Qozog‘iston Ukrainani ogohlantirdi, aks holda nima bo‘lishini aytdi, Rossiya hozircha jim...

Surat manbasi, Getty Images
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 4 daq
Ukraina ham jim turmadi, o‘zining javobini aytdi. Qozog‘iston Ukraina bilan urushayotgan Rossiyaga chegaradosh yagona Markaziy Osiyo davlatidir. Ikkovlon o‘rtasidagi quruqlik osha chegara dunyodagi eng uzuni bo‘ladi.
Nima gap?
Ushbu voqea xalqaro huquq bilan himoyalangan fuqarolik obyektiga nisbatan uchinchi tajovuzkor harakat bo‘ldi.
Qozog‘iston Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsortsiumi terminaliga qilingan hujum yuzasidan Ukrainaga rasman va oshkora o‘zining noroziligini bildirdi.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bu xususda bayonot bilan chiqdi.
Vazirlik o‘zining bayonotida bunga o‘xshash hodisalar Qozog‘iston va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishini ham ta’kidlagan.
Qozog‘iston tomoniga ko‘ra, "ushbu voqea xalqaro huquq bilan himoyalangan fuqarolik ob’ektiga nisbatan uchinchi tajovuzkor harakat bo‘lgan".
Rasmiy Ostona, "Ukraina tarafi bunday holatlar takrorlanmasligi uchun aniq choralar ko‘rishi"ga umid ham bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea shu yilning 29 noyabr kuni yuz bergan.
Ukraina tomoni Qozog‘istonning norozilik bayonotini bejavob qoldirmagan, ammo uni rad etgan.
Rasmiy Kiev, "Ukraina Qozog‘istonga qarshi hech qanday dushmanona harakatlar qilmayapti", - deya bayonot bergan.
"Ukraina tomonining hech qanday harakati Qozog‘iston yoki boshqa uchinchi bir tomonlarga qaratilgan emasligi"ni ta’kidlagan.
"Ukraina Rossiya hujumlariga javoban zarba berishi, o‘zlarining barcha sa’y-harakatlari BMT Nizomining 51-moddasida kafolatlangan o‘zini-o‘zi himoya qilish huquqining bir qismi sifatida Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzkorligini qaytarishga qaratilgan"ligini bayon qilgan.
Barcha tomonlarni Rossiyani "o‘z davlatlari va xalqlariga qarshi jinoiy urushini imkon qadar tezroq tugatishga undash" uchun o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirishga ham chaqirgan.
Rasmiy Kievning bu javobiga hozircha rasmiy Ostonaning munosabati ma’lum emas.
Qozog‘iston va Ukraina

Surat manbasi, EPA
Markaziy Osiyo davlatlarining hech biri shu paytgacha Rossiya Ukrainaga ochgan urushni na-da oshkora qo‘llagan va na-da qoralagan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainaga oid xalqaro rezolyutsiyalarida ham betarafliklaricha qolishayotir.
Qozog‘iston o‘zining Ukraina urushi borasidagi ilk rasmiy bayonotini 2022 yilning martida, Rossiya o‘zining "maxsus harbiy amaliyoti"ni boshlashidan oy o‘tib bergan.
Prezident Qasim-Jomart Toqaev o‘shanda Rossiya va Ukrainani "muzokaralar orqali til topishish"ga chaqirgan, "yomon tinchlik yaxshi janjaldan afzal" ekanini aytgan.
Rasmiy Ostona orada Ukraina masalasida Qozog‘istonning pozitsiyasi "aniq" ekani, bu "BMT Nizomi asosida barcha davlatlar, shu jumladan, Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilish zaruratidan iborat" ekanini aytgan.
Qozog‘iston Ukraina mojarosining tez orada tugatilishidan chin dildan manfaatdor ekani va zarur bo‘lsa, bunda o‘z rolini o‘ynashga ham tayyor ekanligini ta’kidlagan.
Rasmiy Ostona, "ziddiyatlarni harbiy yo‘l bilan hal qilish qat’iy yechim emasligini aytishdan ham tortinmasligi"ni rasman va oshkora bayon qilgan.
Qozog‘iston "ko‘pqutbli tashqi siyosati tufayli dunyoning hech bir davlati bilan yomon munosabatlarga ega bo‘lmagan tinchliksevar davlat" ekanini aytadi.
Orada G‘arbning Ukraina urushi bois Rossiyaga qo‘llab kelayotgan xalqaro sanksiyalari talablarini bajarishga ham va’da bergan.
Rasman taqiqlangan 2023 yilga qadar qozog‘istonliklar Rossiyaning Ukrainadagi urushiga vaqti-vaqti bilan o‘z noroziliklarini bildirib kelishgan.
Urushga qarshi namoyishlarga chiqishgan, faollar esa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir necha bor tinch mitinglar ham uyushtirishgan.
Bu kabi holat Ukraina urushi manzarasida qolgan aksariyat mintaqa davlatlarida kuzatilmagani bilan ham ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgan.
Qozog‘iston urush ichidagi Ukrainaga insonparvarlik yordami ham yuborib keladi.
Hujum oqibati

