Markaziy Osiyo “ojizligi” haqida gapirgan Zelenskiy Xitoyni Putin qoʻlida vosita boʻlishda aybladi

Сурат манбаси, Volodymir Zelensky/Telegram
Xitoy Jenevada oʻtajak global tinchlik sammitida qatnashmasligini bildirdi. Financial Times shaxsan Putinning oʻzi Pekinda Xitoy rahbaridan shunday qilishni soʻragani haqida yozgan.
Oʻtgan juma kuni Xitoy shu Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish boʻyicha oy oʻrtasida Shveysariyada oʻtajak global tinchlik sammitida ishtirok etmasligini bildirgan.
Financial Times nashrining yozishicha, may oyida Xitoyga borgan Rossiya prezidentining shaxsan oʻzi mezbon mamlakat rahbaridan sammitda qatnashmaslikni soʻragan.
Hozirgacha yuzdan ortiq davlatning ishtiroki tasdiqlangan sammitga Rossiyaning oʻzi taklif etilmagan.
2-iyun kuni Singapurda jurnalistlar bilan gaplashgan prezident Volodimir Zelenskiy Rossiya va Xitoyni tinchlik sammitini "buzish"ga urinishda ayblagan.
Zelenskiy dunyo davlatlarini Kiyev ilgari surgan "tinchlik formulasi" asosida oʻtkazilishi kutilayotgan global tinchlik sammitida qatnashishga chaqirib keladi.
Aprel oyida Oʻzbekiston ham sammitga taklif etilishi maʼlum qilingandi.
Oʻtgan oy oxirida Zelenskiy jurnalistlar bilan uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlari "Kremldan qoʻrquv sabab Rossiyaga yon bosayotgani"haqida gapirgandi.
Aloqador mavzular:
Osiyo safari
Volodimir Zelenskiy Xitoyni "boshqa davlatlarni" 15-16-iyun kunlari Shveysariyada oʻtadigan global tinchlik sammitiga "kelmaslikka undayotgan"likda ayblagan.
Bu ayblov Ukraina prezidentining urush boshlanganidan buyon Osiyo qitʼasiga ikkinchi safari chogʻida yangragan.
Zelenskiy oʻtgan dam olish kunlari qitʼa davlatlarini Ukrainani koʻproq qoʻllab-quvvatlashga chaqirish maqsadida Osiyo boʻylab safar boshlagan.
Singapurdagi Shanri-La konferensiyasida chiqish qilgan Zelenskiy 106 davlat global tinchlik sammitidagi oʻz ishtirokini tasdiqlagani haqida gapirgan.
U davlatlarni "Rossiya va Ukraina bilan munosabatlarda muvozanat ushlash emas, balki adolat va xalqaro huquqni himoya qilish"ga chaqirgan.
Ukraina prezidenti sammitdagi asosiy eʼtibor yadroviy xavfsizlik, oziq-ovqat xavfsizligi hamda Rossiyada ushlab turilgan ukrainalik harbiy asirlar va bolalarni ozod etish masalalariga qaratilishini tilga olgan.
"Xitoy afsuski boshqa davlatlar tinchlik sammitiga kelmasligi yoʻlida harakat qilmoqda", degan Zelenskiy Singapurda.
"Xitoy kabi ulkan, mustaqil, qudratli davlat Putinning qoʻlida vosita boʻlayotganini koʻrish achinarli", qoʻshimcha qilgan u.
Avvalroq, rasmiy Pekin oʻz sharti bajarilmagani tufayli Shveysariyadagi sammitda qatnashmasligini maʼlum qilgandi.
Xitoyning sharti sammitni ham Ukraina, ham Rossiyaniki, deya tan olish va unda tomonlar takliflari teng koʻrib chiqilishidan iborat.
Xitoy Rossiya-Ukraina urushida hech bir tomonda emasligini taʼkidlab keladi.
Dushanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Zelenskiyning ayblovini qatʼiyan etib chiqqan.
Ayblovga javoban "hech qachon olovga moy sepmagan"ini taʼkidlagan Pekin tinchlik sammiti boʻyicha pozitsiyasi "ochiq va shaffof" ekanini bildirgan.
"Biz barcha tomonlar tushunishi va qoʻllovini olishimizga ishonamiz", degan vazirlik soʻzchisi Mao Ning.
Zelenskiy bundan biroz oldin Rossiyani qishloq xoʻjaligi tovarlari, kimyoviy mahsulotlar va energiya oqimini toʻsib qoʻyish kabi tahdidlar orqali davlatlarga tinchlik sammitida qatnashmaslik uchun bosim oʻtkazayotganini aytgandi.

BBCʼga maʼlum boʻlishicha, Moskva Shveysariya tomoniga sammitda ishtirok etmasligini bildirishi sababli Rossiyaga rasmiy taklif yuborilmagan.
Oʻtgan haftada Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml sammitni "mutlaqo istiqbolsiz", ixtilofni jilovlash masalasini Rossiya ishtirokisiz muhokama qilish harakatini esa "tuturiqsizlik" deya hisoblashi haqida gapirgan.
Markaziy Osiyo davlatlari va "ojizlik"
Aprel oyida jurnalistlar bilan uchrashgan Ukrainaning Oʻzbekistondagi elchisi Mikola Doroshenko Kiyev Toshkentni ham tinchlik sammitiga taklif qilishini tilga olgandi.
Biroq rasmiy Toshkent hozirgacha bu masala boʻyicha sukut saqlashda davom etmoqda.
24-may kuni Xarkivda markaziy osiyolik jurnalistlar bilan gaplashgan Volodimir Zelenskiy mintaqa davlatlari muvozanatga rioya qilmayotganini taʼkidlagan.
U mintaqa yetakchilari "hozirgi Kremldan qoʻrqqani sababli" Rossiya tomon ogʻayotganini aytgan.
"Menimcha, bu urushni tugatishga yordam bermaydi. Tasavvur qiling, Xudo koʻrsatmasin, birortangizning yurtingiz bizning vaziyatga tushib qoldi. Xalqingiz tinchlik jarayoniga qoʻshilmagan davlatlarga qanday qaragan boʻlardi?… axir tinchlik sammiti faqat tinchlik, dialog haqida-ku. Menimcha, [bir chetdan kuzatib turish] ojizlikdan darak. Albatta, biz Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarini tinchlik sammitida koʻrishni istagan boʻlardik", degan Zelenskiy.
https://t.me/bbcuzbekBBC.COM/UZBEKTelegramda bogʻlanish raqami +44 7858860002















