Rossiya moliyalashtirgan soxta yangiliklar tarmog‘i Yevropadagi saylovlarga qanday ta’sir o‘tkazmoqchi – Bi-bi-si surishtiruvi. Video

Uzun jigarrang sochli ayol (Alina Juk) atrofini o‘rab olgan guruhga jilmayib qaraydi — ular katta stol atrofida o‘tirishgan, fonda ikkita bayroq ko‘rinib turibdi, ulardan biri qizil, sariq va ko‘k rangli Moldova bayrog‘i.
Surat tagso‘zi, Bizning maxfiy tasvirga olishimiz orqali fosh etilgan tarmoq muvofiqlashtiruvchisi Alina Juk (chapda) dezinformatsiya kampaniyasi bo‘yicha ko‘rsatmalarni tinglamoqda
    • Author, Oana Marocico
    • Author, Seamus Mirodan
    • Role, BBC Eye Investigations ( Jurnalistik surishtiruv bo‘limi)
    • Author, Rowan Ings
    • Role, BBC Global Disinformation Unit (Global Dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘limi)
  • O'qilish vaqti: 6 daq
O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Bi-bi-si Moldovada bo‘lib o‘tadigan demokratik saylovlarga xalal berishga urinayotgan Rossiya moliyalashtiradigan maxfiy tarmoqni aniqladi.

Mazkur tarmoq ishtirokchilarga Moldovaning 28 sentyabrdagi parlament saylovlarida Yevropa Ittifoqi tarafdori bo‘lgan hukmron partiyaga qarshi rossiyaparast targ‘ibot va soxta xabarlarni tarqatishi evaziga haq to‘lashga va’da berganini yashirin muxbir yordamida aniqladik.

Ishtirokchilarga Moldovaning rossiyaparast muxolifati tarafdorlarini topish, ovozlarini yashirincha yozib olish va soxta so‘rovnoma o‘tkazish uchun pul to‘langan. Bu mavjud bo‘lmagan tashkilot nomidan qilingani sababli noqonuniy hisoblanadi. Tarmoq tashkilotchisi ta’kidlashicha, ushbu tanlanma respondentlar javoblari saylov natijalarini shubha ostiga olish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Hukmron partiya mag‘lubiyatini bashorat qilgan soxta so‘rovnoma natijalari allaqachon internetda e’lon qilingan.

Aslida, rasmiy so‘rovlarga ko‘ra, prezident Mayya Sandu asos solgan hukmron Harakat va birdamlik partiyasi hozirda rossiyaparast Vatanparvar saylov blokidan oldinda turibdi.

Biz maxfiy tarmoq va Moskvada qochqin bo‘lgan moldovalik oligarx Ilan Shor o‘rtasidagi aloqalarni aniqladik. Shor "Kremlning zararli ta’sir operatsiyalari" sababli AQSh sanksiyasiga tushgan. Keyin Buyuk Britaniya ham uni korruptsiya sababli sanksiyalagan.

Shuningdek, biz tarmoq va "Yevraziya" deb nomlangan notijoriy tashkilot (NNT) o‘rtasidagi aloqalarni topdik.

"Yevraziya" ham Shor bilan bog‘liq bo‘lib, o‘tgan yili Moldova fuqarolariga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga qarshi ovoz berishi uchun pora berganlikda ayblangan va Buyuk Britaniya, AQSh hamda Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragan. Ittifoqqa qo‘shilish referendumi o‘tgan, ammo juda oz farq bilan.

"2024 yilda Ilan Shorning kampaniyasi diqqat markazida pul turgan edi. Bu yil asosiy e’tibor dezinformatsiyaga qaratilgan," dedi Moldova politsiyasi boshlig‘i Viorel Chernautyanu Bi-bi-si Jahon xizmatiga.

Biz Ilan Shor va "Yevraziya"dan surishtiruv natijalariga javob berishni so‘radik, ammo ular javob berishmadi.

Moldova kichik davlat bo‘lsa-da, Ukraina va Yevropa Ittifoqiga a’zo Ruminiya o‘rtasida joylashgani uchun ham Yevropa, ham Kreml uchun strategik ahamiyatga ega, deydi ekspertlar.

Jahon xizmati Telegram messenjerida muvofiqlashtiriladigan mazkur tarmoqqa bizga ma’lumot sizdirgan odam bergan link orqali kirdi.

Bu bizga antidemokratik targ‘ibot tarmog‘i qanday ishlashi haqida muhim ma’lumot beradi.

