Tramp Falastin davlatining tan olinishi Hamas uchun mukofot dedi

Surat manbasi, Reuters
AQSh Prezidenti Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasida chiqish qildi.
Bir kun ilgari Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatining Falastin davlatini rasman tan olishini BMT minbarida e’lon qilgani ortidan ko‘pchilik AQSh munosabatini kutayotgan edi.
Frantsiyadan oldin Britaniya, Avstraliya, Kanada va Portugaliya Falastinni tan olganlarini e’lon qildilar.
22 sentyabr kuni Frantsiya va Saudiya Arabistoni mojaroni ikki davlat yechimi sifatida hal qilish maqsadiga qaratilgan bir kunlik sammit tashkil qildilar.
Ammo bu sammitda AQSh ishtirok etmadi.
Yirik yettilik mamlakatlaridan Germaniya bilan Italiya ham qatnashmaslikka qaror qildi.
Shu kunlarda Belgiya, Lyuksemburg, Malta, Andorra va San-Marino ham rasman Falastin e’tirofini e’lon qilish rejasida ekanliklarini e’lon qilganlar.
BMTdagi ma’ruzasida AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘zining ikkinchi prezidentligi boshlanganidan keyingi qisqa vaqt ichida yettita urushni tugatganini da’vo qildi.
Jurnalistlar, chindan ham shundaymi, degan savolni qo‘ydilar.
Tramp BMTni tanqid qildi, bu urushlarni to‘xtatish uchun hech narsa qilmadi, dedi.
Prezident Tramp G‘azodaa otashkesimga erishish jarayoniga bosh qo‘shganini aytdi.
Tramp, Falastin davlatini tan olish "Hamas sodir etgan vahshiyliklar uchun mukofot bo‘ladi", dedi.
Hamas talab qilayotgan to‘lov talablari o‘rniga tinchlikni xohlayotgan odamlar bir mujdada birlashmoqlari lozim: garovga olinganlarni hoziroq ozod qilinglar.
Prezident Trampning bu gapiga zalda to‘planganlar qarsak chaldilar.
G‘azodagi davom etayotgan insonparvarlik inqirozi hamda Iordan daryosining G‘arbiy Sohilida yahudiy kelgindilari maskanlarini kengaytirayotgani uchun Isroilga xalqaro bosim ortib borayapti.

Surat manbasi, .
Ukraina urushi mavzusiga to‘xtalgan Tramp Yevropani Rossiyadan gaz sotib olib urushni moliyalashtirayotganlikda aybladi.
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ham qatnashayapti, Tramp va Zelenskiy uchrashuvi rejalashtirilgani xabar qilindi.
Isroil Falastin davlatini tan olish Hamasning 2023 yil 7 oktyabrida Isroil janubiga qurolli hujumni uyushtirib, 1200 ga yaqin insonni o‘ldirgani va 251 kishini garovga olgani uchun mukofot bo‘ladi deydi.
Isroilning joriy hukumati Isroil bilan Falastin yonma-yon joylashgan ikki davlat yechimini rad etadi.
So‘nggi kunlardagi dunyodagi tobora ko‘p mamlakatlarning Falastinni tan olish qarori ortidan Bosh vazir Netanyahuning koalitsion hukumati tarkibidagi o‘ta o‘ngchi vazirlari G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishga chaqirmoqdalar.
2023 yil 7 oktyabr hujumlariga javoban Isroil G‘azoda Hamasni yo‘q qilish maqsadi deb hujumlarni boshladi, o‘shandan buyon bo‘lgadagi Hamas rahbarligidagi tibbiyot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 65000 dan ortiq inson halok bo‘ldi.
Ayni paytda Isroil kuchlari G‘azo shahri ustidan nazoratni qo‘lga kiritish maqsadida quruqlik amaliyotlarini o‘tkazayapti.
22 sentyabr kuni Italiyadagi kasaba uyushmalari falastinliklar bilan birdamlik maqsadida namoyishga chiqishga chaqirdi.
Italiyaning ko‘plab shaharlarida minglab namoyishchilar ko‘chalarga chiqdilar.
Rim va Milan shaharlarida politsiya bilan namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar ham kelib chiqdi.
