Diqqat, BBC: Britaniya maktablari o'zbeklarni ham jalb qilmoqdami?

Ishtirokchilar
Ўқилиш вақти: 6 дақ

Buyuk Britaniya ta'lim tizimi dunyoga tanilgan. Jahon bo'ylab ko'plab taniqli olimlar, siyosatchilar va yo arboblar Britaniya maktablarida yoki oliy o'quv yurtlarida tahsil olganlar. Bugunda imkonli o'zbeklar ham farzandlarini bu mamlakatda o'qitishga intilmoqdalar.

Britaniya ta'lim tizimi qanday bu darajaga yetishdi va o'zbekistonliklar undan qanday foydalanishlari mumkin?

Navbatdagi bahsimiz xuddi shu haqida edi. Bu boradagi maxsus videomizni tomosha qiling:

Ўтказиб юборинг YouTube пост
Google YouTube контентига рухсат бериш

Айни мақолада Google YouTube томонидан тақдим қилинган контент мавжуд. Биз бу контент юкланмасидан аввал сизнинг розилигингизни сўраймиз, чунки улар куки ва бошқа технологиялардан фойдаланган бўлиши мумкин. Сиз Google YouTube ҳаволасида кукиларга доир ва шахсий маълумотларга оид қоидалар ҳақида аввал ўқиб, кейин қабул қилишга рози бўлишингиз мумкин. Кўриш учун “қабул қилиш ва давом этиш”ни танланг.

Огоҳлантириш:Учинчи манба материалида реклама бўлиши мумкин

Охири YouTube пост

Britaniyada 5 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun taʼlim olish majburiy hisoblanadi. Buni davlat maktablari, xususiy maktablar yoki mahalliy hokimiyatdan roʻyxatdan oʻtgan holda uyda amalga oshirish mumkin.

"Bolalar 4 yoshdan maktabga chiqadi va bu tayyorlov yili hisoblanadi. Men ham 4 yoshdan maktabga chiqqanman. Bu yoshda hali oʻqish va yozishni bilish boladan talab qilinmaydi. 5 yoshida esa, bola birinchi sinfga bora boshlaydi. 7-8 yoshda bolalar oʻqib yozishni bilishi kerak. Boshlangʻich maktab 5 yoshdan 11 yoshgacha davom etadi va bu 1-6 sinfga toʻgʻri keladi. Boshlangʻich maktab davrida kundalik uyga vazifalar deyarli berilmaydi. Asosiy uyga vazifa kitob oʻqish hisoblanadi. Ota-onalar tomonidan toʻldiriladigan kundalikda asosan uyda bola bilan birga oʻqilgan kitoblardan har kuni necha bet oʻqilgani, bolaning oʻqigan matni haqida qisqa xulosasi yoki fikri yoziladi. Koʻp maktablarda, juma kunigacha koʻp kitob oʻqigan bolalar rag'batlantiriladi. Savodxonlik va matematikadan esa, asosan haftada 1 marta uyga vazifa beriladi. Xususiy maktablarda uyga vazifa tizimi farq qilishi mumkin. Men kitob oʻqishni juda yaxshi koʻrardim. 200 betdan koʻproq boʻlgan kitob "Harry Potter"ning ilk tomini 7-8 yoshimda oʻqib chiqqanman. Shundan keyin erkin kitobxonga aylanganman. Kundalik kitob oʻqish hayotimning asosiy qismiga aylangan."

Aloqador mavzular:

Britaniyaga 3 yoshida kelgan Samandar esa "onamning aytib berishlaricha, maktabga chiqqanimda oʻqituvchilarga tinmay oʻzbekchada gapirgan ekanman", deb eslaydi. "Lekin 1 yilga bormay ingliz tilini oʻrganib, 7-8 yoshimda oʻsha davrda mashhur boʻlgan hamma bolalar kitoblarini oʻqib chiqqanman", deydi.

Oʻrta maktab 11 yoshdan 16 yoshgacha davom etadi va 7-11 sinflarga toʻgʻri keladi. Shu yerga kelganda, davlat umumtaʼlim maktabi va tanlov asosida qabul qilinadigan maktablarga boʻlinadi. Bu bosqichda ham xususiy maktablar bor albatta.

Bahs jarayoni
Сурат тагсўзи, Bahsda Britaniyada yashab, tahsil olayotgan o'zbek yoshlari qatnashdilar.

Tanlov asosida qabul qilinadigan maktablarga 6-sinfning boshidayoq mantiq, matematika va ingliz tilidan imtihon topshiriladi.

Bunday maktablar soni umumtaʼlim maktablaridan ancha kam boʻlganligi sabab, musobaqa ancha katta boʻladi.

Tanish-bilishchilik umuman imkonsiz.

Hali 11 yoshga toʻlib ulgurmagan bolalar imtihonlarga jiddiy tayyorlanishadi.

Buni bizda nisbatan yaqinda ochilgan Prezident maktablari bilan solishtirish mumkin.

16 yosh - 11 sinfda oʻrta taʼlimni yakunlaganligini tasdiqlovchi guvohnoma olish uchun imtihonlar topshirishadi.

Bizda 9 - sinfdan keyin topshiriladigan davlat imtihonlari singari.

Hafiza ham yuqori sinflarni tanlov asosida qabul qilinadigan maktabda oʻqigan.

"4-sinf, 9 yoshimdan boshlab maktabdan tashqari imtihonlar uchun tayyorlanishni boshlaganman. Har kuni 2-3 soat dars qilish kerak edi. Bu jarayon sabr talab qilganligi uchun ancha qiyin boʻlgan."

Maktablarda 8:45-15:30 orasi qatʼiyan dars soatlari hisoblanadi va bu 4 yoshdan 16 yoshgacha, baʼzi istisnolarni hisobga olmasa, oʻzgarmaydi.

9-10 yoshli bolalar uchun soat toʻrtlarda uyga qaytgandan keyin, yana qoʻshimcha 2-3 soat dars qilish ancha matonat talab qiladi.

Samandarda esa tanlov asosidagi maktabga kirish biroz boshqacharoq kechgan ekan.

Oilasi yangi hayot boshlagan davlatlaridagi taʼlim tizimining past-balandlarini yaxshi bilishmaganligi uchun, imtihonlarga tayyorlanishni kechroq boshlashgan.

"Imtihonlarga bir yarim oy qolganida, yozgi taʼtilimda dadam kitoblar sotib olib, ishdan oldin va kechki paytlar men bilan oʻtirib dars qilar edilar. Kuniga 4-5 soat shugʻullanar edim. Matematika, ingliz tili, mantiq va til mantigʻidan bilim-qobiliyatingiz tekshiriladi. Reytingi yuqori — eng baland oʻntalikka kirgan maktablarning imtihonlari ham qiyinroq boʻladi."

Butun turdagi va bosqichdagi maktablarning oʻz reytingi mavjud.

Bu faqat xalq ogʻzida emas, ommaga ochiq holda maktabing internet sahifasiga yozib qoʻyilgan.

Farzandining bilim olishini muhim deb hisoblaydigan ota-onalar maktablarning reytingiga qarab yashash joyi tanlaydi.

Chunki, maktabdan joy berilishi qatʼiyan turar joyingizga bogʻliq.

Yaxshi maktab atrofida yashamasangiz, oʻsha maktabdan bolangizga joy berilmaydi.

Maktabning kuchi va obroʻsi shu qadarki, baʼzan maktab oʻzi joylashgan mahalladagi uylarning narxining oshishi yoki tushishiga taʼsir qiladi.

Xususiy maktablar haqida ham gapirib oʻtadigan boʻlsak, obroʻli va oʻz nomini ushlab turadigan maktablarga jiddiy imtihon asosida qabul qilinadi.

Ota-onaning iqtisodiy qurbining balandiligining oʻzigina yetarli emas.

Maktablardagi taʼlim saviyasini yuqori ushlab turishning asosiy mexanizmi - taʼlim sifatini muntazam tekshirish hisoblanadi.

Maktablar kamida har 4 yilda tegishli tashkilot tarafidan tekshiriladi.

Bu tashkilot beradigan yakuniy bayonot juda muhim hisoblanadi, yaxshi yoki aʼlo deb baholangan maktablar binosi tashqarisiga "bizni aʼlo, yoki yaxshi maktab deb baholashdi" degan plakatlarni osib qoʻyishadi.

Shuningdek, bayonotlar har bir maktabning internet tarmogʼidagi sahifasida ommaga ochiq holda saqlanadi.

Bolalar 16 yoshga toʻlganida, majburiy taʼlim yakun topadi.

Bu bosqich keyinchalik oliy taʼlimda tahsil olmoqchi boʻlganlar uchun juda muhim hisoblanadi. Kamida 9-12 fandan yakuniy imtihon topshiriladi.

ta'lim

"Bu imtihonlarni yaxshi topshirish uchun maktab bergan taʼlim odatda yetarli boʻladi. Berilgan vazifalarni vaqtida bajarib borish juda muhim. Yaxshi maktablarda qoʻshimcha yordamga ehtiyoji bor oʻquvchilar ancha kam boʻladi" deydi Samandar.