Bizning yashirin muxbirimiz Ana va yana 34 nafar yollanma shaxsdan "operativ xodimlarni tayyorlaydigan" maxfiy onlayn seminarlarda qatnashish so‘ralgan. "Oshxonangizdan chiqib milliy yetakchiga qanday aylanish mumkin?" kabi sarlavhalar bilan o‘tkazilgan bu seminarlar yollanmalarni tekshirish vazifasini bajarayotgandek ko‘rinardi. Ana va boshqalar o‘rganganlari bo‘yicha muntazam sinovlardan o‘tishi kerak edi.

Shundan so‘ng muxbirimiz bilan Alina Juk ismli tarmoq muvofiqlashtiruvchisi bog‘landi. Juk xonimning ijtimoiy tarmoqdagi profilida uning Dnestrbo‘yidan, ya’ni Moldovaning Moskvaga sodiq bo‘lgan ayirmachi hududidan ekani aytilgan. Uning Instagram sahifasida so‘nggi bir necha yil ichida Rossiyaga bir necha marta borganini ko‘rish mumkin.

Juk xonim Anaga saylov arafasida TikTok va Facebook'da postlar tayyorlashi uchun oyiga 3 ming moldavan leyi (170 dollar) to‘lanishini, pulni Rossiya mudofaa vazirligining rasmiy banki vazifasini bajaruvchi, sanksiyaga uchragan Rossiya davlat banki – "Promsvyazbank"dan (PSB) olishini aytdi. Ushbu bank Ilan Shorning kompaniyalaridan birida hissador ham hisoblanadi.

Ana va boshqa yollanma xodimlar ChatGPT yordamida ijtimoiy tarmoqlarda postlar tayyorlashga o‘rgatildi. Ularga "rasmda reallikka nisbatan satira unsurlari bo‘lsa, kontent odamlarni o‘ziga jalb" qilishi, ammo postlar "tabiiy" ko‘rinishi uchun sun’iy intellektdan haddan tashqari foydalanib yubormaslik kerakligi ta’kidlandi.

Bi-bi-si va Ana Telegram guruhida ishtirokchilarga berilgan avvalgi ko‘rsatmalarni ko‘ra olardi. Dastlab, ulardan Moldova tarixidagi shaxslar haqida vatanparvarlik ruhidagi postlar so‘ralgan, ammo asta-sekin talablar ochiq siyosiy tus olgan.

Anadan asossiz da’volarni, jumladan, Moldovaning amaldagi hukumati saylov natijalarini soxtalashtirishni rejalashtirayotgani, Moldovaning Yevropa Ittifoqiga ehtimoliy a’zo bo‘lishi uning fuqarolari LGBTQ+ bo‘lishiga bog‘liqligi, prezident Sandu bolalar savdosiga ko‘maklashayotgani haqidagi ma’lumotlarni joylashtirishni so‘rashdi.

Tarmoq tomonidan tarqatilgan dezinformatsiya yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalarga misol: unda ishtirokchilarga asoslanmagan iboralarni tarqatish buyuriladi, masalan: "[Prezident] Sandu rejimi bolalarni tirik valyuta sifatida ishlatadi" yoki "SanduPAS [hukmron partiyaga ishora] odam savdosiga aloqador.
Surat tagso‘zi, Tarmoq tomonidan tarqatilgan dezinformatsiya yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalarga misol: unda ishtirokchilarga asoslanmagan iboralarni tarqatish buyuriladi, masalan: "[Prezident] Sandu rejimi bolalarni tirik valyuta sifatida ishlatadi" yoki "SanduPAS [hukmron partiyaga ishora] odam savdosiga aloqador.

Ijtimoiy tarmoqlardagi kampaniyalar hozirda milliy saylovlarda markaziy o‘ringa chiqib qolgan. Biz ijtimoiy tarmoqlarda Moldovaning hukmron partiyasi – Harakat va birdamlik partiyasini qo‘llab-quvvatlovchi postlarni kuzatib bordik, ammo aniq dezinformatsiya kampaniyasini aniqlamadik.

Tarmoq bilan yashirin ishlash davomida biz faqat haqiqatga to‘g‘ri keladigan postlarnigina ulashdik, ularning ham sonini cheklagan holatda.

Tarmoqda yana kimlar borligini aniqlashni xohladik. Bu tarmoq biz qo‘shilib qolgan guruhga o‘xshash bir nechta guruhlardan tashkil topgani haqida dalillarimiz bor edi. Telegram orqali kuzatishimiz mumkin bo‘lgan boshqa hisoblardagi shu kabi guruhlarni izladik.

Xulosamizga ko‘ra, tarmoq kamida 90 ta TikTok hisobidan iborat. Ba’zilari o‘zini yangiliklar nashridek ko‘rsatib niqoblaydi. Ular yanvarь oyidan beri 23 milliondan ortiq marta ko‘rilgan va 860 000 ta "layk" olgan minglab videolarni joylashtirgan. Moldova aholisi esa atigi 2,4 million kishini tashkil etadi.