Namoyishchilar va muxolifat Italiya Bosh vaziri Jorjiya Melonini tanqid qildilar, Frantsiyaga o‘xshab Falastinni tan olmaganini tanqid qildilar.
22 sentyabr. Britaniyaning Falastinni tan olishi nimani anglatadi?

Surat manbasi, Guy Smallman/Getty Images
Falastin — ham mavjud, ham mavjud emas davlat
Falastin rasman davlat sifatida tan olingan bo‘lsa-da, uning mavjudligi murakkab. U xalqaro miqyosda keng tan olingan, xorijda elchixonalari bor va Olimpiada kabi xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etadi. Ammo Isroil bilan uzoq yillik nizolar tufayli, Falastinning rasman belgilangan chegaralari, poytaxti va armiyasi yo‘q.
1990-yillardagi tinchlik kelishuvlaridan so‘ng tashkil etilgan Falastin ma’muriyati G‘arbiy sohilda Isroilning harbiy nazorati tufayli o‘z hududi va aholisi ustidan to‘liq boshqaruvga ega emas. G‘azo sektorida esa Isroilning okkupatsiyasi davom etayotgan bir paytda, u yerda vayronkor urush ketmoqda.
Shu sababli, Falastinni davlat sifatida tan olish ko‘proq ramziy ahamiyatga ega. Bu kuchli axloqiy va siyosiy bayonot bo‘lishi mumkin, ammo amalda katta o‘zgarish olib kelishi ehtimoldan yiroq.
Biroq bu ramziy qadam ayniqsa Britaniya uchun muhim. Buyuk Britaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Devid Lammi BMTdagi nutqida shunday degan edi: "Britaniya ikki davlatli yechimni qo‘llab-quvvatlashda alohida mas’uliyatga ega."
U o‘z so‘zlarida 1917 yildagi Balfur deklaratsiyasini eslab o‘tdi — bu hujjatda Britaniyaning Falastinda "yahudiy xalqi uchun milliy uy tashkil etish" g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashi ilk bor bayon etilgan. Shu bilan birga, deklaratsiyada "Falastindagi yahudiy bo‘lmagan jamoalarning fuqarolik va diniy huquqlariga zarar yetkazmaslik" haqida ham tantanali va’da berilgan.

Surat manbasi, Bettmann via Getty Images
Birinchi jahon urushidan so‘ng, Britaniya 1922–1948 yillar oralig‘ida Falastin hududini Millatlar Ligasi mandati asosida boshqarish huquqini olgan. Bu mandatga ko‘ra, urushda mag‘lub bo‘lgan Germaniya va Usmonli imperiyalarining sobiq hududlarini boshqa davlatlar vaqtincha boshqarishi mumkin edi.
Britaniya esa o‘ta murakkab, hatto ba’zilar aytganidek, amalga oshirib bo‘lmas vazifani zimmasiga olgan edi: bir tomondan, u yahudiy xalqi uchun milliy uy tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘sha yerda yashovchi arab aholisining huquqlarini himoya qilishga ham va’da bergan.
Bu ikki qarama-qarshi va’da va yahudiylar bilan arablar o‘rtasidagi keskinlik yillar davomida notinchlikka sabab bo‘ldi. 1948 yilda Britaniya hududdan chiqib ketgach, Isroil davlati e’lon qilindi va ortidan urush hamda ko‘plab falastinliklarning o‘z yurtlaridan ko‘chirilishi yuz berdi.
Ko‘plab tarixchilar Britaniyaning o‘sha davrdagi siyosatini bugungi Isroil-Falastin mojarosining shakllanishiga asos bo‘lgan deb hisoblaydi. Ular Falastin deb atalgan hudud taqdiri hali ham hal etilmagan xalqaro muammo ekanini ta’kidlashadi.
Isroilni qo‘llab-quvvatlovchilar esa ko‘pincha shunday deyishadi: Lord Balfur deklaratsiyasida falastinliklar yoki ularning milliy huquqlari aniq tilga olinmagan.
