2024 yil bizga qanday noxush va kutilmagan yangiliklar tayyorlayapti – 4 muhim nuqta

Сурат манбаси, NURPHOTO/GETTY IMAGES
- Author, Aleksey Kalmikov
- Role, BBC
Dunyo 2024 yilga ortiqcha nekbinlik bilan kirib kelmadi. Yangi yil uchun qilinayotgan bashoratlar har doimgidan ham tushkun. Ukraina va Yaqin Sharq urushlari, butun dunyo boʻylab rivojlanishning sekinlashishi va shu paytgacha kuzatilgan eng rekord issiq havo bilan oʻtgan 2023 yildan keyin kirib kelgan yilning endi halovat olib kelishiga ishonadiganlar soni ancha kam.
Aksincha, koʻplab OAV ning yozishicha ahvol yanada oʻgʻirlashadi. Kamida ikki hafta davomida bizni qurshab olgan anʼanaviy prognozlar va bashoratlar shunday taasurot uygʻotadi.
Bu bashoratlarning qay biri amalga oshishini bir yildan keyin bilamiz. Hozir esa 2024 uchun xavotirlarimizga asos boʻladigan bashoratlar roʻyxatiga qarab chiqsak…
Dunyo aholisi "baxtiga" soya solayotgan asosiy tahdidlar
2023 yildan meros, insoniyatga tahdid solayotgan ikki asosiy unsur — urush va iqlim oʻzgarishidan tashqari , tahlilchilar va OAV yana bir katta xavf haqida ogohlantirmoqda. U asosan Gʻarbga tegishli boʻlsa-da, uning asoratlarini butun dunyo oʻzida his qiladi.
Gap saylovlar haqida ketyapti. Bu saylovlar natijasida AQSh va Yevropa Ittifoqida hukumat almashishini kutilmoqda. Natijada Gʻarbning Ukrainani dastaklash va Rossiya tomonidan boʻlayotgan agressiyaga qarshi turishiga turishiga toʻgʻonoq boʻlish xavfi bor.
Mutaxassislar dunyodagi barqarorlik va farovonlikning ortishiga toʻgʻonoq boʻladigan omillardan yana biri — iqtisodiy inqirozning chuqurlashishi deb aytishmoqda. Buning negizida inflyatsiyaning keskin ortishi va baland foizli kreditlar bilan oʻtadigan yana bir yil yotganiga urgʻu berishmoqda. Boshqa sabablar orasida AQSH, Yevropa Ittifoqi va Xitoy orasidagi iqtisodiy urush va dunyo iqtisodiy oʻsishi lokomotivi hisoblangan Xitoyning oʻzidagi muammolar ham bor.
Sunʼiy Intellekt esa koʻpchilikning fikriga koʻra ham tahdid hamda xaloskorlar orasidan joy olgan. Allaqachon XXI asrning eng muhim ijod mahsuli unvoniga sazovor boʻlgan bu texnologiyadan foydalanish tartiblari hali ibtidoiy koʻrinishda. Shunga qaramay, u ham rivojlanishning hamda halokatning yashirin salohiyatini oʻzida mujassam qiladi. Bashoratlarda Sunʼiy Intellekt hamon kelajakdagi noaniqliklar orasida oʻrin oladi.

