O‘zbekiston: Yangi mukofot, yangi jazo, eski muammo

Surat manbasi, Rasmiy
O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Serdar Berdimuhamedovning BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferentsiyasi doirasida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston Prezidentini "Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun" ordeni bilan taqdirladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev bundan oldin ham ko‘plab xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Ular orasida Qozog‘istonning "Oltin qiron" va "Do‘stlik", Qirg‘izistonning "Danaker", Tojikistonning "Zarrintoj", Rossiyaning Aleksandr Nevskiy, Frantsiyaning "Faxriy legion" va Turkiyaning "Respublika" ordenlari bor. Shuningdek, Turkiy dunyo, MDH va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishonlari ham unga topshirilgan.
Shahvoniy shilqimlik?
shahvoniy shilqimlik va oiladagi zo‘ravonlikda ayblanib, sudlanganlar soni
6000 dan ortiq.
Oliy sud axborot xizmatining xabar qilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muhim o‘zgarishlar amalga oshirilgan.
Prezident tomonidan 2023 yil 11 aprelda imzolangan Qonunga asosan, jamiyatda zo‘ravonlik va ta’qibning oldini olishga qaratilgan yangi moddalar kiritilgan.
Bu o‘zgartirishlar natijasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan shahvoniy shilqimlik bandi bo‘yicha birinchi yarim yillikda 986 kishi javobgarlikka tortilgan. Ularning 628 nafariga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha 4952 kishi javobgarlikka tortilib, 1752 nafari ma’muriy qamoqqa olingan.
Jinoyat kodeksining Oilaviy zo‘ravonlik bandi bo‘yicha 231 kishi sudlanib, 65 nafari qamoqqa olingan. Qolganlariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Shaxsiy hayot sirlarini oshkor qilish bandi bo‘yicha 99 kishi sudlanib, 24 nafari ozodlikdan mahrum qilingan.
Bu statistik ma’lumotlar yangi qonunlar samarali ishlayotganini va huquqni muhofaza qilish organlari xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga jiddiy e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi deb xulosa qiladi Oliy Sud Telegram kanalida xulosa qilingan.
Eski muammo?
Kecha kuni kechasi Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida joylashgan gaz quyish shoxobchasida yirik yong‘in sodir bo‘ldi.
Voqea soat 22:20 da, "Oltindala" mahallasidagi gaz "zapravka"da yuz bergan. Avtotsisternadan propan gaz to‘layotganda birdan portlash yuz berib, yong‘in kelib chiqqan.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlariga xabar kelishi bilan voqea joyiga 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib bordi. Ular yong‘inni 8 daqiqada qurshab olishga muvaffaq bo‘lishdi va 22:50 ga kelib, olov to‘liq o‘chirildi.
Yong‘in oqibatida bir dona gaz tashuvchi sisterna va 10 kub metr hajmdagi propan saqlash rezervuari yonib zarar ko‘rgan.
Hodisa natijasida sisterna haydovchisi yengil kuyish jarohati olgan. Hodisa joyiga viloyat va tuman FVB rahbarlari yetib borishgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyul oyida ham Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani "Oltin dala" MFYda joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan va buning oqibatida 4 kishi vafot etgan edi.
1 avgust 2025. Parlamentdagi muxolifat vakolatlari kengaytirildi, senator Energetika vazirini so‘roqqa tutdi, militsiya va milliy gvardiyaga bo‘ysunmaganlarga jarima ko‘paytirildi

