O'zbekistonda aholi o'sishi muammomi yo imkoniyat?

Сурат манбаси, Rasmiy
- Author, Yulduz Abdurashidova
- Role, Jurnalist, Samarqand
O'zbekistonda aholi o'sishi tezlashayotgan bir davrda hukumat tashvishdami yoiki xursand? Bugun O'zbekistonda aholi o'sishi tezligi mamlakat uchun katta imkoniyatlar ochadimi yoki yangi muammolar tug'diradimi?
Mamlakatda bugun yuz minglab yoshlar ish topishga qiynalmoqda. Aholi soni o'sishini nazarda tutganda ham O'zbekiston va mintaqadagi aksar mamlakatlarda ko'payish jarayoni ko'zga tashlanadi.
Aloqador mavzular:
Raqamlar va hayot

Сурат манбаси, Reuters
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ma'lumotlariga ko'ra, dunyoda global muammoga aylanib borayotgan aholining keksayish jarayoni tobora ko'proq mamlakatlarni qamrab olayotgan bir paytda O'zbekistonning demografik holatida keskin yosharish jarayoni kuzatilmoqda.
Joriy yil 22-aprel kuni soat 03:24 holatiga ko'ra, respublikaning doimiy aholisi soni 37 million kishini tashkil etdi.
Umuman olganda, Oʻzbekistonda oxirgi 5 yilda tugʻilishning keskin oʻsishi kuzatilgan.
Farazlarga koʻra, tugʻilish surʼati 2030-yilgacha bir maromda (oʻrtacha 900−950 ming) davom etadi va aholi soni 41 millliondan oshadi.
Mamlakatda har yili mehnat bozoriga o'rtacha 500-600 mingga yaqin yoshlar kirib keladi.

Сурат манбаси, .
Ammo bu yoshlar uchun kerakli ish o'rni yaratilayaptimi degan savol ochiq. Yuz minglab yoshlar hamon ish izlab chet ellarga ketishmoqda.
O'zbekistonda rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, ishga layoqatli aholining taxminan 10 foizi ishsiz.
Ya'ni ichki mehnat bozorida band bo'lganlar va xorijga ketganlardan tashqari ham taqriban 1,5 mln nafarga yaqin fuqaro ishsiz hisoblanadi.
Bu manzarada aholining tez o'sib borishi ishsizlar sonini yanada ko'paytirishi mumkin.
Hozirda O'zbekiston ish kuchuni nafaqat Rossiya, balki Yevropa hamda boshqa rivojlangan davlatlarga ham yo'naltirishga intilmoqda. Masalan, tibbiy hamshiralar, mavsumiy ishchilar, haydovchi va quruvchi kabi turli kasbdagi yoshlarning chet ellarga ishga ketishi uchun davlat tarafidan ham yordam berilayotganini kuzatish mumkin.
Hozirda qator davlatlarda aksilmigratsiya kayfiyatlari yuz ko'rsatayotgani seziladi. Ayni paytda, aholi o'sishi past davlatlar turli sohalarni yuritish uchun chetdan migrant keltirishga majburliklarini ham aytishadi. Va bu jarayon kelajakda davom etishi bildiriladi.
Farzand - hayot mazmuni