Сурат манбаси, AFP
Urushlar esa…barcha taxminlarga koʻra 2024-yilning asosiy tahdidi.
Na Vladimir Putin Ukrainaga hujum qilib Yevropada boshlagan urushining, na Yaqin Sharqda Isroilning Hamas va Eron tomonida qoʻllab-quvvatlanayotgan boshqa guruhlar bilan keskin kelishmovchiliklarining tugashidan darak bor.
Mutaxassislarga koʻra, bu urushlar bilan bogʻliq asosiy ikki xavf mavjud.
Birinchidan, ularning har biri istalgan vaqtda keng koʻlamli mintaqaviy yoki hatto umumjahon mojaroga aylanib ketish xavfiga ega. Ikkinchidan, xalqaro munosabatlarda harbiy agressiyaning oddiy holga aylanishi va Gʻarbning ittifoqchilariga yordam berishdagi imkonining cheklanganligi avtokratlarga qarshi lagerdagi raqiblarida oʻziga nisbatan boʻlgan ishonchining ortishini keltirib chiqaradi. Bu esa oʻz oʻrnida yangi urushlarga olib keladi.
Eng dilni xira qiladigan taxminlarga koʻra esa, AQSh Rossiya bilan Yevropa uchun, yoki Xitoy bilan Tayvan uchun toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuvga borishi mumkin. Urushlar dunyoni qashshoqlashtiradi. Ular allaqachon xalqaro savdodagi uzilishlarga, jahon iqtisodiyotining de-globalizatsiyasiga va urushdan keyingi xalqaro rivojlanish institutlarining degradatsiyasiga olib keldi. Agar yirik urushlar davom etsa, bu Gʻarbga migratsiya inqirozining kuchayishini va mudofaa xarajatlarini oshishi hisobiga ijtimoiy taʼminotning susayishiga sabab boʻladi. Bularning barchasi aholi turmush darajasining pasayishi va siyosiy oʻng qanot kuchlar va millatchilikning yanada kuchayishiga olib keladi.

Сурат манбаси, AFP
2024 yil uchun bashoratlar qisqacha shulardan iborat. Endi mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari ikki asosiy mavhumlik — urushlar va saylovlar haqida nimalar yozganini tahlil qilaylik.
Urushlar
Soʻnggi oʻn yillikda dunyo 1990 va 2000 yillar boshidagi nisbiy xotirjamlikdan soʻng yana urushlarga shoʻngʻib ketdi, deydi Xalqaro Inqiroz Guruhi (ICG) tadqiqotchilari.
Yomon oʻrnaklar yuqumli, deb yozadi ular. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, Amerikaning Iroq va Afgʻonistondagi urushlari Yaqin Sharq va Afrikadagi mintaqaviy yetakchilarining oʻzaro kelishmovchiliklarni kuch va uzoq davom etadigan urushlar bilan hal qilishga ʼishtahasini ochadiʼ.
ICG ekspertlari, Putindan oʻrnak olgan holda boshqa avtoritar rahbarlar, mintaqaviy mojarolarni yirikroq dushman — asosan AQSh bilan proksi urush sifatida koʻradigan Eron kabi tashqi kuchlar homiyligida harbiy ʼsarguzashtlargaʼ aralashib qolishidan qoʻrqishadi.
"Rahbarlar mamlakat ichida muxolifat ovozini bostirishdan boshlab, qoʻshni mamlakatlarga rasman bostirib kirishga oʻtish xavfi 2024 yilda soʻnggi yillardagidan koʻra kattaroq koʻrinadi", deb yozadi ular.
"Urushlarni diplomatik yoʻl bilan toʻxtatishga urinishlar hamma joyda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Urushni siyosiy maqsadlarga erishish vositasi sifatida qoʻllayotgan davlat rahbarlari koʻpayib bormoqda. Borgan sari, urush vositasida maqsadlariga erishishiga hech kim toʻsiq boʻlolmasligiga ishonch bilan qaraydiganlarning soni ortmoqda ".