Surat manbasi, Rasmiy
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentdagi siyosiy partiyaga kafolatlangan qo‘shimcha vakolatlar berish haqidagi farmonni imzoladi, imzolanishi bilan yangi qonun kuchga kirdi.
Endi O‘zbekiston qonunchiligiga o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraktsiyasiga bir qancha qo‘shimcha huquqlar berishni nazarda tutgan o‘zgartirishlar kiritildi.
Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra, bundan keyin O‘zbekistonda o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraktsiyasiga quyidagi huquqlar beriladi:
qonunchilik palatasining 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini muxolif partiya vakili egallaydi;
biror masalada qonun loyihasi ishlab chiqilayotganda muxolifat o‘sha masalaga doir o‘zining qonun loyihasi yoki muqobil tahririni kirita oladi;
yilning har bir choragidagi "hukumat soati" va parlament so‘rovi doirasida masala kiritoladi.
Shu yil may oyida parlamentdagi O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi o‘zini hukumatga muxolif siyosiy partiya deb e’lon qilgan edi.
5 may kuni Qonunchilik palatasidagi "Milliy tiklanish" va O‘zLidep partiyalari "Taraqqiyot bloki" degan tuzilma tuzishga qaror qilganlarini e’lon etdilar, bundan ko‘zlangan maqsad - o‘zlarini o‘ng va o‘ng-markaz deb biladigan partiyalarni yagona kuch sifatida birlashtirish ekani xabar qilindi.
BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti xulosalariga ko‘ra, mustaqil O‘zbekiston parlamentida tarixan "cheklangan siyosiy raqobat, asl muxolif partiyalarning yo‘qligi, parlamentga omma ishonchining pastligi, boshqaruvda avtoritar tendentsiya" kuzatilgan.
2023 yildagi kun.uz veb-nashri siyosiy tahliliga ko‘ra, bugungi O‘zbek parlamenti "ayrim islohotlarga uchragan bo‘lsa-da, hamon parlament mustaqilligi va omma legitimligi yetishmaydi, haqiqiy plyuralizm va elektoral raqobat cheklanganicha" qolayotir.
Senator Sayyora Abdikarimova Energetika vaziriga so‘rov yubordi

Surat manbasi, Senat.uz
O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi Senat a’zosi Sayyora Abdikarimova poytaxt Toshkentda elektr uzilishlari noroziliklarga sabab bo‘layotgani munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyat borasida tushuntirish berishni so‘rab Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga senator so‘rovi yubordi.
Ko‘p hollarda oddiy o‘zbekistonliklar duch kelgan muammolar Senat yoki Qonunchilik Palatasi a’zolari tomonidan o‘z majlislari kun tartibiga olib chiqilmagani uchun Senator Abdikarimova so‘rovi jamoatchilikni xursand qildi.
O‘zbekiston Senati matbuot xizmati ushbu so‘rov sababini shunday tushuntiradi:
"Toshkent shahrida elektr energiyasi ta’minotida so‘nggi paytlarda uzilishlar ko‘paygani aholining kundalik hayoti, ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Aholi va tadbirkorlar tomonidan elektr ta’minotidagi 3–4 soatlik uzilishlar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bildirilmoqda. Ushbu uzilishlar nafaqat fuqarolarning kundalik turmush tarziga, balki tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining barqaror ishlashida ham muammolar yuzaga kelmoqda.
Xususan, svetoforlar faoliyatidagi uzilishlar transport harakatini tartibga solishda qiyinchilik tug‘dirmoqda, bu esa yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid solmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish va savdo ob’ektlarida sovutish tizimlarining ishdan chiqishi natijasida yirik moliyaviy zararlar yuzaga kelayotgani, xonadonlarda esa maishiy texnika vositalarining ishdan chiqishi holatlari aniqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, "Elektr energetikasi to‘g‘risida"gi Qonunning 39-moddasiga ko‘ra, elektr energiyasi iste’molchilari sifatli va barqaror elektr energiyasini olish huquqiga ega. Shuningdek, ushbu Qonunning 61-moddasida ta’kidlanishicha, ta’minotni to‘xtatish yoki cheklash faqatgina baxtsiz hodisalarning oldini olish yoki avariyalarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi mumkin.

Surat manbasi, .
Shu munosabat bilan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova tomonidan tegishli tushuntirishlar berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov nomiga senator so‘rovi yuborildi".
Bir necha kun oldin Energetika vazirligi mamlakatda kunlik elektr energiyasi iste’moli qishdagi rekorddan oshib ketgani haqida xabar berdi, 24 iyuldan Toshkent shahrida transformatorlarga bosim oshib ketmasligi uchun majburiy elektr o‘chirishlari tartibiga o‘tildi.
Shundan keyin O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi o‘tkazgan tekshiruv Toshkent shahrida avariya brigadalari yetishmasligi, asbob-uskunalar eskirib ketgani, maoshi kam bo‘lgani uchun yuzlab mutaxassislar ishdan bo‘shab ketganlarini aniqladi.
Toshkent shahar elektr tarmog‘i rahbari doxil 28 mansabdor jazolangani xabar qilindi.
Militsioner va Milliy gvardiya xodimiga bo‘ysunmagan shaxsga jarima ko‘paytirildi

