Mirziyoyev so‘zining ustidan chiqadigan odam: Trampning Amerikani yana buyuk qilish intilishiga O‘zbekiston hissasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidentining maxsus vakili Serjio Gor.

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, AQSh prezidenti maxsus vakili Serjio Gor O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, "Tramp sizni Vashingtonda kutyapti. O‘zaro manfaatlarga oid barcha masalalar hal etiladi", deb aytdi.
O'qilish vaqti: 3 daq

Donald Tramp ikkinchi prezidentligi muddatining ham asosiy maqsadini Make America Great Again - Amerikani yana buyuk qilish shiori ostidagi harakatlariga bag‘ishlagan, butun dunyoga e’lon qilgan "boj urushlari" sababi ham shunda.

U Apple yoki AQShning dunyoga mashhur shirkatlaridan xorijdagi ishlab chiqarishlarini Amerikaga ko‘chirishni, amerikaliklarning o‘zlari uchun ko‘proq ish joylari barpo etishni talab qilayapti, chet el shirkatlari AQSh hududida zavod-fabrika yo‘lga qo‘yishlari evaziga iqtisodiy yengillik va imtiyozlar va’da qilgan.

Shuning uchun ham O‘zbekistonning sakkiz milliard dollarlik, Qozog‘istonning to‘rt milliard dollarlik sarmoyalari Tramp ko‘ngliga xush yoqdi.

Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish maqsadida 20 sentyabr kuni AQShga borgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qator xalqaro va AQSh tashkilotlari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi, o‘zaro bitimlar imzolandi.

O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari va xususiy kompaniyalar AQSh kompaniyalari bilan hamkorlikka oid kamida 10 ta bitimni imzoladi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Uchrashuvlardan biri Boeing Global shirkati prezidenti Brendan Nelson bilan muzokara bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning "O‘zbekiston Havo yo‘llari" shirkati AQShning Boeing shirkatidan 22 ta Boeing 787 Dreamliners samolyotini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi.

Bu O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi tarixidagi eng yirik shartnoma bo‘ldi.

Uzbekistan Airways xabar qilishicha, samolyotlarni yetkazib berish 2031 yildan boshlanadi, ushbu kelishuv kompaniya uchun Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga uzoq masofali parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Ushbu xaridni AQSh Prezidenti Donald Tramp olqishladi, o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida Prezident Mirziyoyevni bitimlar bilan tabrikladi.

Donald Tramp posti

Surat manbasi, truthsocial.com/@realDonaldTrump

"Oy boshida men Oliy Hurmatga sazovor O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan edim. Bugun men Prezident Mirziyoyevni Boeing bilan ulkan bitim imzolagani bilan tabriklamoqchiman! Uzbekistan Airways qiymati 8 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 22 ta ta Dreamliner 787 sotib olmoqda. Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 mingdan ortiq ish o‘rni yaratadi. Prezident Mirziyoyev so‘zining ustidan chiqadigan inson va biz yana ko‘plab yo‘nalishlarda birgalikda ishlashda davom etamiz! Ushbu masalaga e’tiboringiz uchun rahmat", deb yozdi Prezident Tramp.

Nyu-Yorkda Prezident Mirziyoyev AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi.

Serjio Gor Prezident Mirziyoyevga Vashingtonda uni Prezident Donald Tramp kutayotganini ma’lum qilgan.

"Endi esa sizda istalgan vaqtda Oq Uy ofisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat yo‘li ochiq. Bu degani munosabatlarni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar mavjud. Men bu yerdagi o‘ta samimiy munosabatni prezidentga yetkazaman. U sizni Vashingtonda kutyapti. O‘zaro manfaatlarga oid barcha masalalar hal etiladi. Biz sizning barcha qarorlaringizni qo‘llab-quvvatlaymiz", deya Serjio Gordan iqtibos keltirdi O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Tramp Qozog‘iston bilan to‘rt milliard dollarlik kelishuv tafsilotini ma’lum qildi

Truth Socialdagi o‘zining navbatdagi postida AQSh Prezidenti Tramp Qozog‘iston Prezidenti Toqaevga ham tabrik yo‘lladi.

Unda Qozog‘iston AQShdan lokomotivlar va temir yo‘l uskunalarini sotib olishga qaror qilgani xabari beriladi.

"Men hozirgina Oliy Hurmatga sazovor Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Kemeluli Toqaev bilan ajoyib telefon qo‘ng‘irog‘ini yakunladim. Ular 4 milliard Qo‘shma Shtatlar dollariga teng Tarixdagi eng yirik Temir yo‘l Uskunalari, Lokomotivlar va Temir yo‘l Uskunalari xaridi bitimini imzoladilar. Buyuk xaridi uchun Prezident Toqaevga tabriklar. Mamlakat, Dunyo ishonchli, go‘zal Temir yo‘llar bilan barpo etilgan. Ular yana qaytmoqda, Tezlik bilan!", deb yozdi o‘zining postida Prezident Tramp.

Qozog‘istondagi Tengrinews.kz veb-nashri xabar qilishicha, umumiy qiymati 4,2 milliard dollarga teng shartnomalar AQShning Wabtec kompaniyasi bilan imzolangan.

Bitimlarni imzolash marosimida AQSh Tijorat vaziri Hovard Lutnik ishtirok etgan.

Hujjatlar Qozog‘iston uchun 300 yuk lokomotivini ishlab chiqarish va texnik ta’minotni ko‘zda tutadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating