O'zbekistonda kuchga kirgan qaror nega odamlarni haligacha qo'rqitmoqda?

Сурат манбаси, bbc.com/uzbek
- Author, Yulduz Abdurashidova
- Role, Samarqand viloyati
- Ўқилиш вақти: 3 дақ
"Ishchilar sonini kamaytirishga majbur bo'ldik". Samarqanddagi kichik biznes egalaridan biri oxirgi o'zgarishlar manzarasida qanday ahvolga tushganini xuddi shunday tasvirlaydi.
Elektr va gaz narxi oshgani o'zbekistonliklar hayotiga, xususan, biron kichik tijorat yoki ishbilarmonlik ortidan oila tebratayotgan insonlar hayotiga qanday ta'sir qildi? Biz xuddi shuni o'rganishga intildik.
Айни мақолада Google YouTube томонидан тақдим қилинган контент мавжуд. Биз бу контент юкланмасидан аввал сизнинг розилигингизни сўраймиз, чунки улар куки ва бошқа технологиялардан фойдаланган бўлиши мумкин. Сиз Google YouTube ҳаволасида кукиларга доир ва шахсий маълумотларга оид қоидалар ҳақида аввал ўқиб, кейин қабул қилишга рози бўлишингиз мумкин. Кўриш учун “қабул қилиш ва давом этиш”ни танланг.
Охири YouTube пост
Aloqador mavzular:
O'zbekistonda tadbirkorlar ham, aholi ham elektr va gaz narxi qimmatlashganidan xavotirga tushgan. Buni Markaziy bank tomonidan e'lon qilingan may oyi uchun aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari bo'yicha ma'lumotlar ham tasdiqlaydi.
O'zbekistonda elektr va gaz tariflarining oshganiga ham ikki oycha bo'ldi.

Aholi, tadbirkorlik subyektlari narxlar oshganini tanasida his qila boshladi. Kimdir konditsionerdan voz kechdi, yana kimdir kirlarni qo'lda yuva boshladi.
"Tariflar keskin oshgandan keyin oʻzbek isteʼmolchilari, ming afsuski, qimmatlashgan tariflardan boʻlak hech narsa olishgani yoʻq", deydi iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov.


Mamlakat Energetika vaziri Jo'rabek Mirzamahmudov may oyida elektr energiyasi va gaz isteʼmoli oʻtgan yilning tegishli davriga nisbatan mos ravishda 324 mln kVt·soat va 125 mln kubga qisqargani, bu energotejamkorlik boshlanganidan darakligi haqida gapirgandi.
Vazirning fakti jamoatchilik o'rtasida keskin munozalarga sabab bo'ldi. Iqtisodchi Bakirovning fikricha, bu maqtagulik ko'rsatkich emas.
"Mayda harorat nafaqat oʻtgan yilga, oxirgi oʻn yilliklarga nisbatan ham moʻtadil keldi. Oddiy qilib aytganda, konditsioner qoʻshishgayam, pechkani yoqishgayam zarurat tugʻilgani yoʻq" - deydi u.
Xo'sh, kommunal xizmatlar narxlarining oshgani tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga qanday ta'sir qildi?
"Tariflar oshgandan buyon ishlatayotgan gaz-svetimiz xarajati ikki barobar oshib ketdi. Misol qilib aytadigan bo'lsam, avval elektrga 500 ming so'm to'lagan bo'lsam, hozirda 1 million so'm to'layapman. Go'yoki faqat gaz, svet va soliqqa pul to'layapmiz-u, boshqa xarajat qilmasdan "mazza qilib" yurgandekmiz…Aslida kommunal to'lov narxlari oshishga oshdi, ammo biz tovarimiz narxini oshira olmaymiz, avvalgi holda turibdi. Lekin, foydamiz oldingiga qaraganda ikki barobar kamayib ketgan", deya kinoya bilan dardini bo'lishdi Ishtixon tumanidagi oshxona egasi.
Uning so'zlariga ko'ra, elektr va gaz uchun soliqlar oshgani mahsulot narxiga emas, ishchilar sonining qisqarishiga olib kelgan. Bu shundoq ham tadbirkorlik subyektlari kam, byudjeti kichik, aholisining ko'pi muhojirlikda pul topayotgan tuman uchun yaxshi yangilik emas.


"Ishchilar sonini kamaytirishga majbur bo'ldik: avval beshta odam ishlagan bo'lsa, hozir ikkita ishlayapti. Tabiiy gaz ishlatamiz, uni narxi juda ham oshib ketgan. Oshirgani uchun katta rahmat, yana oshirishsin!" - deydi u.
Novvoyxona egalari ham gaz narxining oshgani sabab ishchilari soni qisqarganini aytdi.
"Novvoyxonamiz bor. Bilasizmi, buyurtma bor yoki yoʻq boʻlishidan qatʼi nazar biz gazni past qilib yoqib qoʻyishimiz kerak. Chunki nonlar tez hamda issiq-issiq chiqishi lozim. Hozir gaz narxi juda oshgan. Avval gazni oʻziga 2 mln so'm toʻlardik, hozir 3 mln soʻmda oshib ketyapti. Non narxini oshirishni esa iloji yoʻq, raqobat kuchli. Hozir asosan ishchilarni qisqartish boʻlyapti. 2-3 nafar ishchi ishlatyapman, xolos. Yana ish soʻrovchilar bor, ularga oylik qilib berolmay qolishimiz mumkin", deydi novvoy opa.
Markaziy bank sharhida keltirilganidek, oddiy aholi ham kommunal xizmatlar uchun xarajatlar kengayganidan xavfsirayapti.
"Hozir yoz fasli boʻlgani uchun konditsioner va muzlatkichlar qoʻshganmiz. Bularsiz aslida iloji yoʻq. Lekin endi qiynalsak ham "press-kontrol"ni oʻchirib-oʻchirib qoʻyamiz. Chunki koʻp pul ketyapti. Hozir kuniga kommunalga 4-5 ming ketib qolyapti. Oylik hisoblasak 150-180 ming toʻlashga toʻgʻri keladi", deydi suhbatdoshim.

Oʻzbekistonda yozning oʻtgan iyunida oʻrtacha sutkalik haroratning meʼyordan 8 darajaga ortib ketish holatlari kuzatilmadi. Biroq, soʻnggi kunlarda aholi tomonidan respublikaning koʻplab hududlarida elektr energiyasi uzilishi koʻpayib qolgani bilan bogʻliq eʼtirozlar ortmoqda.
"5-6 yil avval yozda bizning energotizm aynan anomal issiq kunlarda izdan chiqib, koʻplab muammolarga uchrayotgan edi. Bu yil esa hali poytaxtda kunlik maksimum harorat +38 darajaga yetmasdan turib, koʻplab podstansiyalarimizda muammolar koʻrinib qolayotgani koʻpchilikda havotirlarni uygʻotmoqda. Oldinda bizni yozning anomal issiqlik toʻlqinlari kutib turganda, kunlik maksimum haroratlar yirik shaharlarda +40 darajadan koʻtarilib, aholi va tarmoqlarning haddan tashqari koʻp elektr energiya isteʼmoli oshganda energotizm kuchli zoʻriqishlar bilan toʻqnash kelishi tobora oydinlashmoqda" - deydi O'zgidromet mutaxassisi Erkin Abdulahatov.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002