Surat manbasi, Reuters
Rasmiy Ostona o‘zining bayonotida, "Qozog‘iston barqaror va uzluksiz energiya ta’minotini ta’minlashga alohida ahamiyat berishi"ni ta’kidlagan.
"Kaspiy quvurlari konsortsiumi global energetika tizimining barqarorligini ta’minlashda alohida o‘rin tutishi"ni ham qo‘shimcha qilgan.
Qozog‘iston Energetiki vazirligining rasman bildirishicha, hujum natijasida Kaspiy Quvurlari konsortsiumi prichallaridan biriga jiddiy ziyon yetgan.
Vazirlikka ko‘ra, qurilma to‘liq ta’mirlash va tiklash ishlari tugagunga qadar to‘liq ishdan chiqqan.
Ma’lum qilinishicha, "salbiy oqibatlarni minimallashtirish va yirik konlarda ishlab chiqarish sur’atlarini saqlab qolish uchun vazirlik zudlik bilan neft eksporti hajmini muqobil yo‘nalishlarga yo‘naltirish rejasini faollashtirgan".
Vaziyat Qozog‘iston Respublikasi hukumatining alohida nazorati ostida.
Reutersning yozishicha, Qozog‘iston neft xom ashyosi eksportining 80 foizi xuddi shu konsortsium hisobiga to‘g‘ri keladi.
Qozog‘istondan tashqari, Rossiya va AQSh ham uning hissadorlari sanalishadi, deydi agentlik.
Reutersning kecha, 30 noyabr kungi xabariga tayanilsa, jahon neftining 1 foizini tashuvchi konsortsium eksportni to‘xtatadi.
Yangilik Rossiya nashrlarida ham keng va uzluksiz yoritilgan.
"Kommersant" nashri yozishicha, hujum natijasida hech kimga ziyon yetmagan, Qora dengizga neft tushmagan.
Ukraina Qora dengizda ham Rossiyaning "soya floti"ga tegishli ikkita tankeriga zarba bergan, bunga Turkiya o‘zining noroziligini bildirgandi.
Kiev, Yevropa, Amerika, endi esa Moskva... - AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina urushiga chek qo‘yishga qaratilgan "tinchlik rejasi" muhokamasi esa hanuz davom etmoqda.
Kremlning ma’lum qilishicha, ertaga, seshanba kuni AQSh Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Putin bilan uchrashadi.
Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsortsiumi terminaliga qilingan hujum, bunga Qozog‘istonning noroziligi, rasmiy Kievning rad qiluvchi javobi bilan bog‘liq voqealarning so‘nggi rivojiga Moskva va Vashingtonning munosabati maqola yozilgan va chop qilingan soatlarda imkonsiz edi.












