siyosat tashkiloti ishini tartibga soladigan huquqiy hujjatlar normativlariga tayanib ish ko‘radi. Va Qozog‘istonning milliy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish bo‘yicha majmuaviy ishlarni muntazam amalga oshirib boradi".
Ayni paytda Putin va Trampning Alyaskadagi uchrashuvidan keyin Qozog‘iston Ukrainadan keyin Rossiyaning keyingi nishoniga aylanishi mumkinligi haqidagi fikrlar ham o‘rtaga tashlana boshladi.