Surat manbasi, gazeta.uz
O‘zbekiston Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" Telegram kanali xabar qilishicha, O‘zbekiston prezidenti Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya xodimlariga bo‘ysunmaganlik uchun jarima miqdorini besh baravar oshirish haqidagi qonunchilikka o‘zgartirishni ma’qullagan.
Endi O‘zbekistonning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartirish kiritildi.
Bu o‘zgartirishga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimi va Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytiriladi.
Shu vaqtgacha bunday huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan 12 baravarigacha jarima ko‘zda tutilgan edi.
Ya’ni, 412 ming so‘mdan 4 million 944 ming so‘mgacha.
Endi bu javobgarlik bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan (2 million 6 so‘mdan ) 12 baravarigacha (4 million 944 ming so‘m)gacha etib belgilandi.
Agar bir shaxs militsiya yoki Milliy gvardiya xodimiga bo‘ysunmagani uchun jarimaga tortilsa va bu huquqbuzarlik bir yilning ichida takror sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 12 baravaridan 30 (avval 15 edi) baravarigacha (12 mln 360 ming so‘m) miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin.
31 iyul. O‘zbeklar Ukrainaga asir tushishda birinchi o‘rinda, Endi IT-park — AT parki bo‘ladi, norasmiy iqtisod 33%

Surat manbasi, Facebook/Хочу жить
2025 yil boshidan buyon kamida 900 o‘zbekistonlik Rossiya Mudofaa vazirligi bilan Ukraina urushida Rossiya tarafida turib urushish uchun shartnoma tuzgan, deb xabar tarqatdi Ukrainadagi "Yashashni xohlayman" loyihasi.
Loyiha 30 iyul kuni yollangan O‘zbekiston fuqarolari ro‘yxatini e’lon qildi.
Bu ro‘yxatda eng keksasi 63 yoshda ekani, eng yoshi 18 da ekani anglashiladi.
"Yollash uchun Rossiya oldingi usullarni qo‘llayapti. RFga mehnat migranti sifatida kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarini yuqori maosh to‘lash va’dasi bilan - masalan, qurilishda yoki armiyaning frontorti bo‘linmalarida ishlash aldovi bilan tuzoqqa tushirayaptilar. Eng asosiy omil Rossiya fuqaroligi va’dasi bo‘layapti. Rossiya qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotganlarni tahdid va ruhiy bosimlar bilan urushda qatnashishga majbur qilayaptilar", deb xabar qiladi «Xochu jitь».
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari asirga tushganlar sonining ko‘pligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallayapti.
Shu yil aprel oyida "Yashashni xohlayman" loyihasi asirga tushgan va halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning dastlabki ro‘yxatini e’lon qilgan, unda 1100 kishi ma’lumoti berilgan edi.
Bundan sal oldin Ukraina loyihasi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan kontrakt imzolagan 500 dan ortiq Qozog‘iston fuqarosi ismi-sharifini e’lon etgan edi.

Surat manbasi, .
O‘zbek tiliga rasman kiritilgan so‘zlar soni 40 dan oshdi

Surat manbasi, gazeta.uz
O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi xabar qilishicha, shu vaqtgacha O‘zbek tilida qo‘llanib kelinayotgan 40 xorijiy so‘zning muqobili rasman muomalaga kiritildi.
Ushbu so‘zlar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar qo‘mitasi tomonidan ma’qullandi.
1. Avans — Bo'nak
2. Avtopilot — Avtoboshqaruv
3. Aysberg — Muztog
4. Bodikamera — Yonkamera
5. Brыzgovik — Loytoʻskich
6. Vnedorojnik — Yo'ltanlamas
7. Diskussiya — Bahs, munozara
8. Dostavka — Yetkazish
9. Zona — Hudud
10. Karving — Oʻymabezak
11. Konfidentsial — Maxfiy
12. Klaster — Klaster
13. Kovorking — Ish markazi
14. Kolovorot — Qo'lparma
15. Koridor — Yo'lak
16. Kotlovan — Xandaq
17. Lebyodka — Chig'ir
18. Lider — Yo'lboshchi, yetakchi
19. Link — Havola
20. Markirovka — Tamg'alash
21. Marshrut — Yo'nalish
22. Master-klass — Mahorat darsi
23. Motivatsiya — Ruhlantirish, rag'bat
24. Navigator — Yo'llagich
25. Najdak — Qumqog'oz
26. Oprava — Gardish
27. Otvyortka — Buragich
28. Parol — O'ron
29. Pereplyot — Muqovalash
30. Polik — To'shama
31. Portfolio — Yig'majild
32. Progress — Ilg'or
33. Rastushyovka — Qoshpardoz
34. Svetofor — Yo'lchiroq
35. Sillabus — Ishchi dastur
36. Smart — Aqlli
37. Chellendj — Chorlov
38. Shurup — Buramamix
39. IT-park — AT parki, Axborot texnologiyalari parki
40. IT-texnologii — Axborot texnologiyalari
Yarim yilda norasmiy iqtisodiyot ulushi qariyb 33 foizga yetdi