Devid Lammi ta’kidlaganidek, siyosatchilar "ikki davlatli yechim" degan iborani ko‘p aytishadi. Bu g‘oyaga ko‘ra, G‘arbiy sohil va G‘azo sektorida, 1967 yilgi arab-isroil urushigacha mavjud bo‘lgan chegaralar asosida Falastin davlati tashkil etilishi kerak. Uning poytaxti sifatida esa urushdan beri Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan Sharqiy Quddus ko‘zda tutiladi.
Biroq xalqaro sa’y-harakatlar bu yechimni amalga oshirishda muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Isroilning G‘arbiy sohildagi katta hududlarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirishi bu g‘oyani amalda mazmunsiz shiorga aylantirib qo‘ygan.
Falastinni kimlar tan olgan?
Falastin hozirda BMTning 193 a’zo davlatidan taxminan 75 foizi tomonidan tan olingan.BMTda u "doimiy kuzatuvchi davlat" maqomiga ega bo‘lib, bu unga ishtirok etish huquqini beradi, biroq ovoz berish huquqini bermaydi.
Birlashgan Qirollik va Fransiya BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida tan olishni va’da qilgan davlatlar qatorida (bu guruhga Kanada, Avstraliya, Belgiya va Malta ham kiradi), Falastin tez orada BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosidan to‘rttasining qo‘lloviga ega bo‘ladi.
Xitoy va Rossiya Falastinni 1988-yilda tan olgan.Bu esa AQShni, Isroilning eng yaqin ittifoqchisini, yolg‘iz qoldiradi.Vashington Falastin Ma’muriyatini, hozirda Mahmud Abbos boshchilik qilayotgan tuzilmani, 1990-yillarning o‘rtalaridan beri tan olgan.
Shundan beri bir nechta prezidentlar Falastin davlatini barpo etishni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirgan. Biroq, Donald Tramp bular qatorida emas. Uning ikki ma’muriyati davrida ham AQSh siyosati Isroil foydasiga kuchli og‘ishgan.
Nega Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar aynan hozir bunday qaror qabul qilmoqda?
Britan hukumatlari doim Falastin davlatini tan olish haqida gapirishgan, lekin faqat tinchlik jarayonining bir qismi sifatida, ideal holda boshqa G‘arb ittifoqchilari bilan birga va "eng katta ta’sir ko‘rsatadigan paytda" amalga oshirishni ma’qul ko‘rishgan.
Buni shunchaki ramziy harakat sifatida qilish hukumatlar fikricha xato bo‘lardi. Bu odamlarni vijdonan o‘zini yaxshi his qilishiga olib kelishi mumkin, lekin amalda joylardagi vaziyatni o‘zgartirmaydi.Biroq, oxirgi oylardagi voqealar bir nechta hukumatlarni bu qarorni qabul qilishga majbur qildi.
G‘azodagi asta-sekin kuchayib borayotgan ocharchilik manzaralari, Isroilning harbiy harakatlariga nisbatan ortib borayotgan g‘azab va jamoatchilik fikrining keskin o‘zgarishi — bularning barchasi bizni shu nuqtaga olib keldi.

Surat manbasi, Reuters
Ba’zi davlatlar bu va’dani shartli tarzda bergan. Kanada uchun tan olish Falastin Ma’muriyatining o‘zini isloh qilish, 2026-yilda saylovlar o‘tkazish va Falastin davlatini harbiylashtirmaslik majburiyatiga bog‘liq.
Britaniya hukumati o‘z qarorini e’lon qilganida, mas’uliyatni boshqa tomonga yukladi va BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi davomida Falastinni tan olishini, agar Isroil hukumati G‘azodagi azob-uqubatlarga barham berish, o‘t ochishni to‘xtatish, G‘arbiy Sohildagi hududlarni anneksiya qilmaslik va ikki davlatli yechimga olib keladigan tinchlik jarayoniga sodiqligini namoyon qilmasa, amalga oshirishini bildirdi.
Bu harakat biroz chalkashlikka sabab bo‘ldi, ayrim tanqidchilar tan olish umuman shartli bo‘lmasligi kerak, ayniqsa, Isroil harakatlariga bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladilar.
