Shayx Hasina: Demokratiya timsoli qanday qilib avtokratga aylandi?

Shayx Hasina Vazed Bangladesh sobiq bosh vaziri

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Shayx Hasina mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirgan bo'lsada, tanqidchilari uni avtokratiyada ayblaydi
Ўқилиш вақти: 4 дақ

Bangladesh Bosh vaziri Shayx Hasina Vazed talabalar boshchiligida bir necha haftadan beri davom etayotgan norozilik namoyishlari halokatli va umummilliy tartibsizliklarga aylanib ketganidan soʻng isteʼfoga chiqib, mamlakatni tark etdi.

Xabarlarga koʻra 76 yoshli bu ayol siyosatchi dushanba kuni vertolyotda Hindistonga qochib ketgan.

Minglab namoyishchilar uning poytaxt Dakkadagi rasmiy qarorgohiga bostirib kirishgan.

Bu Bangladeshning 2009-yildan beri hokimiyatida boʻlgan va mamlakatni 20 yildan koʻproq vaqt davomida boshqargan bosh vazir hukmronligining kutilmagan yakuni boʻldi.

Shayx Hasina shu paytgacha eng uzoq vaqt davomida boshqargan Bosh vazir edi.

Soʻnggi yillarda Janubiy Osiyo davlatining iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qoʻshgan Hasina xonim oʻz siyosiy faoliyatini demokratiya tarafdori sifatida boshlagan.

Biroq, soʻnggi yillarda u avtokratga aylanganligi aytilib, oʻz boshqaruviga qarshi har qanday qarshilikni bostirganlikda ayblanmoqda. Uning hukmronligi davrida siyosiy sabablarga koʻra hibsga olishlar, gʻoyib boʻlishlar, hukmsiz qatllar va boshqa huquqbuzarliklar koʻpaydi.

Yanvar oyida boʻlgan saylovlarda katta farq bilan toʻrtinchi muddatga Bosh vazir sifatida gʻalaba qozondi.

Uning bu gʻalabasi tanqidchilar tomonidan soxta, deb qoralangan va asosiy muxolifat tomonidan boykot qilingan.

Shayx Hasina hokimiyat tepasiga qanday keldi?

Siyosatchilik 1947-yilda Sharqiy Bengaliyada musulmon oilasida dunyoga kelgan Hasina xonimning qonida bor.

Uning otasi millatchi lider Shayx Mujibur Rahmon, Bangladeshning "Millat otasi" boʻlib, u mamlakatning 1971-yilda Pokistondan mustaqil boʻlishiga boshchilik qilgan va mamlakatning birinchi prezidenti boʻlgan.

Oʻsha paytda Hasina xonim Dakka universitetida talabalar yetakchisi sifatida obroʻ qozongan edi.

Uning otasi 1975-yildagi harbiy toʻntarishda koʻpchilik oila aʼzolari bilan birga oʻldirilgan.

Faqat Hasina xonim va uning singlisi oʻsha paytda xorijga sayohat qilayotganliklari tufayli omon qolishgan.

Hindistonda quvgʻinda yashagach, Hasina xonim 1981-yilda Bangladeshga qaytib keladi va otasi aʼzo boʻlgan "Avami ligasi" siyosiy partiyasining rahbari boʻladi.

U general Husayn Muhammad Ershodning harbiy hukmronligi davrida demokratiya tarafdori boʻlgan boshqa partiyalar bilan kuch birlashtiradi.

Qoʻzgʻolonlarda xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Hasina tez orada milliy siyosiy timsolga aylanadi.

U birinchi marta 1996-yilda hokimiyatga saylangan, Hindiston bilan suv taqsimoti va mamlakat janubi-sharqidagi qabilaviy isyonchilar bilan tinchlik bitimini imzolagani uchun obroʻ qozongan.

Ammo shu bilan birga uning hukumati koʻplab korrupsion biznes bitimlari tuzishda ayblanib, Hindistonga haddan tashqari boʻysunishi sabab tanqid qilingan.

Keyinchalik, u 2001-yilda oʻzining sobiq ittifoqchisiga aylangan Bangladesh millatchi partiyasi (BNP) vakili Begum Xalida Ziyoga yutqazgan.

Siyosiy sulolalar merosxoʻrlari sifatida ikkala ayol ham oʻttiz yildan koʻproq vaqt davomida Bangladesh siyosatida hukmronlik qilgan va "jang qilayotgan begimlar" sifatida tanilgan.

"Begim" oliy martabali musulmon ayoli degani.

Kuzatuvchilarga koʻra, bu raqobatlashish davrida avtobus portlashlari, gʻoyib boʻlishlar va sud hukmisiz qatllar odatiy holga aylangan.

Hasina xonim oxir-oqibat 2009-yilda muvaqqat hukumat davrida oʻtkazilgan saylovlar ketidan yana hokimiyatga keladi.

Siyosiy tala-toʻplardan omon qolgan bu ayol, muxolifatda boʻlganida koʻp martalab hibsga olindi.

Shuningdek, unga nisbatan bir necha marta suiqasdlar uyushtirilgan, 2004 yildagisi esa eshitish qobiliyatiga zarar yetkazgan.

Hasina xonim koʻp martalab uni quvgʻinlarga undagan, korrupsiyada ayblagan sud hukmlaridan omon qolgan.

Shayx Hasinaning yoshlikdagi rasmi

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, 1980-yillarning boshi, 1990-yillarda demokratiya tarafdorlari tomonidan nomzodi ilgari surilgan Hasina xonim milliy timsolga aylangan

U nimaga erishdi?