Shundan keyin, oliy taʼlim dargohlarida oʻqishni xohlovchilar 2 yil davomida oʻqishga kirishga tayyorlanadi.

Bu 12-13 sinfga toʻgʻri keladi. Kasb-hunar yoʻnalishi boʻyicha oʻqishini davom ettirmoqchi boʻlganlar esa, maxsus kollejlarga kirishadi.

Taʼlim yoʻlidagi bu davr Sixth Form deb ataladi.

"Oliy taʼlimga tayyorlovchi oxirgi 2 yilni qaysi maktabda oqʼishingiz muhim. Maktablar sizni 11-sinfni bitirgandagi baholaringizga qarab qabul qiladi" deb tushuntiradi bizga Samandar.

"Yaxshi baholar, yaxshi Sixth Form garovi, bu esa oʻz oʻrnida yaxshi universitetga yoʻl degani."

Sixth Form deb atalgan ikki yillik bosqich A-Level va IB tizimida boʻladi. Bular oʻqish uchun tanlangan fanlar soni, imtihon qilish usuli bilan va bir qancha boshqa faktorlar bilan bir-biridan farq qiladi.

" Men A-Level tizimi boʻyicha oʻqiyapman. Ingliz tili, iqtisodiyot va psixologiya fanlarini chuqur oʻrganish uchun tanlaganman. Imtihonlar yozma insho shaklida boʻladi. Shu imtihonlardan olgan baholarim bilan universitetga topshiraman" deydi Hafiza.

Samandar esa IB - International Baccalaureate tizimi boʻyicha universitetga kirish imtihonlariga tayyorlangan.

"IB tizimida 6 fan tanlanadi. Albatta matematika, ingliz tili, ximiya, biologiya yoki fizika fanlaridan biri, chet tili fanlar roʻyxatida boʻladi. Qolgan fanlarni kelajakda egallamoqchi sohangizga qarab tanlaysiz."

IB tizimining koʻproq fanlarni oʻz ichiga olgani sabab, kasb tanlashda qiynalayotgan bolalarga qoʻl keladi.

Mustaqil izlanishga,kurs ishlari yozishga qaratilgan.

Shuningdek, bu yoʻnalish bilan dunyoning koʻpgina mamlakatlariga universitetlarga topshirish mumkin.

"Tanlagan fanlaringiz ichidan biri boʻyicha 4000 ming soʻzdan iborat ilmiy insho yozasiz. Bu mashaqqatli ish boʻlgani uchun, maktab sizga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, ishingizning har bosqichini tekshirib boradi."

Universitetga tayyorlanish - Sixth Form bosqichida maktabning oʻrni juda muhim.

Reytingi yuqori maktablarga borib, berilgan vazifalarni vaqtida bajargan oʻquvchilar yaxshi universitetlarga darsdan tashqari qoʻshimcha akademik yordam (repetitor) siz kirib ketishadi.

Bu iqtisodiy tomondan ota-onalar uchun katta yordam hisoblanadi.

Suhbatdoshimiz Hafiza 3 yil Oʻzbekistonda yashab, ingliz tilida dars beriladigan xususiy maktablarning birida oʻqib kelgan.

Undan Oʻzbekistonda qolgan doʻstlarining chet el universitetlariga kirish tajribalari haqida soʻradik.

"Oʻzbekistondagi doʻstlarimning mehnat va urinishlarini hech ham qadrsizlantirmoqchi emasman. Menimcha, chetdan turib Russell Group roʻyxatidagi universitetlarga kirish osonroq. Ularni qabul qilishdagi asosiy talab, IELTS bahosi. Yana, chet ellik talabalarni oʻqishga tayyorlov yili - foundation ga qabul qilinishi kirishni ancha osonlashtiradi. Fan baholarini maktab beradi, imtihon qilish tizimi Britaniyanikidan ancha oson. Bizga qiyinligining sababi, bunday universitetlarda mahalliy talabalarga ajratadigan joylar soni juda ham kam, xohlovchilar esa juda ham koʻp. Misol uchun, LSE mavjud oʻrinlarning 70% ni chet ellik talabalikka talabgorlarga beradi. Biz mahalliy yoshlar esa shu 30 foiz joy uchun talashamiz. Yaxshi baholar oladiganlar soni koʻp, qabul hayʼatiga qiyin. Shu sababdan, aʼlo baholardan tashqari yuqorida aytib oʻtganim darsdan tashqari yutuqlaringiz boshqalardan ajralib turishi kerak. Vaqtimiz faqat imtihonlarga tayyorlanishga emas, shu qoʻshimchalarga ham ketadi.