Сурат манбаси, Getty Images
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan 2022-yilda o'tkazilgan tadqiqotga ko'ra, mamlakatda oilalarning aksariyati 3−4 nafar farzandi bo'lishini xohlaydi.
Umuman olganda, mamlakatda tug'ilishlar soni diniy tamoyil va oilaviy sharoitlarga ham bog'liq bo'ladi.
Biz gaplashgan ayrim oilalar "Bolani bergan Alloh nasibasini ham beradi" deya qarashsa, boshqalar o'g'li yoki qizini ikkita qilish uchun ham tug'ishini aytadi.
"Oʻzbekistonda shu kunga qadar tugʻishni istamayman degan ayolni uchratmadim. Bizda farzandsiz yashash mazmunsiz yashash hisoblanadi. Bizdagi farzandsiz oilalar oʻzini baxtli his qilmaydi. Agar 2-3 nafar qiz tugʻsa ham kam. Toki oʻgʻil tugʻilishi kerak" - degandi avvalroq biz suhbatlashgan Sarvigul.
Aholi, tabiat va boyliklar
Ma'lumki, o'tgan yil kuzida Oliy Majlis Senati aholining tez sur'atda o'sishini yaqin kelajakda ichki muammolar keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar qatoriga qo'shgan.
O'zbekiston hududiy va tabiiy zaxiralari jihatidan mintaqaning eng boy davlati emas, ammo bu mamlakatda butun Markaziy Osiyo aholisining qariyb yarmi yashaydi.
Mamlakat hududi xaritadan kichik ko'rinmaysligi mumkin. Biroq hududining katta qismi cho'l va hatto sahrolardan iborat.
Cho'llashish ham jadal ketayotgani aytiladi.
Cho'llangan hududda yer unumdorligi yo'qoladi, ya'ni qishloq xo'jaligi, chorvachilik maqsadida foydalanish uchun yaroqsiz holatga keladi.
Cho'l hududlar kengayishda davom etaversa, mamlakatda istiqomat qilish mumkin hududlar ham qisqarib boraveradi.
Bu o'z-o'zidan oziq ovqat ta'minoti, narxlar, yashash sharoti va farovonlikka ta'sir etmay qolmaydi. Shu qatorda, migratsiya va ko'chish jarayonini kuchaytiradi.
Yer sahrolashsa, dehqonchilik va chorvachilik imkonlari cheklanadi.
Yashash qiyinlashib, oziq-ovqat qimmatlashadi, buning natijasida esa kambagʻallik kuchayadi.
Dunyo tadqiqotlar institutiga ko'ra, 2040-yilga borib, O'rta Osiyo jumladan, O'zbekistonda 80 foizdan ortiq aholi suv tanqisligidan to'g'ridan - to'g'ri aziyat cheka boshlaydi.
Republikada aholi sonining o'sishi sabab suvga bo'lgan talabnining o'sishi tufayli respublikada suv resurslarining taqchilligi yildan - yilga ortiq bormoqda.
Shundan kelib chiqib, yer osti suvlari sathi va zaxiralari kamayib ketayotgan 23 tumanda quduqlar burgʻilashga moratoriy joriy etildi. Chunki, tasdiqlangan miqdordan ortiqcha suv olish suv sathining pasayib ketishiga va bu zaxiralarning bir necha yil ichida tugashiga olib kelishi mumkin.
Toshkentdagi Barqaror rivojlanish markazi yozishicha, Oʻzbekiston uchun ichki xavflar, asosan, aholining sezilarli darajada yuqori oʻsish surʼatlaridan kelib chiqadi.
Yuqori demografik salohiyat kambagʻallikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, sogʻliqni saqlash, sifatli taʼlim, infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik va ekologik barqarorlikni amalga oshirishga o'z ta'sirini o'tkazmay qolmasligi bildiriladi.

Сурат манбаси, Getty Images
Davlat aslida nima istaydi?
O'zbekiston hukumati oshkora bo'lmasada zimdan aholi o'sishini sekinlashtirish uchun harakat qilayotgan bo'lishi mumkinmi?
So'nggi yillardagi davlatning bir qancha qaror va qadamlari xuddi shunday savolni paydoi qilishi mumkin.
Jumladan, 1-apreldan boshlab farzand tug'ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzand uchun barchaga, ikkinchi farzand uchun esa farzand tug'ilgan paytda "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oila a'zosi bo'lgan ayollargagina rasmiylashtiriladi.
Bu qaror ijtimoiy tarmoqlarda ham bahslar uyg'otmay qolmagan.
"Bundan maqsad O'zbekistonda odam sonini shu yo'l bilan kamaytirishmi, 2-3 talab bola tug'masin, bir ota-onaga bir bola shiori ketmoqdami?"deb yozdi yangilik e'lon qilingan video ostiga izoh qoldirganlardan biri.
"Oʻzbekiston ijtimoiy davlat deb eʼlon qilinganidan keyingi bir yil ichida eng noijtimoiy yangiliklardan biri boʻldi shu", deb urg'ulagan jurnalist Muhrim A'zamxo'jayev.
Bloger Shahnoza Soatova bu ayollarni xafa qiladigan qaror ekanini aytdi.
"Albatta, ayol sifatida, ona sifatida va fuqaro sifatida bu qaror meni xursand qilmadi. Biz ayollar uchun hamma farzandimiz birdek — 9 oy koʻtarib, oʻn soatlab dard chekib tugʻiladi va bir xilda mashaqqat bilan katta qilinadi. Ertaga ular katta boʻlsa, oilada nechanchi boʻlib tugʻilganidan qatʼi nazar shu Vatan oldida teng huquqli va majburiyatli boʻladi. Afsuski, aksar qismi erkaklardan iborat qaror qabul qiluvchilarimiz boshqacha oʻylashadi shekilli".
O'zbekistonda hozir "bola puli" olish tartibi ham ancha qiyinlashgan.
Ayniqsa, kam taʼminlangan oilaning bolasi uchun davlatdan pul olishi juda uzun va murakkab jarayonni talab qiladi.
Telegram каналимиз: https://t.me/bbcuzbek
BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг.














