Beslan qirg'inining 20 yilligi: Putin zaifligini koʻrsatgan garovgirlik hodisasi

Сурат манбаси, Getty Images
- Author, Sara Reynsford
- Role, BBCning Sharqiy Yevropa bo'yicha muxbiri
- Ўқилиш вақти: 5 дақ
Beslan o'z marhumlarini ko'mishni boshlagan kunda, tobutlarga to'la mashinalar shunchalik ko'p ediki, qabristonga boradigan yo'lda tirbandlik yuzaga keldi.
Kichik Kavkaz shahrida hamma yaqinini yo'qotgan yoki 1-sonli maktabdagi qamalda halok bo'lgan kishini tanir edi.
Asosan Chechenistondan bo'lgan og'ir qurollangan jangarilar tomonidan amalga oshirilgan terror hujumi uch kun davom etdi.
Aloqador mavzular:
334 kishi halok bo'ldi, ulardan 186 nafari bolalar edi.
Bugun, qamal dahshatli portlashlar bilan to'satdan tugaganiga 20 yil bo'ldi, lekin men hali ham Beslan onalarining nolasini eshitaman; shahar boʻylab to'lqin-to'lqin tarqalgan qayg'uni his qilaman.
Men old hovlida yoniga oʻyinchoqlari ehtiyotkorlik bilan qo'yilgan 11 yoshli Alinaning oq ochiq tobutini xayolimda gavdalantiraman.
Men hamma vaqt uch kun davomida o'z nevaralari va yuzlab boshqa garovdagilar bilan birga issiq maktab zalida siqilib o'tirgan Rimani va ularning shundoq tepasidagi basketbol xalqalari orasida joylashtirilgan bombalarni eslayman.
O'sha payt men omon qolganimdan uyalaman, degan edi u.
Nevaralari bilan o'q yomg'iri ostida chiqish eshigi tomon yugurgankan, ular kichik bir bolaning jonsiz jasadi ustidan oshib o'tishga majbur bo'lishgan edi.
"Xudo bizni buning uchun kechirsin," deya Rima ko'zyoshlar orasida iltijo qilgan edi.

Сурат манбаси, Getty Images
Putinizmning ilk saboqlari
2004 yilda Beslan fojiasi butun Rossiya bo'ylab his qilindi va butun dunyo bo'ylab aks-sado berdi. Eng avvalo, fojia maktabni bosib olgan, havoga o'q uzib, yuzlab dahshatga tushgan odamlarni garovga olgan o'nlab erkak va ayollar tomonidan sodir etilgandi. Ular onalar va bolalarni, shuningdek, sochlariga katta oq bantiklar taqqan jajji qizaloqlarni to'plagandilar. Yangi o'quv yilining birinchi kunini nishonlayotgan butun oilalar garovga olingan edi. Jangarilar sport zalini portlovchi moddalarga to'ldirib, garovdagi erkaklarni o'ldirishni boshladilar.
O'sha yozda, Vladimir Putinning Chechenistondagi separatistlarga qarshi to'rt yil avval boshlagan shafqatsiz urushi allaqachon janubiy Rossiya respublikasining chegaralaridan tashqariga chiqib ulgurgandi. Beslan qamali arafasida, Moskva metrosi bekati tashqarisida bir chechen ayoli o'zini portlatishi oqibatida 10 kishi halok bo'ldi. Bungacha, xudkushlar ikkita samolyotni portlatib yuborgan va bir musiqa festivaliga ham halokatli hujum uyushtirilgan edi.
Ammo o'tgan yigirma yil davomida janob Putin va uning amaldorlari Beslandagi hujumga qanday munosabatda bo'lganlari, terrorchilarga "yon bermaslik" qarorlarida qanchalik qat'iy bo'lganlari haqida tinimsiz, tashvishli savollar mavjud.

Сурат манбаси, .
Ular muzokaralar o'tkazishga harakat qildimi?
Chechenistondan Rossiya qo'shinlarini olib chiqishni talab qilganlari ma'lum bo'lsa ham, nega hujumchilar siyosiy talablar qo'ymadi?
Yana ko'proq bolalarni ozod qilish mumkin bo'lganmidi?
Eng qizigʻi, maktabda hali yuzlab garovdagilar bor boʻla turib, qutqaruvchilar tanklardan o'q uzishlari va alangali otuvchilarni qo'llashlariga nima sabab bo'ldi?
Ko'plar Beslan qamali Putinizmning muhim dastlabki saboqlarini ochib berdi, jumladan, u o'ziga qarshi chiqqanlarni ezish uchun hech narsadan qaytmasligini ko'rsatdi, deya talqin qilishadi.