Сурат манбаси, AFP
Asosiy dahshat — sayyoradagi ikki yirik davlat — AQSh va Xitoy oʻrtasidagi toʻqnashuv. Bunga sabab esa Tayvanda saylovlar moʻljallangan yanvar oyidayoq tugʻilishi mumkin. Bular haqida sal keyinroq batafsil maʼlumot beramiz, hozircha 2024 yilda ehtimol berilgan mojarolar haqida qisqacha aytib oʻtsak…
Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi, bora bora uzoq davom etgan vayronagarchilik urushiga aylandi. Yevropa va Gʻarbning bu urushdan charchaganligidan tugʻiladigan asosiy xavf — bu Kiyevga harbiy va moliyaviy yordamni toʻxtab qolishi. Yil oxirida Yevropa yordam paketiga Vengriya veto qoʻydi, Amerikada esa yordamni moliyalashtirish Kongressdagi Respublikachilar tomonidan rad etildi. Yanvar oyida Yevropa Ittifoqi va AQSh hukumati moliyalashtirishni davom ettirishga qarshi qoʻyilgan toʻsiqlarni bekor qilishga urinib koʻradi. Bu qoʻllovisiz Ukraina, qoʻshni davlatni bosib olish uchun barcha resurslarini sarflashga tayyor boʻlgan tajovuzkor, yadroviy kuchga ega davlatga qarshi yolgʻiz kurashish xavfiga tushib qoladi.
Isroilning Hamas bilan urushi oxiri koʻrinmayapti. Bundan tashqari, bu urushning Yaqin Sharqda mintaqaviy mojaroga aylanib qolish xavfi mavjud. Bir tomondan AQSh Isroilni soʻzsiz qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlsa, boshqa tomonda Eron uning dushmanlarini qoʻllamoqda. Isroil allaqachon Suriya va Livandagi nishonlarni bombardimon qilmoqda. Yamanning Xusiylari Gʻarb savdo va harbiy kemalarini oʻqqa tutib, jahon savdosiga putur yetkazmoqda.
Sudan, Yaman, Myanmar, Somaliya, Suriya, Nigeriya kabi davlatlardagi boshqa qurolli toʻqnashuvlar hamon davom etmoqda yoki avj olmoqda. Mutaxassislar 2024yilda ularning soni yanada ortishidan xavotirda.
ʼPortlaymanʼ deb turgan vaziyatlarga Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi qarama-qarshilikni, bunda Togʻli Qorabogʻdagi gʻalabadan keyin Baku oʻz muvaffaqiyatlarini mustahkamlashga va Ozarbayjonning asosiy qismini oʻz eksklavi Naxichevan Avtonom Respublikasidan ajratib turuvchi arman yerlariga bostirib kirishga harakat qilishi mumkin.
Xuddi shunday xavotirlar Efiopiyada ham bor. U erda ichki dushmanlar ustidan qozonilgan gʻalabadan ilhomlangan prezident Abiy Ahmad yana qoʻshni Eritriya bilan urushsiz qoʻlga kiritish mumkin boʻlmagan dengizga chiqish "huquqi" haqida ishora qildi.
Gaitiga esa Keniya politsiyasi boshchiligidagi xalqaro kontingent istalgan vaqtda kelishi ehtimoli bor. Ular Gaitini nazorat qilgan va ikki yildan ortiq vaqt davomida oʻzaro kurashib kelayotgan gangsterlardan mamlakatni qaytarib olishga harakat qilishyapti.

Сурат манбаси, Reuters
"Dunyo yetakchilari oʻzaro kelisha olmasliklarini hisobga olib, sodir boʻlayotgan voqealarning jiddiyligini tushunishlari, chegaralarni kuch bilan oʻzgartirib boʻlmaydi degan umumiy ishonchlarini yana bir bor tasdiqlashlari va mojarolarni hal qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun yangi kuch bilan harakat qilishlari, boshqaruv kuchini esa ʼqonga bulgʻanganlargaʼ emas fuqarolarga topshira olishlari dargumon.", deb yozadi ICG tahlilchilari.
ʼBizga esa, faqatgina bu yil eskisidan ham battar boʻlmasligiga umid qilish qoladi.ʼ
Saylovlar
Kirib kelgan 2024 — yilni allaqachon demokratiyani sinovdan oʻtkazish yili deb nomlashmoqda. Gʻarbning yetakchi gazetasi FT taʼkidlaganidek, demokratiya tarixida hech qachon bir yilda bunchalik koʻp saylovlar boʻlib oʻtmagan. 2024-yilda 2 milliardga yaqin odam — yoki dunyodagi saylov yoshidagilarning yarmi saylov uchastkalariga borishadi.
2024-yil demokratiyaning Afina gavjum maydonlarida tugʻilib, adolatli va teng huquqli dunyoga sababchi boʻlishiga qadar boʻlgan uzoq yoʻlida muhim bosqich sifatida tarixga kiradi, deb umid qilgisi keladi odam. Ammo bu dargumon, deb yozadi FT.
"Hozirgi saylovlar dunyo miqyosida anti-liberalizm kuchaygan, mustaqil institutlar zaiflashgan va yoshlarning saylov institutidan hafsalasi pir boʻlishi kuchayib borayotgan bir kayfiyat ostida oʻtmoqda".
Demokratik saylovlarda gʻalabani qoʻlga kiritib olgandan keyin, huquq va erkinliklarning boʻgʻilishi, FT taʼriflaganidek "Vengriya yoʻli" da tahdidlar mavjud. Aholisi koʻp boʻlgan rivojlanayotgan demokratik davlatlar — Hindiston, Indoneziya va Meksika aynan mana shu yoʻldan borish xavfi bor. Ularning barchasida bu yil saylovlar boʻlishi kutilmoqda.