Biz o‘z topilmalarimizni AQShdagi Raqamli Sud-Ekspertiza Tadqiqot Laboratoriyasiga (DFRLab) berdik va ular o‘z tahliliga asoslanib, tarmoq yanada kattaroq bo‘lishi mumkinligini aytishdi. DFRLab aniqlashicha, butun tarmoq yanvarь oyidan beri TikTok'da 55 milliondan ortiq ko‘rilgan va 2,2 milliondan ortiq "layk" olgan.

Moldova prezidenti Maya Sandu (markazda) 2024 yil 3 noyabrь kuni Kishinyovdagi saylov uchastkasida prezidentlik saylovi uchun ovoz berganidan so‘ng jurnalistlar oldida chiqish qilmoqda. Maya Sanduning sochlari jigarrang va kalta (bob uslubida), u zamonaviy kulrang o‘rama palto kiygan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Prezident Mayya Sanduning aytishicha, unga qilingan hujum Yevropa Ittifoqiga qilingan hujumdir

Tarmoq faqat dezinformatsiyani tarqatish bilan cheklanmagan. Juk xonim Anaga Moldova poytaxtidagi odamlardan saylovda o‘zlari afzal ko‘rgan nomzodlar haqida so‘rab, norasmiy so‘rovnoma o‘tkazishi uchun soatiga 200 moldavan leyi (12 dollar) pul taklif qildi.

Bu vazifani bajarishdan oldin ishtirokchilarga so‘rovda qatnashganlarni qanday qilib yo‘naltirish bo‘yicha treninglar o‘tkazildi.

Shuningdek, ulardan rossiyaparast muxolifatni qo‘llab-quvvatlashini aytgan suhbatdoshlar ovozini yashirincha yozib olishni so‘rashdi.

Juk xonimning ta’kidlashicha, bu "saylov soxtalashtirilishi oldini olish" uchun bo‘lib, so‘rov natijalari va maxfiy yozuvlar, agar hukmron partiya g‘alaba qozonsa, uning adolatsiz g‘alaba qozongani dalili sifatida ishlatilishi mumkin edi.

Biz to‘plagan dalillar yana shuni ko‘rsatadiki, muxbirimiz qo‘shilgan tarmoq Rossiyadan moliyalashtirilgan. Ana Alina Jukni telefonda Moskvadan pul so‘rayotganini eshitib qoldi va videoga oldi.

"Moskvadan pul olib kela olasanmi... Odamlarimga oylik berishim kerak," degan gaplarini tasvirga oldik.

Unga pulni kim yuborishi aniq emas edi, ammo biz tarmoq va Ilan Shor o‘rtasidagi aloqalarni "Yevraziya" nodavlat tashkiloti orqali aniqladik.

Moldovaning parlamentga nomzodi Ilan Shor — tadbirkor, o‘z nomidagi partiya yetakchisi va Orxey shahrining hokimi — 2019 yil 15 fevral kuni Komrat shahrida o‘tkazilgan saylovoldi tadbirida tarafdorlari bilan uchrashmoqda. U qora kostyum va qizil galstuk kiygan, saylov kampaniyasi davomida kim bilandir qo‘l berib ko‘rishmoqda. Orqa fonda ro‘mol o‘ragan bir nechta keksa ayollar ko‘rinib turibdi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tarmoq moldovalik oligarx Ilan Shor bilan bog‘langan, u 2019 yilda bu yerda saylovoldi tashviqotini olib borgan va hozirda Moskvada qochoq.

Ilan Shor va Yevraziya bizning surishtiruv natijalarimizga javob bermadi.

Bi-bi-si «Yevraziya» veb-saytida Alina Jukning suratlarini va Ana qo‘shilgan Telegram guruhlaridan biri "Yevraziya yetakchilari" nomini topdi.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlashicha, «Yevraziya» "Moldovada korruptsion qochoq oligarx Ilan Shor nomidan... Moldova demokratiyasini beqarorlashtirish uchun" ishlaydi.

Biz Alina Jukdan topilmalarimiz haqida izoh so‘radik – u javob bermadi.

TikTok saylovlar oldidan qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rganini va "aldamchi xatti-harakatlarga qarshi keskin kurashishda" davom etayotganini ma’lum qildi. Facebook egasi Meta esa xulosalarimizga javob bermadi.

Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi soxta xabarlar va saylovlarga aralashishga aloqadorligini rad etib, Moldovadagi saylovlarga aynan Yevropa Ittifoqi aralashganini da’vo qildi.