Hasina xonim boshqargan davrdagi Bangladesh ziddiyatlar toʻla koʻrinishga ega.

Bir paytlar dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri boʻlgan, aksariyat aholisi musulmon boʻlgan bu davlat 2009-yildan beri uning rahbarligida mustahkam iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishdi.

Hozir u mintaqadagi iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri boʻlib, hatto qoʻshnisi Hindistondek yirik davlatdan ham oshib ketadi.

Soʻnggi oʻn yil ichida uning aholi jon boshiga daromadi uch baravar oshgan va Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, soʻnggi 20 yil ichida 25 milliondan ortiq odam qashshoqlikdan qutulgan.

Ushbu oʻsishning katta qismi Bangladeshdagi jami eksportning katta qismini tashkil etuvchi tikuvchilik sanoati sababdir.

Soʻnggi oʻn yilliklarda tez rivojlanib, Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyo bozorlariga yoyilgan.

Hasina xonim hukumati mamlakatning oʻz mablagʻlari, kreditlari va rivojlanish yordamidan foydalangan holda ulkan infratuzilma loyihalarini, jumladan Ganga daryosi orqali oʻtadigan 2,9 milliard dollarlik Padma koʻprigini qurdirgan.

Shayx Hasina

Uning atrofida qanday bahs-munozaralar bor?

Oxirgi norozilik namoyishlari Hasina xonim lavozimga kirishganidan beri duch kelgan eng jiddiy muammo boʻldi va uning partiyasi toʻrtinchi marta parlamentga qayta saylangan oʻta ziddiyatli saylovlardan keyin sodir boʻldi.

Norozilik davlat xizmatidagi ish joylaridagi kvotani bekor qilish talabi bilan boshlandi.

Politsiyani namoyishlarni kuch bilan bostirish uchun jalb qilib, 200 dan ortiq namoyishchining oʻlimiga sabab boʻlgani va koʻpchilikni yaralagani uchun namoyishlar hukumatga qarshi katta harakatga aylandi.

Hasina xonimning isteʼfoga chiqishga undovlar kuchayib borayotgan bir paytda, u pozitsiyasida mustahkam turdi.

Tashviqotchilarni "terrorchilar" deb qoraladi va "bu terrorchilarni qattiq qoʻllik bilan bostirish" uchun yordam soʻradi.

Yuzlab odamlarni qamatdi va yuzlab insonlarga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatdi.

Kvotalarga qarshi tashviqot Bangladeshda pandemiyadan keyin kun koʻrish qiyinlashib, yashash qimmatlashgan bir paytga toʻgʻri keldi.

Inflyatsiya keskin oshdi, mamlakatning valyuta zaxiralari keskin kamaydi, tashqi qarzi esa 2016-yildan buyon ikki barobar ortdi.

Tanqidchilar bunga sabab qilib Hasina xonim hukumatining notoʻgʻri boshqaruvini koʻrsatishdi.

Shuningdek, Bangladeshning oldingi iqtisodiy muvaffaqiyatidan faqat Hasina xonimning Avami ligasiga yaqin boʻlganlargina naf koʻrganligini aytishadi.

Ular, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti demokratiya va inson huquqlarini poymol qilish evaziga kelganini aytadi.

Hasina xonim uzoq vaqtdan beri oʻzining siyosiy raqiblari, tanqidchilari va ommaviy axborot vositalariga nisbatan repressiv avtoritar choralarni qoʻllashda ayblanib kelinmoqda.

Qachonlardir koʻp partiyaviy demokratik davlat uchun kurashgan bir lider uchun keskin burilish, shunday emasmi?

Inson huquqlari guruhlari hisob-kitoblariga koʻra, 2009-yilda Hasina xonim yana hokimiyat tepasiga kelganidan beri kamida 600 ga yaqin yoʻqolib qolish holatlari, yana yuzlab kishilar sud hukmisiz qatl etilishi holatlari kuzatilgan.

Bangladesh xavfsizlik xizmatlari ham uzoq vaqtdan beri jiddiy zoʻravonlik va qiynoqlarda ayblanib keladi.

2021-yilda Qoʻshma Shtatlar tezkor harakatlar batalyoni — politsiyaning taniqli elita boʻlinmasiga suddan tashqari shafqatsiz qotilliklarni sodir etganlikda ayblab sanksiya joriy qilgan.

Koʻplab huquq faollari va jurnalistlar hibsga olingan, kuzatuv va taʼqiblarga uchragan.

Tanqidchilarga koʻra, jurnalistlarga nisbatan qattiq qonunlar qoʻllanilgan, bu esa matbuot erkinligini boʻgʻib qoʻygan.

Hasina xonim va uning hukumati, iqtisodchi va Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus kabi ishi sudda koʻrilayotganlarni "sud yoʻli bilan taʼqib qilishda" ayblanmoqda.

Yunus shu yil boshida qamoqqa olingan va tarafdorlarining fikricha, unga siyosiy sabablarga koʻra 100 dan ortiq ayblovlar qoʻyilgan.

Bu yilgi saylovlar arafasida BNPning koʻplab yuqori martabali rahbarlari hukumatga qarshi namoyishlar ortidan minglab tarafdorlari bilan birga hibsga olindi, inson huquqlari guruhlari buni muxolifatni ishdan chiqarishga urinish deb baholadi.

Hasina xonim hukumati bunday huquqbuzarliklar haqidagi daʼvolarni qatʼiyan rad etdi. Ammo bu kabi daʼvolarni tekshirmoqchi boʻlgan xorijiy jurnalistlarning tashrifini ham keskin cheklab qoʻydi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bog'laning.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek