Oʻzbekistonda bu safargi saylov odamlar hayotida nimani o'zgartirishi mumkin? O‘zbekiston Yangiliklar

Saylovoldi jarayoni
    • Author, Yulduz Abdurashidova
    • Role, Jurnalist, Samarqand viloyati
  • Ўқилиш вақти: 5 дақ

Oʻzbekistonda partiyalar bu yilgi saylovoldi targʻibotida ayrim masalalar bo'yicha ancha faollik koʻrsatayotgandek tuyuladi. Xususan, yo'l transport hodisalari oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflikni kuchaytirish yoki sifatli yo'llar qurish hamda ularni ta'mirlash borasida ancha-muncha gapirilmoqda.

Biroq saylovchilarni yana qanday boshqa muammolar tashvishga soladi va partiyalar olib chiqayotgan masalalarga nisbatan odamlarning qiziqishlari qacnahlik? Kutilayotgan saylov ularning hayotida akslanishiga neqadar ishonadilar?

Blogerlar va jurnalistlar ham halicha saylovoldi jarayonlarni keng yoritmayotgandek tuyuladi, asosan, reklama yoki ko'rsatmalarga binoan #saylov24 heshtegi ostida targ'ibot dasturlarini ulashmoqdalar.

Jamoatchilikning aksar faollariga saylov bilan bogʻliq masalada fikr olish uchun bogʻlanganimda "shu saylovga meni aralashtirmang", "umuman qiziqqanim yoʻq bu jarayonlarga", "bu mavzuda gapirayotganim yo'q", "buncha zerikarli mavzu tanladingiz, biz saylovdan ham deputatlardan ham hech narsa kutmaymiz" degan javoblarni oldim.

Xoʻsh, nega oʻzbekistonliklar ayni siyosiy jarayonga bu qadar befarq qaramoqda?

Taʼlim boʻyicha ekspert Komil Jalilov "tepadan yaratilgan va moliyaviy jihatdan ijro hokimiyatiga qaram partiyalardan biron narsa kutishning o'zi mantiqsizlik bo'lsa kerak", deya taʼkidladi.

Aloqador mavzular:

Saylov qachon?

O'zbekistonda

Joriy yilning 27-oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi o'tkaziladi.

Qonunchilik palatasi saylovlari ilk marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida bo'lib o'tadi. partiya:

  • Oʻzbekiston Liberal-Demokratik partiyasi - OʻzLidep;
  • "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi;
  • Xalq Demokratik partiyasi — XDP;
  • "Adolat" Sotsial-demokratik partiyasi;
  • Ekologik partiya.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, bu partiyalar muxolif sanalmaydi.

Mamlakat marhum prezidenti Islom Karimov boshqaruvi davrida muxolif partiyalar siyosiy sahnaga chiqqandi.

Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridagi siyosiy muxolif "Erk" demokratik partiyasi va "Birlik" Xalq harakati" partiyasining Oʻzbekiston parlamentiga qonuniy yoʻllar bilan kirish harakatlari samarasiz boʻlgan.

Muxolif partiyalarning oʻz nomzodlarini mustaqil nomzod sifatida Markaziy Saylov komissiyasidan roʻyxatdan oʻtkazish harakatlari ham natija bermagan.

2016-yili Islom Karimov vafoti ortidan mamlakat rabariyati ochiqlik yo'lini tanlaganini ayta boshladi.

Ayni paytda, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin muxolifat "ichkaridan chiqishi kerak" dedi.

Biroq tahlilchilarning hozirgi partiyalar haqidagi fikriga tayanilsa, kutilayotgan saylovda ham muxolifat ishtirok etmaydi.

Saylovchi va partiyalar

Saylovoldi jarayoni

Jurnalist Hulkar Murtazoyeva o'zining post va lavhalarida partiyalarning faoliyatidan unchalik koʻngli toʻlmayotganiga sha'ma qiladi.

Uning Qalampir.uzʼda eʼlon qilgan lavhasi sarlavhasi "Yana saylov, yana vaʼdalar" deya nomlangan.

Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida esa u quyidagicha post qoldirgan.

"Boysundagi falokat bo'yicha bir og'iz gapirmagan, xalq holidan xabar olmagan partiyalarimizga keyingi oy ovoz berishimiz kerak-da endi-a? Aslida Xalq Partiyasini xalq dardi tashvishga solmasligining bir isboti bu. Ekologiyaga chiqayotgan millionlab tonna zaharli gaz bilan Ekologiya partiyasining bir tiyinlik ishi yo'qligini ko'rsatadi bu. Tadbirkorlar quyosh panellarini o'rnatishga majburlanmoqda. So'roqsiz elektrdan uzilib, zarar ko'rishlariga sabab bo'lyapti ham. Ammo o'zini doim Tadbirkorlar partiyasi deya atab, keriladigan O'zLiDeP lom-mim demadi-ya? Shu holatda qanday qilib tadbirkorlar bilan umumiy uchrashuvlarda "bizga ovoz bering" deya olishyapti ekan?"

Jurnalist Murtazoyeva faqatgina "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining sezilarli harakatini urg'ulaydi.

Orzudagi saylov nima?

Saylovoldi jarayoni

Bi-bi-si suhbatda bo'lgan faollardan ta'lim bo'yicha ekspert Komil Jalilov partiyalar faoliyatini diqqat bilan kuzatmayotgani aytib, aylovoldi jarayonidan ko'ngli to'lmayotganining bir qancha sabablarini keltirdi.

Uning fikricha, moliyaviy jihatdan ijro hokimiyatiga qaram partiyalardan biron narsa kutishning o'zi mantiqsizlik.

"Saylovoldi tashviqotlarni diqqat bilan kuzatayotganim yo'q, lekin o'tgan hafta bo'lgan debatni ko'rdim va Gazeta.uz nashrida partiyalar saylovoldi dasturlari haqidagi materiallarni o'qidim. Saylovoldi kampaniyasidan ko'nglim to'layotgani yo'q va ko'nglim to'lishini kutayotganim ham yo'q. Chunki "tepa"dan yaratilgan va moliyaviy jihatdan ijro hokimiyatiga qaram partiyalardan biron narsa kutishning o'zi mantiqsizlik bo'lsa kerak" - deydi suhbatdoshimiz.

"Partiyalar o'zlariga ruxsat bergan doiralarda ruxsat berilayotgan muammolar haqida gapirib chiqyapti deb o'ylayman. Masalan, meni o'ylantirayotgan, qiynayotgan muammolarni bironta partiya ko'tarib chiqmadi, yechim taklif qilmadi va qilmasa ham kerak. Va toki "past"dan, odamlarning o'zi partiyalarga birlashib siyosiy jarayonlarda ishtirok etishi uchun imkoniyatlar yaratilmas ekan, bunday saylovoldi tashviqotlardan va saylovdan ham mantiq yo'q, chunki parlamentdagi o'rinlar qanday taqsimlanmasin, qaysi partiya nechta o'rin olmasin, hammasi ijro hokimiyatining qosh-qovog'iga qarab o'tiradi" - fikrlarini xulosalaydi u.

Sobiq deputat Rasul Kusherboyev ham oldinroq saylov borasida fikr bildirgandi.

"Afsuski partiyalar davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan va ularga hukumatning ularga mavjud bir vaqtda proporsional saylovlarning tashkil etilishi xalq kutgan natijani bermaydi, degan xavotir bor. Bunda hukumat istagan nomzodlargina partiyalar orqali deputatlikka oʻtishi mumkin. Toki partiyalar toʻla mustaqil va hukumat taʼsiridan holi boʻlmaguncha, proporsional saylov tizimi orqali saylov tashkil etish mantiqsizlik deb hisoblayman" - degandi sobir deputat.

Komil Jalilov "Nega prezident tashvish qilib, hammani "yondirishi" kerak, nimaga deputatlar "yonmaydi" deb savolnamo fikrni olib chiqadi.

"Har qanday muvozanat va oʻzaro tiyib turish mexanizmlari falaj qilingan, faqat bitta institut ishlaydigan, qolgan hamma institutlar uning ogʻziga qarab oʻtiradigan tizimni oʻzimiz yaratmadikmi? Shu tizim oʻzimizga qulay boʻlib koʻrinmadimi? Mayli, 30 yil demaylik, "yangi" deyilayotgan zamon boshlanganidan buyon oʻtgan 7 yil ichida normal tizim barpo qilishga imkonimiz yoʻq edimi?", yozib qoldirgan u qariyb bir yil avval o'zining Telegram kanalida.