Surat manbasi, BBC News O'zbek
O‘zbekiston Milliy Statistika qo‘mitasi mamlakat Yalpi Ichki mahsuloti ishlab chiqarishi haqidagi ma’lumotni e’lon qildi.
O‘zbekistondagi kursiv.uz veb-nashri qo‘mita taqdim etgan ma’lumotlar asosida mamlakatning "soya iqtisodi"dagi o‘zgarishlarni tahlil etishga urindi.
kursiv.uz rasmiy hisob-kitoblarga kirmaydigan iqtisodiyotni "kuzatib borilmaydigan iqtisodiyot" deb ataydi, uning YaIMdagi ulushi qariyb 33 foizga yaqinlashganiga e’tibor beradi.
Bugun O‘zbekistonda "soya iqtisodi" 265 trillion so‘mni tashkil etayapti, deb ko‘riladi.
Bundan oldin Milliy Statistika qo‘mitasi 2025 yilning birinchi yarim yilida YaIM 7,2 foiz o‘sgani va 807,9 trillion so‘mni tashkil etganini xabar qilgan edi.
Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston yillik YaIMini 132 milliard dollarni tashkil etadi, deb hisoblaydilar, 807 million so‘m qariyb 64 milliard deganidir.
Demak, bugun taxminan 20 milliard dollar mablag‘ O‘zbekiston "soya iqtisodi"da muomala qilinayapti, deyish mumkin.
"Kuzatib borilmaydigan iqtisodiyotga norasmiy iqtisodi, jumladan, uyda xizmat ko‘rsatish, ruxsat olmasdan turib savdo qilish, ro‘yxatga olinmagan kichik bizneslar kiradi. Soya iqtisodiyotiga qonuniy biznesning bir qismini yashirish, konvertda maosh to‘lash va soliqdan qochishning boshqa yo‘llari kiradi", deb yozadi kursiv.uz .
29 iyul. Tolibon va O‘zbekiston yirik elektr loyihalarini muhokama qildi, Navoiyda uran sotmoqchi bo‘lganlar qamaldi, O‘zbekiston aholisining uchdan birida jamg‘armasi yo‘qmi?

Surat manbasi, minenergy.uz
O‘zbekiston va Tolibon rasmiylari Afg‘onistonda yirik elektr loyihalarini muhokama qildi. Navoiyda 140 ming dollarga uran sotmoqchi bo‘lgan bir guruh shaxs qamaldi. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 3 dan bir qismi jamg‘armaga ega emasligini aytgan.
Afg‘onistonda O‘zbekiston ishtirokida yirik elektr loyihalar
Tolibon hukumatidagi yuqori lavozimli amaldor Kobuldagi O‘zbekiston elchisi bilan uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi energetika hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan yirik elektr loyihalarini muhokama qildi. Bu haqda Afg‘onistonning milliy elektr kompaniyasi — Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS)ga tayanib afintl.com nashri xabar bermoqda.
Tolibon tomonidan DABS rahbari etib tayinlangan Abdul Bari Umar O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi Oybek Usmonov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Abdul Bari Umar ikki davlat munosabatlarini, ayniqsa, energetika sohasida yanada kengaytirish zarurligini ta’kidlagan.
Muzokaralarda qaysi elektr loyihalari muhokama qilingani haqida aniq ma’lumot berilmagan. Ammo Usmonov mavjud hamkorlik darajasidan mamnun ekanini bildirib, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqlagan.
Ayni paytda, Afg‘onistondagi elektr ta’minotining katta qismi O‘zbekiston va Tojikiston tomonidan ta’minlanishi aytiladi. Shunga qaramay, Kobul va boshqa yirik shaharlarda tez-tez uzilishlar kuzatiladi. Nashrning yozishicha, aholi oylik kommunal to‘lovlar oshib borayotganiga qaramay, kuniga atigi 4–6 soat elektrdan foydalanish imkoniga ega ekanini bildirmoqda.
Navoiyda yirik pulga uran sotmoqchi bo‘lganlar qamaldi

