Suriya: endi nima bo‘ladi?

Surat manbasi, Reuters
- Author, Hyugo Bachega
- Reporting from, Turkiya-Suriya chegarasidan
- O'qilish vaqti: 3 daq
Bir hafta oldin isyonchilar Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlibdagi bazalaridan rejimga qarshi kutilmagan hujumini boshlaganlarida, Bashar al-Asadning qulashi deyarli tasavvur qilib bo‘lmas edi.
Bu Suriya uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. Asad 2000 yilda mamlakatni 29 yil davomida temir musht bilan boshqargan otasi Hofiz vafotidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan edi.
Kichik Asad repressiv siyosiy tizimni meros qilib oldi, bu tizimda muxolifatga yo‘l o‘rin yo‘q edi.
Dastlab u boshqacha – ochiqroq, shafqatliroq bo‘lishi mumkin, degan umidlar bor edi. Biroq bu umidlar uzoqqa bormadi.
Asad 2011 yilda o‘z rejimiga qarshi tinch namoyishlarni shafqatsizlarcha bostirgan, bu esa fuqarolar urushiga olib kelgan odam sifatida tarixda qoladi. Yarim milliondan ortiq odam halok bo‘ldi, yana olti million kishi qochqinga aylandi.
Rossiya va Eron yordamida u isyonchilarni mag‘lub etib, hokimiyatda qoldi. Rossiya o‘zining kuchli havo kuchlaridan foydalandi, Eron esa Suriyaga harbiy maslahatchilar yubordi va qo‘shni Livandan "Hizbulloh" ham tajribali jangchilarini yubordi.

Surat manbasi, .
Bu safar vaziyat boshqacha bo‘ldi. O‘z muammolari bilan band bo‘lgan ittifoqdoshlari uni tark etishdi. Ularning yordamisiz Asadning qo‘shinlari "Hay’at Tahrir ash-Shom" (HTSh) islomiy jangari guruhi boshchiligidagi isyonchilarni to‘xtata olmadi, ba’zi joylarda esa bunga urinib ham ko‘rmadi.
Avval ular o‘tgan hafta mamlakatning ikkinchi yirik shahri Halabni deyarli qarshiliksiz egallashdi. Keyin Xama, undan so‘ng bir necha kun ichida Xomsning asosiy markazi qo‘lga olindi. Isyonchilar sharq va janubdan ham hujumga o‘tib, Damashqni qurshovga olishdi. Bir necha soat ichida jangarilar Asad hokimiyatining qarorgohi bo‘lgan poytaxtga kirib kelishdi.
Asad oilasining ellik yillik hukmronligi tugashi mintaqadagi kuchlar muvozanatini o‘zgartiradi.

Eron yana o‘z ta’sir doirasiga jiddiy zarba yetayotganini ko‘rmoqda. Asad boshchiligidagi Suriya eronliklar va "Hizbulloh" o‘rtasidagi aloqaning bir bo‘g‘ini edi, u qurol va o‘q-dorilarni guruhga yetkazishda muhim rol o‘ynardi.
"Hizbulloh"ning o‘zi Isroil bilan bir yillik urushdan so‘ng jiddiy zaiflashgan va uning kelajagi noaniq.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yana bir guruh – Yamandagi Husiylar bir necha bor havo hujumlariga uchradi. Ushbu guruhlarning barchasi, shuningdek, Iroq va G‘azodagi HAMAS jangarilari Tehron tomonidan "Qarshilik o‘qi" deb atalgan ittifoqni tashkil etadi, bu ittifoq hozir jiddiy zarar ko‘rdi.
Bu yangi vaziyat Eronga ekzistentsial tahdid sifatida qaraydigan Isroilda quvonch bilan kutib olinadi.
Ko‘pchilik bu hujum Turkiyaning roziligisiz sodir bo‘lishi mumkin emasdi, deb hisoblaydi. Suriyadagi ayrim isyonchilarni qo‘llab-quvvatlayotgan Turkiya HTShni qo‘llab-quvvatlayotganini rad etdi.
Bir muddat davomida Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Asaddan suriyalik qochqinlarning qaytishiga imkon beradigan diplomatik yechim topish bo‘yicha muzokaralar olib borishni talab qilib, bosim o‘tkazgan edi.
Qochqinlarning kamida uch millioni Turkiyada bo‘lib, bu mahalliy miqyosda nozik masala hisoblanadi.
Ammo Asad buni rad etgan.
Ko‘pchilik Asadning ketganidan xursand.
Lekin bundan buyon nima bo‘ladi? HTShning ildizlari "Al-Qoida" va shafqatsiz o‘tmishga borib taqaladi.
So‘nggi yillarda ular o‘zlarini millatchi kuch sifatida qayta tasvirlashga harakat qilishdi va ularning so‘nggi bayonotlari diplomatik va murosali ko‘rinish olgan.
Biroq ko‘pchilik bunga ishonmaydi va ular rejim ag‘darilgandan keyin nimani rejalashtirishi mumkinligidan xavotirda.
Shu bilan birga, bu keskin o‘zgarishlar xavfli hokimiyat bo‘shlig‘iga olib kelishi va oxir-oqibat tartibsizlik hamda yanada ko‘proq zo‘ravonlikka sabab bo‘lishi mumkin.