Rasul Kusherboyevning fikricha, 2017-2020-yillarda nisbatan mustaqil boʻlib, soʻnggi yillarda yana ortga ketayotgan sud tizimini isloh qilish haqida birorta ham siyosiy partiya dasturida joʻyali taklif yoʻq.

Unga ko'ra, odamlarga mustaqil saylov, mustaqil palament va mustaqil sud suv va havodek zarur.

"Bugun odil sudlov tizimimiz haqiqatda ayanchli. Odamlardagi passivlik, qoʻrquv, qonunlarga ishonchning pastligi shu bilan bogʻliq. Nahotki siyosiy sahnaga katta maqsadlar bilan kirib, saylovchilar ishonchini qozonmoqchi boʻlayotgan partiyalarning amalda sud mustaqilligini taʼminlashga hoxishi boʻlmasa… Bizga zakazga (buyurtmaga - tahr.) ishlovchi sud emas, qonunlarni birdek qoʻllashga jurʼati yetadigan mustaqil sud kerak!" - degan u.

Odamlar fikri

Iqtibos

Toshkent shahri ko'chalarida o'tkazgan so'rovnomamizda ko'pchilikning saylovga qiziqishi yo'qligi ma'lum bo'ldi.

Biroq odamlar deputatlar ko'proq bolalar salomatligi, ayollarga imkoniyatlar yaratilishi, oyliklar oshishi kabi masalalarni olib chiqishini istashlarini bildirishdi. Ayrimlar va'dalar bajarilishi kerak, deb aytishdi.

"Debatlarni unchalik kuzatmayapman. Juda katta o'zgarishlar kuzatilayotgani yo'q, sharoit shunaqa-ku, har yilgi gaplar, har yilgi muammolar. Yaqinda O'zAda ko'rdim O'zLIDePning rahbari Chirchiqqa boribdi, saylovchilar bilan uchrashibdi, qaysidir partiya Ekopartiya shekilli ekologik muammolarni ko'taribdi. Bu doim bo'lib turadi, jiddiy deb o'ylamayman", dedi o'qituvchi Burxon Abulxairov.

"Muxolif partiyalar ishtiroki haqida ko'p gapirishadi katta bir muammo sifatida. Yo'q muxolifat, muxolifatga yo'l berilmaydi, muxolifat chetga chiqib ketgan degan gaplar bor. Real gaplar. Lekin men o'ylayman, o'zlarini muxolifat deb sanaydiganlar ham unchalik muxolifat talabiga javob bermaydi. Balki muxolifat ichkarida bo'lishi mumkin, bizda endi unaqa ochiqlashmaydi-yu. Ko'plar siyosiy qarashlarini ham yashirib yurishadi, boshqa qilishadi. Vaziyat o'zgarsa chiqishi mumkin. Muxolifat haqida bundan ortiq gap gapira olmayman", deydi oliy ta'lim muassasasi o'qituvchisi Burxon Abulxairov.

Komil Jalilov partiyalar ahamiyat qaratishi zarur deb bilgan muammo va holatlarni sanadi.

"Nepotizm. Korrupsiya. Ijro hokimiyatini tiyish. Energetikada kuchayib borayotgan bir davlatga qaramlik. O'tgan yili trillionlar ajratilib chop qilingan darsliklarning sifati. Bu darsliklarni kimlar chop qilgani, jarayondagi manfaatlar to'qnashuvi. Umuman, ta'limning sifati, ahvoli, 11 yillik ta'limda aniq bir dasturning va maqsadning yo'qligi, goh Finlyandiya, goh Singapur, goh boshqa davlat "tajriba"siga qarab chopishimiz. O'zbekistonliklarni kambag'allashtirayotgan monopoliyalar, o'zbekistonliklarda tovar va xizmatlarni tanlash imkoniyatlarining nihoyatda cheklanganligi yoki hatto yo'qligi. Masalan, nega Toshkentdan Samarqandga borish uchun faqat "O'zbekiston temir yo'llari"ning xizmatiga qarab qolishimiz kerak, nega boshqa tanlovlar yo'q? Xullas, partiyalar (haqiqiy partiyalar) ko'tarishi kerak bo'lgan muammolar ko'p" - dedi u.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002