Surat manbasi, navoiyuran.uz
Bir guruh shaxslar radiatsion modda hisoblanadigan 120 gramm tabiiy uranni har grammiga 2 000 dollardan noqonuniy ravishda sotishga uringan.
Bu haqda sud hukmiga tayanib kun.uz nashri xabar bergan.
"Biroq ular tezkor tadbirda qo‘lga olingan. Fanlar Akademiyasi Yadro-fizika instituti ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, tezkor tadbirda olingan modda tabiiy uran radioaktiv moddasi ekani tasdiqlangan", deyiladi xabarda.
Uranni noqonuniy aylanmadan o‘tkazishga urinishda ishtirok etgan bir nechta shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Ular orasida "Navoiyuran" va Navoiy kon-metallurgiya kombinati xodimlari ham bor.
Sud hukmiga ko‘ra, Navoiyuran tarkibidagi "Sobirsoy" geotexnologik konida chilangar bo‘lib ishlagan J.I. 2024 yil sentyabrь oyida bir shaxs (uning ishi alohida ko‘rib chiqilmoqda) bilan til biriktirib, tabiiy uranni noqonuniy sotish orqali daromad qilishga kelishib olgan.
U 120 gramm uranni ushbu shaxsdan qabul qilib, **O.M.**ga topshirgan — u esa uni potentsial xaridorlarga ko‘rsatishi kerak bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, 2025 yil 14 aprel kuni Navoiy shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi J.I. hamda NGMK tarkibidagi "Amento Amantau" konida chilangar bo‘lib ishlagan N.U.ni Jinoyat kodeksining 252-moddasi 2-qismi "b" bandi (radioaktiv moddalarni noqonuniy muomalada saqlash) bo‘yicha aybdor deb topdi.
J.I. 4,5 yil ozodlikdan mahrum etildi va Jinoyat kodeksining 57-moddasiga muvofiq 2 yil davomida Navoiyuran tizimida ishlash huquqidan mahrum qilindi.
N.U. esa 2,5 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi.
Shuningdek, O.M., F.S. va F.T. ham aybdor deb topilib, sud hukmi asosida jazoga tortildi.
2025 yil 24 iyul kuni Navoiy viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya hay’ati birinchi instantsiya hukmini o‘zgartishsiz kuchda qoldirgan.
O‘zbekistonda aholining uchdan bir qismida jamg‘arma yo‘q — Markaziy bank so‘rovnomasi

Surat manbasi, cbu.uz
O‘zbekistonda har uchinchi fuqaro hech qanday jamg‘armaga ega emas. Bu haqda Markaziy bank 2025 yil iyun oyida o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarida ma’lum qilindi.
14 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etgan ushbu so‘rovnomada respondentlarning 34 foizi pul jamg‘arish imkoniga ega emasligini bildirgan. Bu mamlakat aholisining katta qismi hanuz moliyaviy zaxira yarata olmayotganini ko‘rsatadi.
Qanday to‘lov usullari keng tarqalgan?
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, aholi orasida to‘lovlarni amalga oshirishda ham turli usullar qo‘llaniladi:
- 52 foiz respondent to‘lovlarni ham naqd, ham bank kartasi orqali amalga oshiradi;
- 33 foiz faqatgina kartadan foydalanadi;
- 15 foiz esa to‘lovlarni asosan naqd pulda qiladi.
Xaridlar va sarf-xarajatlar qanday?
Aholining xarid qilish qobiliyati va odatlari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar qayd etilgan:
- Bir martalik xarid uchun 47 foiz fuqaro 100 000 — 500 000 so‘m atrofida mablag‘ sarflashini aytgan;
- 35 foiz esa 100 000 so‘mdan kamroq xarajat qiladi.
Nega hali ham naqd pul keng qo‘llaniladi?
So‘rov natijalarida shunday ma’lum bo‘ldiki, ko‘pchilik hanuz naqd puldan foydalanishni afzal ko‘radi. Bunga asosiy sabab sifatida:
- bozor va xizmat ko‘rsatish joylarida naqd pulda arzonlashtirilgan narxlar taklif qilinishi;
- qaytimda qulaylik;
- yoki POS-terminal yo‘qligi kabi omillar keltirilgan.
Qaytim masalasi ham dolzarb
Savdo joylarida qaytim puli bilan bog‘liq muammolar ham aholini tashvishga solmoqda:
- 65 foiz fuqaro do‘konlarda qaytimni doim to‘g‘ri olishini aytgan;
- ammo 17 foiz iste’molchi qaytim aksar holda arzon tovarlar bilan berilganini bildirgan.












