Video: O‘zbekiston Rossiyaga nota topshirdi, 300 ming migrant bola maktabga bormaydi

Surat manbasi, Telegram/Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxanovning rasmiy kanali
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva shahridagi reydda mehnat muhojirlariga qilingan muomala munosabati bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborilganini xabar qildi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov Telegram kanalida ma’lum qilishicha, 10 iyun kuni Toshkentda Rossiya rasmiylari bilan migratsiya masalalari bo‘yicha navbatdagi uchrashuv o‘tkazilgan.
"Rossiya Federatsiyasi hududida ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotganini ta’kidladik", deyiladi xabarda.
"Bunday holatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga aslo to‘g‘ri kelmasligi, ularni oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligiga e’tibor qaratdik", deyiladi TIV xabarida.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
"Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralarini O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirib qolamiz.
Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Elchixonamiz tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan ushbu holatga izoh berish hamda inson huquqlari yaqqol buzilganligi aks etganligi, bu esa qabul qilib bo‘lmas holatligi ta’kidlanib, kuch ishlatar tashkilot vakillarining harakatlariga huquqiy baho berish so‘ralgan", deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarda.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov Moskvadagi so‘nggi hodisa munosabati bilan UzReport telekanaliga intervyu berdi.
U xorijdagi o‘zbekistonliklar haq-huquqlarini himoya qilishni TIV o‘zining ustuvor vazifasi deb bilishini ta’kidladi, Rossiyada hozirgi kunda bir milliondan kam o‘zbekistonlik mehnat muhojiri borligini aytdi.

Surat manbasi, .
O‘zbekiston hukumatining Janubi-sharqiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bilan mehnat bozori borasidagi muzokaralari ortidan Rossiyaga pul ishlaab topish uchun borayotgan o‘zbekistonliklarning soni kamayib borayotganini aytdi.
Shu kuni Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov o‘z faoliyatini tugatganini e’lon qildi.
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tarqatgan xabarga ko‘ra, 2021 yildan O‘zbekistondagi elchi vazifasini bajarib kelgan Oleg Malginov Toshkentda nishonlangan Rossiya kuni bayrami tadbirida o‘z ishi yakunlanayotganini ma’lum qilgan.

Surat manbasi, Telegram/Посольство России в Узбекистане
Shu kuni Rossiya Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Igor Zubov Rossiya parlamenti quyi palatasi - Davlat Dumasiga hisobot bergan.
Vazir o‘rinbosari xabar qilishicha, hozir Rossiya hududida 638 mingdan ortiq migrant bolalar yashayapti deb ko‘riladi.
Shundan 300 mingdan ortig‘i biror bir o‘quv muassasasida ro‘yxatga olinmagan.
"Ularning(638000 migrant bolaning) ko‘pchiligi o‘qimayotgani haqidagi gap, o‘ylashimcha, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin, hoynahoy, yarmi qandaydir sabablarga ko‘ra, o‘zicha yuripti", degan Ichki ishlar vaziri muovini Igor Zubov.
Ikki oy oldin Rossiyada maktablarga bolani qabul qilish talabalari kuchaytirilgan yangi qonun kuchga kirdi.
Ushbu qonunga ko‘ra, xorijiy fuqarolarning bolalarini rus tilini bilish imtihonidan o‘tolganlaridan keyingina o‘quv muassasasiga qabul qilinishi lozim.
Igor Zubov ma’lumotiga ko‘ra, Moskva shahrida voyaga yetmagan 80282 nafar xorijlik bor, ularning atigi 25 mingi maktabga qatnaydi.
Ta’lim olmayotgan 300 ming bolaning nechtasi o‘zbekistonlik ekani hozircha noma’lum.
10 iyun. Rossiya: Migrantlar yana tepkilandi, O‘zbekiston rasmiylari "taassuf" bildirdi

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoq
Rossiya kuch ishlatar organ xodimlari yana migrantlarni tepkilab tekshiruv o‘tkazdi. Vaziyatdan xavotir bildirgan O‘zbekiston Migratsiya agentligi "afsus va taassuf"daligini aytdi.
BAZA nashrining xabar berishicha, bu safargi reyd Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli binolarning birida joylashgan yotoqxonada o‘tkazilgan.
Maqsad nolegal muhojirlarni aniqlash uchun migrantlarning hujjatini tekshirish bo‘lgani aytilmoqda.
Guvohlar tekshiruvning o‘ta shafqatsiz o‘tganini aytishmoqda. Bazaning guvohlarga tayanib yozishicha, yotoqxonaga kelgan OMONchilar xonalardan erkaklarni chiqarayotganda qo‘pol kuch ishlatishgan. Sekin chiqqanlarni tepkilab, do‘pposlab, jarayonni tezlashtirgan.
Reyd davomida hujjatida muammo bo‘lgan 6 nafar migrant ushlangani aytilmoqda.
Xabarda migrantlarning qaysi davlatdan ekanligi aytilmagan, faqat MDHdan kelganligi bildirilgan.
Holat o‘zbek tilli ijtimoiy tarmoqlarda aks-sado berdi.
Moskvada kaltak yegan va xo‘rlangan yurtdoshlarimizni ko‘rib rahmim kelib ketdi. Ilohim urgan qo‘llaring sinib, dunyoga sharmanda bo‘llaring! @FM_Saidov, @SMirziyoyeva biror yordam qilinglar shu yurtdoshlarimizga, iltimos", deb yozadi Zafar Arslonov X tarmog‘ida.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Jurnalist va siyosatshunos Sherzodxon Qudratxo‘ja Moskvada o‘zbek muhojirlariga nisbatan qo‘llanilgan tahqir va zo‘ravonlik holatlariga munosabat bildirdi.
"Rossiyada hujjatsiz muhojirlarni haqoratlash, tepish, xorlash odatiy holga aylanyapti. O‘zbek yoshlari og‘ir mehnat qilib ham inson sifatida qadrlanmayapti. Biz ularni rivojlangan mamlakatlarga — Olmoniya, Yaponiya, Koreya singari davlatlarga yo‘naltirishimiz kerak," — demoqda Qudratxo‘ja.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ish o‘rinlari yetarli bo‘lmasa-da, yoshlarni tahqirlanish xavfi bor joylarga yuborish yechim emas.
"Rossiya rasmiylaridan bunday muomalani to‘xtatishni talab qilamiz. O‘zbek xalqi har doim boshqalarga mehr va panoh bergan," — dedi u.
Hukumat taassufda
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi Moskvadagi reydlar chog‘ida chet el fuqarolariga, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani haqidagi xabarlardan "afsus va taassufda" ekanini ma’lum qildi.
Agentlik mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasining huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan rasmiy ma’lumot kutayotganini ma’lum qilgan.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi ushbu masalani nazoratga olgan.
"Ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan chet el fuqarolariga nisbatan bunday qo‘pol munosabatni kuzatilishi afsus va taassuf uyg‘otadi", deyiladi agentlik rasmiy bayonotida.
Ushbu vaziyatda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mavjud bo‘lsa, jumladan, ularga tan jarohatlari yetkazilgan, huquqlari buzilgan yoki boshqa muammolarga duch kelgan bo‘lsalar, Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasiga murojaat qilish so‘ralgan.
Oldinroq xuddi shu kabi tepkilash manzarasi Rosgvardiya tomonidan hammomda dam olayotgan migrantlarga nisbatan o‘tkazilgan tekshiruv davomida kuzatilgandi.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga nota yuborgan va hammomda nimalar bo‘lganini izohlashni so‘ragandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi hammomda qirg‘izlar do‘pposlanishi «qonuniy» bo‘lganini aytgandi.