Сурат манбаси, Getty Images
Obroʻni asrash
Putin 1-sonli maktab vayronalariga tashrif buyurishi uchun naq 20 yil ketdi.
Shunda ham u oilalar bilan yillik marosimlarda ishtirok etmadi. Faqat ikki hafta oldin, yolg'iz o'zi u yerga bordi.
Maktabning vayron bo'lgan devorlarining ozginasi esdalik sifatida qoldirilgan, keyinchalik oltin rangli mato bilan o'ralgan va halok bo'lganlarning suratlari bilan bezatilgan edi. Garovdagilar saqlangan sport zalining o'rtasida, janob Putin yog'och xoch tagiga gullar qo'ydi. Ko'p jahon liderlari uchun bu joyni ziyorat qilmaslik aql bovar qilmas qaror boʻlgan boʻlardi. Bu Rossiyaning eng halokatli terror hujumi edi. Ammo janob Putin har doim jangovar samolyotda suratga tushishni yoki askarlar o'rtasida bo'lishni afzal ko'radi. U qutqara olmagan bolalarning qabrlari uning qahramon obraziga hech narsa qo'shmaydi.
Aslida, u oldin ham Beslanda bo'lgan, lekin bu deyarli e'tibordan chetda qolgandi. Qamal tugagandan keyin, u tun qorong'uligida shifoxonani ziyorat qilish uchun uchib kelgan edi. U Beslanga butun Rossiya ular bilan birga motam tutayotganini aytdi, ammo quyosh chiqqunicha uning oʻzi allaqachon gʻoyib boʻlgandi.
"U juda kech keldi," o'sha paytda motam tutayotgan oilalardan eshitganim yodimda, "U biz bilan qolishi kerak edi."
Lekin Prezident Putin bunday qilishga jur'at eta olmadi. To'rt yil oldin, motam tutayotgan ayollar bilan uchrashuvi uni hayratda qoldirgan edi. 2000-yilda Kursk suvosti kemasi cho'kib ketganida, u dam olishdan qaytishi uchun besh kun kerak bo'ldi va yaqinlari bilan uchrashganda, ular uni qattiq tanqid qilishdi.
Shunday qilib, janob Putin o'z prezidentligi davrida diqqat bilan rejalashtirilgan uchrashuvlarni belgilashni boshladi. Faqat kichik, oldindan tekshirilgan guruhlar. Hammasi nazorat ostida.

Сурат манбаси, Getty Images
Raqamlar va yolg'onlar
O'tgan oy Beslanda, atigi uchta ona u bilan uchrashish uchun keltirildi.
"Bu 334 kishining hayotini olib ketgan dahshatli terror harakati edi," dedi janob Putin davlat televideniyesi kameralari uchun ularga oʻz fojialarini tasvirlab berarkan.
"Ulardan 136 nafari bolalar edi."
O'sha payt ekranda onalar ko'rinmaydi, lekin ular uning xatosidan, albatta, titragan bo'lishsa kerak. Chunki Beslanda 186 nafar bola halok bo'lgan edi. Bu o'sha shahardagi har bir kishining fikr-yodida chuqur o'rnashgan raqam. Bu hech qachon esdan chiqarib boʻlmaydigan yagona narsa. Ammo janob Putin Beslanga hamdardlik bildirish uchun kelmagan edi. Qora kiygan onalar faqat bir vosita edi, xolos. Ular orqali u o'z fikrini bildirmoqchi edi.
Yigirma yil avval u o'zining terrorizmga olib borgan urushini va bunda g'alaba qozonganini rossiyaliklarga eslatib qoʻydi. Endi u Ukraina bo'ylab "neonatsistlar" va dushman G'arbga qarshi kurashmoqda va u bu urushda ham g'alaba qozonishini va'da qildi.
Buzib ko'rsatish va yolg'onlar allaqachon Putinning 2004-yilgi taktiklarida mavjud edi. O'shanda amaldorlar Beslanda garovga olinganlar sonini jiddiy ravishda kamaytirib ko'rsatgan edilar.
Qamalning birinchi kunida men shaharga yetib keldim va tezda o'sha maktabda garovda bo'lganlarning soni rasmiylar aytayotganidan uch baravar ko'proq ekanini tushundim. Har bir mahalliy odam bizga shunday dedi. Lekin davlat televideniyesi muxbirlari, ko'rsatmalarga ko'ra, yolg'onni takrorlashda davom etdilar. Odamlar qo'shinlar maktabga bostirib kirishga tayyorlanayotganidan qo'rqishar edi, shuning uchun hokimiyatlar potentsial qurbonlar sonini kamaytirishga harakat qilardi.

Сурат манбаси, Getty Images
Putin uchun saboqlar
Men ko'pincha jangarilardan koʻra koʻproq oddiy aholi oʻlimi bilan tugagan bunday fojiadan keyin G'arbiy demokratiyalarda hukumat bilan nima sodir bo'lishini o'ylab qolaman. Menimcha, bunday hukumat rasmiy tergov yoki keyingi saylovda omon qolishi qiyin bo'lardi.
Vladimir Putinga esa ikkalasidan ham xavotir olishga hojat yo'q edi. 2017 yilda Yevropa Inson huquqlari sudi Rossiyani garovdagilarni himoya qilish vazifasini bajarmaganlikda va qamalning tugashida "tanlab o't ochmaslik"da aybdor deb topdi. Bu ish adolat izlab motam tutayotgan onalar tomonidan kiritilgan edi.
Ammo Rossiyaning o'zida yangi tergov o'tkazilmadi. Hech bir yuqori lavozimli amaldor javobgarlikka tortilmadi. Avgust oyida uchta beslanlik ona bu masalada Putin bilan uchrashuvda shikoyat qilganida esa u hayratini bildirdi va bu masalani ko'rib chiqishga va'da berdi.
Vaholanki, unda buni qilish uchun 20 yil bor edi.
Biroq u qamal tugagach, bir narsani hal qildi. 2004-yilda janob Putin Rossiya viloyatlaridagi hokimlar uchun to'g'ridan-to'g'ri saylovlarni bekor qilayotganini e'lon qildi va bu xavfsizlikni yaxshilashga yordam berishini da'vo qildi. Buning Beslan hujumi bilan umuman aloqasi yo'q edi.
Parlament bu qarorni ovozga qo'yish uchun yig'ilganida, muxolifatdagi siyosatchilar binoni picket qildilar va avtoritarizmning sekin-asta o'sib borayotganidan ogohlantirdilar. Yigirma yil o'tib, endi hech qanday muxolifat qolmadi. Davlat ommaviy axborot vositalari to'liq bo'ysundirildi. Demokratiya ezildi. Janob Putin Beslan qamalidan olgan asosiy saboq — nazoratni kuchaytirish edi.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002
