Yana joy tanqisligidan tashqari, bunday universitetlarga kam taʼminlangan oiladan boʻlganlar, jinoyat darajasi baland boʻlgan adreslardan maʼlum miqdorda talaba qabul qilish davlat tomonidan yuklatilgan.

Baholari men bilan bir xil, lekin qiynalgan oilalarning farzandlarining mendan koʻra kirish ehtimoli balandroq.

Lekin bu narsadan hech ham xafa emasman, qaytanga ijtimoiy tengsizlik sabab yutuqlarga erishish imkonidan yiroq tengdoshlarim uchun xursandman."

Universitetlarning ham reytingi, hatto bu reytingning oʻz nomi mavjud.

Britaniyada dunyo miqyosida yuqori taʼlim uchun baholangan universitetlar roʻyxati Russell Group (Rassel Grup) deb ataladi. Bu roʻyxatdagilar yana bir qanchaga boʻlinadi.

Samandar University of Warwickda matematika fakultetida oʻqiydi. U bizga Russell Group roʻyxatiga kiradigan universitetlar haqida gapirib berdi.

"Russell Group" universitetlari asosan ilmiy izlanishlarga qaratilgan boʻladi. Dunyoda olib boriladigan ilmiy izlanishlarning katta qismi aynan shu yerda qilinadi. Shuningdek, bu universitet bitiruvchilariga ish beruvchilar orasida talab juda ham yuqori. Biz bilgan oʻsha mashhur Oxford, Cambridge universitetlari roʻyxatning eng boshida turadi. Men Oxfordga harakat qilib koʻrganman. Oʻsha yili matematika fakultetiga toshirganlardan faqat 8 foizigina qabul qilingan. Oxfordga boʻlmasa-da, oʻsha yili matematika boʻyicha roʻyxatning boshida toʻrtinchi oʻrinda turgan Warwick universitetiga qabul qilinganman."

Matematika yoʻnalishi oxirgi yillarda Britaniyadagi oʻzbek bolalar orasida ancha mashhur. Samandardan nimaga shu yoʻnalishni tanlaganini soʻradik.

" Yoshligimdan matematikaga qiziqaman. Baholarim ham doim juda yaxshi boʻlgan. Oʻzbekistonda hozir qanday bilmayman, lekin dadam oʻqigan vaqtlar matematika oʻqiganlar asosan oʻqituvchi boʻlishgan ekan. Oila boqishda qiynalmaslik uchun boshqa soha tanlaganlar. Keyin Amerikaga oʻqish uchun borganlari universitetda matematika boʻlimini tugatib ishlash mumkin boʻlgan sohalar roʻyxati yozilgan katta plakatga koʻzlari tushgan. Mening sharoitimda esa, matematika boʻlimini tugatganlarga ish imkonlarining kengligi ham oʻz qiziqishim boʻyicha oʻqishimga turtki boʻldi. Kuchli universitetning matematika boʻlimi diplomi bilan bemalol bankka, IT sohasiga, konsalting kompaniyalariga ishga kirsa bo'ladi. Magistraturada hatto muhandislikka ham oʻqish mumkin. Kelajakda matematika eshigini ochmaydigan soha deyarli yoʻq. Oʻzingizda qiziqish va ishtiyoq boʻlsa boʻldi. Yozgi amaliyotlarga, ish imkonlarini taklif qiluvchi koʻrgazmalarga ishtirok etib yurish kerak."

Samandarning aytishicha kursdoshlari orasida chet ellik talabalardan xitoyliklar va hindistonliklar juda koʻp. Oʻzbekistonda kelganlar ham bor, lekin 4-5 kishi.

"Fikrimcha, Britaniyaga Oʻzbekistondan shuncha pul va vaqt sarflab kelganga yarasha, Russell Group universitetlariga kelish kerak. Ozgina harakat va izlanish hisobiga, yaxshi ish imkonlarini ochib beradigan oliygohlarning diplomini olish kerak. Agar xitoyliklar va hindistonliklar eplagan boʻlsa, oʻzbek yoshlari ham eplashiga ishonaman."

Nihoyatda, ilmga qiziqqan Britaniya yoshlarining ham butun harakati sifatli bilim va tajriba beradigan oliygohlarda oʻqib, jamiyat va oʻz rivojiga salmoqli hissa qoʻshadigan kompaniyalarda ishlash.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002