Biroq, Britaniya tilga olgan to‘rt bosqich bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishish ehtimoli juda past edi. Shuning uchun tan olish deyarli muqarrar bo‘lib qoldi.
O‘z harakatlarini muvofiqlashtirish orqali Falastin davlatini tan olishni taklif qilayotgan davlatlar yanada katta ta’sir ko‘rsatishga, G‘azodagi urushni qanday tugatish va undan keyingi siyosiy jarayon qanday bo‘lishi haqida fikr yuritishga turtki berishga umid qilmoqda.
Nega ba’zi davlatlar hali ham Falastinni davlat sifatida tan olmayapti?
G‘azo va G‘arbiy Sohilni nazorat qiluvchi Falastin ma’muriyati o‘rtasidagi kelishuvning yo‘qligi hamda Isroil bilan muzokaralar natijasida yechim topilmagani sababli, ko‘plab davlatlar Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olmayapti. Ular Falastinning tan olinishi Isroil bilan olib boriladigan tinchlik muzokaralari va keng qamrovli kelishuvlarning yakuniy bosqichi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.
G‘azo va G‘arbiy Sohilni nazorat qiluvchi Falastin ma’muriyati o‘rtasidagi kelishuvning yo‘qligi hamda Isroil bilan muzokaralar natijasida yechim topilmagani sababli, ko‘plab davlatlar Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olmayapti. Ular Falastinning tan olinishi Isroil bilan olib boriladigan tinchlik muzokaralari va keng qamrovli kelishuvlarning yakuniy bosqichi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.
"Garchi AQSh Falastin davlatini barpo etish zarurligini so‘zda qo‘llab-quvvatlasa ham, u Isroil va Falastin o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni talab qiladi, bu esa amalda Isroilga falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash istagiga veto qo‘yish huquqini beradi", deydi London Iqtisodiyot Maktabining xalqaro munosabatlar va Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha mutaxassisi professor Fawaz Gerges.
Tinchlik muzokaralari 1990-yillarda boshlangan va keyinchalik ikki davlatli yechim — isroilliklar va falastinliklar yonma-yon, alohida davlatlarda yashashi maqsad qilib qo‘yilgan.
Biroq, tinchlik jarayoni 2000-yillarning boshlaridan boshlab, hatto 2014-yilda Vashingtonda isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugashidan oldin ham, asta-sekin susayib bordi.
Eng muhim masalalar hal etilmay qolmoqda: kelajakdagi Falastin davlati chegaralari va uning tabiati, Quddus maqomi, hamda Isroil tuzilishi e’lon qilinganidan so‘ng 1948-49-yillardagi urush natijasida qochqin bo‘lib qolgan falastinliklarning taqdiri.
Isroil Falastinning BMTga a’zo bo‘lish harakatiga qat’iy qarshi.Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan 2024-yil aprel oyida AFP agentligiga bergan intervyusida, bu masalaning muhokama qilinayotgani "genotsid terrori uchun allaqachon g‘alaba" ekanini aytgan va agar bu harakat muvaffaqiyatli bo‘lsa, 7-oktabr Hamas hujumlaridan so‘ng terror uchun mukofot bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.
Isroil bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolishni istagan davlatlar Falastin davlatini tan olish ularning ittifoqchisini g‘azablantirishini yaxshi bilishadi.
Ba’zilar, jumladan, Isroil tarafdorlari, Falastin 1933-yilgi Montevideo konvensiyasida davlat uchun belgilangan asosiy mezonlarga — doimiy aholi, aniq belgilangan hudud, hukumat va boshqa davlatlar bilan munosabat o‘rnatish qobiliyatiga — javob bermaydi, deb hisoblashadi.
Boshqalar esa yanada moslashuvchan ta’rifni qabul qilib, boshqa davlatlar tomonidan tan olinishi muhimroq deb bilishadi.
AQSh nima deydi?
Tramp ma’muriyati Falastinni tan olishga qarshi ekanini hech qachon yashirmagan. AQSh prezidenti esa 18-sentabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kier Starmer bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida "bu borada [Britaniya] bosh vaziri bilan kelishmovchiligi borligini" ochiq tan olgan.