Сурат манбаси, Reuters
2024-yilning mart oyida Rossiyada Putinning navbatdagi prezidentlik muddatini aniqlaydigan saylov boʻlib oʻtadi. Bu jarayon saylov kategoriyasiga shartli ravishda kiradi, chunki voqeaning haqiqiy demokratiyaga hech qanday aloqasi yoʻq: Rossiyada muxolifat tugatilgan, sud, saylov qoʻmitasi va parlament Kremlga boʻysunadi. Ochiq ommaviy bahslar va soʻz erkinligi uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Tayvanda yanvar oyida boʻladigan prezidentlik saylovi mamlakat demokratiyasiga ichkaridan emas, balki, tashqaridan boʻladigan tahdidlarga sabab boʻlmoqda. Xitoy nomzodlarning ritorikasini diqqat bilan kuzatmoqda va agar gʻolibni separatist deb topsa, chora koʻrish bilan tahdid qilgan. Qoʻshma Shtatlar mamlakat xavfsizligining kafili sifatida harakat qilar ekan, har qanday favqulodda holatda, agar vaziyat keskinlashsa, dunyodagi ikki yetakchi harbiy va iqtisodiy kuchlar oʻrtasidagi ziddiyatga aylanib ketish xavfini tugʻdiradi.
Biroq, demokratiya taqdirini hal qiladigan dramaning asosiy sahnalari erkin Gʻarb dunyosida ijro etiladi. Noyabr oyida Qoʻshma Shtatlar prezidentini saylaydi va 450 million aholilik Yevropa Ittifoqida iyun oyidagi saylov natijalariga koʻra, Yevroparlament va Yevropa Ittifoqi rahbariyati oʻzgaradi.
Agar Donald Tramp gʻalaba qozonsa, Oq Uyda yana oxirgi saylovlarda magʻlubiyatini tan olmaydigan, ichki siyosiy dushmanlardan oʻch olishga va Kapitoliyga bostirib kirgan tarafdorlariga marhamat koʻrsatishga, muhojirlarni haydab chiqarishga, iqlim oʻzgarishiga qarshi keng koʻlamli dasturni bekor qilishga va eng muhimi, Qoʻshma Shtatlar tashqi siyosatini oʻzgartirib, uning Gʻarb davlatlari uchun xavfsizlik kafili roliga tahdid qiladigan siyosatchi davlat boshiga keladi.
Yevropada esa oʻng qanot populistlar kuchaymoqda. Ular, ehtimol, Yevroparlamentda va Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlari hukumatida vakillari sonini oshiradi, bu esa Yevropa Ittifoqining iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash va ijtimoiy tenglikni targʻib qilishda Gʻarb yetakchisi sifatidagi roliga putur etkazadi.
Nahot hech qanday yaxshiliklar kutilmayapti?

Сурат манбаси, AFP
Bashoratlarga koʻra — yoʻq. Ammo taqvim 2024 yilning yozi hech boʻlmaganda urushlar va inqirozlar haqidagi qiyin xabarlar oqimini vaqtincha boʻlsa ham kamaytirishni vaʼda qilmoqda.
26 iyul kuni Parijda XXXIII yozgi Olimpiyada oʻyinlari ochiladi.
Undan oldinroq esa, 14 iyun kuni, Germaniyada Yevro-2024 futbol chempionati boshlanadi.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002