Aslida, AQSh pozitsiyasi Falastin mustaqilligi g‘oyasiga ochiqdan-ochiq qarshilikka aylangani aniq ko‘rinib turibdi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio xalqaro hamjamiyatning Falastinni tan olish harakatlari "Hamasni yanada dadilroq harakat qilishga undaydi", deb aytdi.
Rubio, shuningdek AQSh, tan olish tarafdorlari Isroilni G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishga undashi mumkinligi haqida ogohlantirganini ham ta’kidladi.

Surat manbasi, SHAHZAIB AKBER/EPA-EFE/REX/Shutterstock
Bularning barchasi Falastin uchun BMTda nimani anglatishi mumkin?
Falastinliklar hozirda BMTda a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat maqomiga ega, Vatikan ham xuddi shu maqomda.
2011-yilda Falastin BMTga to‘liq a’zo davlat bo‘lish uchun ariza topshirgan, biroq bu tashabbus Xavfsizlik Kengashida yetarli qo‘llab-quvvatlash bo‘lmagani uchun ovozga qo‘yilmagan va muvaffaqiyatsiz tugagan. Biroq, 2012-yilda BMT Bosh Assambleyasi Falastin maqomini "a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat" darajasiga ko‘tardi, bu ularga Assambleya muhokamalarida ishtirok etish imkonini berdi, lekin rezolyutsiyalar bo‘yicha ovoz berish huquqini bermadi.
2012-yilgi qaror — G‘arbiy Sohil va G‘azo sektorida olqishlangan, AQSh va Isroil tomonidan tanqid qilingan — Falastinliklarga boshqa xalqaro tashkilotlarga, jumladan, BMTning eng yuqori sudi bo‘lgan Xalqaro jinoiy sudga a’zo bo‘lish imkonini berdi. Falastin 2015-yilda ushbu sudga qo‘shildi.
2024-yil may oyida BMT Bosh Assambleyasi Falastinning tashkilotdagi huquqlarini kengaytirdi va uni a’zo sifatida qabul qilishga chaqirdi, bu qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng amalga oshdi. Rezolyutsiya Falastinga muhokamalarda to‘liq ishtirok etish, kun tartibi masalalarini taklif qilish va o‘z vakillarini qo‘mitalarga saylash huquqini berdi, biroq ovoz berish huquqini bermadi.
A’zolik faqat BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan berilishi mumkin. O‘sha yilning aprel oyida AQSh, besh doimiy a’zodan biri sifatida, Falastinning davlat sifatida qabul qilinishiga veto qo‘ydi va bu harakatni "muddatidan oldin" deb atadi.
Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari huquqiy kuchga ega, Bosh Assambleya rezolyutsiyalari esa yo‘q.
"BMTga to‘liq a’zo bo‘lish Falastinliklarga diplomatik jihatdan ko‘proq imkoniyatlar beradi, jumladan, rezolyutsiyalarni bevosita ilgari surish, Bosh Assambleyada ovoz berish (hozirda a’zo bo‘lmagan davlat sifatida bu huquqqa ega emaslar) va oxir-oqibat Xavfsizlik Kengashida ham o‘rin va ovoz olish imkoniyati paydo bo‘ladi", deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti Falastin va Falastin-Isroil masalalari dasturi direktori Xolid Elgindi.
"Lekin bu narsalarning hech biri ikki davlatli yechimga olib kelmaydi — bunga faqat Isroilning bosqinini tugatish orqali erishish mumkin", deya qo‘shimcha qiladi u.
Biroq, Londonning Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi (SOAS)da rivojlanish va xalqaro munosabatlar professori Gilbert Achcar "BMTga to‘liq a’zo bo‘lish bilan Falastin ma’muriyati ko‘p narsa qo‘lga kiritmaydi", deb hisoblaydi.
"Bu asosan ramziy g‘alaba bo‘lib qoladi: Falastin davlat deb tan olingan, biroq amalda 1967-yilda bosib olingan hududlarning kichik bir qismida, Isroilga to‘liq qaram va kuchsiz Falastin ma’muriyati bor xolos", deydi u va "bu mustaqil va suveren Falastin davlatidan juda uzoq"ligini ta’kidlaydi.












